Maris Chaklays (1940-2003)

Latviyalik shoir, yozuvchi va jurnalist. Maris Chaklays (Māris Čaklais) 1940 yilda Saldusda tug‘ildi. 1964 yili Latviya davlat universitetyining jurnalistika fakultetini tamomladi.
Literatura un Meksla va Kerogs jurnallarida muharrirlik qildi. “Ozod Yevropa Radiosi”ga dasturlar tayyorladi.
2000 yili Uch Yulduz ordeni bilan taqdirlandi. Uning birinchi she’riy kitobi 1965 yilda nashr etilgan. Piyoda va mangulik”, “Yaproqning tovushi”, “Maysa kuni”, “Irmoqdagi olov”, “Mening narvonimda”, “Soatko‘l”, “Ovoz yetkudayin masofa”, “Kabutarning da’vati” kabi kitoblari dunyoning o‘ndan ortiq tillariga tarjima qilingan.
Shoirning bolalarga atalgan kitoblaridan biri Xurshid Davron tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Toshkentda nashr etilgan.

* * *

Uch yarim milliardmiz
Er sharida,
Quyosh ostida.
Shulardan bor-yo‘g‘i
Bir yarim millioni
Biz latishlarmiz.
Bu dengiz uchun bir tomchi, xolos.
Dengiz tomchisining quyosh haqida
Qo‘shig‘i bo‘lishi mumkinmi, axir?
Va lekin bari bir
Er sharida,
Quyosh ostida
Bir Vatan bor
Latviya degan.
Er sharida,
Quyosh ostida
Xalq bordir
Latishlar degan,
Er sharida,
Quyosh ostida

Bu xalqning qo‘shig‘i bor
Quyosh haqida:
Uyg‘on, quyosh, tongda uyg‘on,
Qora shomda botgin, quyosh.
Togda bizni bag‘ringga bos,
Shomda esa vidolash.

HAR SUBHI SAHAR

Har tong, har subhidam chog‘
Qiynaladi mudroq bog‘.
Bog‘ qo‘ynidan qag‘illab
Uchar to‘p-to‘p qarg‘alar.
Uchib olisga ketar,
Bir pasda ko‘zdan yitar.

Tun sharpasi, sen ham ket –
Uyg‘onsin uxlab yotgan
Inson bolasi bu chog‘.
Uyg‘on, ey mudroq inson,
Yorug‘ yashil qo‘shig‘in
Senga in’om etar bog‘.

VAZIYaT

O‘zi yo‘q tokchamda turgan kitobsan,
Sen hali hech kim uxlamagan
Ertangi tundagi sehrli tushsan.

Seni o‘ylab topmagan bo‘lsam –
Omadsizligim,
Nochudligim,
Yo bahoriy zaifligim boisi emas –
Ko‘zlaringga duch kelmagan bo‘lsam.

Gap shundaki,xuddi men kabi
Sen ham oldingi hayotingda
Ishlaringni poyoniga yetkazmagansan.

Bir-birimizni izlash endi befoyda –
Muhlat yetdi,
Ketmog‘imiz shart.

Xurshid Davron tarjimalari

TO‘RG‘AYNING QAYTIShI

– To‘rg‘ay qush, mittiqush, gapir, to‘rg‘ayjon,
Osmondan kelarni ko‘rding sen bu on?
– Ko‘rdim, yonayotir eski bir qasr,
Odamlar, yangi bir qasr qurmoqdadir.
– To‘rg‘ayim, mittivoy, gapir-chi, bu payt,
Kim baland ovozda kuylayotir, ayt?
– Buzyotganlar qo‘shiq kuylashar o‘ktam,
Ulardan qolishmas quryotganlar ham.
– To‘rg‘ayqush, jonim qush, aytib bergin sen,
Kim yig‘lar? Faryodlar eshityapman men…
– Qasr quryotganlar azobdan yig‘lar,
Alamdan yig‘lashar buzayotganlar.
– To‘rg‘ay, mittigina qushim, gapir-a,
Sen o‘zi osmonga chiqdingmi sira?
– Qara, qirov bosgan maysaning bari,
Parvardigorimning oppoq sochlari…

MENGA TUHFA QIL

Dunyoning shivirin menga tuhfa qil,
Toqatim qolmadi hayqiriqlarga.
Dabdabali nutqlar, ko‘cha g‘ovurin
Mohiyatin sekin tushuntirsinlar.

Menga yulduzlarning suhbatlarini
Unolg‘ich tasmaga yozib sovg‘a qil. –
Men hayron qolaman, ular shivirlab
Suhbat quradilar, qichqirmaydilar.

Hayron qolar odam, ulkan-ulkan yulduz
Gaplasha oladi qichqiriqlarsiz.

Tuhfa qilgin menga hammadan qolgan
Hamma tashlab ketgan nafis bir so‘zni.
Shuncha nafis bo‘lsin, shuncha arzimas
Hech kim tilga olmay qo‘ygan so‘z bo‘lsin.

Ki, qishki daraxtning shiydam shoxida,
Osilib turgan eng so‘nggi yaproqday
Yashovchan so‘z bo‘lsin, joni qattiq so‘z.

* * *

Qadim yer ustida
oftob ostida
to‘rt yarim milliard odam yashaydi.
Latishlar – bir yarim milliongina.
Bu xuddi, dengizga bir yarim tomchi.
suv tomdi deganday gapga o‘xshaydi.

Bir yarim tomchiday shu odamlar ham
Kuylar quyosh haqda o‘z qo‘shig‘ini
Baribir, baribir shu qadim yerda
Oftob ostida latishlar bordir.
Ular qo‘shiq aytar, oftob haqida,
Quyosh haqda kuylar o‘z qo‘shiqlarin:

“Tur, quyoshjon, erta bilan tur,
Qosh qoraysa, yotog‘ing tayin.
Bizni tongdan ayamay qizdir,
Rahming kelib botarsan keyin”.

Rus tilidan Javohir San’at tarjimasi