Hasan Hilmiy Afandi (Hasan Hilmi Efendi) – kiprlik turk shoiri. 1782 yilda Kiprda tug‘ilgan. Arabcha va forschani yaxshi bilgan, islomiy ilmlar bilimdoni, Kipr muftiysi bo‘lgan. Usmonli usulida, aruzda she’rlar yozgan. Mahmud II unga “shoirlar sultoni” nomini bergan.
G‘AZAL
Ko‘yi dilbar oshiq ahlin jannatul ma’vosidir,
Go‘shayi do‘zax — firoqi yori beparvosidir.
Ul sanam bir o‘ptirib oppoq tomog‘idan, dedi:
“Ol, bu suvsiz bo‘lsa-da, Qibris yerin olmosidir.”
Barcha oning hikmatiy-la istagay fayzu vusul,
Mavlaviy shayxi dada, bir to‘p go‘zal bobosidir.
Mastlari ko‘p bo‘lsa qancha, shuncha ma’mur maykada,
Boq, bu gulshan shanligi — bulbullar-u, g‘avg‘osidir.
Kimdir ul oh aylagan, dermish u sho‘xi shevakor,
Oshinosi, mubtalosi, Hilmiyi shaydosidir.
MEN ChIQDIM
(Kanziy g‘azaliga Hilmiy muxammasi)
Malomat bodasiy-la dam urub mastona men chiqdim,
Kechib nomusu orimdan, jo‘shib sayrona men chiqdim,
Otib olam ishu g‘avg‘osini yorona, men chiqdim,
Yonay yonsam, bu ishqing sham’iga parvona men chiqdim,
Eng avval jumladan, jono, chu mard-maydona men chiqdim.
Aroq no‘sh aylayub paymonayi piri A’roqiydan,
Puch orzudan umid uzdim, madad umdim firoqiydan,
Ijozat o‘ldi sirrimda, manga Xalloqi boqiydan,
Olib men hammadan oldin bu shavq jomini soqiydan,
Bo‘lib masti mudom paymonavash davrona men chiqdim.
O‘chog‘in yoqmadan ohangari davron fano ichra,
Yaralmish zanjirim avval bu do‘kkoni ano* ichra,
Asar yo‘q erdi Laylodan bu dahri bebaqo ichra,
Yo‘q erdi nomi Majnun ham u chog‘ dorushshifo ichra,
Taqib zanjirlarin ishqning dali devona men chiqdim.
“Bu bazmim jomi nobindan icharlar bor esa, kelsin,
Bu yo‘lda jon berib, bordan kecharlar bor esa, kelsin,
Ko‘ngilda mosuvo zirhin bicharlar bor esa, kelsin,
Bugun tiyg‘im bilan boshi ucharlar bor esa, kelsin!” —
Deding… Qo‘chqor kabi qurbon uchun maydona men chiqdim!..
Ajab, bir sohibi irfon chiqarmi shahri Qibrisdan,
Meningdek oshiqi nolon chiqarmi shahri Qibrisdan,
Muhabbat hilmiga shoyon chiqarmi shahri Qibrisdan,
Demishlar, shoiri maydon chiqarmi shahri Qibrisdan,
Dedim Kanziy, haqiqatdir, faqat bir dona men chiqdim.
_______________
* Ano — qiyinchilik, azob.
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi