Shoir va publitsist, yirik jamoat arbobi Fernando Rendon (Fernando Rendón) 1951 yilda Kolumbiyaning Medellin shahrida tug‘ilgan. Erkparvar shoir “Prometeo” nomli adabiy jurnalga asos solgan va ushbu jurnalga muharrirlik qilgan. Ayni paytda Fernando Medellin Xalqaro She’riyat Festivalining direktori vazifasida samarali faoliyat olib bormoqda. Bu she’riyat anjumani dunyodagi eng yirik va nufuzli she’riyat bayramlaridan biri sanaladi. U 1991 yilda Janubiy Amerikada joylashgan Kolumbiya mamlakatining Medellin shahri yer kurrasidagi eng xavfli va dahshatli shaharga aylangan bir davrda tashkil etilgan. “San’at va Prometeoda she’riyat” deb nomlangan tashkilot rahbari sifatida Fernando Rendon “Gulliver loyihasi” hamda bolalar uchun she’riy mahorat maktabini ham boshqaradi. U talabalar, o‘quvchilar va keng jamoatchilik uchun ko‘plab adabiy o‘quv kurslari, anjumanlar, ma’ruza va simpoziumlar o‘tkazgan. Qolaversa, u Lotin Amerikasi She’riyat Festivali Tarmog‘ini tashkil qilgan. Uning she’rlari o‘zbek tilida o‘quvchilar e’tiboriga ilk bora havola etilmoqda.
* * *
Bir lahzada sarob tosh kabi qotdi. Kunduzning eng oxirgi nuriga chulg‘angan odam o‘z tobutida to‘rtta kishining og‘irligiga teng bo‘lib qoldi. U o‘z-o‘zini ishg‘ol qilib, o‘z qorong‘uligi ila yo‘l ochmish bir navdagi zamin misol ustimizga o‘rladi.
Bizni qoq tush ostida qapishtiruvchi tortishish kuchi biror kimsa tiklanishidan umid qilmagan taqiqlanmish afsonaning yuz tomonidir. Ammo boshqa xarsanglar ayni shu osmonning ostida Milet qalandarining tovushiga ketdi aylanib.
Almisoqdan qolgan dengiz qumloq sohilga aylangan mahal suvning shartli ovozi-la quramiz suhbat, so‘ng tutqich bermas modda quriydi qumda, et hamda sertolali, o‘zgaruvchan hayotning suyuq xayoliga aylanar.
O‘lib qayta tiriluvchi bu abadiy shuvoq koinot suyuqlikda yo‘qotadi mohiyatini yoxud o‘z o‘chog‘i ichiga kirar, negaki u bilmaydi yo har doim qarshi turolmas yengib bo‘lmas vaqtning izmiga. Derlar-ku, shayton chidaganda yuz yil azob chekish uncha osonmas. Havo, bir qism qaro tuproq va olovdan so‘zlar yasaladi, ular shamol va yo hali o‘lim o‘chog‘iga yorib kirolmagan ifodasiz kattakon loy ohanraboday o‘ziga tortgan qum kukunlaridir. So‘zlar yana birdaniga uloqtirilgan qoyalarga o‘xshab zil-zambil yoki xotiraga to‘liq zaminda jipslashgan chang-to‘zon misol.
Ammo biz bir kun qayta nurga aylanuvchi toshning tilida ham so‘zlamog‘imiz darkor. Kelajak almisoqdan qolgan toshning ustiga yoziladi. Qayta tug‘ilish ana shu toshdan o‘zimizning yaltiroq tabiatimizga qaytish demakdir.
* * *
Beta’sir maqsad-la ko‘rinmas dunyoning ko‘zni oluvchi g‘oyasi ostida tizilamiz biz. Qurilishi ketayotgan yangi hayotning ochqichlari bor qo‘limizda. Biror kor-hol bo‘lishi mumkin, faqat qo‘rqish etilmish taqiq.
Seniki emasdir sening narsalar, bizniki-chi o‘zgarmas, sodiq. Qo‘toslarni bir esingga ol. Yolg‘iz kasal qo‘tos ortda qolib ketar podadan. Qarocho‘g‘im, pirpirayapsan. Vaysayapsan buncha ko‘p, og‘iz.
Faqat she’riyatni his qilsa bo‘lar. Shu bois e’tiqoddan hazir bo‘l. Qovoqxonadagi so‘zlashuv uslubidan bo‘lgil ehtiyot. Zarurat tug‘ilgan mahalgina so‘zlashmoq lozim. Vaqti bilan o‘zni yangilash darkor, hammaning ko‘rishi shart emas lekin. Boshqalardan ketmagil o‘zib, ko‘proq yoki hatto ozgina. Xayolning pand berishidan tushgil tashvishga. Yolg‘iz qolganingda gapirma aslo. Bu laziz narsa haqida qancha ko‘p va qancha kam bilsang, shuncha yaxshi erur. Mavhum sharoitda kuzatamiz bir-birimizni. Bir-birimizni to‘liq tushunmasdan suhbat quradigan bu kulgili yoqimtoylikni sevamiz va yaxshi anglaymiz. Bu yoqimtoylikda aytgan yo aytmagan so‘zimiz uchun bizni toshga aylantirib qo‘yishi mumkin Meduza.
* * *
She’r – bu qimor o‘ynayotgan yurak hissiz bay tikadigan joydagi chambarak deganimas. Yoxud she’r bor budini ko‘ppaklarning yugurish musobaqasida o‘yinga tikkuvchi ham emas. She’riyat – bu ruhning ochqichi, mo‘‘jizakor metamarfoza qoldig‘i.
Toshning porloq yuragida, sehrli o‘simlik va jazosi turmaga mixlash bo‘lgan Inkvizitsiya taqiqlagan kitoblarda, toblangan ma’rifatda ildiz otmish kurrai zaminning terisini shilgan xalqlarning go‘dakligiga sutday singigan qo‘shiq va afsonalarda bizni zanjirdan xalos etishi ko‘zlangan olov asli kurashchan tasavvurdir.
She’r jumboqning javobin topar. Qaysi biri tezoqar daryo, oqimini faqatgina xayollar orqali o‘zgartirish mumkin bo‘lgan ifodasiz o‘zgarish aro bizni tan olmaydigan yoqimli va har doim o‘zgaruvchan haqiqatmi yo?
She’riyatda, she’r bitilur muhim pallada, isbot talab qilmas bu paytda, barchamiz shu beshafqat tarixni pichinglarsiz qimorga tikamiz.
* * *
Atigi ikki million yoshli navqiron yigitlarmiz biz.
Faqatgina bitta haqiqatga ega bo‘lishga intilmasdan yashamoq naqadar og‘ir, bu esa asrlar ishidir.
Ammo haqiqatga erishmoq yanada qiyin.
Haqiqatning o‘zi ne demak?
Hayot – bu chegara, boshi va oxiri barcha hadlarning.
O‘lim va urushga barham beruvchi nafis muloqot – she’riyatdir ul.
Negaki sevgini unutish bahosi urush va o‘limdir.
Sevgi barcha sayyoraning shoiri erur. Uning nurlaridan aziz odamlarga yetar iliqlik.
Dunyoning barcha muhabbati mavjuddir.
Ko‘zimizni yumdik unga biz, hatto uning boshpanaga zor uyimiz, oilasimiz, yuragimiz deya o‘yladik.
Uni o‘z ichiga olish va quchish uchun, shu tariqa muhabbat va uning qo‘shig‘iga quchoq ochish-chun, abadiy va o‘lmas bo‘lishga bori bo‘shliq kechiradi kun.
Berkinasiz qayoqlarga siz? Qachonlardir tugar hech nima.
Birgina sizga ayon – yozayotgan qo‘l qaysi-yu o‘chirayotgani qay biri, nimani yozayotgani-yu o‘chirayotgani nimani.
Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi