Xuan Ramon Ximenes (1881-1958)

Ximenes Xuan Ramon (Juan Ramón Jiménez; 1881.24.12, Moger – 1958.29.5, San-Xuan, Puerto-Riko) — ispan shoiri. Ispan modernizmi boshlovchilaridan. Dastlabki she’riy to‘plami — «Binafsha hidi» (1900). «Qofiyalar» (1902), «G‘amgin kuylar» (1903), «Olis bog‘lar» (1904), «Pastorallar» (1905) she’riy to‘plamlari, «Platero va men» (1914) lirik qissasi modernizm usulida yozilgan. «Yoz» ishkiy she’rlar to‘plami xotini — amerikalik shoira Zenobin Kamprubiga bag‘ishlangan.
Ximenesning keyingi to‘plami «Shoir kuyov bolaning kundaligi» (1917) o‘zining AQShga safari taassurotlari asosida yozilgan. She’rlar ispan she’riyatida birinchi bor erkin usulda yozilgan. Keyingi 20 yil davomida ispan adabiy jurnallarida tanqidchi va muharrir bo‘lib ishlagan, ijodida esa, o‘zi aytib yuradigan «mangulikka tashnalik»ni ifodalashga harakat qilgan. «Mangulik» (1918) kitobida oldingi yozgan she’rlar idan voz kechib, «sof» she’riyatga intilgan. «Tosh va osmon» (1919), «Go‘zallik» (1923) she’riy tuplamlarida go‘zallik va ulim, ijod va ruh ozodligi orasidagi bog‘liqlik mushohada kilingan. «Yangi dunyo qo‘shiklari yili» (1923—36) antologiyasida tabiatdagi hukmron muvofiqlik nozik his bilan aks ettirilgan. 1951 yil «Xudo — istalgan va istovchi» poetik tsikl ustida ishlagan. To‘plam tugallanmagan, boshlagan she’rlarini boshqa bir to‘plamga qo‘shib yuborgan.
Nobel mukofoti laureati (1956).

* * *

Elkasida irg‘ay tayog‘i,
qoraygan ufq tagida ravon
Yoyilyotgan qarag‘aylarga
Tikiladi umidsiz cho‘pon.

So‘qmoqlarni changitgan poda
Qorong‘ida imillab borar.
Qo‘ng‘iroqlar sasi oydinda
qayg‘uliroq yangrar tobora.

Oq tumanda yashirinar kent,
ko‘rinmaydi o‘tlog‘u chiroq.
Faqat izg‘ib yurar kimdandir
qolib ketgan abadiy firoq.

Soy ichiga yutar nafasin,
ko‘rinmas suv yo‘li simlikda,
Biroq ayon bo‘lar suvlarning
teranligi cheksiz jimlikda.

Yoyiladi borliq. Go‘yoki
o‘lik voha — yo‘qdir bir kimsa.
Faqat ulkan oyning tagida
qo‘ng‘iroqlar nolasi tinmas.

* * *

Huvillagan dalalar g‘amgin,
g‘aramlarga serob sayhonda
kuz oqshomi to‘shalar sokin,
pichan hidi anqir yobondan.

Qayerdadir yig‘ladi bulbul,
qarag‘aylar — jamiydi xobda,
boshlarida osmon nastarin
tusidagi nafis hijobda.

Sayhon rohi boshlaydi meni —
ergasharman qo‘shiq tovshiga,
kuz nafasin taraydi qo‘shiq.
xudo bilar, kimning boshida
kuylar avval kuylaganiday,
chorlab ketgan yorini nolon,
to‘shalardi kuz oqshomi jim,
pichan hidin tarardi yobon.

* * *

Tor ko‘chalar qarshilar shomni,
ko‘hna jimlik bag‘rida atrof.
Jimlik bilan birga tushadi
daraxtlaru darchalarga xob.

Chetda qolgan shahar ustida
sitoralar miltillab yondi —
bu kelgindi, aprel osmoni —
binafsharang, xomush osmonda.

Bog‘ simg‘ovi osha chiroqlar,
it angillar shomgi xilvatda.
Safsarlashgan ko‘kda qorayib
ko‘rshapalak chiqar zulmatdan.

Ko‘r bolaning qotgan ko‘ziga
sarg‘ish shu’la tushar chiroqdan,
esir xotin xotiralari:
murdalar ham ingrar haryoqda!

Afsonalar aytardik uzoq
mana shunday seryulduz osmon
ostidagi aprelning shunday
tunlarida bizlar bir zamon!

Oqshom esa ulkan, mayindir,
olislarga yetar kechasi
tunni chorlab aks-sadoday
hayqiruvchi qishloqlar sasi.

* * *

Aravalar keldi, shu yerda…
— dedi qarag‘aylar, shabada,
oy shivirlar, qichqirar sado,
tuman ogoh bo‘ldi xabardan —
Aravalar quyosh izidan
birin-ketin borar sudralib,
olib kelar ular o‘rmondan
daraxtlarning qora murdasin.

Qanday ingrar bu aravalar
Pueblo Nuevo yo‘lida!

Ho‘kizlar ham erinib qo‘msar
yulduzlarning bo‘zargan nuri
ostidagi yoz, hovli, pichan
hidi anqib turgan oxurni.
Aravalar ortidan kelar
podachilar o‘ychan, parishon:
kiftlarida — uchli tayoqlar,
ko‘zlarida — oqshomgi osmon.

Qanday ingrar bu aravalar
Pueblo Nuevo yo‘lida!

Aravalar kelar daladan,
daraxtlarning qora murdasi
yuraklarga qoldirib ketar
sovuq havo, buxo‘rning isin.

Qishloqchada kechki sajdaga
jom chalinar, ohanglar bo‘zlar
chirishlarning hidini ufurgan,
huvillagan dalalar uzra.

Qanday ingrar bu aravalar
Pueblo Nuevo yo‘lida!

* * *

Bilaman, mangulik
daraxtiman men,
yulduzlarni boqdim
o‘z qonim bilan,
shoxlardagi qushlar —
orzu tushlarim.
Agar men yiqilsam,
gar kessa o‘lim —
qulaydi osmon.

* * *

Qayg‘uli o‘y uyimga kirdi,
go‘yoki tun qushi to‘satdan
uchib kirdi uyga kunduzi.
Qanday haydab chiqaray uni!
Qimirlamay, jimjit o‘tirar,
soy, gullarga qarab beparvo.

* * *

Tasodifiy shodlik,
unutma meni!
Qachondir negaki ishondim — tondim,
neniki orziqib kutdim — unutdim.
tasodifiy shodlik, ey sen, bevafo,
unutmagin meni,
unutmaysanmi?

KUZGI QO‘ShIQ

Oqshomning oltin ufqida
turnalar uchar… Qayerga?
Oltinsoy oltin barglarni
oqizib ketar… Qayerga?
Boraman oltin ang‘izdan,
bilmayman, ammo — qayerga?
Qayerga, axir, oltin kuz,
oltin suv, axir, qayerga?

MUSIQA

Tomirlaring mustahkam emish,
qani axir
o‘sha tomirlar?
Tomirlarim ertangi kunda,
ertangi qush, maysalardadir!

YaShIL QUShChA

Daryoga kiraman,
suvning izidan
ketaman zangori sohillar aro.

Zangor sohillardan boqdim: tobora
uzoqlab borardim suvning izidan,
qovushib, qo‘shilib borardim shitob
qirg‘oqda qolayotgan go‘zallik bilan.
Alvido! Qo‘rqinchli emasdir biroq
o‘zni go‘zallikda qoldirib ketmoq!

VATAN

Quyoshning beg‘ubor
yaprog‘i — qaydan?
o‘ylayotgan bu bosh, ezilgan yurak —
qayerdan?
Qayerdan bu kuylayotgan
shiddatli oqim?

* * *

Kiftga ko‘yib irg‘ay tayog‘in,
kunbotarda tumanlar misol
qora tortgan karag‘ayzorga
xomush qarab yurar qo‘ychivon.

Qorong‘ilik bosg‘an oldinda
suruv yo‘lni changita borar,
ko‘ng‘iroqlar tovshi oydinda
qayg‘ulirok, yangrar tobora.

Ko‘rinmaydi qishloq olisdan,
ko‘rinmaydi sayhon, chirog‘i.
Faqat izg‘ib yurar borliqda
kimlarnidir achchiq firog‘i.

Yo‘qoladi soyning shov-shuvi,
bilinmas qay tarafga yurar.
Allaqayda oqyotgan suvning
chuqurligi sezilib turar.

Korong‘iga qo‘shilar borliq,
ko‘rinmaydi birorta kimsa.
Ulkan oyning tagida yolg‘iz
ko‘ng‘iroqlar nolasi tinmas.

* * *

Qaytolmasman. Abadulabad
mayin to‘lqin singari endi
yolg‘iz oyning tagida faqat
tun erkalab tebratar yerni.

Na bir izim, soyamdan asar
qolmagan bu qarovsiz uyda
endi shamol kezar darbadar,
kezar ruhim izlab behuda.

Izlaydimi birov ortimdan,
qilarmikin birov meni yod,
xudo bilar, o‘zi bormikan
meni eslab yig‘laguchi zot.

Ammo gulu yulduzlar bordir,
tag‘in jafo, sevinchu bahor,
daraxtlarning tagida xoli
nogahoniy uchrashuvlar bor.

Goh eskirgan pianino ham
bo‘shliqlarga taratar sado,
ammo endi qrrong‘i bosgan
derazamni ochmasman aslo.

Shavkat Rahmon tarjimalari

NIHOYa

Men ham ketarman.
Avval qanday sayragan bo‘lsa,
qushlar shunday sayrayveradi,
bog‘ qoladi bog‘ligicha,
bog‘dagi daraxtlar ham,
quduqning tubida erkalanar oy.

Qo‘ng‘iroqlar jaranglab xushhol,
porillagan kunning tig‘ida,
men haqimda eslar ehtimol.
Ufq bir dam saqlagay sukut.

O‘zgaradi yo‘llar, so‘qmoqlar,
o‘tar bir-bir suyganlarim ham.
Bog‘imdagi sokin o‘tloqning
og‘ushida zerikar soyam.

Men ketaman, hammasi qolar —
daraxtlar, tonggi shudringlar,
oyni quchog‘ida erkalagan
qudug‘im ham qolar, shubhasiz…

Avval qanday sayragan bo‘lsa,
qushlar shunday sayrayveradi.

* * *

Yog‘iladi tillo barkashdan
ko‘z olguvchi yal-yal sharora.
Quyilgani sayin tobora
munavvarlik to‘lar ko‘ngilga.

Go‘yo quduq tubidan zilol
chashma sizib chiqqan singari.
Talpinadi osoyish bilmay
yog‘du, tashna Ona-Er sari

Gul va yulduz shunday yonma-yon
esib turar huzurbaxsh sabun.
Baxt to‘kilib qolgan bu joyda
moviy dunyo yotar yastanib.

* * *

Bir kun qo‘ngil ochib shunchaki,
desam, mening yolg‘iz tilagim —
yorim bahor yashnagan chog‘da
kiyib yursa harir ko‘ylagin.

Pirpiratib moviy ko‘zlarin,
umid-la u boqdi irg‘anib,
shu dam g‘uncha labidan ma’yus,
tabassumi ketdi sirg‘alib.

Shundan buyon may oqshomlari
taqdir bizni duch qilib turar —
ko‘chasining boshida u qiz
oppoq ko‘ylak kiyib o‘ltirar.

* * *

Keldi umr kabi o‘tkinchi,
xo‘shlashmoqning sokin oqshomi.
So‘nggi tug‘ishganim, alvido…
Men istayman mangu yashashni!

Shafaqlangan ufq lovillar…
Majruh qilar qontalash yaproq,
orzularga to‘liq dilimni.
Men istayman mangu yashashni!

Qanday go‘zal bu turfa olam!
So‘nib qolma, pirpiragan sham,
Men albatta mangu yashayman,
sen ham mangu qola qol, oqshom!

* * *

Meni unutmagin
kutilmagan quvonch!
Ishonchlarim chilparchin bo‘lgan,
uzoq kutganlarim unutilgan.
Ammo, sen beqaror, kutilmagan quvonch,
unutmagin meni!
Unutmaysanmi?

* * *

Ana ular keldi, chortoq arava…
Qayrag‘ochlar aytdi, shamollar aytdi.
Aks-sado keldi oydan shivirlab,
Mo‘ridan burqsigan tutundan qaytdi.
Chortoq aravalar kelar g‘ichirlab,
Oqshomda quyoshga yo‘ldosh, yo‘l tortib.
Chortoq aravalar kelar pichirlab,
O‘rmondan daraxtlar tanasin ortib.
Aravalar… nochor, horg‘in irg‘anar,
Pueblo Nuevoning yo‘lida ular!
Yulduzlari rangsiz osmon ostida
Holsiz korandalar suradi xayol –
Hili balqib turgan yozning kelishin
Va issiq boshpana, bir quchoq poxol.
Arava ortidan yo‘lin tusmollab
Qoqshol yelkasida cho‘pon tayog‘i,
Ko‘zlariga cho‘kkan tunning zulmati.
Podaboqar kelar sudrab oyog‘in.
Aravalar… nochor, horg‘in irg‘anar.
Pueblo Nuevoning yo‘lida ular!
Ortda qolar sayhon, daraxt loshlari,
Yuraklarga esa merosning bori –
Payraha hidiyu yaxday havolar,
Ushalmagan orzu – dilning ozori.
Olis-olislardan, qishloq burjidan,
Shomgi qo‘ng‘iroqning zori taralar.
Shipshiydami chiqqan sayhonlik uzra
Payrahalar hidi. Qalbda yaralar.
Aravalar… nochor, horg‘in irg‘alar,
Pueblo Nuevoning yo‘lida ular!

* * *

Bulut talvasavor to‘sar osmonni
Tongmi? Oqshommidi? Yo‘qdir daragi.
Huv, unda maqsadsiz aylanar behol
Shamol tegirmonning cho‘ltoq parragi.

G‘ira-shira tuman, qo‘ylar suruvi
Vodiy qo‘riqchisi qoyalar – posbon.
Ko‘zga tashlanadi mung‘aygan sharpa –
Tayoqqa suyanib mudragan cho‘pon.

Go‘yo faqat toshdan qurilgan qo‘rg‘on,
Bir tutam giyoh yo‘q, chechak, na-da qush.
Kimsasizligidan tong dili xira,
Yaltirab yotibdi burganlar behush.

* * *

Nimadandir asli sening bulbulga xos navolaring –
Chashmadanmi, atirguldan yoki yulduz jarangidan?
Eslagina, qanotlari tillo suvga chayilganday,
Humodanmi, parvoz etsa parlaridan nur yog‘ilgan?

Senikimi moviy osmon, kamalaklari tovlangan,
Kim edi u sensiz bo‘zlab, yuvayotgan qalb dog‘ini?
Eslolmasang kerak chog‘i, ko‘l bo‘yida bahor fasli
Olib qochganmiding yoki bulbullarning sayrog‘ini?

YoShLIK

O‘sha oqshom erta tong bilan
ketajakman, deganim hamon.
Xavotirli tabassum qildi,
boqishlari sirli va giryon.
— Nega? – dedi xiyol dovdirab.
Go‘yo men ham qoldim qovjirab,
hukm surgan bu sukunatdan.
— Nega? — qalbga o‘t solar savol.
— Bilsang, bu yurt kengliklariga
yurak sig‘mas, qichqirmoqqa shay.
Yo‘qdir o‘zni oqlamoqqa hol…
xit qiladi so‘zlar topilmay.

— Qayon?
— Bundan nariga,
baland joyga zulmat osmoni —
shunday joyga, toki yulduzlar
sukut saqlab, ezmasin mani.

Ko‘zlariga g‘arq bo‘ldi shu on,
g‘aflat bosgan yulduzlar…
Uni sirli tabassumi berkitdi.

Ruschadan O‘ktam Mirzayor tarjimalari

* * *

U oqshomning shamoli
ishqni uchirib yeldi…
Pol Verlen

Kuz oqshomin shamoli esdi,
Oltin yaproq uzildi qancha.
Buncha g‘amgin daraxtlar tunda,
Buncha uzoq cho‘zildi kecha.
Ko‘kda xira sariq oy asta
Suzar tunning qora yo‘lida.
Ko‘z yoshi yo‘q, yo‘qdir bo‘sa ham
Uning so‘nayotgan nurida.

Daraxtlarga ohista aytgum
Tillo yaproqlar-chun yig‘lamang,
Ko‘klam kelsa yashillanasiz,
Shoxda garchi butkul yoqilsang.
Daraxtzorlar g‘amgin, jim turar
Xazonlarga tutganday motam.
Oltin yaproqlar-chun yig‘lamang,
Xazon bo‘lar yashil yaproq ham.

* * *

Yanvarning dam olish oqshomi
Biror jonzot ko‘rinmas uyda.
Yashil sarg‘ish tovlanib quyosh
Derazamdan oqib kiradi
Xonamga,
Gullarimga
Va tomadi tomchi nur bo‘lib.

So‘rib olingan g‘amgin havo
Zerikarli, cho‘zilgan Vaqtda.
Qotgan ochiq sahifalarda.
Bo‘shagan uy, oyoq uchida
Ko‘nglim borar asta chayqalib
Tushayotgan non ushog‘ini
Nigoh tashlab ko‘raman kaftda.

KUZ QO‘ShIG‘I

Kun botarga ketar turnalar
Ular uchib borar… Qayoqqa?
Zarrin barglar olib ketayotgan
Kumush daryo oqar… Qay yoqqa?
Ketgum oltin ang‘izzor bo‘ylab
Ketamanu bilmam qayonga?
Yo‘l bo‘lsin, ey, oltin kuz – suluv,
Yo‘l bo‘lsin, ey, sizga, kumush suv.

* * *

Umid o‘zingniki, o‘xshashdir
yaltiragan zebu ziynatga,
yuraklardan xuddi g‘ilofday
avaylab tortaman uzlatga;

va u bilan sayr etgum bog‘da,
ardoqlayman xuddi qizimday,
erkalayman kelinchak kabi
boz qoldirgum yolg‘iz butunlay.

* * *

Faqat gul bo‘lmoqni qilgumdir havas,
Faqat yulduz bo‘lsam, boshqa hech ne, bas.
Lekin bu mo‘jiza nasib etar kimga,
Qarayman, tirqishdan ko‘rinar menga.

Rus tilidan O‘ktamoy Xoldorova tarjimasi

QIZG‘ALDOQ

Qizg‘aldoq, zaminning qoni
qizg‘aldoq, quyoshning dog‘i.
Ko‘klamoyning qizil dudog‘i,
yuragimning ol qizg‘aldog‘i!

Jilmayasan qanchalar yashil
tokzor ichra, bug‘doyzor ichra.
Maysa bosgan jilg‘a qirg‘og‘in,
yuragimning ol qizg‘aldog‘i!

Yoqut lablarning shod ma’shuqi,
gullar uzra qizil kapalak.
Bu hayotning yorug‘ chirog‘i,
yuragimning ol qizg‘aldog‘i!

AGAR ShOShSANG

Agar shoshsang
Vaqt oldingdan
Uyatchan kapalakdek uchib o‘tadi.

Sekin yursang
Vaqt ortingdan
Yuvvosh buqaday ergashadi.

YaShIL QUShChA

Yashil qushcha, zumrad qushcha
Shafaqni bezaydi shuncha!

Quyuq qarag‘ay shoxi
Sehru afsun saroyi.
G‘uv-g‘ulaydi nolali
Kuzatib qochqin soyni.
U yer yashil daraxtzor
Zumrad qushning ini bor.

Yashil qushcha, zumrad qushcha
Shafaqni bezaydi shuncha!

So‘nggi mayin shabboda,
Xayollarga cho‘madi.
Kun nolon qarag‘ayni
Ming bir rangga ko‘madi.
Vaqt erinchoq va xomush,
Ey yashil, ey zumrad qush.

Yashil qushcha, zumrad qushcha
Shafaqni bezaydi shuncha!

Yolg‘izlik, osudalik
Ulug‘vor hisni tuyib,
Duo qiladi yurak
Mehr taftidan iyib.
Go‘zallik! Billur tovush!
Nogoh sayrar zumrad qush.

Yashil qushcha, zumrad qushcha
Shafaqni bezaydi shuncha!

Uzoqlashar qo‘shig‘i
(To‘xtadimi shabada?)
Qushchaning tuyg‘ulari
Seziladi dalada.
Tugmachagul – fig‘onin
Ramzidir, achir jonim.

Yashil qushcha, zumrad qushcha
Shafaqni bezaydi shuncha!

SO‘NGGI KUZ

Daraxt shoxlarida xazonmas endi,
U aylanib qolgan sariq quyoshga.
Oltindan yasalgan haykaldek bo‘lib,
Joyida qotgandir g‘amu ko‘zyoshdan.

O‘limni xotirjam qarshi olar u,
So‘nggi yaprog‘i ham uchishin kutar.
Ikki oylik ozor to‘lovi deb bu…
Tabiat boshidan sochib ketdi zar.

AZUL*

Qalbimga.

Xushchaqchaq va xotirjamman men
Bilamanki pokligim – ko‘rkim.
Qalbimdagi chamanzorda oq
Atirgullar ochilgan ko‘rkam.
____________
* Azul (isp.) – moviy.

NEGRA *

Ramon Godoy va Solaga

Anduhlarim tin olar tunda
mening bilan; bemajol, horg‘in.
Kuni bilan olishaverib
qalbim bilan yarador, so‘lg‘in.

Orom olar meningdek ular
tuni bilan kuch to‘plab tanga.
Uyg‘otishar tongda darg‘azab
chorlab ma’yus qalbimni jangga.
____________
* Negra(isp.) – qora.

O‘SMIRLIK

Ayvonda bir zum
Qolgandik yolg‘iz.
Shu shirin tongdan
Qayliqlarmiz biz.

Tabiat mudrab
Ochmagaydir ko‘z.
Kulrangdir osmon
Hukm surar kuz.

Dedim: “Ber bo‘sa”,
Yanog‘in tutdi.
Xazinasini
Yo‘qotdi xuddi.

Jonsiz yaproqlar
To‘kilar boqqa.
Chuchmoma bo‘yi
Kelar har yoqdan.

Menga qarashga
Botinmas sira.
Qayliqmiz, desam
Yoshi tirqirar.

YaShIL QUShChA

Keldimu,
Ko‘z yoshim qoldi uzoqda
Dengizlar bo‘yida
Nola chekkuvchi.
Keldimu,
Na foyda bu tashrifimdan
Uzoqda qolgan-ku
Mening yuragim.
Keldimu,
Atamang meni inim deb
Chunki qalbim qolgan
Uzoqda yig‘lab.

FAQAT SEN

Zuhrodan-da a’lo
O‘zing yolg‘izim.
Tungi chirog‘imsan,
Tonggi yulduzim.

Ispan tilidan Hilola Ro‘ziyeva tarjimasi