Grigore Viyeru (1935-2009)

Taniqli moldovan shoiri Grigore Viyeru (Grigore Vieru) 1935 yilning 14 fevralida o‘sha paytda Ruminiya, hozir Moldova tarkibida bo‘lgan) Bessarabiya o‘lkasidagi Pererita qishlog‘ida tug‘ilgan. 1958 yili Kishinyovdagi pedagogika institutining tarix va filologiya fakultetini tamomlagan. Talabalik yillaridayoq ilk she’riy to‘plami «Alarma» («Notinchlik») nomi bilan nashr etilgan. Uning ijodi asosan bolalar uchun yozilgan she’r va ertaklardan iborat. Shoir she’rlari xalq qo‘shiqlariga aylangan.
Grigore Viyeru 2009 yilning yanvarida ro‘y bergan avtohalokatda vafot etgan. Shoir nomi bilan ko‘chalar, maktablar va kutubxonalarga berib abadiylashtirilgan.

QUYoSh QARShISIDA

Bosh eg muqaddas,
Faqat nurlaridan
Past egilma, past —
Muzday yerga peshonang tegib,
O‘z qabringni qazma egilib.

Onang qarshisida
Bosh eg mehribon,
Faqat yaproqlardan
Past egilma, jon —
Qay bir yoqdan otilsa gar o‘q,
Senga tegsin,
Unga emas, yo‘q!

Yoring qarshisida
Bosh eg, bukilma,
Faqat yulduzlardan
Pastga egilma —
Ko‘rmoq uchun bolalarday shod
Yulduzlarga yozganin qanot.

Vatan qarshisida
Bosh eg, sodiq bo‘l,
Faqat nigohidan
Past egilma, kul —
Qoyalarday qoshida turib
O‘qigali ko‘zidan surur.

Ruschadan Abdulhay Nosirov tarjimasi.

QUSh

Uyasiga qaytdi don bilan,
lekin topilmadi poloponlari…
Uya bo‘m-bo‘sh edi,
g‘arib edi uya.
Qushchalarni qidirdi uzoq:
holdan toygunicha,
tumshug‘ida saqlagan doni
unib chiqqunicha qidirdi…

* * *

Sevgilim,
Mana, nima bilan chegaralanar
mening borlig‘im:
peshonam — sho‘r bilan,
ko‘zlarim yoshu
aytilmagan so‘z bilan labim.
Men bilmayman, qaysi tomondan
paydo bo‘lar o‘lim qurmag‘ur!..

* * *

Sen ko‘zlaringni yumasan,
derazani ko‘rmayin, deysan:
unda kimdir sendan uzoqlashadi.
Oyna yonidagi atirgul esa,
tayyor turar qizil tirnoqlarini
botirishga sening tanangga.
Sevgi bo‘lsa, nahot, bu narsa —
bir kishi ketsa-yu,
boshqasi qolsa.
O‘zining darchasi oldida
jarning yoqasida turganday tursa.

Mash’al Xushvaqt tarjimasi

HAYVONOT BOG‘IDA

Mo‘mingina maymunning
Ko‘zida mung mo‘ltirar.
Ayting, nima uchun u
Tor qafasda o‘ltirar?

Unga qarab aftlarin
Bujmaytirar bolalar.
Maymun ham taqlid qilib,
Ulardan o‘rnak olar.

Osmonda banan misol
Sariq oy kezsa yuvosh,
O‘sha maymun odamdek
Ko‘zlaridan to‘kar yosh…

O‘Z-O‘ZIMGA ALLA

Ufq qorayib, kech kirgan palla,
O‘z-o‘zimga aytaman alla:
“Alla-yo alla…”

Ko‘rinsa-da qo‘llarim bardam,
Oyoqlardek tolgan ular ham:
“Alla-yo alla…”

Avval aytgum oyoqlarimga –
Tinmas o‘yinqaroqlarimga:
“Alla-yo alla…”

Uyqu kelay degan paytda man,
Kipriklarga alla aytaman:
“Alla-yo alla…”

YoMG‘IR

Yomg‘ir yog‘ar bug‘doyzorlarga,
Dalalarga tomchilar yomg‘ir.
Boshoqlar bo‘y ko‘rsata boshlar,
Lolalarga burkanar adir.

Tutib oldim necha tomchini
Shamoldayin yugurib g‘ir-g‘ir.
Don o‘stirib, gul sug‘orishni
Ayt, qayerdan o‘rganding, yomg‘ir?

Rus tilidan Abdurahmon Akbar tarjimasi