Federiko Garsia Lorka (1898-1936)

Federiko Garsia Lorka (Federico García Lorca)  (1898.5.6, Fuentevakeros — 1936.19.8, Granada yaqinida) — ispan shoiri va dramaturgi. Uning ijodi ispan xalq og‘zaki ijodi an’analarini yangicha talqin etish asosida shakllandi. «Qo‘shiqlar» (1927), «Lo‘lilar romanserosi» (1928) kabi asarlarida og‘ir va fojiali voqea-hodisalarni boshidan kechirgan jabrdiyda kishilarga, oddiy mehnatkashlarga hamdo‘stlik va xayrixohlik tuyg‘ulari kuchli va yorqin aks etgan. «Shoir Nyu-Yorkda» she’rlar to‘plami (1935, nashri 1940), «Ajoyib kavushdo‘z ayol» pesasi (1930), «Qonli to‘y».(1933), «Ierma» (1934) tragediyalari va «Bernard Alba uyi» (1936) qahramonlik dramasida oddiy kishilarning zolimlar zulmiga qarshi nafrati ifodalangan. Granada isyonida fashistlar tomonidan otib o‘ldirilgan. Asarlari o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan («Ispan jandarmlari haqida romans», «Gitara», «Teatr haqida so‘z», «Chorraha», «Chavandoz qo‘shig‘i» va b.)


BUZILGAN TOMOShA

Uyqusirab, tumtayib
oy jim suzib keladi.
o‘yparast tun oromin
bosib, buzib keladi.

Muazzin qurvaqalar
qayga g‘oyib bo‘ldilar?
qamishzorni kiyvolgan
irmoq bo‘g‘iq g‘o‘ldirar.

Mayxonada mashshoq jim,
eshitilmas biror sas.
Yulduz yashil sayhonda
javlon urib tushar raqs.

Tog‘ poyida o‘ltirar
shamol xo‘rligi kelib.
Pifagor – keksa terak
ko‘tardi ulkan qo‘lin,
adabsiz oy yuziga
tarsaki urmoq bo‘lib.


GITARA

Boshlar
gitar nolasin.
Sinar
tong piyolasi.
Boshlar
gitar nolasin.
So‘rma endi
jimlikni.
Bir maromda yig‘laydi,
go‘yo suvlar yig‘laydi
go‘yo qorlar ustida
yolg‘iz shamol yig‘laydi.

So‘rma endi
jimlikni.
Yig‘lar qo‘msab
kimnidir.
Yig‘lar kuygan sahrolar
kamolgul vaslin o‘ylab.
Yig‘lar tongsiz kechalar,
besamar uchgan o‘qlar,
chirqirab baland shohda
jon beradi bir murg‘ak,
O‘, gitara!
Besh xanjar
qonga bo‘yagan yurak.


O‘YIN

Sevilla shomlarida
Karmen yonib o‘ynaydi.
Sochlari qorday oppoq,
yaltiraydi ko‘zlari.

Qizlar,
yoping pardani!

Yotar sariq ilonday,
tasmaday nur boshida.
Jon ato etar o‘yin
Mahobatli moziyga.

Qizlar,
yoping pardani!

Kimsasiz ko‘chalarda,
nursiz uylar qa’rida
andalus yuraklari
qo‘msar eski dardlarni.

Qizlar,
yoping pardani!

MANZARA

Oqshom kiydi adashib
ayozning ko‘ylagini.
Bolalar darchalardan
sarg‘aygan yolg‘iz daraxt
qushlarga do‘nayotgan
dalaga qarar karaxt.
Oqshom olis daryoda
cho‘zilgan bir pallada
nogoh sopol tomlarda
yashnab ketdi alanga.


TENTAK QO‘ShIQ

Oyi,
Kumush bo‘layin.

Sovqotasan,
qo‘y, o‘g‘lim.

Oyi,
Irmoq bo‘layin.

Sovqotasan,
qo‘y, o‘g‘lim.

Oyi,
Tiqib qo‘ygin bolishga.

Xo‘p bo‘ladi,
hoziroq.

* * *

Og‘och-ey, og‘och,
quriganu yosh…

Zaytunzordan saharlab
zaytun terar xushro‘y qiz.
Minoradan tushgan shamol
quchoqlab oldi qo‘qqis.
To‘rt andalus baytalida
etib keldi to‘rt suvori,
uzun qora yopinchlari,
kamzullari yashil, moviy.
“Qurdobaga ketdik, go‘zal”.
Qiz indamay qilar o‘sal.
O‘tar quvnoq uch torero,
zarg‘aldoqrang shoyi libos.
Bellarini sirib bog‘lab,
shamshirlari qadimiy, xos.
“Sevillaga ketdik, go‘zal”.
Qiz indamay qilar o‘sal.
Oqshom chog‘i, siyrak safsar
ko‘lankalar yotar chog‘i,
oydin vardu oq gullarni
o‘smir uzib chiqar bog‘dan.
“G‘arnotaga ketdik, go‘zal”.
Qiz indamay qilar o‘sal.
Chiroyli qiz zaytunzordan
zaytun terib yurar hamon,
kulrang shamol qizbolaning
kiftlaridan quchar yomon.

Og‘och-ey, og‘och,
quriganu yosh…


SERENADA

Oydin daryo qirg‘og‘ida
rutubatga to‘yar shom ham,
Lolitaning ko‘kragida
muhabbatdan o‘lar shohlar.

Muhabbatdan o‘lar shohlar.

Yalang‘och shom kuylar hamal
uzra uchgan ko‘priklarda,
Lolitaning kiftlarida
nastarindan yonar bo‘ylar.

Muhabbatdan o‘lar shohlar.

Anis olma, nuqra tuni
porlar tomda nur ufurib.
Ko‘zgu, sharra nuqrasi ham
oq sonlaring anis nuri.

Muhabbatdan o‘lar shohlar.


VIDO

Agar o‘lsam,
ochib qo‘ying manzar eshigin!

Po‘rtahol yer bolalar bog‘da.
(Ko‘rinadi menga manzardan.)

O‘roqchilar o‘rmoqda bug‘doy.
(Eshitilar menga manzardan.)

Agar o‘lsam,
ochib qo‘ying manzar eshigin!

INTERMEDIYa

To‘qqiz yuz o‘ninchi yilgi ko‘zlarim,
hali ko‘rgani yo‘q murdalarni ko‘mganlarini,
na tong azadorga yodgorlik – bir hovuch kulni,
na burchakka qadalgan dengiz toyidek
titragan yurakni ko‘rmadi.

To‘qqiz yuz o‘ninchi yilgi o‘sha ko‘zlarim
tagiga bolalar siygan oppoq devorni ko‘rdi,
buqaning tumshug‘iyu zaharli qo‘ziqorin,
burchaklarda g‘ira-shira oy yog‘dusida
trunj po‘chog‘iyu qoramtir shishalar
soyasin ko‘rdi.
Mening o‘sha ko‘zlarim hamon otning yolida,
xobchil Santa-Rosaning yarador badanida,
ishq tomlari, dodlaru pokiza kaftlardadur,
mushuklar baqalarni yamlab yegan bog‘larda.

Chang yo‘sin va haykallar yasagan chordoqlarda,
eyilgan qisqichbaqa jimligi bor qutida,
tush bilan o‘ng nogahon to‘qnashib ketgan joyda,
Shunda, o‘sha yerda bolaligim ko‘zlari.

Mendan hech gap so‘ramang, qismatim qandoq izlab,
qandoq bir-bir bo‘shliqqa kelganlarni ko‘rganman.
Huvillagan osmonda huvillagan og‘riq bor,
kiyinganu vujudsiz jonzotlar ko‘z o‘ngimda.


TONG

Nyu-Yo‘rk tongining
loydan to‘rt ustuni bor,
chayqalguvchi sassiq suvida
qora kaptar bo‘roni bor.

Nyu-Yo‘rk tongi ingrar
haybati zo‘r zinalarda –
son-sanoqsiz qirralari
g‘ussa chizgan nardlarni izlar.

Tong kelar, ammo birov tekizmaydi labini,
axir kun baribir chiqmas, umid yo‘q.
Goh shiddat-la tashlanib bir hovuch chaqa,
yamlay boshlar tashlandi bolalarni.

Kimki uydan chiqsa
suyak-suyagigacha sirqiratar ilm,
jannat-da, sevgi-da, xazonrez-da yo‘q deb uqtirar,
qonunlar va sonlarning loy yo‘llaridan
aldovlarga berilib, behuda ter to‘kishga undar.

Ildizlari qurigan,
fan dag‘dag‘asidan qiynalib o‘lgan
nurning qabri uzra yangrar kishanlar.
Ko‘chalarda uyqusiz daydir kimsalar
go‘yo suzib chiqqanday qon ummonidan.


ZAMIN VA OY

Qaldirg‘och tuxumlarin yeb yuradigan
ko‘ngli ochiq bir odam bilan qolaman.
Bruklinda mayxo‘rlar tepalab ketgan
yarimyalang chaqaloq bilan qolaman.
Birgaman yo‘qlik sari jim ketayotgan
tomirlari ko‘kargan kimsalar bilan.

Yagona zamin bordir. Yagona zamin
chetlari hilpiragan urhonlar uchun,
bulutning bod yalagan qorachiqlari,
qontalash jarohatlar, namchil fikr-chun,
zamin bor zamindan ne qochar bo‘lsa.

Bu yongan ashyolardan sochilgan kulmas,
daraxtlar ildizlari tagida chirkin
lablarin qimirlatgan murdalar emas.
Pastlikda qoldirib nahang galasin
osmonga talpingan luchchak zamin bu.

Shodlik to‘la zamindir, xotirjam yuzar,
kelganu ketganda zohir timsoli.
Bor bo‘lgin qirqquloq singari o‘ynab,
fir’avnning chehrasiga o‘xshagan zamin.

Borlig‘ida bokira yo‘sinlar yongan
to‘nglagan bitta ayol bilan qolaman,
Bruklinda mayxo‘rlar tepalab ketgan
yarimyalang bolalar bilan qolaman,
qolaman burda-burda yirtilgan yemish,
ayiqlarning yemishi-la birga qolaman.

O‘sha mahal tushib kelar zinalardan oy,
ko‘kimtir kukunlardan shaharlar tiklab,
marmariy oyoqlarga to‘ldirar dashtni,
oq kulgu tomchilarin separ har yonga.

O‘, Diana! Diana, bo‘m-bo‘sh, Diana,
arilar uymalashgan qabariq oyna
lahzalik ishqdan so‘ng o‘limga eltgan
yalang‘och badanni ko‘rsatmas aslo.

Bu zamindir, e xudo, axir yetishdim,
chehrasin kenglik yopgan, yurak zarbi va qabr,
bosilguvchi bir og‘riq, o‘tadirgan muhabbat,
tirik qondan tiklangan kuygan qo‘lli minora.

Ammoki, oy baland-pastga yugurar zinalardan,
ko‘zlariga to‘ldirib suman urug‘in,
nuqra supurgi bilan bolalarni urarkan,
shamolning dumi bilan artar yuzimni.

KUTILMAGAN IShQ HAQIDA

Qorningdagi qora monihuliyo
xushbo‘yin hech kimsa tasavvur qilmas,
hech kimsa sevgining polaponini
tishingda azoblab yurganing bilmas.

Yuzing sahnasida oy bilan birga
uxladi ming-minglab eroniy toychoq,
qorlarning dushmani – badaning bilan
to‘rt kecha quchoqlab olishganim choq.

Ganju sumangullar aro nigohing
nish urgan bir giyoh kabi rangpardir,
ko‘ksimdan senga deb fil suyagidan
abadiy degan bir so‘zni axtardim.
Abadiy, abadiy: abadiyatga
singayotgan jisming, talvasam bog‘i,
tomirlarning qoni lablarimdagi,
qazomga atalgan nursiz dudog‘ing.


ShOIR SEVGILISIDAN MAKTUB YoZIShNI SO‘RAYDI

Tirik o‘lim kabi teran muhabbat,
bir og‘iz so‘zingiz kutdim behuda,
chechak-da so‘lmishdir, o‘zimni faqat
yo‘qotib yashamoq mushkuldir juda.

Faqat havo o‘lmas. Tosh esa g‘ofil,
yog‘du va zulmatni farqlamaydi, bas,
qiynalgan yurakka oylardan oqib
kelguvchi muz kabi asal kerakmas.

Men seni yo‘qotdim. Ochdim qonimni,
yo‘lbarsu kabutar, nozik belingda
oq binafsha bilan ilon olishar.

To‘ldir so‘zlaring-la junun komini
yo yashay ohista orom yelida
mangu zulmat uchun ruhning shomida.


VIDOLAShUV

Vidolashdim
yo‘l yoqasida.

Dilim potrab shoshildim
yig‘i kelgan yoqlarga –
yig‘lardilar boshimda.

Vidolashdim
yo‘l yoqasida.

Notanish o‘zga yo‘ldan
etib borgan zahotim
mash’um on keldi deya
uyg‘otgum xomush yodni.
Do‘nmasman sahardagi
ho‘l yulduz titrog‘iga.

Qaytib keldim ovozsiz
kuylarning oq bog‘iga.

OY HAQIDA ROMANS

Keldi nalg‘ar g‘origa oy
nastarindan o‘rab ro‘mol.
Karar, qarar bola faqir.
Bola faqir tikilar lol.
Oy qo‘llarin yozib, o‘ynab,
so‘lqillatib qalay tusli,
beoru pok ko‘kraklarin,
olar tungi shamol hushin.
Berkinib ol, oyim, oyim!
Kelib qolsa lo‘lilar magar,
yuragingdan sandonlarda
oq halqalar zarb qilishar.
Qo‘rqma, bola, qo‘rqma sira,
sen lo‘lilar kelgan tobda
sandonga bosh qo‘yib yotgin,
uyg‘onmassan sira xobdan.
Berkin, oyim, oyim, oyim!
Tuydim olis ot dupurin.
Qo‘rqma, bola, biroq bosma
ohorlangan ipak nurim.

Otliq yelar yiroqlardan
nog‘oraday chalib duzni.
Sho‘rlik bola muz sandonga
bosh qo‘ygancha yumar ko‘zin.

Zaytunzordan brinja tush —
lo‘lilar ham chiqib kelar,
boshlarini tutib baland,
ko‘zlarini qisib kelar.

O‘h, qaysi bir og‘och yoqdan
dodlavorar boyqush g‘arib.
Oy bolaning qo‘lchasidan
ushlab ketar osmon sari.

Nogoh g‘ordan yangrar faryod,
xotin-xalaj qiy-chuvlari.
Shamol esa kezar bedor.
Shamol kezar uvlab-uvlab.


PRESIOSA VA ShAMOL

Dafnazoru billur to‘la
g‘ira-shira oydin rohda
oyday dafni Presiosa
daranglata urib o‘ynar.
Sitorasi o‘chgan jimlik
suronlardan qochar nari —
baliq to‘la tunni o‘ynab
shopiryotgan dengiz sari.
Olis qorli cho‘qqilarda
inglistonlar yashagan oq
qo‘rg‘onlarni gir qurshagan
soqchilarni bosar mudroq.
O‘ynashib suv lo‘lilari,
hamlalarga chog‘la nishib,
egar naqshin g‘orlar sari
sanobarning shoxlarini.

Oyday dafni Presiosa
daranglatar ekan nogoh
paydo bo‘lar ko‘z o‘ngida
bahaybat bir yomon shamol.
Bu yalang‘och Xristofordir,
samoviy til, jismi kabir,
karar qizga ham vishillar
nayning xunuk sasi kabi.

Hoy, lo‘li qiz, etagingni
bir ko‘tarib, qayra tashlay,
qorningdagi ko‘k atirgul
qo‘llarimda tursin yashnab.

Presiosa oyday dafni
tashlab qochar jonholatda.
O‘ynab cho‘g‘day shamshirini
shamol qizni quva boshlar.

Sovir dengiz to‘lqinlari.
Bot bo‘zarar zaytunzorlar.
Kuylar g‘orlar surnaylari,
og‘ir zangin chalar qorlar.

Presiosa, tezroq, yugur,
axzar shamol yetib olar!
Presiosa, tezroq, yugur,
kiftlaringga chovut solar!
Yulduzlardan yerga tushgan
yarqiragan tilli Sotir.

Presiosa sanobarzor
uzra savlat to‘kib turg‘an
inglistonlar konsulining
qo‘rg‘oniga o‘zin urar.

Qiz dodini eshitgan choq
chopib kelar apil-tapil,
beretlarin qiyshiq kiygan,
qora to‘nli uchta harbiy.

Bir bordoqda sut obkelib,
lo‘li qizga tutar birov,
birov mayli finjon tutar,
bechora qiz ichmas biroq.

Yig‘lab-siqtab odamlarg‘a
ne bo‘lganin suylar behol,
tashqarida tom sopolin
achchig‘idan g‘ajir shamol.

