Anna Bronte (1820-1849)

Anna Bronte (Anne Brontë) opa-singil shoiralarning eng kenjasi hisoblanadi. Uning “Agnes Grey” (1847) hamda o‘limidan atiga bir yilgina avval nashr etilgan “Uayldfel uyidagi ijarachilar” (1848) nomli romanlari Angliya adabiyotida eng durdona asarlar qatorida e’tirof etiladi. Anna Bronte betakror shoira sifatida ham alohida e’tibor qozonadi. Shoiraning “Faryod”, “Qo‘y, yig‘lama”, “Alvido!”, “Rabbim, izn bergil seni sevmoqqa!”, “Madhiya” kabi jarangdor she’rlari ingliz she’riyatining eng bebaho meroslaridan biri bo‘lib qolgan.

E’TIQOD

Ezilgan, gunohkor, zor ko‘ngil bilan
O‘zimga ko‘milib yashayotirman.
O, shu-uncha g‘animlar, zo‘rlar dastidan
Men qanday sog‘-omon kelayotirman?..

Yaralangan, kuygan shu qalbim bilan
Huzuringga asta borayotirman.
Faqat sening ulug‘ karamingdir keng,
Faqat O‘zing, O‘zing qo‘lla, Xudoyim!

Netayki, men ojiz, osiy bir quling
Bilib-bilmay goho qilyapman gunoh.
Valek sening kuchli, madadkor qo‘ling
Bo‘lur boshim uzra har nafas panoh!

Bo‘lsa hamki ming bor shu keng yer yuzi
Bu yulduzli ko‘kdan qanchalar yiroq.
Dilimdagi har o‘t, g‘ussali so‘zim
Shaksiz, to‘g‘ri Senga yetgaydir biroq.

Men qo‘rqmasman shu-uncha g‘animlarimdan,
Va qilmasman ortiq jonim himoya.
Tangrim, axir O‘zing mudom men bilan –
Axir asraysan-ku meni hamisha!

O‘zgalar choh qazir bekor, behuda –
Olsang, bu jonimni O‘zing olarsan.
Yashay olsamgina mo‘min bandaday –
Xudojonim,
meni yaxshi ko‘rarsan!

FARYoD

Oh, qanchalar charchadim, toldim,
Hatto yig‘lagulik holim yo‘q.
Ko‘zlarim horibdi yig‘idan,
Yuragim to‘ladir nayza, o‘q.

Qanchalar hayotim yop-yolg‘iz,
Kunlarim o‘tadir sudralib.
Charchadim,
charchadim yashashdan,
Nahot bir do‘st kelmas hol so‘rib?

Oh, qismat, bilmassan o‘ylarim,
Men uvol bo‘lyapman sen uchun.
Batamom so‘nmasdan umidim –
Hech yo‘qsa, hol so‘rab kel bugun.

ALVIDO!

Alvido, sevgilim!
Alvido, sevgim!
Vido aytayapman senga chorasiz.
Holbuki, yuragim takrorlar isming,
Holbuki, muhabbat – topganim yolg‘iz.

O, sen chiroyligim, xushsuratligim!
Qayta toparmanmi olov ko‘zlaring,
Qayta tutasharmi senga yo‘llarim –
Netay endi olis bo‘ldi izlaring.

Gar taqdir hech qachon ko‘rmasa ravo
Shu aziz surating, qadrdon chehrang,
Mayli, uzoq ketar ovozing, illo,
Illo, yuragimda qolgay xotirang.

O‘sha sas, o‘sha sir to‘la tovushing
Sado beraverar ko‘ksimda har on.
Tuyg‘ularim tamom bo‘lmas hech qachon,
Ruhim seni, seni qidirar, ishon!

Yodimdadir, o‘sha o‘tli nigohing,
Har dam ko‘z oldimda etadir jilva.
O, sening o‘sha pok, oq tabassuming!…
— Tabassuming qanday etay ifoda?

Alvido, sevgilim!
Alvido, sevgim!
Lek hamon sevarman,
etgil ijozat.
Hamon yo‘qlayverar seni o‘ylarim,
Hamon nafas olar dilda muhabbat.

Ko‘z-yoshga alishib baxtli kulguni
Qanday bag‘ri to‘kis yashar bu hayot?
Ayting, kim topgaydir ishqqa o‘limni,
Huvilla-ab qolmasmi butun koinot?

RABBIM, IZN BERGIL SENI SEVMOQQA!

Rabbim, izn bergil seni sevmoqqa,
Borligim, yo‘qligim – tanho O‘zingsan!
Qaqshagan zabonim zordir aytmoqqa –
Sening pok nomingni ishq ila har dam.
Sening pok nomingni ishq ila har dam –
Aytsam, aytaversam…tugamasa ishq.
Ko‘nglimni harsangday bosadi bir g‘am,
Yuragimni pora etar shu og‘riq –
Bir kuni ruhim bu jonni tark etar!
Bir kuni ruhim bu jonni tark etar,
Men ayta olmasman muhabbatimni,
Jur’at etolmasman bayon etmoqqa,
Faqat sevadirman O‘zingni yakka,
O, Rabbim, vaslingdan etma benasib!
O, Rabbim, ishqingdan etma benasib!

Oldingda qarzdorman, ko‘p gunohkorman,
Barchasi uchun shu jonimni olgin.
Men osiy bandangga xaloskor bo‘lgin;
Sen-chun qurbon bo‘lsin shu shirin umrim!
Senga fido bo‘lsin aylanay jonim!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimalari