Oysha Tural (Ayşe Tural) 1950 yili Kiprda tug‘ilgan. Shoir, yozuvchi stsenarist. “Mening ismim she’r”, “Ishqning qum soati”, “Bu dunyo sizniki” kabi 13 ta kitobi chop etilgan.
SINIQ SEVGI
Kimsasiz kentlarning qorong‘isida
Yopishqoq yolg‘izlik yopishar, qiynar.
Sevgiga o‘ralar bu yurak, siyna.
Qop-qora bulutlar.
Bosar qora ter.
Uzun yo‘llar.
Qop-qora
Bo‘m-bo‘sh qolgan poyezdlar o‘tar.
Tuman bosib borar.
Ko‘kda titragan yulduzlardan
Nur yog‘ar.
Bir tomchi tushar ko‘zlardan,
O‘tday yoqar.
KETMA
Sevging — bu umrimning nurli kechasi,
Tilimda — ishqimning she’ri, hijosi.
Sensan bu ko‘nglimning yaqin chechasi,
Go‘zalim, yuzingni o‘girib ketma.
Ishqimiz tillarga tushdi, o‘tadir.
Bo‘yni mo‘rt binafsha sinib yotadir.
Balki bu ishqimiz bir kun bitadir,
Shunda ham ko‘nglingni sen uzoq tutma.
Derlar, ishq yo‘liga kirgan hech qaytmas,
Yomg‘irda ivimas — unga suv o‘tmas.
Boshiga tushmagan bilmas, farq etmas,
Ey sevgim, dunyoda meni tark etma!
KO‘LKADA QOLDI
Ayrilib,
Qayrilib, boqding-da ketding,
Yuzimning yarmisi ko‘lkada qoldi.
Ucharkan yiqildim,
Titrab-to‘kildim,
Yuragimning yarmi ko‘lkada qoldi.
Kutarkan, qon yutdim,
Sog‘indim, bitdim,
Bu ishqim butunlay ko‘lkada qoldi…
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi