Jon Kits (John Keats) ingliz romantizmi oqimining so‘nggi vakillaridan biri. 1795 yil 31 oktyabrda tug‘ilgan. London universitetida jarrohlik bo‘yicha tahsil olib, imtihondan ham muvaffaqiyatli o‘tadi, ammo bu kasb bilan umuman shug‘ullanmaydi. 1817 yili e’lon qilingan “She’rlar” to‘plamida ijtimoiy hayotdagi riyokorliklar va ikkiyuzlamachiliklar tanqid tig‘i ostiga olinadi. Shoir xalq og‘zaki ijodiga bo‘lgan muhabbatini “Robin Gud” turkumida aks ettiradi. Juda qisqa umr kechirgan va 23 yoshiga qadar yozgan she’rlari, xususan, dunyoga mashhur «Endimion», «Giperion», «Izabella», «Muqaddas Agnesssa kuni arafasi», «Lamiya» kabi poemalari shoirni Bayron va Shelli bilan bir qatorga qo‘ydi. U 1821 yil 25 yoshida vafot etgan.
GO‘ZALLIK
Go‘zallik hamisha etar mahliyo,
Hech kimsa undan yuz burmagay aslo.
Ul pokdir, tushmagay tuban chohga hech,
Bizni ezgulikka chorlar erta-kech.
Dil farah, oromga intilsa magar,
Gulgun tuyg‘ulardan yasab gulchambar,
G‘amu anduhlarni inkor etarak,
Xoksor tuproq sari talpinsa yurak,
Jaholatni haydab, gunohni haydab,
Fayziyob, munavvar orzular saylab,
Ko‘z ochib-yumguncha go‘zallik hissi,
Anduh g‘uboridan poklaydi bizni…
Shundaydir Oy, Quyosh, shunday barg, xaslar,
Shundaydir chechaklar aro nargislar…
Hatto yaylovdagi suruvlar shunday,
Daryo to‘lqinlari, g‘uluvlar shunday…
Ko‘rfazning bag‘rida panoh topgandek,
Olam shodligiga guvoh topgandek,
Dunyo ne’matlari borki, sochilgan,
O‘rmon chechaklari inja ochilgan,
Ko‘hna zaminning ilk bahodirlari,
Bolalik chog‘imiz asotirlari –
Bizlar tinglagan ul zo‘r ehtirom-la,
Buyuk afsonalar shunday maqomda…
Hammasi, hammasi, bular hammasi
Buyuk go‘zallikning oliy jilvasi.
Hammasi yurakdan g‘amni quvgaydir,
Ko‘ngil mehrobini nur-la yuvgaydir…
YuNON GULDONIGA QASIDA
I
O, sukutning ma’sum malagi,
Mangu abas davronga dil band!
Sukutingda pinhondir balki,
Moziylardan kelgan o‘git-pand?!
Nelar haqda aytgan hikoyang?
Sen banda yo Tangrim sharpasi?
Tempey vodiysimi, Arkad o‘tlog‘i,
Qaydan meros shiddat, jazavang?
Poygalar shodligi, iffat hadigi,
Nay-u nog‘oraning miskin nag‘masi?
II
Garchand eshitilgan nag‘malar inja,
Tinglanmagan saslar yanada yorqin.
Shunday ekan, naylar hech tinmasin-da!
Zabt etsin dilimni farahli to‘lqin!
Bu qo‘shiqni bo‘g‘ib, tinchitib bo‘lmas,
Muhofiz yaproqlar ko‘shki ostida.
Sen, ey, jo‘shqin yoshlik, jasur, navqiron,
Oshiqdirsan, lekin ishqing dastida
Istaklar chilparchin bo‘lishi mumkin,
Lablar gulobidan totmay hech qachon!
III
O, yashil barglarning yangi sahfasi,
Bahoriy shodlikning shukuhi sizda.
Baxtiyor mashshoqning zavqli tuhfasi –
Kuylari eskirmas hech bag‘ringizda.
Yuz bora, ming bora baxtga yor sevgi,
Barham topmagay ul va tushmagay past.
Garchand titrab-qaqshab, ketgaydir badar.
Uning qoshida puch hamda arzimas
Ehtiroslar, hirsu havas bizdagi,
Qonimiz ko‘pirtgan qalbdagi kadar…
IV
Kim ekan bu kohin, salobati-la
Barchaga singdirgan qo‘rquv hissini?
Olomon oshiqar qay bir mehrobga
Gullar bilan bezab arobasini?
Nechun taqvodor el subhi sahardan
Tark etmish osuda ushbu shaharni –
Toshlar mahol erur buni aytmog‘i…
Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarning sukuti teran,
Asrlar kechdilar va kechar takror,
Hech kimga nasibmas ortga qaytmog‘i…
V
Yuksak arshi a’lo! O, yuksak anduh!
Oxir marmar toshdir har shaxdga yakun!
Mangulikdek sovuq hamda beshukuh –
Hayotdek ne’matdan topolmay mazmun,
Bizlar ketsak agar, qayg‘u-g‘amimiz
O‘rnini olgaydir o‘zga qayg‘u-g‘am…
Rishtalarni bog‘lar paytda ayt dangal,
Etkaz, bilsin toki, ul avlodimiz:
“Go‘zallik – haqiqat, haqiqat – go‘zal!
Shundan o‘zgasini bila olmasmiz!”
Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi
INSON FASLLARI
To‘rt fasl bezaydi yil mezonini,
Inson qalbida ham to‘rt fasl bordur.
Go‘zal zavqqa burkab har bir onini
Sarob-la aldagan kunlar Bahordur.
Yoshlik o‘ylarining bahorgi asal
Chaqichin chaynashni sevar Saraton.
Yuksak orzularga berilgan mahal
Uning shavqin ko‘rib pasayar osmon.
Sokin ungurlarga qo‘narkan Kuzak
Qanotlarin yig‘ib o‘ksinar yolg‘iz.
Oltin lahzalarni kirlangan yurak
Olddan oqqan suvday etar qadrsiz.
G‘arib amal bilan Qish kelar nogoh,
Mudhish so‘rovlardan etadi ogoh.
BAYRONGA
Bayron! Buncha laziz kuying ozori,
Yurakka ohista inar muhabbat
Va ajib iztirob, nafis nadomat
Ila kuylar seni hazin dutori.
Sen ilg‘agan ohanglarning ohori
Hech to‘kilmas, yashirolmas g‘amni.
Yopinasan qalbingdagi alamni
Zarrin yog‘du, yorqin nurlar qatori.
Bulut oltin oyga parda tutganday
Chor taraf burkanar chaqnoq shu’laga.
Qora yopinchiqni uchqun yutganday
Marmar qafas to‘lar haqgo‘y nolaga.
Baxshining faryodi go‘yo o‘tganday
Fusunkor ertakka, laziz volaga.
* * *
Tumanli zulmatdan kumush kabutar
Parvoz etar ko‘zlab Sharq yog‘dularin,
Dilda asrab ushalmas orzularin.
Qalbing ham yuksalar cheksizlik qadar.
Shodon ko‘ngillarga zarrin gulchambar,
Yulduzlar taqqanda dur injularin,
Ilg‘aysan sevgining shux kulgularin,
Halovat yurtida kezib darbadar.
Bunda boqiylikka uyg‘un cholg‘ular
Kuyida baxt bilan to‘ladi osmon.
Sano aytilganda kelgan yig‘ilar
Qudratidan zir-zir titrar zimiston.
Tun ko‘ksini yorib taskin yog‘ilar,
Shunda quvonchimni aritmas hijron.
MENGA ATIRGUL YuBORGAN DO‘STIMGA
Shodon dalalarni kezdim sarsari,
Samodan to‘kildi billur tomchilar.
Pichan g‘aramlari — jasur jangchilar
Qo‘lidagi pachoq qalqon singari.
Sarkash tabiatning nafis xanjari
Mushk atrin taratib dilga sanchilar.
Gullarning boshiga durdan soch ilar
Titaniya tutgan aso gavhari
Uning iforini tuysam nogohon
Bog‘ atirguliga o‘xshamas holat
Ammo guling yetib kelgan o‘sha on
Meni sehrladi ajib tarovat.
Mayin va ohista so‘zlaydi nolon
Uzilmas do‘stligu tinchlik, sadoqat.
VAHMGA TUShAMAN
Vahmga tushaman qoqilsam nogoh
Qalam qon yurakdan dur termaguncha.
Qop-qop kitoblarda bitilgan izoh
Qalbda pinhon hisga erk bermaguncha.
Tunning charaqlagan yuziga boqib,
Bulutdan qissamga izlayman timsol.
Soyalari dilga kiradi oqib
Tasodif qo‘lining jodusi misol.
Tuyaman qo‘rquvning lahzalik ta’min,
O‘shanda sen tomon boqmas nigohim.
Shunda sevolmayman hijron alamin,
Shunda sevinmayman yetmasa ohim.
Dunyo chekkasida o‘y surib yolg‘iz,
Sevgi va shuhratdan qoldirmadim iz.
LA BELLE DAME SANS, MERCI*
1
Ey bahodir, og‘rinding nechun,
Yolg‘iz, horg‘in sudralishdanmi?
Yoki ko‘lda so‘lgan nilufar
Yo sayramas qushdanmi?
2
Ey bahodir, og‘rinding nechun,
Buncha horg‘in, buncha betoqat?
Olmaxonning inin to‘ldirgan
Ado bo‘lmas mashaqqat.
3
Qabog‘ingda ochilgan lola
Ko‘z yosh to‘kar ingranib xasta.
Yonog‘ingda so‘lgan atirgul
Qovjiraydi bir pasda.
4
Maysazorda uchragan xonim
Go‘zallikda parilar mohi.
Sochi uzun, yoniq tovoni
Ammo hurkak nigohi.
5
Gulchambar yasadim uning-chun
Bilakuzuklaru muattar belbog‘.
Sevib qolgandayin boqib men tomon
Chekkan edi shirin bitta oh
6
Men uni yo‘rg‘amga o‘tqazdim,
Engib o‘tib hadik to‘sig‘in.
Kuylar edi menga yoqish-chun
Parilarning qo‘shig‘in.
7
Topib berdi yomg‘irday yoqqan
Toza asal, bug‘doy manbain.
Va aytardi notanish tilda:
«Seni nechun sevmayin».
8
Olib kirdi elflar** g‘origa
Va xo‘rsinib achchiq yig‘ladi.
Uning hurkak, sarkash ko‘zlarin
Bo‘salarim tig‘ladi.
9
Allaladi, mudray boshladim,
Tush ko‘raman, musibat jonda.
Xayoldagi eng so‘nggi ro‘yo
Sovuq ungur tomonda.
10
Rangpar shohlar va malikalar
O‘lim bilan jonlari payvand
Hayqirishar: «La belle dame sans, merci,
Sen etilding zindonband».
11
Zulmatdagi qiyshaygan lablar
Lang ochilgan mudhish bir onda.
Men uyg‘onib o‘zimni topdim
Sovuq ungur tomonda.
12
Men shu yerda topaman qo‘nim
Sudralishdan dilim yayramas.
Garchi ko‘lda so‘lgan nilufar,
Birorta qush sayramas.
* La belle dame sans, merci (frantsuzcha) — Rahmat, beshafqat sohibjamol
** Elflar — German-skandinav va kelt folkloridagi sehrgar xalq
Inglizchadan Elbek Erkin tarjimalari
UNGA BU
Tirik buyuklar tashlanar ko‘zga:
Biri tabiat ila payvasta,
Olamni anglar kiprik qoqmasdan
Qalban Xelvillen cho‘qqisi uzra
Boshqasi – kulgi ila so‘ylaydi,
Yurtdoshlar sha’nin sandiqda asrar.
Uchinchisi – shu, chizar zo‘r asar,
Go‘yo Rafaelning ko‘zi o‘ynaydi.
Yangi asr qildi qadam ranjida
Va ko‘p narsalar keldi ergashib –
O‘zga dillarga bir olam zavq-shavq
Va yot xislatlar. Bazmlar avjida
Donessya yotdi kallasin qashib…
Odamlar! Tinglang –
Nafasda bor farq.
1816 yil, 20 noyabr
BAYRONGA
Qanday go‘zal sening g‘amgin kuylaring!
Yurakda nafis his jilo taratar.
Goh shafqatga do‘nib, udga bosh egar,
Goh titrar bu torga tekkan qo‘llaring.
Bodast yorishib ezgu so‘zlaring
O‘ziga uyg‘un bir holatni chorlar –
Sening yorqin shu’lang yashnasa agar,
Zimiston olamga yuz ochar zarrin
Bulutlar shunchaki oyni to‘sganday.
Chor taraf nur jilva shavqidan ravshan –
Qora marmar oqni yashirar atay
Ko‘rk olib serhasham chiziqchalardan.
Qo‘shiq kuyla, oqqush, kuyla, har qalay,
Maftunkor tasalli afzal alamdan.
1814 yil, dekabr
YoLG‘IZLIKKA
Agar shu ho‘mraygan bino ichra, o,
Sen ila yashashga mahkum bo‘lsaydim!
O‘rlar to‘lqinidan chopib o‘tsaydim –
Qo‘llasa Tabiat – serne’mat daho!
Va o‘rmonga borsak, boshimda hatto
Yashil ko‘lankalar jabrin ko‘rsaydim,
Jilg‘alar qo‘riqda jilva qilar jim,
Quv bug‘u arini hurkitar bejo.
Ha, bu – farovonlik, sokinlik aro
Bir shirin suhbatlar dilga bo‘lar jo –
Xayoliy va aql bovar qilmas shon, –
Bari darvishnamo, yo‘q dilbar sevinch,
Qay dam xilvatdagi boshpanang tomon
Bir juft bir oshno parvoz aylar tinch.
1815 yil, oktyabr
* * *
O, qanday sevaman sokin yoz shomin,
Baralla taralar tillarang shafaq
Va kumush bulutlar tizilib ilhaq,
Sabo siypalanar – dilkash bir onin
In’om aylab g‘amdan qutqarar jonin,
Qutulib eng qaysar xayoldan barhaq,
Birdan o‘nglanishga bo‘lib muvaffaq,
Eslar unutilgan kishilar nomin.
O‘tmish jasoratin tag‘in eslaylik,
Sidna qabristonin, Milton ta’qibin,
Qonni uyg‘otuvchi buyuk qulaylik,
Ruhan qanot qoqib erkinlik sari,
Afsunkor nigoh-la tikilgum betin –
Ko‘nglimni ko‘tarar sevinch yoshlari.
1816 yil, yoz
SONET
Choserning “G‘uncha va yaproq” dostonining
toza sahifasiga yozilgan
Doston bu – daraxtzor, tuyg‘un misralar
Oralab esadi salqin shabada.
Qay sayyoh hansirab qolsa mabodo,
Yaproqlar salqini darmon baxsh aylar.
Bujmayib, u shudring tomchisin izlar,
Lovullab o‘t yonar yuz-peshonada
Va nashazor behol sharpadan zada,
U qayga ko‘chganin fahmlay olar.
Qanday kuch go‘llikda buncha muqaddas!
Qanday xolisona tasallilar bor!
Menga na mashhurlik, na tole darkor, –
Men yotardim qalin o‘tloqda besas
Ko‘z yoshsiz! – ularday, kimda ko‘p hasrat
Hech kim bilmas… qushlar boxabar faqat.
1817 yil, 27 fevral
DENGIZ
Baqo shiviri-la orom olar u,
Banogoh chayqalib g‘or sari suzar,
Va betin shafqatsiz uni eritar,
Va g‘ordan chiqarkan ko‘tarar g‘ulu.
Sekinroq misol yo‘q, bo‘p turadi-ku,
Lekin chig‘anoqni ehtiyot qilar,
Oxirgi qasirg‘a qirg‘oqqa eltar,
Vo ajab, alarga ochiq kondir bu.
Voh, uning bunchalar zaif qarog‘i!
Keng dengiz ko‘zlarga beradi orom.
Siz ham, ey shaharda aylagan xirom,
Ko‘p ikir-chikirdan bitgan qulog‘i,
Dengiz shov-shuvida bir tekis marom,
Ko‘piklar qo‘shig‘in bilmaysiz chog‘i!
1817 yil, 16-17 aprel
* * *
O, buncha qizarma, buncha qizarma!
Yoki seni shuncha qiziqtirdimmi?
Agar sen jilmaysang – qirmizi oraz,
Muqaddaslik iffat deb bilayinmi?
“Yo‘q, hech qachon!” uchun or bo‘yog‘i bor
Va “Marhamat qilib ayting” uchun ham,
O‘ylab ko‘rish ila ikkilanishga –
“Bu qanday ro‘y berdi?” qatorda bekam.
O, bunday xo‘rsinma, bunday xo‘rsinma,
Momo Havvoga ham yoqqan yog‘upa!
Dudog‘ingga qo‘ngan nafis qirmizi
Va uni hamisha maqtarding ko‘pga.
Kel bo‘lmasa, olma teramiz yana –
Bizlardan bahor ham qochib qutulmas!
Nasib etdi aynan o‘sha xushbaxt on,
Emdi obdan o‘ynab-kulsak bo‘lar, bas.
Oh urarlar “ha-ya!”, kuyarlar “yo‘g‘-e!” –
Hajrida o‘rtanib, yosh to‘kib chak-chak…
Avlo bo‘lmasmidi jannat mevasin
To o‘zagigacha ikkiga bo‘lsak?
1818 yil, 31 yanvar
Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi