Usha Akella 1967 yili Hindistonda tug‘ilgan. Uning ijodidan ilk namunalar AQSh va Hindistonning ko‘plab gazeta va jurnallarida chop etildi va ijodkorni kitobxonlarga tanitdi. Ushaning birinchi kitobi “Kali raqslari” deb nomlanib, u Hindistonda nashrdan chiqqan. Ushbu asar o‘quv qo‘llanmasi sifatida Smit kollejining Osiyo-Amerika adabiyoti kurslariga kiritilgan. Usha Akella ijodida tasavvuf she’riyati yetakchi o‘rinni egallaydi. U ingliz tilida tasavvufona she’rlar bituvchi sanoqli shoiralardan biridir. Usha Akella taniqli musiqachi Stiv Gon bilan doimiy hamkorlikda ishlaydi. Ular birgalikda “Muloqot” deb nomlangan CD-albomni tayyorlab tinglovchilarga taqdim etishgan.
KO‘LGA SADOQAT
Qarayman, Oxrid ko‘lin mitti mavjlari unga sadoqatin etar namoyon
tasdiqlayman shoir kabi demasman yolg‘on, haqiqatni aytgum
bu tosh yo‘lu ko‘k gumbazni kelinchakning xinosiday
chaplashtirgan quyosh, kaftim izlari –
yashirin iyeroglif haqida, bori haqiqatni aytgumdir
kim men orqali nafas olayotgani, ushbu yaproq,
xitoy atirgulin jasorati va uning qirolichalarday
qanday taxtga o‘tirishi bu koinotda, kelib chiqishimu
yurak dupuri, munosabatlarim haqda bor gapni aytgum,
odam borki bir paytda ham ko‘zgu ham soya,
she’riyat – ma’shuqa, Xudoligiyu
azobkash ekanin, men esa bir qul, qo‘lda patqalam,
bir nuqtadan nargisi tomon,
qayoqdandir onamnikiga so‘ngra uydan
uysizlikkacha o‘tishimga oid haqiqatu
g‘altakdagi ip misoli o‘zini menga o‘rayotgan
koinotni nimagayam sevishim haqda borini aytgum…
bularning baridan hech xabarim yo‘q.
BAHOR
Bu bahordir. Yaproqlar so‘lg‘in.
U bahordir. To‘kiladi barg.
Osmon moviy rangda. Ul bahor.
Zaminning qo‘llari cho‘zilgan. Gulbahor.
Bu bahordir. U emin-erkin.
Shu bahordir. Qabul qilmas xotiralarni.
Do‘stu yorga do‘n. Bul bahor.
Senga aylanadi yoru do‘st. Gulbahor.
Bir iz qoldirmasdan uchgil qush. BAHOR.
QUROLLARING QAYoQDA, IROQ?
1.
Dunyo uning xayolida o‘rgimchak uyasining tolasi misol,
unutmish ul voqelikning puchmoqlarida
asl yoshini, ammo sevgi o‘jar – miltillar cho‘g‘i,
pingvin yoxud toshbaqaning kalta-kulta qarichidek
etim qondoshlarin qamchi ila yo‘naltirar u.
Bu barcha nur g‘oyib bo‘lur zimiston makon,
gunohlarimizni yuvish uchun suvga sho‘ng‘ir go‘daklar,
ular buni tushirolmas qog‘ozga – birikmalar muz qotmish,
masxarabozlar bayramidagi niqoblar kabi;
na hukm, na tushuncha ichra,
ko‘ngillari so‘ldi – gulbarglar qog‘ozga qarar mo‘ltirab,
payg‘ambarga hech tovush eshitilmas bu cho‘lda.
2.
Nari yo berida yurgan erkin zot, erkin uchyapsanmi,
Quyosh qizir qo‘llaringda, qaynoqdir kul, kuygan jish xotira.
Chalinyapgan qo‘ng‘iroqmi bomabalarning o‘rnida?
Kiyganingiz Xudo terisining rangimi?
Tungi yulduzlarday ko‘kni qoplar mitti qo‘lchalar,
Barcha tug‘larning rangi, bizga rangli qog‘oz tangachalar ot,
Onaga uxlash-chun ko‘maklash, biz unutilgunga qadar qo‘shiq ayt bizga.
TAShLANMAGAN PO‘ST
Goho ovoz qaytarar tovush,
She’rdan nurli so‘zlar berar aks,
Ota-onasini davolar go‘dak,
Yangi uyqu chiqar ro‘yodan,
Dunyo po‘st tashlaydi, chuvalanar u.
Shu dunyo og‘zidan chiqar qirg‘inlar,
Bo‘lingan boshlardan yangi o‘lkalar,
gullar yangi yara, uchar quzg‘unlar,
past Xudolar, Eros qoldiradi iz.
Dunyoning bu qaltiroq qo‘li
Bir pul qilib qaytarar qalbni,
Maxluq berar odam o‘rniga,
Hayot uchun murda, kaptarga kalxat,
Yagona til, ming bitta zabon.
Kim nimani qaytarar kimga?
Ingliz tilidan A’zam Obid tarjimalari