DASARRA

Vahimali jarlik uzra
yovuzlashgan qon barqida
Albasetning pichoqlari
baliqlarday yarqiraydi.
Yoritvorar cho‘zilgan nur
qoyalarning yashil bag‘rin,
yalt-yult etar suvorilar
yonoqlari, otlar sag‘ri.
Qari zaytun avjlarida
ikki kampir soladi dod.
Adovatning novvoslari
chetanlarni buzadi bot.
Qanotlari Albasetning
tig‘lariga mengazib ketar
qora, xomush malaklar-da
ro‘molu qor suvin eltar.
Xuan Antonio Montilya
otdan jarga qular nogoh,
safsargulga to‘la jismi,
chakkasida norlar anor.
O‘limning tik yo‘lidan u
uchar misli olov zunnor.

Jandarmalar guras-guras,
zaytunzordan yelar buylab.
To‘kilgan qon esa ingrar
ilonday jim qo‘shiq kuylab.
Endi senyor jandarmalar:
dunyo shundoq ko‘p qadimdan.
Karfagendan beshta odam,
to‘rtovlon o‘lgan Rimdan.

Telba bo‘lib anjirlaru
lahcha cho‘g‘day sadolardan,
holsiz oqshom asta cho‘kar
qontalashgan jarohatga.
Gir aylanib uchib qolar
jarlik uzra, falaklarda
kokillari uzun-uzun,
zaytun jonli malaklar ham.

TELVAKEZIK ROMANSI

Yashil, seni suydi, yashil,
Yashil shamol. Yashil shoxlar.
Dengizda bo‘sh suzar qayiq,
tog‘da o‘tlab yurar ot ham.
Belga qadar shomga tuman
zulmatiga cho‘kib uylar.
yashil sochli, yashil tanli.
nuqradayin sovuq ko‘zlar.
Yashil, seni suydim, yashil.
Lo‘li mohi qizargan choq,
bor narsalar unga qarar,
u borliqni ko‘rmas biroq.

Yashil, seni suydim, yashil.
Yulduzlarni qirov bosgan,
baliq kabi silliq zulmat
tiniq tonglar yo‘lin ochar.
G‘adir-budur yaproqlarin
anjir bodga ishqab qolar.
Tog‘ bahaybat jayra kabi
bir lahzada hurpayvolar.
Kim keladi? Qaydan kelar?
Turar chetan dovni buylab,
yashil sochli, yashil tanli,
yovuz dengiz haqda o‘ylab.

Oshna, jon deb alishardim
shu otimni hujrasiga,
ko‘zgusiga jabdug‘im bor.
Pichoq beray ko‘rpasiga.
Oshna, qara, qonga botib,
keladirman Kabra yoqdan.
Gar ixtiyor menda bo‘lsa,
alishardim o‘ylab turmay.
Ammo menam men emasman,
menikimas bu hujra ham.
Oshna, juda o‘lgim kelar
o‘z uyimda, o‘z katimda,
bo‘lsaydi o‘z shamchirog‘im,
yana holland choyshabi ham.
Oshna, qara, tomog‘imdan
to‘shimgacha tig‘ yorvorgan.
Ko‘rdim, oppoq ko‘kragingda
uch yuz abrash gul qoraygan.
Belbog‘ingda qon ivigan,
qon hidiga to‘la duz ham.
Ammo menam men emasman,
meniki ham emas uy ham.
Hech bo‘lmasa, chiqayin bir
manov baland panjaraga,
oh, chiqayin, ko‘roydinda
nurlar javlon urib yetgan
panjaradan larzon-larzon
suvlar raqsini ko‘rayin-da.

Mana, baland panjaraga
yakin kelar ikki oshna.
Izlaridan sudralar qon,
izlaridan qolar yoshlar.
G‘ira-shira chiroqlar ham
milt-milt yonar tomlar uzra,
yuz minglagan billur daflar
tongning totli xobin buzar.

Yashil, seni suydim, yashil.
Yashil shamol. Yashil shoxlar.
Mana, ikki oshna yotar.
Olib kelar bod yiroqdan —
og‘izlarda ta’mi qolar
shuvoq, erman va yalpizning.
Oshna, qani yalpizdan ham,
safrodan ham achchiq qizing?!
Necha tunkim ko‘rgam keldi,
necha tunkim shajaraday —
bir parcha yuz, qora tanli —
boqdi yashil panjaradan.

Lo‘li qizning yuzi oyday
suzar yashil hovuz uzra.
Yashil sochli, yashil tanli,
nuqradayin sovuq ko‘zlar.
Suv mavjida qiz yuzini
tutib turar oy sinig‘i.
Kecha uylar o‘rab olgan
maydonchaday xoli, sirli.
Shunda dasta mast jandarm
eshiklarni mushtlab urdi.

Yashil, seni suydim, yashil.
Yashil shamol. Yashil shoxlar.
Dengizda bo‘sh suzar qayiq,
tog‘da o‘tlab yurar ot ham.


LO‘LI ROHIBA

Mo‘rdu ohak jimjitligi.
Gulxayrizor, sayhon cheti.
Rohiba qiz zard shoyiga
gulashabbuy tikar betin.
Fonusning oq qalpog‘ida
etti moyil qush pirillar.
Olis cherkov qorni katta
ayiq misol tik irillar.
Muncha yaxshi! Muncha nozik!
Yonar gullar zard shoyida.
Hofizaning bor gullarin
tikib olsam deb shoshilar.
Rangin piston tasmasidan
shomurt guli, kungaboqar!
Shiypon, qamar, tag‘in guli
za’faron ham ko‘zni yoqar.
O‘choq yoqdan beshta noranj
totli shirin bo‘y taraydi,
Bu Almeriy yoqda pishgan
Isoning besh yarasidir.
O‘tar ko‘rkam ikki otliq
rohiba qiz ko‘z o‘ngidan.
Bir to‘lg‘anib tushdi ko‘ksi
erigan eng so‘nggi sasdan.
Birdan qotdi zor nigori
olis qirlar sari boqib.
Nogoh shakar, hulvo to‘la
qalbi titrab, sindi oxir.
O‘h, yigirma oftob bilan
qandoq qalqib ketar voha!
Xayolning goj soylari ham
muncha javlon urib oqar.
Biroq tag‘in kashta tikar,
katak-katak pardada hur
epkin bilan shaxmat o‘ynar
uyqu bosgan oqshomgi nur.

G‘AR

Olib ketdim soy bo‘yiga,
ishonibman hali qiz deb,
ko‘pni ko‘rgan juvon ekan.

Sant-Yagoning xushbo‘y tuni,
tarang qilib, iygan choqda
birdan o‘chdi bor fonuslar,
yondi minglab chirildoqlar.
O‘tib so‘nggi muyulishdan
qo‘yniga qo‘l soldim asta,
yashnar qaynoq emchaklari
nastaringul kabi kaftda.
Ohorlangan kalta lozim
shir-shiridan yurak o‘ynar,
xuddi o‘nta pichoqchadan
yirtiladi shoyi ko‘ylak.
Qora tortgan og‘ochzorlar
avjlari ham tunga singar,
soydan nari, yiroqlarda
osmon hurar minglab itday.

Maymunjonlar o‘rab olgan
qamish qalin o‘sgan gumda
tushmish fitna sochlari ham
qolip kabi namchil qumga.
Siltab yechdim bo‘yinbog‘im,
chit ko‘ylagin yechdi suluv.
To‘pponchali kamarni — men,
to‘rt belbandin yechvorar u.
Yaltir-yultir kofur badan —
nard gulidan foram, nafis —
shandir shabiy oynaklarda
suzgan oyning nuri kabi.
To‘rga tushgan baliqlarday
tipirchilar oppoq sonlar,
goh olovday gurlab yonib,
goho muzdek bo‘lib qotar.

Go‘zal tunda sahar yoqqa
olib kochdi meni qaysar —
uzangi ham jilovi yo‘q —
sadaf kabi oppoq baytal.
Yovuz ishqdan telba bo‘lib,
aytgan shirin so‘zlari sir.
O‘sha tungi ishlardan so‘ng
sal odobli bo‘lsam arzir.
O‘pich va qum to‘la jismi,
qolganini bo‘lmas aytsam.
Qo‘pib ketgan shamol bilan
qilichvozlik qildi safsan.

O‘zimni so‘ng lahzagacha
jo‘mard lo‘li kabi tutdim.
Sovg‘a qildim ayrilar chog‘
zarrin gulli katta quti.
Uchratmadim kaytib sira —
kezib boshqa go‘shalarni,
go‘zal tunda soy bo‘yida
qizman degan o‘sha g‘arni.

QORA G‘AM HAQIDA ROMANS

G‘ira-shira tog‘dan pastga
Soledad kiz tushar chog‘da
tongni izlab hadeb kora
erni cho‘qir xo‘rozlar ham.
Misday sariq tanidan ot,
tuman, zulmat bo‘yi kelar.
Sarxush sandon ko‘kraklari
butun cho‘lga kuylab kelar.
Bemahalda, hoy, Soledad,
kimni izlab yuribsan, ayt?
Kerak bo‘lsa, izlayman-da,
senga nima, ne ishing bor?
Balki izlab yurgandirman
o‘tgan shodlik, o‘zimni zor.
Ay, Soledad, sho‘rishim, ay!
Agar qaysar bo‘lsa baytal,
tashlar o‘zin shum dengizga,
chiqmagay hech undan qayta.
Esga solma dengizni, qo‘y,
qora g‘am ham zotan go‘zal
bargaklari dahshat so‘ngan
zaytunzordan pastda o‘sar.
Ay, Soledad, sho‘rishim, ay!
Seni ezgan qanday g‘amdir,
yoshing — trunj suvi, og‘zing
qanotdan achchiq ta’mdir.
Qanday buyuk g‘amdir! Uyda
telbaday bosh urdim sadga,
ikki o‘rim soch sudraldi
tashdan ichga, ichdan tashga.
Qanday g‘amdir! Ado bo‘ldim,
juldur kiygan liboslarim.
Nafis ko‘ylak, lozim qayda!
Qizg‘aldoqday tar sonlarim!
Xo‘jag‘atning suvin ichib,
shabnamlarda cho‘mil faqat
ham notavon yuragingni
o‘z holiga qo‘y, Soledad!
Pastda kuylab oqar daryo,
chayqaladi osmon, bog‘lar.
Gullar esa oshqovoqrang —
yangi nurdan kiyar tojlar.
Ay, lo‘lining qora g‘ami!
Mangu uzlat, noklar g‘ami!
Yashiringan sirli soylar,
miltiragan tonglar g‘ami!

SAN-MIKOIL
(G‘arnota)

Qavat-qavat panjaralar,
tog‘lar, tog‘lar, yana tog‘lar,
oq xachirlar, ko‘lkalari
yonbag‘irdan o‘rlab borar.

Cheksiz tunlar zulumoti
ko‘zlarini o‘rab, qiynar.
Sokin havo qa’rlarida
g‘ijirlab sho‘r tonglar sinar.

Osmon oqyol xachirlardan
yumar tinib ketgan ko‘zin,
lahza sayin muzlayotgan
ko‘lkalarga tilar to‘zim.
Hech kim qo‘lin urmasin deb,
soylar kiydi muzdan ko‘ylak.
Tog‘lar, tog‘lar, tog‘lardagi
yovvoyi ham ochiq suvlar.

San-Mikoil baland minor
tokchasida qomati shan,
poyin bayroq va chiroqlar
chambaragi o‘rab olgan.

Bir malakki, o‘rgatilgan,
soat tungi zangin cholur,
qahrin yechib, andalibning
bolu parin kiyib olur.
Tag‘in tuyub olis kentu
gullar bo‘yin nafasida,
kuylar uch ming shom o‘smiri,
kuylar oyna qafasida.

Dengiz esa oyli manzar
qo‘shiqlarin aytar foram,
oydin sohil bo‘ylab sirli
shivirlaydi qamishzorlar.
Mana, Madrid qizlari ham
tam-tam yurib borar, shabiy
tuman aro dumbalari
sayyoralar kabi kabir.
Kelar o‘ktam yigitchalar,
g‘amgin yuzli ayollar ham,
kuyib qo‘msar o‘tgan kungi
bulbullarni xayollarda.
Va oqshomgi ibodatda
zaxil yuzli, qari, so‘qir,
manilalik ozg‘in rohib
bandalarga va’zin o‘qir.

San-Mikoil minoraning
tokchasida olar orom,
porloq ipak yupqasida
tungi osmon suvrati bor.

San-Mikoil bir qiroldir
toq raqamlar, samovotga,
faryodlaru nigohlarning
arabiy bir nazokati.

SAN-RAFOIL
(Qurdoba)

I

Dilijonlar tezlab borar
qip-yalang‘och rumiy andom
qatlarini mavjlar yuvgan
qamish o‘sgan sohil tomon.
Gvadalnahr ochur bag‘rin,
o‘yma bargu billur toshlar,
kirchil bulut ko‘lkasiga
yondosh cho‘kar dilijonlar.
G‘ildiraklar izlarin tun
yashirgan choq qayta-qayta
foniy dunyo g‘am-g‘ussasin
to‘qib kuylar bolakaylar.
Qurdobani qo‘rqitmas hech
oqshom bilan kelar g‘aflat,
shom qo‘rqinchli qasrlarni
qursa hamki qavat-qavat,
tamal toshin berkitolmas –
anvor sochur toza marmar.
Za’far toqi teppasida
kulrang osmon toklariga
tikib chiqar sabuk shamol
nafis, mitti yaproqlarni.
Ko‘prikda o‘n zarbi bilan
bahr bergan chog‘da xabar.
vayron sadlar aro nasha
olib o‘tar savdogarlar.

II

Suvda tikib qo‘yar ikki
Qurdobani yolg‘iz baliq,
qamishzorning Qurdobasi
bilan sangan Qurdobani.
Oriq, zaxil bolakaylar —
Tovit, Merlin toliblari
liboslarin otar haryon
suv bo‘yida holsizlanib.
Ular qitmir savol berib,
ya’ni, gullar rangi bilan
oy rangida farq bormi deb,
baliqni xo‘p mazax qilar,
Biroq baliq zarlab suvni,
marmarlarga ko‘lka tashlab,
qachonlardir sarandiblik
narcha libos kiygan malak
qavat-qavat to‘lqinlardan
beshik, suron topgan yerda
bolalarga bir ustunday
turmoqlikka imkon berar,

Suvning yolg‘iz baliqchasi.
Qurdobalar go‘zal, lobar.
Bir Qurdoba mavjlar uzra,
niliy ko‘kda bir Qurdoba.


SAN-JABROIL
(Sevilla)

I

Oydin qamish kabi go‘zal,
elkadoru qizbel, shabiy
tosh olmaday yuzi ravshan,
shahlo ko‘zi, hazin labi,
asablari torday tarang,
ko‘chalarda tanho daydir.
Amirkoniy chuvaklardan
sinar miyno gulday havo,
ko‘kning foniy motaminda
qarsillatib yurar ravon.
Tursa dengiz qirg‘og‘ida,
o‘sal bo‘lur o‘ktam xurmo,
mahobatli qirollar ham,
hatto yo‘lchi yulduz Zuhro.
Agar boshin qo‘ymoq bo‘lsa,
yashma toshday siynaga ul,
bir vohani izlab qolar
egilib tiz cho‘kkani tun.
Tunlar malak Jabroilni
gitaralar olqab qolar,
u kaptarlar hamrohidir,
nafrati bor majnuntolga.
San-Jabroil, go‘dak ona
qursog‘ida yig‘lar kezda
senga libos olib kelgan
lo‘lilarni qo‘ygin eslab.

II

Anunsason de los Reyes
kamar, janda kiyib yurgan,
qopqalarni ochar peshvoz
tashqaridan kelgan nurga.
Yaqin kelar jilmayib oq
gunafshalar tutgan noyib,
boshin egar Hiraldaning
jigarbandi San-Jabroil.
Zarrin kamzul gullarida
chirildoqlar sayraganday.
Sitoralar burji birdan
chuchmo‘maga aylanganday.
San-Jabroil, uchta sevinch
ko‘kragimni parron buzdi.
Yuzlarimga suman gulday
tarovatin sochdi nuring.
Tangri shohid, Anunsason,
qoramag‘iz, ajoyib oy.
Nasib qilgay suluv o‘g‘il —
sabodan ham xushbichimroq.
San-Jabroil, aylanayin!
Jabroiljon, ko‘zim nuri!
Senga loyiq joy topilmas,
kursi to‘qiy chinniguldan.
Tangri shohid, Anunsason,
janda kiygan bir sitora.
Bo‘lgay o‘g‘ling ko‘kragida
bitta xoch ham uchta yara.
San-Jabroil, aylanayin!
Jabroiljon, hushim og‘di!
Halitdanoq iliq sutdan
chap emchagim yomon og‘rir.
Tangri shohid, Anunsason,
sulolaga ona o‘zing,
lo‘lilarning yo‘llarini
tunda oydin qilur ko‘zing.

Go‘dak kuylar qursog‘ida,
Asunsason hushsiz turar.
Titray boshlar chaqaloqning
og‘zida uch bodom g‘o‘ra.

Yuksalar ko‘k zinasidan
San-Jabroil malaklarday.
Dastorgullar kabi yong‘ay
yulduzlar ham falaklarda.

SEVILLA YO‘LIDA ANTONITO EL KAMBORONING HIBS QILINIShI

Antonito Torres Erredya,
Kamboroning jo‘mard o‘g‘li,
chiviq o‘ynab Sevillag‘a
korridani ko‘rmoq bo‘lib
borar, yashil oydan hatto
qoramag‘iz, xushruy, daroz.
Jingalaksoch halqalari
manglayida yarqirar soz.
Yarim yo‘lda tasma qilib
trunj kesar, tag‘in uzib
kesar, otar, tillo kabi
sarg‘arguncha suvning yuzi.
Yarim yo‘lda panoh bermas
unga kalin, buta-shoxlar,
jandarmning to‘rt soqchisi
qo‘llarini qayrib bog‘lar.

Kiftlarida shomni sudrab,
ufqqa asta qaytadi kun
torreroday po‘shin yoyib,
qora tortar bahrul ochun.
Zaytunlar jad nafasini
sabot bilan kutar hamon.
Ruh tog‘lardan yetib kelar
yo‘rg‘a otni mingan shamol,
Antonito Torres Erredya,
Kamboroiing jo‘mard o‘g‘li,
besh uchburchak qurshovida
zunnor kabi bog‘liq qo‘li.

Antonito, nahot, bu sen!
Otang o‘g‘li bo‘lsang zora,
ochar eding tig‘ing bilan
beshta qonli favvorani.
Sen Kamboro o‘g‘li emas,
or-nomusin yo‘qotgan kas.
Bir payt tog‘da lo‘lilarga
hatto ajal qolardi tang!
Eh, o‘tibdi o‘shal mardlar,
ul tig‘larni bosibdi zang!

Ochilar bot turma-hujra
shomgi soat to‘qqiz payti.
Beshta soqchi sharbat ichib,
tun qa’riga ketar qaytib.
Yopilar bot turma-hujra
soat to‘qqiz bo‘lgan hamon.
Yarqirardi qora baytal
sag‘ri kabi tungi osmon.


ANTONITO EL KAMBORO O‘LIMI

Gvadalnahr qirg‘og‘ida
yangrar o‘lim dodi bexos.
Ko‘hna dodlar aro uchar
chinnigulday yoniq ovoz.
Qobon kabi yov poylarin
jon-jahdi-la tishlar qumda.
Ko‘piklangan delfin misol
gir aylanar so‘ng hujumda.
Yov qoniga ol yoshligin
chilab olar jon halpida.
biroq holsiz yiqilar u
to‘rtta o‘tkir tig‘ zarbidan.
Sitoralar tungi suvga
sanchgan mahal nayzalarin,
buzoqlarning tushlariga
kirgan mahal gul, maysalar.
Gvadalnahr qirg‘og‘ida
yangrar o‘lim dodi nogoh.

Antonito Torres Erredya,
Kamboroning mard erkasi,
yashil oydan ham qoracha,
chinnigulning yoniq sasi.
Gvadalnahr qirg‘og‘ida
joningga kim qasd ayladi.
Og‘a-ini Erredyalar,
benamexlik to‘rtta xeshim
qasd ayladi ko‘rolmasdan,
payt poyladi erta-kechin,
chunki dolchin chuvak kiydim,
uzuk taqdim barmog‘imga,
jismim suman va zaytundan
qorgan edi xudoyim ham.
Ay, Antonito Kamboro, ay,
loyiqmiding malikaga!
Sig‘in Bibi Maryamga tez,
joning qoldi tahlikada.
Ay, Fedriko Garsia, ay,
soqchilarga qilgin ayon.
Uzolmasman yerdan boshim
uzilgan bir boshoqsimon.

Uchta zarba, uchta qizil
jarohatli ro‘yi so‘lmas.
Tirik nishon, bunaqasin
endi sira qo‘yib bo‘lmas.
Bir farishta g‘amgin kelib
bolish qo‘yib ketar shu choq.
Holsiz boshqa bir farishta
yoqib qo‘yar qorachiroq.
Benamexga qaytgan mahal
to‘rtta qotil, og‘a-ini,
Gvadalnahr qirg‘og‘ida
o‘lim sasi butkul tindi.

IShQDAN O‘LGAN O‘SMIR

Ena, aytgil, anov baland
yo‘laklarda qanday yolqin?
Qopqalarni yopgin, bolam,
soat o‘n bir bo‘ldi, yotgin.
Ena, ko‘zim, ishqsiz ko‘zim
kuydirar xo‘p to‘rtta shu’la.
Bolam, balki balandlikda
xotinlar mis lagan yuvar.

Oy — sarimsoq bo‘lagiday –
bo‘zarib marg qiynog‘idan,
tashlar sariq jomminorga
sarg‘ish sochlar qo‘ng‘irog‘in.
Tun bo‘ylaydi manzarlarni,
oynalarni chertib turar,
tun sharpasin tanib qolgan
minglab itlar birdan hurar,
qop-qorong‘i manzarlardan
may sarg‘imtir bo‘y ufurar.

Shamolning ho‘l qamishlari,
yana qari dodlar, saslar
buzilgan tun osmonining
toqlariga tegib qaytar.
Uxlar ho‘kiz, gullar, faqat
to‘rtta shu’la g‘azablangan
Georgiyning qahriday shan
porlar baland manzarlarda.
Xotinlar ham yig‘lab tushar,
muzlab borar qurbon qoni,
uzilgan bir gulday so‘lg‘in,
qattiq go‘yo o‘smir soni.
Faryod qilar oqsoch soylar
qarab tuman to‘ngan toqqa,
sannab aytar erlar ismin
g‘ovlarga duch kelgan choqda
Tun ko‘rinmish katak-katak
oq devorlar, manzarlardan.
Tor ko‘chalar garmon misol —
o‘ynar lo‘li, malaklar ham.
Ena, jonim chiqqan mahal
sinerlarga qilgin ayon.
Shimolga ham, janubga ham
jo‘natvorgin ko‘k dilgirom.
Etti fared, yettita qon,
etti safsar yovon ko‘knor
dolonlarda oy nurlarin
qoraytirib, ayladi xor.
Kesilgan ming qullar bilan
gultojlarday toshib tengsiz,
dahshat solib gumburladi
qasam ichib qo‘ygan dengiz.
Qopqalarni buzmish osmon
mudhish o‘rmon shov-shuvi-la,
tunda baland manzarlardan
chorlab turar to‘rtta shu’la.

O‘LIMGA MAHKUM ETILGAN HAQIDA ROMANS

E voh, cheksiz yolg‘izligim!
Mening kichik ko‘zlarim ham,
otning katta ko‘zlari ham
tunlar orom bilmay bir dam
xobning o‘n uch qayiqchasi
suzgan jimlik kishvaridan
o‘zga yoqqa hech qayrilmas.
Qiyomatimning pokiza ham
qahri qattiq qarollari
men-la xomush turar qarab
zirva, ma’dan shamoliga,
unda daryo uzra ruhim,
jonsiz qo‘lda muz qartalar
dastasini chiylaydi jim.

Soyning og‘ir novvoslari
oyning mavjli mugizlari
uzra quvnab cho‘milyotgan
bolalarni turtib suzar.
Bosqonchalar sandonlarda
tushdagiday yangrar horg‘in,
kelar, deydi, bedor otda
ko‘z yummagan bir suvori.

Yigirma beshinchi iyunda
Amargoga keldi maktub:
hovlingdagi o‘sib ketgan
tolgullarni qo‘porsang, oz,
darvozangga zunnor chizib,
tagiga o‘z ismingni yoz.
Biqiningdan o‘sib chiqur
gazanda o‘t ham tikanak,
chuvaklaring kemiray deb,
ignalarin sanchar ohak.
Bu ro‘y berur qaro tunda —
ohanrabo to‘lgan tog‘da
qamishzorning tushlarin suv
novvoslari ichgan joyda.
Qo‘llaringni zunnor qilib,
sham, moychiroq jamlab turgin,
dafina ham ma’danlardan
sovuq suvdan ichib yurgin.
Senga ikki oylik muddat,
shaylanib tur o‘shal kunga.

Yaltiragan oq shamshirin
Sant-Yago ham qindan oldi.
Og‘ir jimlik ezgan osmon
bir lahzada pastlab qoldi.

Yigirma beshinchi iyunda
so‘ng bor ko‘kka boqdi Amar,
yigirmanchi avgust kuni
ko‘zlarini yumar abad.
Odamlarga to‘ldi ko‘cha,
devor tagi, tosh maydonda
yolg‘izlikning cheksiz yukin
kiftlaridan otgan onda.
Mana, Rummon raqamlari
kabi aniq, tag‘in to‘g‘ri
oppoq choyshab chekkalarin
tenglashtirib qo‘ydi o‘lim.

ISPAN JANDARMLARI HAQIDA ROMANS

Qora guldur kabi otlar.
Taqalari ham qoradir.
Yiltillaydi po‘shlarida
bo‘yoqlaru sham dog‘lari.
Ko‘zlarida yosh qolmagan,
qo‘rg‘oshindan kallalari.
Lok sirilgan jonlariyam
o‘ralgandir tasmalarda.
Kamonshakl, shabiy sharpa.
yovuz saflar o‘tar xunuk —
qolur mumday sukunat va
vahimaning cheksiz qumi.
O‘tar, tasir-tusir o‘tar
tilka-tilka tun qa’ridan,
g‘ira-shira burjlar yonar
to‘pponchalar sumbatidan.

O, lo‘lilar shahristoni!
Yasangansan bayroqlar-la.
Olcha suvli shisha xumlar,
oy nurlari qovoqlarda.
O, lo‘lilar shahristoni!
Ko‘rib seni, unutar kim?
O‘ktam dolchin minoralar,
anbaru g‘am-g‘ussa shahri.

Nuqra tun, oq-oydin tun
tushar chogi osmonlardan,
lo‘lilar kun, novak yasar
langillagan sandonlarda.
Boshin urib har qopqaga
kishnab turar yarador ot.
Xeres de la Fronterada
qichqirvorar chinni xo‘roz.
Yalang‘och bod gir aylanar
bir chekkada shodu maftun:
nuqra kabi oppoq-oydin,
chiroyli tun, ajoyib tun.
Yusuf bilan Bibi Maryam
izlab qayroq toshlarini,
surishtirib kelar nogoh
lo‘lilarning oshyoniga.
Maryam ko‘rkam ko‘ylagida
oyimqizday suzar larzon.
bodommag‘iz, zarqog‘ozdan
bo‘ynidagi qat-qat marjon.
Bir kiftida zarrin po‘shi,
Yusuf to‘xtar to‘kib viqor,
sal naridan Pedro Domek,
ham uch eron sultoni bor.
Cho‘chib ketar laylak kabi
tomda xayol surgan qamar.
Bosar baland ayvonlarni
fonuslar va bayroqchalar.
Ko‘zgularning qa’rlarida
dodlar poysiz raqqosalar.
Xeres de la Fronterada
soya va suv, suv va soya.

O, lo‘lilar shahristoni!
Yasangansan bayroqlar-la.
So‘ndir yashil darchalarni,
keldi yovuz ayg‘oqchilar.
o, lo‘lilar shahristoni!
Ko‘rib seni unutar kim?
Dengizlardan olis yerda
soching yozib yotasan jim.

Kirib kelar guras-guras,
shahar bayram qiladi shod.
Ermangulning qari tovshi
o‘qdonlarda qo‘zg‘alar bot.
Kirib kelar guras-guras,
po‘shlari-da qora, qo‘shqat,
ular uchun hatto burjlar
qabollarday porlar faqat.

Xavf-xatarga ochiq shahar
chiylar ekan betin qopqa,
birdaniga qirqta qattol
kirib kelar ulkan qopga.
To‘xtab qolar soatlar-da,
nogah to‘nar shisha xumlar,
sinchiklagan yov ko‘zlardan
suvlar muzga do‘nar zumda.
Sirtmog‘idan parpiraklar
erga qular cho‘ziq doddan.
Qilichlardan qiymalangan
bodni toptab o‘tar otlar.
Izg‘ib lo‘li kampirlar-da,
obketar ot, jandalarin,
sochlarini shamol titgan,
jiringlar mis tangalari.
Yopinchlar tor ko‘palarni
to‘sar tig‘iz tiqin misol,
qora bo‘ron qaychilarin
ortlaridan yopar behol.

Baytullahm qopqasini
ko‘zlab borar avom lo‘li,
Yusuf po‘shin o‘lgan qizga
kafan misol yopib qo‘ydi.
Tuni bilan o‘q tovshidan
taranglashib turdi havo.
Maryam burjlar so‘lagi-la
go‘daklarga berar davo.
Jandarmlar izg‘iydi och
tunga tag‘in ekib olov,
gulxan ichra yonar o‘smir
va yalang‘och go‘zal xayol.
So‘yib Roza Kamboroning
mammalarin jandarmlar,
qo‘yib ketar darvozasin
tokchasiga laganlarda.
Boshqa qizlar esa qochar,
jonholatda qochar voylab —
portlab qora atirgullar
yashnayotgan mudhish joydan.
Shudgorlarning qatlamiday
cho‘kkan chog‘i sopol tomlar,
toshday sovuq chehrasini
egilgancha to‘sar tongda.

O, lo‘lilar shahristoni!
Jandarmlar ketar sang‘ib
sukunatning shum g‘oridan,
qamrab oldi seni yong‘in.

O, lo‘lilar shahristoni!
Ko‘rib seni, unutar kim?
Yuzlarimdan izlasinlar
oy ham sahro jilvasini.

– UCh TARIXII ROMANS –

AVLIYo OLIYa AZOBI

I
Merida manzarasi

Tor ko‘chadan to‘lg‘angancha
kochar uzun dumli ol ot,
esnab oshiq otar rimlik
besh-oltita qari sallot.
Minervatog‘ snndirarkan
quruq daraxt shoxlarini,
bir qirradan otilar suv,
o‘lik qushday jarlik sari.
Yirtiq burjlar to‘zonlari
tun qa’rlarin qilib ochun,
suv aralash tong yorig‘in
kutar birdan yog‘ish uchun.
Goho bosib qizil to‘lqin
kabi suron, tag‘in tinar.
Avliyo qiz nolalari
billur kadah kabi sinar.
G‘arillaydi charx toshlari.
changaklarni bukib og‘ir
ingrar sandon buqalari.
Meridaga kiydirar tong
maymunjonning novdalari
ila xushbo‘y gullardan toj,

II
Qatl

Yalang og‘och shoxlari suv
zinasidan shitob sakrar.
Konsul so‘rar Oliyaning
ko‘ksi uchun ikki barkash
Xirqiroqdan so‘ng bo‘ynida
bo‘rtib ketar yashil shoxlar.
Qushqo‘nmasda qolgan qushday
chayqaladi jismi dorda.
Va kesilgan barmoqlari
o‘ynar boshlar toshtaxtada —
sajda qilish uchun qo‘lga
birikmoqchi bo‘lar qayta.
Kesvolingan ikki ko‘krak
taglaridan ikki xunuk
kichik osmon ko‘rinar ham
tomchilar kon aralash sut.
Jismidagi minglab qonli
shoxchalar ham jon talashib,
vahshiy gulxan nashtaridan
asrab turar ho‘l tanasin.
Qurollarin jaranglatib,
qator-qator, dabdaba-la
utar qurbon qarshisidan
so‘nik yuzli sariq saflar.
Shunda uzun sochli konsul
metin saflar ko‘rigidan
olib o‘tar mis barkashda
hovur chiqqan ko‘kraklarni.

III
Jahannam va hamdu sano

To‘lqinlanib cho‘kadi qor.
Chayqaladir jasad hamon.
Ko‘mir kabi yuzin silab
qora bo‘lar sovuq shamol.
Taranglasha tovlanar tun,
daraxtda u chayqalar, oh.
Tag‘in shahar dovotlari
erga tinsiz to‘kar siyoh.
Qorli duzni bosib ketar
sukunatga qo‘shiq aytgan
to‘da-to‘da mayib-majruh —
mitti-mitti qora haykal.
Siyraklashib yetar qor-da.
Jasad turar oqargancha.
Yarqiroq muz lashkarlari
vujudiga nayza sanchar.
Kuygan falak ravog‘ida
bulbul to‘la bog‘lar uzra,
g‘udurlagan soylar aro
Graal jomin nuri suzar.
Sachraydi rang siniqlari:
Oliya oq, oqlikda oq.
Malaklar ham avliyo deb,
tepasida uchar uzoq.

DON PEDRO VA UNING OTI HAQIDA UYDIRMA

Yolg‘izoyoq so‘qmoqdan
tushayotir Don Podro.
Ay, munchayam kuyinib
yig‘lar bu kabalero.
Egarsiz ham jilovsiz.
Gijinglagan bir otda
non bilan bir o‘pichni
izlab yurar dunyodan.
Derazalar shamolga
shoshilib savol berar:
nechun buncha kuyinib,
yig‘lar bu kabalero.

Suv tagida ohista
so‘zlar suzar lo‘millab.
Suv ustida to‘linoy
o‘ynab-o‘ynab
cho‘milar.
Boshqasi havas qilar,
muncha yuksak!
Sohilda
«Tovoqlarni juftli tun»,
deb bir bola yolborar.

Osmonlarga tutashgan
bolutzor o‘rmon aro
uxlayotgan zarkentga
kelib qolar Don Pedro.
Baytullahmmi ? Hulvo
rumoran bo‘y ufurar.
Qizg‘ish sopol tomlarda
yarqiraydi bulutlar.
Don Pedro ham yirtilgan
toqlar tagidan o‘tar.
Ikki ayol va bir chol
chiqar yoqib shamlarin.
«Yo‘q-ey», deydi sapidor.
«Ko‘ramiz», der andalib.

Suv tagida ohista
so‘zlar suzar sochila,
qushlar va alangalar
aylanar suv sochida.
Qanday xato bo‘lganin
faqat bilar qamishzor,
og‘ochtan gitaraning
tushi bodsiz, bnozor.

Ravon yo‘ldan ohista
cholu ikki joriya
qo‘llarida sham tutib,
qabristonga borishar.
Bechora Don Pedroning
uxlab yotgan oti ham
sezib o‘lim sharpasin,
zumdayoq hushyor tortar.
O‘qday uchar osmonda
shomning botin ovozi,
shoxin urmish oynaga
yo‘qlikning yakkashoxi.
Olisda katta shahar
qolar olov bag‘rida,
faryod qilib odam ham
ketar zamin qa’riga.
Shimolda bitta yulduz,
bir dengizchi janubda.

Suv tagida
yotar so‘zlar.
Saslar balchiqqa cho‘kkan.
Qunishgan gullar aro
ay, yotar ermak bo‘lib
baqalarga Don Pedro.

FAMAR VA AMNON

Oy qaqragan yerga boqib,
falaklarda kezar ekan,
yoz palanglar, alanglar
nafaslarin tinmay ekar.
Tomda kuyib ketgan havo,
asablar-da tarang torday.
Shamol yungli marashlardan
jingalasoch bo‘lib borar.
Yuksalarkan ko‘rsatib yer
yara bosgan tirtiqlarin,
qizdirilgan ignalarday
oq nurlardan zir titraydi.

Kirar Famar tushlariga:
tomog‘ida qushlar sayrar,
to‘nib qolgan chirmandalar
bilan oydin gitaralar.
Peshayvonda turar yalang —
xurmo kabi xushbichim bod,
nolib qaynoq kiftlariga
so‘raydi do‘l, so‘raydi qor.
Famar hazin kuylar ekan
peshayvonda turib luchchak,
tevarakdan qulab tushar
poyiga to‘rt qor musicha.

Amnon ravshan ko‘rinadi –
minoradan turar qarab,
titrar qora soqoli ham
bellarida ko‘pik qaynar.
Yalang holda panjaradan
qarab turar ekan nogoh
qulayotgan o‘q tovshiday
qiz og‘zidan chiqadi oh.
Amnon hamon yeb qo‘yguday
oyga qarar, tushar pastga,
qayga boqsa, ko‘raverar
hamshirasin mammalarin.

Yarim tunda qular Amnon,
qular holsiz o‘z joyiga.
Tirnar bo‘m-bo‘sh xobxonani
qanot to‘la ko‘zlarida.
Ko‘mib qo‘yar kentni zumda
kulrang qumga og‘ir sahar,
goh ochadi varta ro‘yin,
yashnar goho guli nastar.
Ko‘zalarga xomush quduq
tomiridan jimlik to‘lar.
Egri-bugri, mog‘or bosgan
ildizlarni ilon o‘rar.
Amnon ingrar to‘shagida,
goho tishtir, goho tag‘in
chirmar bezgak pechakguli
bosiriqdan kuygan tanin.
Famar kirar xobxonaning
jimligiga sharpaday jim,
shohtomirday issiq tani,
olis tuman pardasiday.
Famar, sobit saharing-la
ko‘zlarimni butkul yondir.
Rishtalarin oq baringga
qo‘shib to‘qib qo‘ydi qonim.
Qo‘ygil, azob berma, aka.
Kiftlarimni o‘pma, bo‘ldi.
Jismu jonim chaqar xuddi
g‘uj-g‘uj ari bilan mo‘ldir.
Barmoqlaring uchi, Famar,
gulgunchaday tarang hali.
Ko‘rkam siynang to‘lqinida
o‘ynab turar ikki baliq.

Shohning yuzta oti sapchir,
suron yerni bir tebratar.
Surx novdani oftob seli
egib tashlar tuproq qadar.
Tutamlaydi sochlarni qo‘l,
yirtilganday shoyi libos.
Egri-bugri chiziqlarday
marjon oqar sariq toshda.

O‘h, yovvoyi doddan qanday
eru osmon ketdi titrab.
Shildiragan kalta ko‘ylak
uzra chaqnar sovuq tig‘lar.
Xomush qutlar zinalardan
chiqib tushar jonholatda.
To‘ngan osmon taglarida
yarqiraydi misday sonlar.
Famarning chor atrofidan
faryod qilib lo‘li qizlar
ezilgan gul tomchilarin
terib yurar bitta-bitta.
Xobxonalar choyshablarin
kun qizilga belar ekan,
tong alishar so‘lishlarin
nuqra baliq mevalarga.

Amnon shohning jazosidan
qochgan mahal toti otda,
minorlarning shinagidan
zanji qullar novak otar.
To‘rt sadoni to‘rtta tuyoq
guldiratgan mahal dashtda,
Dovud qaychi bilan chiltor
rishtalarin kesib tashlar.

Shavkat Rahmon tarjimalari

GITOR

O‘rlay boshlar
gitor nolasi,
chil-chil sinar
tong piyolasi.
O‘rlay boshlar
gitor nolasi.
Endi uni ovutib bo‘lmas,
behudadir, sovutib bo‘lmas!
Uvvos solib bo‘zlaydi gitor,
go‘yo o‘zan aro chopgan suv,
go‘yo bo‘ron — izillagan uv,
endi uni ovutib bo‘lmas!
Ufq bo‘zlar tongni sog‘inib,
xuddi shunday bo‘zlar daydi yoy.
Shunday bo‘zlar chatnab yotgan qum,
salqin to‘shli giyohga yetmay.
Chirqirashar so‘nggi bor shunday,
qushlar, tortsa yuhoning komi.
O, qismati sho‘r bo‘lgan gitor,
“Besh beshafqat tig‘lar qurboni!”

VASIYaT

O‘lsam,
ko‘ming gitorim bilan
sharqiragan soyning qumiga.
Oranjzorlar
so‘nggi maskanim bo‘lsin
rango-rang bilan.

Agar o‘lsam.
Agar o‘lsam,
bo‘g‘otlarda pirpirak bo‘lib,
shamollarga turaman qarshi.
Jim…
Agar o‘lsam!

SOLEA

Qora harir libos egnida,
Olam unga ko‘rinadi tor,
Etib bo‘lmas ko‘nglin tubiga.

Qora harir libos egnida.

O‘rtaguvchi ohu nolasin,
Ehtirosli nafasin hatto
Yutar go‘yo g‘ayur shamollar.

Qora harir libos egnida.

Ochiq qolgan boloxonaning
eshigidan mo‘ralar beor —
ehtiros-la quyulgan yog‘du.

Hay, hay, hay, h-a-y…
Qora harir libos egnida!

SOQOV BOLA

Shahzoda chigirtka yashirib ketgan,
ovozini istaydi bola.
Gulbarglarga ingan shudringdan,
ovozini izlaydi bola.
— Topib olsam, ovozimni gar,
Bir g‘aroyib zanjir yasardim.
Sukutlarni zanjirlab so‘ngra,
Bir umrga bog‘lab tashlardim.
Shudringlarga umid bilan u
hamon hayron boqib turadi.
Chigirtkalar esa yiroqlab,
tutqich bermay uchib yuradi.

TONG

Qurdobaning qo‘ng‘iroqlari,
Tong chog‘ida jaranglaydi soz.
Granada, qo‘ng‘irog‘ing chal,
Sadolansin ohanglarga mos.
Ko‘ksi to‘la mung, motomsaro,
Andaluzning qizaloqlari,
Qiyo boqar tumanlar aro
Esgan sasga bo‘lib jo‘rovoz.
Darichadan boqadi shodon,
Misli balqqan tong yulduzlari.
Yo‘laklarni aylar charog‘on.
Chillakoyoq ispan qizlari.
Ey, Qurdoba qo‘ng‘iroqlarin,
Tong chog‘ida jaranglashi soz.
Granada, qo‘ng‘irog‘ing chal,
Sadolansin ohanglarga mos.

Ruschadan O‘ktam Mirzayor tarjimalari

“TAMARIT DEVONI”DAN

KUTILMAGAN SEVGI G‘AZALI

Tushunmaydi hech kim zulmatda —
qorning hidi naqadar mushkin.
Hech kim bilmas — tishlaring aro
qiynasang ham sen sevgi qushin.

Uxlar mingta forsiy chavandoz
oy nuringda yo‘qotib hushin,
toki, qorlar raqibi — beling
o‘rtar, to‘rt shom yodimga tushib.

Ganchu yasmin aro nigohing
rangsiz giyoh kabi uvishib,
ko‘ksimga-mi qadaldi nogoh,
go‘yo istab «abad» tovushin,

«abad», «abad»: g‘aflat bo‘stoni,
abad jisming — o‘tkinchi tushim,
lablarimda tomiring qoni,
sening labing — o‘lim og‘ushi…

DAHShATLI BORLIQ G‘AZALI

Istardimki, oqar suvlar qirg‘oqlarni yo‘qotsa,
istardimki, erkin shamol vodiylarisiz qolsa.

Istardimki, so‘qir bo‘lib, qorong‘ida qolsa tun,
qalbim esa oltin gulsiz qolaverishin butun.

Shona-shona barglar bilan Buqalar shivirlashsa,
ko‘lankalar dahshatidan badanlar jimirlashsa.

Yaraqlasa yap-yalang‘och bosh suyakning tishlari,
g‘arq etsa yerni shoxiga barglarning sarg‘ishlari;

Kun bilan bo‘lgan kurashda kelganida ham ustun,
ko‘ra bildim, jarohatdan ko‘ra g‘amliroq bu tun.

Qani endi kun botishlar yutsa yashil zahrini,
siniq kamon yo‘kotganda yarador vaqt qahrini.

Lekin, lekin ko‘rsatmagil yalang‘ochliging zinhor,
chunki qora qamish aro sen gul kabi beg‘ubor.

Tashla meni sayyoralar timqora qayg‘usiga,
lekin meni aylantirma ok beling mahbusiga.

UMIDSIZ SEVGI G‘AZALI

Tunning kelgisi kelmas,
chunki, sen ham kelmading,
men ham koldim bo‘lib mast.

Borajakman men ammo,
hatto chayon quyoshi chaqsa meni doimo.
Ammo sen ham kelasan,
tuz yomg‘irga tilingni to‘lib-to‘lib tutasan.

Kun ham kelgisi kelmas,
chunki, sen ham kelmading,
men ham koldim bo‘lib mast.

Borajakman men ammo,
baka, o‘lik chinnigul kabi, kutsa beimo.

Ammo sen ham kelasan,
zulmatning loyqa tubi, hayot qorong‘isidan.

Na tun, na kun kelgisi kelmas,
chunki, ular o‘lgan sen uchun,
sen-da o‘lding men uchun abas.

MO‘’JIZAVIY SEVGI G‘AZALI

Sevgining qamishi, ho‘l yasmin,
sen uchun ganch kabi tuzgami to‘la
bu sho‘rlik dala?

Shamol yo chaqiriq g‘ussasin
sengami shivirlar qorsimon
bu sho‘rlik osmon?

Osmonu dala
ketdimi, zanjirin kaftimga kadab?

Dalayu osmon
ko‘ksimning yarasin shildimi shu on?

QOChISh G‘AZALI

Necha bor men dengizlarda yo‘qoldim,
quloqlarim kesilgan gulga to‘la,
tilim esa — sevgi to‘la ajalga.

Dengizlarda yo‘koldim men necha bor,
yo‘qolgandek bir necha jajji qalbda.

Biror tun yo‘qqi, baxsh etganda bo‘sa,
beyuz tabassumlarni u sezmasa,
yo‘qdir biror kimsa, — endi tug‘ilgach,
o‘yinlarda bosh suyakni unutsa.

Chunki manglay uzra istar atirgul
boshsuyakning tog‘u tosh manzarasin,
odam qo‘li esa, qo‘lidan kelsa,
er ostida anglatar ildiz yo‘lin.

Yo‘qolgandek bir necha jajji qalbda,
necha bor men dengizlarda yo‘koldim.
Tark etib bu suvni, meni qiynagan
nur o‘limin yurib istadi qalbim.

YuZ YaShAR SEVGI G‘AZALI

Ko‘chadan tepalikga qator
o‘tdi to‘rt xushtor.
Hoy, hoy, hoy, hoy.

Ko‘chaning past tomoniga zor
qaytdi uch xushtor.
Hoy, hoy, hoy.

Qaddin rostlab, raqibmi istar
bu ikki xushtor?!
Hoy, hoy.

Nahotki bir xushtor shamoldan
yuzin o‘girsa?!
Hoy!

Endi bu beovoz ko‘chadan
yurmas hech kimsa.

ChO‘ZILGAN AYoL QASIDASI

Yalang‘och ko‘rmoq seni — demak yerni eslamoq.
Silliq yerni, chavandoz to‘la yerni,
biror qamishsiz yerni, kelajakka sof shaklin
kumush poyonlari-la berkik saqlagan yerni.

Seni yalang‘och ko‘rmoq — demak zaif jismni
qidirgan tushkun yomg‘ir uylarini tushunmoq
va yo sho‘rlik dengizdan, bezgak qiynaydigan chog‘,
bahaybat bashara-la yanog‘ nurin ko‘rmaslik.

Jaranglar tomirda qon xilvatgoh yotog‘ida,
sadosi — yashin esa, xanjar kabi sanchilar.
Lekin bilolmaysan sen qaysi xilvatgohlarda
binafsha yo baqaning dili berkinib yotar.

Sening qorsimon qorning — ildizlarning jang yeri,
sening qizil lablaring — behad shafaqning guli,
yotokxonaning so‘lg‘in atirgupi ostida
yotar o‘lik qayliqlar, navbatma-navbat bo‘lib.

FARYoD QASIDASI

Ayvonimni yopdim shu zahot,
eshitgim yo‘q men dodu faryod,
ammo kulrang uydan tashqari —
sukunatdan tashqari — faryod.

Kuylar ko‘p mitti farishtalar,
talay mitti it ham g‘ingshinar,
kaftim barglariga sig‘ar ming g‘ijjak.

Ammo faryod — itning ulug‘i,
faryod — farishtaning ulug‘i,
faryod — g‘ijjakning ham ulug‘i,
ko‘z yoshimga shamol g‘arq daryo —
sukunatni ag‘dargan faryod.

ShOXLAR QASIDASI

Tamaritning daraxtzorida
kelib kutar qo‘rg‘oshin itlar —
mayin shoxlar egilgan
chog‘i o‘z-o‘zicha sinar deb ular.

Tamaritning olmasi esa,
mevalarin oqizib yig‘lar.
«Oh»larini yutguncha bulbul,
chang ko‘tarib, qirg‘ovul yelar.

Lekin shoxlar baribir quvnoq,
o‘zimizdek baribir shoxlar.
Ertasiga karaxt bo‘lgandek,
yomg‘irlarda miq etmay uxlar.

Ikki vodiy mukkadan tushib,
kuz kelishin kutar suv ila.
Fil qadamin tashlasa oqshom,
titrar daraxt, uni fil bila.

Tamaritning daraxtzorida
tungi yuzli kumush bolalar
mening shoxim egilgan chog‘i
o‘z-o‘zicha sinar deb o‘ylar.

IMKONSIZ QO‘L QASIDASI

Ko‘ldan boshqa hech bir narsa istamam,
mumkin bo‘lsa, yarador bo‘lsin bu qo‘l.
Qo‘ldan boshqa hech bir narsa istamam,
o‘tsa hamki, besut minglab kecha-shom.

Bo‘lgan edi rangsiz ohak nilufar,
bo‘lgan edi bir qush dilimga oshiq,
bo‘lgan edi mening o‘tkinch tunimda
oyga qadam qo‘ymoqni man etgan soqchi.

Ushbu ko‘ldan boshqa narsa istamam,
kun yog‘ida oqdir ajal choyshabim,
ushbu qo‘ldan boshqa narsa istamam,
o‘limim ham qanotlarin yozgan chog‘.

O‘tdi-ketdi qolgan butun bir borliq,
nomsiz ayanch, davom etar sayyora.
Boshqa ekan butun borliq, g‘am yeli
bargni tashlab qushlar bilan ovora.

ATIRGUL QASIDASI

Atirgulim
qidirmadi shafaqdek o‘lim.
O‘z shoxida, deyarli mangu,
qidirdi u boshqa bir yo‘lin.

Atirgulim
qidirmadi na ko‘lanka, na bilim.
Tush va to‘sh aro chegarada
qidirdi u boshqa bir yo‘lin.

Atirgulim
qidirmadi boshqa atirgul.
Falaklarda, qimir etmasdan,
qidirdi u faqat o‘zga yo‘l.

Ispan tilidan Hamid Ismoilov tarjimasi