Oktavio Pas (1914-1998)

Oktavio Pas (Oktavio Paz) (1914.31.3 — Mexiko — 1998) — meksikalik shoir. Birinchi she’riy to‘plami «No pasaran» 1936—39 y.larda Ispaniyada bo‘lgan fuqarolar urushiga bag‘ishlangan. «Inson ildizi» (1937), «Sening ravshan soyang ostida» (1937), «Dunyo chekkasida» (1942), «Madhiya mag‘zi» (1954), «Quyoshning toshi» (1957), «Yaxlit shamol» (1966) va boshqa to‘plamlarida Oktavio Pas milliy lirikani badiiy kashfiyotlari bilan boyitgan, fikrlarni jamlashga moyil, metaforalarga boy, yuksak ruhiyatli intellektual shoir sifatida namoyon bo‘ladi. U qadimiy Meksika hamda Osiyo xalqlari madaniy merosiga tez-tez murojaat etadi. «Yolg‘izlikning chalkash yullari» (1956) esse-kitobida meksikaliklar ruhiyatini, Meksikaning tarixiy o‘ziga xosliklarini tadqiq etadi. Oktavio Pasning fikricha, shoirning hozirgi jamiyatdagi vazifasi inson va tashqi dunyo birligini tiklashdir.
Oktavio Pas Meksikaning Hindistondagi elchisi (1962—64), Garvard universitetining faxriy doktori (1981). San’at va siyosat sohasidagi bir necha jurnallarga, jumladan, «Plural» («Plural») jurnaliga boshchilik kilgan. Nobel mukofoti laureati (1990).

* * *

Qayerda kimsasizlik?
Rost,
chakalakzorda
nishon yo‘q qalbdan.
Qalbim,
sen,
qayerdasan
va
qayerdaman
men?

Ikrom Otamurod tarjimasi

HUMOYuN MAQBARASI*

Arilar tortishuvi
Yo maymunlar bahsidan
Paydo bo‘lib birlashmish
( Toshu havo, qushlardan
Yuksalgan qirmiz olov
Suv uzra muallaq vaqt)

______________
* Humoyun — Bobur mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li

IKKI VUJUD

Uchrashadi ikki vujud
Ikki to‘lqin misoli
Ummonday cheksiz tunda.

Uchrashadi ikki vujud
Ildizlarday chirmashib.
Bog‘day chayqalgan tunda

Ba’zan esa ikki vujud
Ikki sovuq tosh kabi
Sahroday unsiz tunda.

Ba’zan esa ikki vujud
Bamisli ikki xanjar
Sovuq charaqlar tunda.

Va ba’zida ikki vujud
Uchar ikki yulduzday
Bo‘m-bo‘sh osmonli tunda…

QIZ

Ey qiz, shivirlasang “Daraxt” deb sekin,
U yuksala boshlaydi osmonga qarab
Yuksalgani sayin, unga tikilib,
Yashillanar bizning nigohlarimiz.

Ey qiz, shivirlasang “Osmon” deb sekin,
Shamol bilan jang boshlar bulut,
Bu bepoyon osmonu falak
Aylanar tip-tiniq jang maydoniga.

Ey qiz, shivirlasang “Suv” deya sekin,
Qurigan buloqlar qaynay boshlaydi,
Yaproqlar cho‘milar,toshlar cho‘milar,
Biz esa bulutga aylanajakmiz.

Ey qiz, bir so‘z demading, endi
Sap-sariq dolg‘ali quyosh yolida
Bizni uzoqlarga olib ketajak
Va olib qaytajak, qo‘l tegizmasdan,
Yana o‘sha-o‘sha joyga kun o‘rtasida —
Yana o‘zimizga olib qaytajak.

TOSh

Men umrimni tush ko‘rdim,
Uzoq-uzoq yo‘l yurdim.
Chor atrofga to‘ymasdan
Ufq tomonga bordim.

Ammo,tushim uzildi,
Yana o‘ngimda ko‘rdim
Xarsangtoshga mixlangan
Zanjir bilan turardim.

Bosh egib turar edim,
Qayg‘udan ko‘zim tinib,
Zanjirmas,tushlar bilan
Qabrtoshga mixlanib.

YaShIL SIYoH BILAN

Yashil siyoh bilan bog‘u rog‘lar,o‘rmonlarni chizaman,
harflar bo‘lib shovullagan yaproqlarni chizaman,
paydo etaman so‘z daraxtlarini,
eng oxiri so‘zlarimdan yondiraman yulduzlarni.

So‘zlarim to‘kilsin qorday oq badaning uzra,
qorli dalalarga to‘kilgan yaproqlar bo‘roniday,
uyimni o‘ragan chirmovuq kabi
chirmasin qog‘ozlarni so‘zlarim yashilligi

So‘zlarim to‘kilsin qo‘ling, bo‘yning, siynangga,
kindiging, dengizdek sokin peshonangga,
so‘zlarim to‘kilsin qirmizi sochlaringga,
chechak naychasini qimtigan tishlaringga.

Bahor yaproqlarga ko‘mgan daraxtdek
bezangin yam-yashil so‘zlarim bilan,
bezangin yam-yashil yulduzlar bilan
va ko‘zingda charog‘on yulduzlar porlab
yuksaklarga tikil, samoga tikil.

Xurshid Davron tarjimalari

TOMChILAR KUYINI TINGLAGAN KABI…

Tomchilar kuyini tinglagan kabi
Tingla meni ham…
Dardsiz, tuyg‘usiz…
Qalbim shivalagan yomg‘irday oqar,
Suv bu — havo, havo esa on,
Onlarda sargardon shu umrim o‘tar.
Zulumot qoplamay turib olamni
Yopirilib kelar quyuq tumanlik.
Mening esa ko‘nglim huvillab borar,
Soniyalar ichra bosadi g‘ashlik.

Oh, o‘sha chog‘larda azizam, sevgim,
Yomg‘irday tinglasang o‘ksik bu dilim.

Anglasayding meni eshitmay turib,
Ko‘zlaring so‘zlasa edi g‘amimni.
Garchi tirikmanu jonsiz murdaman,
Yomg‘ir olaverar to‘ygan jonimni.
Suv bu — havo, borliq esa So‘z:
Bari so‘zlayverar sho‘r qismatimiz.
Kun, oy, yillar osha dardim kattarar,
Yomg‘irda izlayman seni chorasiz.
Yaltiragan asfalt yo‘lak ustidan
Ko‘tarilar bug‘lar,
adashaman men.
Qorong‘u kechada sarsar kezaman,
Qidiraman seni zulmat ichidan.
Sen,
sening qadding,
sening sochlaring
Nogoh to‘qnash kelib qolar ko‘chada.
O‘tib ketasanu yuragim vayron,
Loaqal sezmaysan shu tomchilarday.
Yaltiragan asfalt yo‘lak ustida
Qolib ketar faqat sening izlaring.
Men tunlar tentigan hazin damda sen
Shirin tushlar ko‘rib uxlarsan sokin.
Tinglarman men o‘sha onlik nafasing,
Barmoqlaring go‘yo siypalar yuzim,
Barmoqlaring cho‘g‘day kuydirar ko‘zim,
Barmoqlaring menga qayta jon berar.
Shunday mas’ud umrim lahzalarida
Yomg‘ir kuylaridek tinglagil meni.
Yillar o‘tib ketar, qaytmas lahzalar,
Hayhot, ko‘rarmanmi men yana seni?!
Yo‘qsan! Mavhumliksan!
Sarobday uzooq,
Butun yer yuzasi shalabbo sensiz.
Buyuk vaqt hukmida nochor, notavon,
Ayvonda yomg‘irni tinglarman ma’yus.
Qorong‘u zulmatda hamon izlarman,
Yaproqlar qo‘ynida titrar nafasim.
Suv – havo, havo – on, borliq So‘z emas –
Sening soyang ko‘mib tashlar hammasin!

OQIBATSIZLIK

Odamman.
Hunarim – yashamoq.
Bahaybat tun kechar tevaragimda.
Osmonga qarayman:
Yulduzlar yozar.
Anglayman ularni tushunmasdan men…
Va men ham yozaman,
yozaman,
Va shu pallada
Kimdir meni poylab umrin o‘tkazar.

“KIMSASIZ KO‘ChADA”

Uzun va kimsasiz ko‘chada,
qop-qora kechada
yurib qoqilaman,
turaman yana,
ko‘rday yuriiib ketaveraman.
Soqov toshchalarni, g‘arib barglarni
Ezg‘ilab o‘taman ko‘rday, garangday.
Yana kimdir mening ortimdan kelar,
U ham bosib o‘tar toshlarni, bargni.
To‘xtasam, to‘xtaydi,
yursam, yugurar,
Qarayman: Hech kim yo‘q.
Qorong‘u ko‘cha.
Faqat qadamlarim eshitar meni,
Ko‘chadan-ko‘chaga o‘tib boraman.
Go‘yo butun umr izg‘iyman shunday,
Meni hech kim kutmas,
hech kim ergashmas.
Nogoh to‘qnash kelib qolsa ham kimdir
U ham ko‘rday, gungday ko‘rmas hech kimni.

KELMOQ VA KETMOQLIK ORASI

Kelmoq va ketmoqlik orasida jim
Xazonrez vaqt o‘tar beqaror,
O‘tmishga bag‘ishlab shaffof umrini.

Dumaloq yer uzra jimjitlik kezar,
Dunyoni sukunat tebratar.

Barchasi foniylik, bari omonat,
Ega bo‘lolmaymiz ammo umrbod.

Mana qog‘oz, kitob, qalam, bo‘sh qadah,
Qolgan narsalarning biron nomi yo‘q!

Vaqt tez urib turar ikki chakkamda,
Titroq hadik qaynab oqar qonimda.

Bedard devorlarga urilgan shu’la,
Umidsiz ortiga qaytadir yana.

Dunyoning ko‘zida topib umrimni,
Bo‘shliqqa tikilib ko‘rdim o‘zimni.

Lahzalar sochilar.
Vaqt qurbon bo‘lgan,
Men keldim va ketdim.
Men – sukunatman…

“BEChORA YuRAKKA”

Chorasiz yurakka
bir joy yo‘q ekan
daraxtlar orasida ham.
Men…
Qayerga kelganimni
bilmay yashadim.

KO‘PRIK USTIDA

Tun va kun orasi,
Sen va men oramiz –
Ko‘prik.

Ko‘prik ustida sen
o‘zingni uchratasan.
Dunyo bog‘lab berar
seni sen bilan.

Qirg‘oqdan qirg‘oqqa
Hamisha uzalar
Yorqin kamalak.
Men o‘sha kamalakka
osiliiib
yashashim kerak!

O‘TGAN TONG

Soching daraxtzorday quyuq,
Yoyilib yotar,
Tanang yondiradi tanamni.
Sen uxlagan damda tundan ulug‘san,
Tushlaring sehrlar butun olamni.
Biz qanchalar ulkan bo‘lsak shunchalar
Dunyo kichrayib borar.
Tashqarida o‘tar asov mashinalar,
Ular qaytmas bo‘lgan ruhlarni tashir…

Oqar suv oqadi,
Oqaveradi,
Faqat biz erta ham
Otajak tongda
…Uyg‘onamizmi?..

Qandilat Yusupova tarjimalari

ShAMOL

Barglar qo‘shiq aytdi,
shaxdam-shaxdam raqs tushdi
olma;
sarin yellar erkalashidan
gullar etdi xirom

Ufqlar ortidan
yopirildilar bulutlar
ko‘pirib haydash-chun havoni.
Ufq yo‘q bo‘ldi,
shamolni kuydirib
lolalar chir aylandi.

Bu to‘lqinlar ichida
ko‘zdan uchdi qiz ham.
Men yo‘q bo‘laman,
yog‘du va shamol ichra
tark etaman tanani
dunyo bu – shamol,
ko‘chib o‘tayotgan shamoldir, xolos.

NOVDA

Balandlikda,
ovozdan tarang tortilgan ipda
titrab kuylaydi qushcha,
tilim-tilim etar novdani.
Bu titroq tezlashib
Qarag‘ayga qo‘shilib
tillo hushtak changiga
aylanib yonib ketdi u.
Men behuda nigoh tashlayman
Qurigan bu shoxda
faqat sayrar edi gung sukunat.

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi

TAShRIF

Yurakni toshdek qisgan tun aro sokin suzib
shahardagi kulbamga tabiat kirib kelar.
Zangor bilaklarida – barglardan bilakuzuk
va bilakuzuklarga yarashgan ko‘z – tayrlar.
Daryoni olib kelgay qo‘llaridan yetaklab,
hozirgina uzilgan yulduzlar – savatida.
Ergashib kelgan dengiz yotib olar erkalab
oq ko‘pik – dumi o‘ynar gilamim qavatida.
Daraxtning sukutidan musiqa unib chiqqay,
meva tugadi so‘ngra so‘zlar shaklida, shig‘il.
Yarqirab pishgach hil-hil,
so‘zlarni daraxt to‘kkay.
Peshonam – qorong‘i g‘or, chaqmoqlar chaqilmoqda.
qanotlar qoqilmoqda – yellar qochar har yonga…
Ayt, tabiat, chindan ham sen keldingmi mehmonga,
yo tushimga kirdingmi avraguvchi arvohday?

KO‘ChA

Kimsasiz bir ko‘cha – zog‘ uchmas.
Zulmatda yiqildim to‘qnashib,
yana turdim va yurdim birpas
ko‘prik bo‘ylab, xazonni bosib,
kimdir ortda kelmoqda pusib.
Shoshib yursam – tezlashadi u,
izimga qarasam – yo‘q hech kim.
Nima qilay? Atrof qorong‘i,
chopaman, muyulishga yetganda –
o‘taman narigi tomonga,
so‘ng birov izimga tushmasku,
duch kelsa ham o‘sha allakim
to‘qnashar va degay: “Yo‘q hech kim!”

* * *

Ichingda uxlab qolsam
yo ichingda uyg‘onsam
o‘zagingda ochsam ko‘z
oqqina yuz qorako‘z
qora oq yana qora
jonimga tegib borar
uyqusizlik kun kabi
qamashtirgay ko‘zimni
xotiraning yolqinli
kapgiri olib kelar
olib ketar yodimdan
seni qorako‘zimni

IKKI VUJUD

Uchrashgaydir ikki vujud –
tungi ummon bag‘ridagi
to‘lqinlardek gohida.

Uchrashgaydir ikki vujud –
tungi zaminda qovushgan
ildizlarning shoxiday.

Ammo, ba’zan ikki vujud – ikki ayro sovuq tosh.
Tun – tun bo‘yi sahro kabi
kimsasiz va yalang‘och.

Ammo, ba’zan ikki vujud – ikkita sovuq xanjar.
Va tun bo‘yi bir-biriga
yaraqlatib tig‘ sanchar.

Va, ba’zida ikki vujud – yilt etib uchgan yulduz,
bo‘m-bo‘sh ko‘kda o‘zlaridan
qoldirgaydir yorug‘ iz.

ShABBODA

Barglar aytgach yallalar,
raqs tushar olmalar;
ifor sochib saboga,
atirgullar sollanar.

Jimirlagay abrlar
havolarning mavjida.
Ufqlar – besabrlar;
har yon samo avjida.

Ko‘rinmaydi shafaqlar,
elga o‘t qo‘yar lola;
tutun aro charaqlab
balqir hilol-hilola.

Men ham o‘zimda emas,
men – nurda, men – havoda.
Dunyo esa bir nafas,
dunyo – uchqur shabboda.

TOSh

Tushimga o‘z umrim kirganmish;
xo‘p kezibman sarxush, mastona.
Meni maftun etgan ajib tush
ta’birini o‘ylab hayrona.

Ammo tushim buzildi, nogoh,
va o‘ngimda tosh etdi asir.
Endi hushim o‘zimda, biroq
tush uzilgan – uzilmas zanjir.

Bandilikka ko‘ndim, axiyri,
shunday savdo tushdi boshimga.
Bog‘lab qo‘ymish tushlar zanjiri
meni go‘rning marmar toshiga.

BUTOQ

Baland shoxda, go‘yoki tovush
tarang torni titratgan kabi
yayrar hamda sayrar mitti qush.

Patli o‘qdek uchar shuvillab,
tilim-tilim qilar butoqni –
sas taralgay misli ashula.
Qarag‘ayning payrahasi soz –
gulxanida tiriklay yongach,
ado bo‘lgay ul oltin ovoz.

Ha, behuda tikdima ko‘zim:
endi sayrar qurigan shoxda
gungu soqov jimlikning o‘zi.

* * *

Ko‘chamizda yuribman, ammo
qadamimning saslari bu dam
o‘zga ko‘yda bermoqda sado.
O‘sha ko‘chada ham
eshitaman o‘zimni,
tungi odimlarimning sasin;
u ko‘chada, lekin
soxtadir tumandan boshqasi.

KETMOQ VA QOLMOQ ARO

Ketsammi yo qolsam, sarosimada
yorug‘lik qa’rida so‘nayotgan kun
olamni bag‘riga bosar onaday
va ko‘rfaz singari tinchlanar ochun.

Bari kunday ravshan… Omonat bari…
Qog‘ozlar, kitoblar, piyola, kosa
jimgina yitadi – qolgay nomlari…
Mana… lek ilashmas qo‘lga hech narsa…

Chakka tomirimda parvozlar zarbi,
qonimning qadrdon sasi. Nur oqar
rangin chiroqlarning jimiri kabi
befarqlikning qalin devori yoqqa.

Nigohimga sig‘dim – aqlimga sig‘mas –
o‘zimni ko‘ryapman qorachig‘imda.
Borliq tadorikda, men oniy nafas –
ketmoq va qolmoqlik oralig‘ida.

Rus tilidan G‘ulom Mirzo tarjimasi

IKKI VUJUD

Uchrashar ikki vujud
ikki dolg‘a misoli
oqshomning ummonida.

Uchrashar ikki vujud
ikki qoya misoli
oqshomning sahrosida.

Uchrashar ikki vujud
bir juft ildiz misoli
chirmashgancha oqshomga.

O‘tkir xanjar misoli
uchrashar ikki vujud
nurida o‘ynar oqshom.

Uchrashar ikki vujud
uchar ikki yulduzdek
bu bo‘m-bo‘sh osmon uzra…

ShOIRNING KOTIBASI

Qo‘shiq kuylamoqqa urunardi u
aslo yodga solmaslik uchun
yolg‘onlarga to‘la rost hayotini,
hamda asta eslamoq uchun
haqiqatga to‘la yolg‘on umrini…

“Sening yorug‘ soyang ostida” (1937) kitobidan.

ShAFAQ

O‘ta sovuq, muz qotgan qo‘llar
zulmatning bag‘ridan nur yulgan onda
ko‘zimni ochaman va ko‘ramanki,
men,
hali hamon yashamoqdaman,
qaynoq bir g‘ussaning eng o‘rtasida…

YaQINLIK

Ro‘yomasmi chiroqdan enayotgan oppoq nur?
Haqiqatmi qog‘ozni qoralagan bu qo‘llar?
She’rlarimni kuzatgan
bu ko‘zlar
yolg‘onmasmi?

Aytganlarim yo‘q bo‘lar o‘tkinchi so‘zlar misol,
Anglayman, mening umrim
orasida to‘lg‘onar
ikkala isyonimning…

“Samandar” (1962) kitobidan.

* * *

Inson qaytar bo‘lsa bugun yo erta-indin,
unda inson emasmi
qaytmas yo‘ldan ketganlar?..

Lodi bog‘lari*da
(Klod Esteban*ga)

Nuragan maqbaraning
qop-qora gumbazlari
ko‘k yuzida ovchidek
quvlamoqda qushlarni.

*Lodi bog‘lari – Hindiston poytaxti Yangi Dehlidagi park nomi. Uning ichida bir necha maqbaralar bor.
*Klod Esteban – (1935-2006) frantsuz shoiri.

* * *
Yumgancha ko‘zlaringni
nur taratding ichingdan
aqiq, nodir tosh kabi.

Yumgancha ko‘zlarimni
izlab seni kechalar
yo‘l oldim toshday men ham.

Qanday go‘zal bu diydor –
uchrashamiz biz faqat
yumilgan ko‘zlar bilan…

“Sharq tuhfasi” (1969) kitobidan.

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi