Uilyam Shekspir (1564-1616)

Shekspir Uilyam (William Shakespeare; 1564.23.4 — Stratfordon-Eyvon — 1616.23.4) — ingliz dramaturgi va shoiri. Taxminan 1585 yilda ona shahrini tark etib, birmuncha fursatdan so‘ng Londonga borgan. Teatr aktyori va dramaturg sifatidagi faoliyati 1580 yildan boshlangan. Shekspirning 1603 yildan keyingi aktyorlik faoliyati to‘g‘risida biror ma’lumot yo‘q. Ammo u o‘zining «Lordkamerger xizmatkorlari» truppasi uchun (mazkur truppa Yakov I ning taxtni egallaganidan keyin qirol truppasi deb atalgan) pesalar yozishda davom etgan. Taxminan 1612 yilda Stratfordga qaytib kelgan va shu yerda vafot etgan. Shekspirning aktyor sifatidagi faoliyati taxminan 15 yil davom etgan. U Angliyaning eng yaxshi hisoblangan truppasida 2-darajali rollarni ijro etgan va shu truppa uchun pesalar yozgan.
Shekspirning adabiy merosi she’riyat va dramaturgiya asarlaridan iborat. Yoshlik yillarida mifologik syujet asosida yozgan «Venera va Adonis» (1593) hamda Rim tarixiga oid «Lukretsiya» (1594) dostonlari samimiy kutib olingan. Bu asarlar, ayniqsa, 1592—1600 yillarda yozilgan «Sonetlar» Shekspirning Uyg‘onish davri madaniyati bilan uzviy aloqada maydonga kelganini ko‘rsatdi. Jahon lirikasining buyuk namunalari qatoridan o‘rin olgan Shekspir sonetlari mavzu jihatidan 2 guruhga ajraladi: dastlabki 126 sonet shoirning yaqin do‘stiga bag‘ishlangan bo‘lsa, 127—152-sonetlarda lirik qahramonning bevafolik qilgan mahbubaga nisbatan muhabbat tuyg‘usi va iztiroblari tasvir etilgan. Shekspir yana bir necha dostonlar ham yozgan bo‘lsada, ularning muallifi masalasi hamon bahslidir.
Shekspir asarlarining nashr sanalari ularning na yozilgan va na sahnaga qo‘yilgan vaqtiga to‘g‘ri keladi. Shekspir bir necha qismdan iborat asarlarining avval 2—3-qismlarini, keyin 1-qismini yozgan paytlar ham bo‘lgan. Shuning uchun adabiyotshunoslar Shekspirning dramaturgik ijodini 4 davrga bo‘lib o‘rganishni ma’qul ko‘radilar: 1-davr — 1590-94, 2-davr 1594-1600, uchinchi davr 1600-1608, to‘rtinchi davr 1609-1613 yillar. Shekspir dramaturgik ijodining 1-davrida doston, ilk tragediya («Tit Andronik») va komediyalar («Xatolar komediyasi», «Qiyiq qizning tiyilishi»)dan tashqari, «Genrix VI» (2-qism, 1590), «Genrix VI» (3-qism, 1591), «Genrix VI» (1-qism, 1592), «Richard III» (1593) ilk xronikalarini yozgan. 2-davrida «Richard II» (1595) «tragediyaga yaqin xronika»si, «Genrix IV» (1-qism, 1597), «Genrix IV» (2-qism, 1598) va (1594), «Yoz tunidagi tush», «Venetsiya savdogari» (1596) romantik komediyalari hamda «Romeo va Juletta» (1595) tragediyasini yozgan. Uning «Yo‘q joydan chiqqan g‘avg‘o» (1598), «O‘n ikkinchi kecha» (1600) singari mashhur komediyalari ham shu davrda maydonga kelgan. Dramaturg ijodining shoh asarlari — «Yuliy Sezar» (1599), «Hamlet» (1601), «Otello» (1604), «Qirol Lir» (1605), «Makbet» (1606), «Antoniy va Kleopatra», «Koriolan» (1607) singari tragediyalar Shekspir ijodining 3-davrini tashkil etadi. «Genrix VIII» (1613) xronikasi, «Qish ertagi» (1611), «Bo‘ron» (1612) romantik drama va tragediyalari esa Shekspirning so‘nggi davr ijodi mahsulidir.
Shekspir o‘z asarlarini yaratishda Xolinshedning Angliya tarixiga oid syujetlarga boy «Angliya, Shotlandiya va Irlandiya xronikasi»dan samarali foydalangan. Shekspir tarixiy tragediyalarining maydonga kelishida Plutarxning «Qiyosiy hayotnomalar», komediyalarining yozilishida esa M. Bandelloning Italiyaning Uyg‘onish davriga oid hikoyalari asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan. «Romeo va Juletta», «Hamlet», «Qirol Lir» singari tragediyalarga asos bo‘lgan syujetlar asosida Shekspirga qadar ham sahna asarlari yaratilgan. Lekin bu syujetlar Shekspirga xos ulkan dramaturgik mahorat tufayli jahonshumul fikr va g‘oyalarni ifodalovchi o‘lmas asarlarning yuzaga kelishida hayotiy manba vazifasini bajargan.
Shekspir o‘zigacha bo‘lgan Yevropa xalqlari tarixi, adabiyoti va teatrini o‘rganish bilan birga 17-asrning ilg‘or tafakkur mevalaridan ham bahramand bo‘lgan va shu asosda ularni o‘zining eng yaxshi asarlarida katta badiiy kuch bilan mujassamlantirgan. Har bir tarixiy davrda kuzatilganidek, Shekspir yashagan davr ham ziddiyat va karama-qarshiliklardan xoli bo‘lmagan. Shekspir, boshqa yozuvchilardan farqli o‘laroq, o‘z davri hayotidagi bunday ziddiyatlar, ijtimoiy hayot va kishilar taqdiridagi murakkabliklarni nozik his etgan hamda shu bilan kifoyalanib qolmay, jamiyat va inson hayotining qaltis nuqtasida yuzaga kelgan dramatizmni tasvirlashga alohida e’tibor bergan. U haqiqiy dramaturg sifatida personajlarning u yoki bu xatti-harakatlarini keltirib chiqargan ijtimoiy, maishiy, ma’naviy va ruhiy sabablarni ochib tashlab, ularning har biriga o‘z xulq-atvoridagi keskin o‘zgarishlarni to‘la asoslash yoki izohlash imkonini yaratgan.
Shekspir ijodining 2-davrida poetik drama ustasi sifatida namoyon bo‘lgan. U shu davrda qarama-qarshi qo‘yish usullaridan voz kechmagan holda dramatizmga katta e’tibor berib, tragik va komik motivlarni o‘zaro uyg‘unlashtirdi. Shuning natijasi o‘laroq Shekspir ijodida («Rrmeo va Juletta», «Richard II», «O‘n ikkinchi kecha») dramatik lirizm avj nuqtasiga erishgan. Shekspir ijodining 3-davrida tragediya janriga mansub asarlar yetakchi o‘rini egallaydi. Dramaturg Uyg‘onish davriga xos gumanizm va insonparvarlik g‘oyalari bilan voqelikda tobora rivojlanib borayotgan xudbinlik, munofiqlik, yovuzlik o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rib, shu ziddiyatlarni o‘z asarlariga konflikt sifatida jalb etadi. U xuddi shu davrda yaratgan tragediyalarida badiiy mahorat cho‘qqisiga erishgan. Shekspir ijodining so‘nggi davriga oid romantik drama va tragik komediyalar uning dunyoqarashida hayotiy ziddiyatlarni ijobiy hal qilish mumkin, degan umid paydo bo‘lganidan guvohlik beradi.
Shekspirning butun ijodini nurlantirib turuvchi fazilat yuksak axloqiyma’naviy muammolarning tasviridir. «Romeo va Juletta» lirik, «Yuliy Sezar» siyosiy, «Hamlet» intellektual tragediya, «Otello» esa ehtiroslar tragediyasi hisoblansada, ular zamirida o‘rta asarlar uchun ham, hoz. zamon uchun ham katta ahamiyatga molik bo‘lgan axloqiy masalalar yotadi. Agar «Yuliy Sezar», «Hamlet», «Makbet», «Romeo va Juletta» singari asarlarda tasvirlangan dramatik konflikt qahramonlarga o‘zini bilish, o‘zining ruhiy kuchini ro‘yobga chiqarish imkonini bergan bo‘lsa, Otello, Lir singari adashgan qahramonlar ongi faqat fojea ro‘y berib, muqarrar halokat yaqinlashganidan keyingina nurlanib ketadi. Shunga qaramay, ularning har biri va umuman Shekspir asarlarining qahramonlari asosan kat’iy xarakterga ega bo‘lgan, ongi va axloqiy qarashlari shakllangan, voqelikka hushyor ko‘z bilan qarovchi, kuchli va mard insonlardir.
Shekspir komediya va tragikomediya janrlarida ham yuksak san’at asarlari yaratgan. Uning Uyg‘onish davri romantikasi bilan sug‘orilgan, qishloq hayoti manzaralari tasvirlangan, sarguzashtbop voqealarga boy komediyalari markazida har qanday to‘siqni yengib o‘tuvchi muhabbat mavzui yotadi. Shekspir tragediyalarida bo‘lgani singari, komediyalaridagi qahramonlarning nutqi ham o‘tkir va chuqur fikrlarga, piching va hazil-mutoyibalarga boy.
Shekspirning o‘zbek tomoshabini tomonidan kashf etilishi 1935 yilda — «Hamlet» tragediyasining Hamza nomidagi drama teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilishi bilan boshlangan. Shundan keyin O‘zbekistondagi o‘zbek va rus teatrlarida Shekspirning «Otello», «Romeo va Juletta», «Yuliy Sezar», «Qirol Lir», «Koriolan», «Veronalik ikki yigit», «Qiyiq qizning quyilishi», «Yoz tunidagi g‘aroyib otlar» singari asarlari katta muvaffaqiyat bilan qo‘yildi. Shekspir asarlarini tarjima etishda G‘afur G‘ulom, Yashin, Uyg‘un, Shayxzoda, Turob To‘la, Q. Mirmuhamedov kabi yozuvchi va tarjimonlar ishtirok etdilar. So‘nggi yillarda Jamol Kamol Shekspir asarlarini bevosita ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi. Cho‘lpon qalamiga mansub «Hamlet»ning tarjimasi esa o‘zbek tarjima san’atining shoh namunasi hisoblanadi.
Naim Karimov.

SONETLAR

Birov rosa maqtanadi nasabi bilan,
Birov boylik, birov mulki, bisoti bilan,
Birov kuchi, birov temir asabi bilan,
Birov lochin, iskovich it va oti bilan.

Odamlarda har xil havas, ishqibozlik bor,
Ammo har kim uchun faqat bittasi afzal.
Men bir narsa bilan bo‘ldim g‘oyat baxtiyor,
Faqat o‘sha taqdirimni qila oldi hal.

Sening sevging qimmatroqdir javohirlardan,
Qadrliroq erur shohlar toju taxtidan.
Go‘zalroqdir zarbof libos, oltinu zardan,
Yoqimliroq ovchilarning omad baxtidan.

Ha, istasang hammasini olishing mumkin,
Meni mangu gadolikka solishing mumkin.

Uyg‘un tarjimasi

* * *

Mabodo ro‘y bersa hayot g‘ussasi,
Barcha ayblarimdan bo‘lsang xabardor,
Mabodo sabrning to‘lsa kosasi
Va menga hukmingni bildirsang nochor,

Olomon ichida meni ko‘rganda
Go‘yo begonadek ko‘zga ilmasang,
Hamon avvalgidek so‘lim chehrangda
Sovuqlik tursa-yu, asti kulmasang –

U damda menda bor bitta tasalli:
Ha, deyman, emasman senga mustahaq,
Bunga ont ichaman va deyman: “Balli!”
Seni haqli deyman, o‘zimni nohaq,

Haqing bor, yorginam, meni qo‘y, voz kech!
Baxtiyorlik haqqin qozonmabman hech!..

* * *

Tezroq o‘ssak hamki, so‘lamiz tezda,
Ammo bitayotgan umrimiz hamon
Davom etib turar o‘g‘ilda, qizda…
Yoshlarning quvvati bizga ham darmon.

Shundaydir basharning husni, idroki,
Yo‘qsa devonalik, qarilik demay,
Dunyoga abadiy bo‘lardi hokim
Va olam tugardi oltmish yil o‘tmay.

Hayotga, dunyoga yoqmagan inson,
Dag‘allar, beburdlar yo‘qolsin, mayli.
Sen esa muyassar bo‘lgan armug‘on
Ortadi sendagi shukuh tufayli.

Sen-ku, o‘yilibsan muhrdan yaxshi, –
Yuz yillar o‘chmaydi muhringning naqshi.

* * *

Sening shavkatingni mumkinmas sira,
Shunchaki birovga ta’rif aylamoq.
Tangri shohiddirki, bu ojiz misra
Naql qila olmas maqbardan ko‘proq.

Sening suratingni aylasam tasvir,
Dilrabo nigohing kuylasam agar,
Avlodlar aytarki, aldabdi shoir,
Qo‘shib odamzodga samoviy ranglar.

Sarg‘aygan varaqni itarib darhol,
Meni mahmadana, aljigan deyar.
Balki jerkib derlar: “Gapdon ekan chol,
Lekin so‘zida yo‘q rostlikdan asar”.

Ammo o‘g‘ling bo‘lsa u chog‘da tirik,
Yasharsan o‘g‘ling va baytimda tetik.

* * *

Chehrang o‘xsharmikan yozning kuniga,
Yo‘q, sening mayinlik va husning oshiq:
Bo‘ron yoz gullarin sovurar nega?
Yozimiz muhlati shunchalik qisiq.

Goho qamashtirar ko‘zini osmon,
Goh quyosh bekinib, bulutlar yig‘lar.
Tabiat noz aylab, qiynaydi yomon,
Goh bizni u silar va goho yig‘lar.

Kamaymas sendagi kunduz poyasi,
Yozlarning doimo o‘z avj paytida.
Seni qoplayolmas o‘lim soyasi,
Sen mangu yashaysan shoir baytida.

Toki odamzodda nafas bor, ko‘z bor,
Tiriklar qatori umring barqaror.

* * *

Dunyodan, falakdan bo‘lsam darg‘azab,
Boshimga kelganda falokat qator,
Men garang va loqayd samoga qarab,
Yalinaman, ammo bu hech qilmas kor.

Sho‘rlik qismatimdan nuqul noliyman,
San’atda, ijodda sovrinlar olgan,
Elning arzandasi – umidga to‘lgan
Baxtlilar o‘rnida bo‘lsaydim, deyman.

Shu damda bexosdan kelasan yodga,
O‘zim sustligimni qarg‘ayman paqqos;
Bo‘ysunmay falakka va samovotga,
Ruhim to‘rg‘ay kabi qiladi parvoz.

Sening sevging bilan, xotirang bilan
Dunyo shohlarining baridan zo‘rman.

* * *

Meni qari deydi ko‘zgular, yolg‘on,
Sening yoshligingni ulashaman-ku!
Lekin burush qo‘ysa chehrangga zamon,
U chog‘ tan beraman falakka mangu.

Yuzingni oyna deb chehrangga boqsam,
O‘zim ko‘rinaman o‘zimga yoshroq.
Menga yosh qalbingni sen bag‘ishlaysan,
Men ham senga dilim tutaman shu choq.

Asragil o‘zingni, o‘zing deb emas,
Axir yor qalbi ham saqlangan sanda.
Men mushfiq onadek seni har nafas
Avaylay boshingga balo tushganda.

Bizning yuraklarning qismati bitta:
Men bitsam, bitasan sen ham albatta.

Maqsud Shayxzoda tarjimalari

27-sonet

Uyimga qaytaman charchab, xuddi mast,
Charchoqlarim olib ketsin deb kecha –
Ammo,tan uxlaydi-yu, fikr uxlamas,
Bari bir u orom topmas tonggacha.
Yana xayol seni ketadi izlab,
Yana xayol uchar sen tomon ilhaq –
Yana uyqu bilmas toliqqan ko‘zlar,
Zulmatga tikilar so‘qirday befarq.
Qalbim ko‘zi bilan ko‘raman seni,
O, bu ko‘z o‘zgani ko‘rgisi kelmas.
Jamoling yoritar bu dam qalbimni,
Bunday dam o‘lim ham battollik qilmas.
Hayot ikkimizga bermas farog‘at,
Kecha-kunduz fikr topolmas rohat.

28-sonet

Charchadim va lekin qaydan kuch topay,
Qaydan olay tolg‘in vujudga mador?
Kunduzgi charchog‘im hali tark etmay,
Tuni bilan yana tafakkur bedor.
Kunduz bilan kecha – bamisli g‘anim,
Ikkovi do‘stlashar menga kelganda –
Kuni builan orom topmaydi tanim,
Sog‘inchlar uxlashga qo‘ymaydi tunda.
Rahm qilar deya aldayman kunni,
Bolang go‘zal,deya tongni quchaman.
Zulmat chog‘i esa aldayman tunni,
Aytaman:’Seni deb tongdan kechaman!’
Ammo tong keltirmas dilimga orom,
Ammo qayg‘u bilan kelar yana shom.

29-sonet

Qismatu dunyodan bo‘lib norozi,
Holimga achinib yig‘layman o‘zim,
’Nega sen mendan hech bo‘lmaysan rozi?’ –
Deb sassiz falakka tikaman ko‘zim.
Shunday dam erk berib aldoq hislarga,
Telbaday goh yig‘lab, goho kulaman.
Yig‘lab kulamanu baxtli do‘stlarga,
Omadli do‘stlarga hasad qilaman.
Nogoh eslaymanu chehrangni tuyqus,
Ojiz tuyg‘ularim uzra uchaman,
Quyoshga yuzma-yuz,baxtga yuzma-yuz
To‘rg‘aylarday uchib tongni quchaman.
Sening muhabbating shuncha bebaho,
Alishmasman toju taxtlarga hatto!

66-sonet

Men o‘lim tilarman, rohatbaxsh o‘lim,
Ne qilay, ko‘nmasam ortiq xo‘rlikka.
Siz tomon cho‘zilmas tilanib qo‘lim,
Boshimni egmasman endi ko‘rlikka.
Ne qilay, pastkashlik yuksalsa yana,
Bokira or-nomus etilsa badnom.
Kuch iymon ustidan qilsa tantana,
Zaiflik Qudrat deb olsa agar nom.
To‘g‘rilik ustidan zo‘r kelsa yolg‘on,
Donolar nodonga egilsa, netay?
Mudom haqiqatning bag‘ri bo‘lsa qon,
Shafqat yovuzlikka qul bo‘lsa, netay?
Netay, barchasidan dil bo‘lsa bezor –
Faqat sening ishqing qo‘ybermagay, yor.

Xurshid Davron tarjimasi

CXXVIII

Men ishonib, aldanaman sevgilimga,
Qasam ichsa, haqiqatdan yaraldim deb.
Navqironlik kerak axir bu dilimga,
Garchi yolg‘on suyanmoqni ko‘rmayman ep.
Kaminani qirchillama o‘ylar pari,
Magar bilar o‘tib ketgan u kunlarim.
O, ko‘ngilga yoqarmikin yolg‘onlari,
Ikki tomonda ham haqning umri yarim.
Qiziq, o‘zin yolg‘onchi deb sanamas u,
Men ham aslo tan olmasman qarilikni.
Bu muhabbat rost ko‘rilsa ajib tuyg‘u,
Yosh tanlamas ekan do‘stlar sevgi hukmi.
Shu tufayli bir-birimiz aldab har gal,
Xushomad-la hayotimiz topur sayqal.

XXI

Serjilo ranglarga burkangan, go‘zal
Ilhom parisiga berilgan misol,
Firdavs jamoliga berguchi sayqal
She’rday bo‘lolmadim omadli, xushhol
Na quyosh bo‘ldim men, na hilolga xos,
Tuproq ham dengizda marjonga do‘ndim.
Boychechak kundayin ochilsa qiyg‘os,
Ming xil ochilmagan onlarga ko‘ndim.
O, sevgi, men senga sodiqman, faqat
Haqni yozganimda ishoning, atay,
Ishqim go‘dak kabi beg‘ubor abad,
Garchi yorqin emas jannatiy shamday.
Har neni ko‘klarga otmoqqa ruxsat,
O‘zni maqtamasman, sotishmas – maqsad.

LIV

O, buncha nurafshon tuyular ko‘zga,
Haqiqat ortida ajib tarovat.
Gulda ham ko‘rilgay latofat o‘zga,
Magar xush ifor-chun sevilgay g‘oyat.
Bul chaman qo‘ynida bor sirli bo‘yoq,
Go‘yo atirgulday bo‘lar namoyon,
Saraton nafasi yaqindir biroq,
Niqobli gullarga berguvchi poyon.
Ularning bor-yo‘g‘i qup-quruq savlat,
Bemaqsad, behurmat bir kun o‘lgaydir.
Atirgul undaymas, yasharu sarmast,
Ajib is taratib, shirin so‘lgaydir.
Eh, go‘zal joziba, suyukli yoshlik,
O‘tar she’rim bilan qadru dildoshlik.

LV

Na marmar, na tilla shohona haykal
Bu kuchli qofiya umrin yashaydi;
Ya’ni vaqt toshga ham shafqat qilmas sal,
Demakki, yorqinroq nur sochmoq payti.
Yodgorlikni yiqar urush olovi,
Bir-bir yer sahniga qular tosh uylar,
Lek qilich ololmas ham o‘tli yovi,
Toshqinday qaynasa hayotbaxsh o‘ylar.
O‘lim va g‘arazgo‘y xotirga qarshi
Shaxdam yur, toki bir yo‘lni topgaysan.
Kelajak qoshiga kelingay garchi,
Bir kuni ustingga o‘lim yopgaysan.
To o‘zing so‘roqqa turguncha mahshar
Oshiqlar ko‘zida yurmoq yarashar!

LXV

Azaldan parishon inson zotini
Tebratar tosh-tuproq va so‘ngsiz dengiz.
Go‘zallik qandayin turar botinib,
Kimning kuch-g‘ayrati guldan-da tengsiz?
Shiddatli kunlarning qurshoviga qay
Saraton nafasi qarshi turgaydir.
Fursat jim mustahkam qoyaga yetgay
Ham po‘lat darvoza tomon kirgaydir.
O, qo‘rqinchli xayol, nahot zo‘r marjon
Vaqtning sandig‘ida yotsa biqinib.
Oyoqda turmoqqa bormi so‘ng imkon,
O‘tgan go‘zallikdan bo‘larmi tonib?
O, mo‘jiza, kelib, huzurimda tur,
Shunda siyoh ichra sevgim nurlanur.

LXVI

To‘ydim, o‘lim uchun yig‘layman endi,
Go‘yo cho‘l ko‘rmoqqa tug‘ilgan qashshoq,
Har ishim qoshiga na quvonch indi,
Na ishonch pokiza purbaxtga xosroq.
Jimgina yo‘qoldi yaltiroq sharaf,
Ham shuhrat o‘rnida paydo bo‘lmish fahsh,
Buzdi to‘g‘ri qonin shum yolg‘on taraf,
Mardlar yuz ko‘rsatur noqobil, sarkash.
Zug‘umlar ostida tug‘ilgan san’at,
Nuqul telba tabib mahorat sinar.
Noma’qul ko‘rilmish asl haqiqat,
Neki asir bo‘lsa, bor mening ginam:
To‘yib hammasidan ketgayman nari,
O‘lim-la bir sevgim qolar sarsari.

A’zam Obidov tarjimasi

1

Istaymiz, go‘zallar bo‘lsin ziyoda,
Go‘zallik barq urib, yashnasin abad.
Atirgul qovjirab, to‘kilgan onda,
Nozik gulg‘unchasi ochilsin faqat.

Sen esa yoshliging, yurak otashing
Husningga sarf etib, ey sohibjamol,
To‘kinlik bor joyda ochlikdir ishing,
Ki senga yovdir ul, g‘animdir qattol.

Latofat bormidir chiroyingdek sof?
Bahor darakchisi o‘zingsan, illo.
Xasislik aylabon etasan isrof,
Kurtakni mahv aylab botining aro.

Dunyoga rahm qil, qoldir shu yerga,
Zuryodingni olib ketma qabrga….

2

Qirk qahraton qishning ayoz shamoli
Iz solsa manglaying, yuzlaringga, hay,
Qayda qolgay sening husnu jamoling,
Tengsiz latofating qaylarda qolgay?

Qani deb so‘rsalar soching to‘lqini,
Yonog‘ing yolqini? Bugun u soya…
So‘niq ko‘zlarimda deysanmi uni?
Javobing qo‘zg‘atur kulgu, kinoya.

Va lekin javobing bo‘lar munosib,
Gar desang:boqingiz bolalarimga.
Ko‘rku tarovatkim, etmishdi nasib,
Baxsh etdim gullarim, lolalarimga…

Sening tomiringda soviyotgan qon
Ularning jismida gupurar bu on.

3

Ko‘zguga ko‘z solib, suvratingga boq,
Endi bu timsolni takrorlash lozim.
Yo‘q desang, dunyoga tushadi titroq,
Ayolni baxtidan etasan mahrum.

Qaysi dilbar senga quchog‘in ochmas,
Qaysi jonon ko‘rmas mehrini ravo?
Shuncha xudbinmisan, o‘zing bilan mast,
Avloddan o‘limni ko‘rasan avlo?

Onang senga boqib, ko‘rar o‘tmishin,
Umrining bahoriy ayyomlarini.
Sen ham keksayganda ko‘rishing mumkin
Bolangda yoshliging davronlarini.

Dunyodan toq o‘tsang, yolgiz befarzand,
O‘larsan,timsoling ketar sen bilan….

18

Seni yoz kuniga etaymi qiyos?
Bir ajib go‘zalsan, sokina, dilbar.
Shamol yulqib otar chechaklarni, bas,
Yozimiz qisqadir, hademay o‘tar.

Goho ko‘kda quyosh qamashtirar ko‘z,
Goho bulutlardan osmon ham xira,
Bir zumda xuftondir, bir lahza kunduz,
Xullaski, tabiat tinchimas sira.

Ammo sening yozing o‘zgacha, bo‘lak,
Quyoshing charaqlab sochadi yog‘du.
O‘lim soya sololmas, malak,
Shoirning she’rida hayotsan mangu.

To tanda jon bo‘lur, to ko‘zlarda nur,
Yasharsan tiriklar ichra bir umr….

19

Sherning tirnog‘ini sindir, ey zamon,
Tuproqqa qorishtir mavjudotlarni.
Yulbars tishlarini qo‘par beomon,
Qaqnusni o‘tda yoq, qoldirma parni.

Qishdami, yozdami, kuzda, bahorda
Kulguni ko‘zyosh et, ko‘zyoshni kulgu.
Har ne qilsang qilgil shomu nahorda,
Bir gunohdan tiyil, iltimosim shu:

Manglayiga ajin solma do‘stimning,
Munis chehrasini abgor aylama.
Dilbar qiyofasi, jamoli uning
Barcha zamonlarga bo‘lsin namuna.

Magar qilg‘ilikni qilsang ham, zamon,
U mening sherimda qolur navqiron….

26

Ey sevgim sarvari, tavozu ila
Arzim bayon etay, eshitgil meni.
Ehtiromim bitib, yo‘lladim senga
Shu qalbim sog‘inchi, salomnomani.

Fazilating buyuk, qalamim ojiz,
So‘zlarim tuyular yalang‘och, g‘arib.
Lekin sen marhamat sari burib yuz,
O‘qirsan ularni, libos kiydirib.

Boshimda porlagan baxtim hulkari
Yo‘limni yoritib, manzilimni ham,
Juldur choponimni itqitib nari,
Balki to‘n kiydirar menga mo‘htasham.

Sevgimni maqtanib aytaman unda,
O‘shangacha esa yurgum panada…

30

Qachonkim xayolga erk berib, fursat,
Kechgan kunlarimni nogoh eslasam,
Bag‘rimda tirnalur eski jarohat,
Alamlar qo‘zg‘alur yana yangidan.

Shunda ko‘zlarimdan sochilar yoshim,
Do‘stlarim ketdilar aytib alvido.
Qayda qoldi deyman sevgim, quyoshim,
Kimlarni yo‘qotdim, nelardan judo…

Evoh, g‘am ustiga yana g‘am kelar,
Yig‘layman, xotirga olsam ularni.
Garchi to‘lagandim ilgari tugal,
Boshqatdan to‘layman to‘lovlarimni.

Ammo seni har gal o‘ylasam, do‘stim,
G‘amlarim tarqaydi, topaman taskin…

39

O, seni tariflab, nechuk madh etay,
Axir,biz bittamiz, bir jonu bir tan?
Qanday qilib endi o‘zimni maqtay,
O‘zimni maqtayman seni maqtasam.

Shuning chun bir birdan yashaymiz ayru,
Toki ayriliqda yurib hamisha,
Madh etay ko‘rkingni, latofatingni,
Chunki madh etishga loyiqdir o‘sha.

O, hijron oshiqqa alamdir, azob,
Ayriliqda chekar oshiq intizor.
Lekin hijron aro, ayo mohitob,
Shirin umidlarning lazzati ham bor.

Men senga yiroqdan boqib har mahal,
Suvrating chizaman yorqin, mukammal…

46

Ko‘zim bilan qalbim talashar nuqul,
Ki go‘zal qiyofang yashaydi kimda?
Ko‘zim deydi: mening qarog‘imda ul,
Yuragim deydiki, yashaydi menda…

Ko‘zim ont ichadi: kechadir kunduz,
Oyinamda erur jamoli uning.
Yurak qasam ichar: misoli yulduz
Menda charaqlaydi timsoli uning…

Fikru mulohaza hukmida bu ish
Ko‘rildi oqibat, gapning xullasi,
Aytildi: nimadir yurakka tegish,
Nimadir ko‘zlarning haqqi, hissasi.

Jonim, suvratingni ko‘zlarim oldi,
Sevgi, muhabbating yurakda qoldi…

50

Yo‘l bosib boraman mashaqqat bilan,
Horigan bedovga o‘zni ortmoqlab.
Evohki, har bitta bosganda qadam,
Baxtimdan ketaman yana yiroqlab.

Otim oshiqmaydi, ayondek go‘yo
Unga yuragimning qayg‘usi, zori.
Yo‘lda oshiqarmi yo‘lovchi aslo,
Ortida qolarkan suyukli yori?

Men qamchi uraman, otim sakramas,
Faqat mungli kishnab, beradi javob.
Otim kishnar ekan mungrab, shu nafas
Mening yuragimga tushar iztirob.

Deyman o‘z-o‘zimga: hamrohing endi
Qayg‘udir, quvonching orqada qoldi…

51

Sendan yiroq tushib, yo‘llarda dilxun,
Ketganman otimning qadamin sanab.
Jonim, ayrilmoqqa oshiqay nechun?
Ammo, sen tomonga yursam, boshqa gap.

Unda tuyog‘idan chaqnab chaqinlar,
Otim qo‘zg‘alarkan, qo‘zg‘alur bo‘ron.
Shunda ham men uni qistardim magar,
Muncha imillaysan, deya har zamon.

Unda yo‘l deganning chiqardi changi ,
Otim qanot yozib misoli duldul,
Garchi bo‘lsa hamki oriq, qirg‘anchi,
Uchqur xayoldanam o‘zar edi ul.

Sendan ketganda gar sust edi, yalqov,
Ammo senga bursam, o‘t bo‘lur, olov…

54

Go‘zallik go‘zaldir yuz bor, agarda
Bag‘rida haqiqat esa oshkor.
Atirgul so‘limdir, yana har lahza
Taralib turguvchi xushbo‘yi ham bor.

Xuddi atirguldek ko‘rku chiroyda,
Ayni tikonlidir zaharli gullar.
Yoz kelib,chechaklar ko‘kargan joyda,
Dalalar qo‘ynida yashnaydi ular.

Ularning bisoti husnidir faqat,
Tugar husni bilan umri, bahori.
Ammo atirgulda bitsa tarovat,
Iforga ko‘chadi umrining bori.

Demagil: bir kuni qolurman so‘lib,
Sherimda yashaysan atirgul bo‘lib…

Jamol Kamol tarjimalari

«HAMLET» DAN PARChA

II PARDA

Ikkinchi sahna

Hamlet
Oh, men qanday yaramas,olchoq bandaman!
Bu qanday gap: o‘tkinchi bir aktyor munda –
O‘z xayoli to‘qigan sezgilariga
Shuurini shunchalik qaram qildikim –
Mengzidan qon o‘chdi, ko‘zi yoshlandi,
Tovushlari bo‘g‘ildi, butun turishi –
Yuragini qaqshatgan dardlarga oyna,
So‘rasangiz: ne uchun shuncha dard, alam?
Gekuba uchun emish!
Gekubaga bu kimdur?
Yo Gekuba bunga kim?
Ammo bu-chi, noliydi shuncha yurakdan.
Agar mening dardlarim bo‘lsaydi unda
Ne-ne mudhish to‘fonlar yog‘dirardi ul?
Xunob bo‘lib zorlagan bo‘lardi sahna.
Uning rolin ko‘rganda mot bo‘lib darhol
Aqlidan yozar edi gunohkor kishi,
Begunohlar, kamtarlar ibrat olardi.
Qulog‘lar ham, ko‘zlar ham poymol bo‘lardi.
Men-chi:
Ayanch, anqov, maxluqman, daydi, sarsari,
Uyquaro yuraman. Bekorchi tanbal.
Na o‘z haqim to‘g‘roli bir og‘iz gap bor,
Na qirolning qasosi uchun harakat,
Axir uni tojidan, uni jonidan
Ko‘p jirkanch nayrang ila ajratdilar-ku!
Yoki men qo‘rqoqmanmi? Kimda jur’at bor?
Qani menga shapaloq urmoqchimilar?
Yo berurlar boladay o‘git-nasihat?
Burnimdan ushlaydilar yoki bemalol –
Meni beburd, yolg‘onchi ataydilarmi?
Kim bu ishga ishqivoz? Dadil so‘ylasin?
Hammasiga xo‘p deya tilxat beraman.
Chunki mening jigarim – kaptar jigari,
Chunki yo‘q jigarimda safroyu zarda.
Bo‘lmasa men bu battol yirtqichni so‘yib
Jasadin quzg‘unlarga tashlamasmidim!
Oh, muttaham, badaxloq! Qonxo‘r, yolg‘onchi,
Zino qilib yuruvchi nomard badkirdor!
Oh, intiqom!
Qanday eshak ekanman o‘zim darvoqe!
O‘ldirilgan otaning farzandi bo‘lsam,
Menga, qasos ol, desa falakning o‘zi,
Men-chi, buzuq xotinday hasrat qilaman,
Yoki dashnom beraman oqsochlar kabi!
Tfu, la’nat! Uyg‘ongin, ey mening zehnim!
Qaydadur eshitgandim: go‘yo o‘tmishi
Qorong‘u bo‘lgan kishi o‘z qilmishiga
O‘xshashlik bir o‘yinni tomosha qilsa –
Serpayib o‘z aybiga iqror bo‘larkan.
Qotil qancha jim tursa, indamasa ham
Bildirib qo‘yar ekan o‘z jinoyatin.
Aktyorlarga topshiray tamosho chog‘i
Otamning o‘limiga o‘xshashli biron
Voqia o‘ynasinlar amakim uchun.
Amakimdan ko‘z olmay qarayman o‘zim,
Agar bo‘lsa bezovta – u yog‘i ma’lum.
Biroq, ko‘rgan arvohim balki iblisdur.
Istagan qiyofatga kirolur iblis.
Balki shayton majolsiz holimni bilib,
Meni halok qilgani dasisa qurgan!
Ko‘rganimdan ham yaqqol dalillar lozim.
Ular bu yozuvlarda. Endi sahnada
Qirolning vijdoniga quraman tuzoq.

Maqsud Shayxzoda tarjimasi