Salomeya Neris (1904-1945)

Salomeya Neris (Salomėja Nėris, haqiqiy familiyasi — Bachinskayte, turmushga chiqqanidan so‘ng – Buchene) — litva shoirasi. Litva xalq shoirasi (1954 — o‘limidan so‘ng).

MENING O‘LKAM

Kahraboning oltin tomchisimon
Toza, noyob mening kichkina o‘lkam.
Qo‘shiqday jarangli, shodlikday ravon,
Yarqirab kundan-kun yashnaydi ko‘rkam.

Sen oltin shu’lalar sochgan kahrabo,
Ey Boltiq go‘zali, ozod Vatanim.
Litvam, aziz noming yuragimga jo,
Sen quyosh singari qo‘lga tutganim.

Dunyo xalqlarining dengiziga sen
Quyulding jarangli yangi tor kabi.
Qudrat-la yangragan qo‘shig‘ingdan men
Ovozingdan tanib olaman seni!

Zulfiya tarjimasi