Alfred Tennison (Alfred Tennyson) Angliyaning Somersbi manzilida tavallud topgan. “Uliss”, “Tritonus”, “Artur Xollamning xotirasiga”, “Qirolning xayollari”, “Parchalan, o, dengiz, parchalan” kabi yuksak lirik she’rlar muallifi.
“PARChALAN, O, DENGIZ, PARChALAN…”
Parchalan, o, dengiz, parchalan,
Muzday, qora toshlar uzra, sen.
Mening esa tilim aylanib,
Xayollarim qayta uyg‘onsin.
Qanday farah – baliqchi o‘g‘li
Opasi ila kulmoqda yana.
O, bir yoqda dengizchi yigit
Kuylar ko‘rfaz tomonda, ana.
Tepaliklar oldidan sokin
Suzib o‘tar ulkan kemalar.
Hayhot, ular qoldirgan sog‘inch,
Ayriliq dilimni timdalar.
Sen esa parchalan, parchalan,
Qoyalaring ostida, dengiz.
Evoh, menga qadrdon kunlar
Jo‘shqin hayot qaytmagay hargiz.
YoZ OQShOMI
Qanday go‘zal uxlar qirmizi gulbarg,
Mavj urma to‘lqin – suvlar oqishi.
Baliqlar ham orom olarlar suvda,
Meni uyg‘otadi ari tovushi.
Ko‘z oldimda oppoq tovus tovlanib,
Oppoq ruhday yal-yal yonar qarshimda.
Zamin boshin qo‘yib samo ko‘ksiga
Go‘yo ko‘nglin menga etar baxshida.
Ko‘kdan dumli yulduz uchib tusharu
Butun o‘ylarimga solar qasirg‘a.
Nilufargul cho‘chib yig‘ar barglarin
Va asta berkinar ko‘lning bag‘riga…
“YoShLAR, MAJRUH YoShLAR…”
Yoshlar, majruh yoshlar, bilmam, ne ular,
Ilohiy g‘ariblik qa’ridan chiqib
Ko‘zimdan to‘kilar, to‘kilar…
Kuzgi dalalarga boqarkanman jim,
O‘ylarman kunlarim hech qaytmasligin.
Asov dengiz uzra miltirab ilk nur,
Eslatadi menga sotqin “do‘st”larim.
Yig‘idan qizarar tag‘in ko‘zlarim –
Dengizga ko‘maman bori mehrimni,
O, qanchalar azob – qaytmas kunlarim.
Oqara boshlagan yoz saharida
Eng erta kuylagan qushlarday hazin
So‘ngan ko‘zlarimga dard to‘lar mahzun.
Xandon otgan bog‘lar qayg‘umni bilmas,
Shuncha g‘am dilimda – kutgan kun kelmas.
Bir kun o‘lib ketsam, eslashar balki
Umidsiz, chorasiz xazon bargiday.
Baribir sevaman hammani birday!
Ilk sevgimday chuqur, dardimday og‘ir,
Netayki, yangi kun tugadi oxir!
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi