Rati Saksena (1954)

Rati Saksena – hind shoirasi, 1954 yilda tavallud topgan. Jaypurdagi Rajashton Universitetida saboq olgan. Vedalar, ayniqsa, Atharvaveda bo‘yicha maxsus tadqiqotlar olib borgan. Ingliz, hind va malayalam tillarida she’riy kitoblari bosmadan chiqqan. She’rlari ko‘pgina tillarga, jumladan, fors va italyan tillariga tarjima qilingan. O‘nga yaqin malayalam tilidagi she’riy va nasriy asarlarni hindchaga tarjima qilgan. R. Saksena 2000 yildagi Kendriya Sahitya Akademiyasining tarjimachilikka oid mukofoti sohibi. Ayni paytda www.kritya.in veb-jurnalining bosh muharriri lavozimida faoliyat olib bormoqda. To‘rt yildan beri buyuk hind diyorida xalqaro she’riyat anjumani o‘tkazib kelmoqda. She’rlarida xotiralar, yolg‘izlik, turli munosabatlar, tabiat mavzulari ustunlik qiladi. Rati Saksena 2007 yilda o‘z veb-jurnalining dekabr sonini o‘zbek she’riyatiga bag‘ishlagan, unda ko‘plab o‘zbek shoirlarining asarlariin ingliz va hind tillarida keng kitobxonlar hukmiga havola etgan. Uning she’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinyapti.

MEN OFTOB EMASMAN

* * *

Men oftob emasman
nur kukunlari
tanamdan tarqalsa har tomon
ammo aniqki
qop-qora soya
badanimdan chiqib
yoyilar
quyoshga ters turganim zamon

* * *

Quyosh cho‘kib ketdi
demishlar
bilaman
u qaytib chiqadi
kuchga to‘lib
erta azonda
cho‘kayotgan o‘zimiz faqat
taftu zulmatda

* * *

Naq mening oldimda
ketib borayotgan paytda u
yig‘ishtirayotgandim o‘zni.
Qaraganda menga
qayrilib
to‘kila boshladim
tomchi-tomchilab.

* * *

She’r yozmoq uchun
yurmog‘ingiz kerak
olov ustida.

MITTI TILAK

Mittigina tilagimni bajo etish-chun
Aslo istamagan bo‘lardim
samo yosh to‘kishin bir tomchi
yulduz shaklida

BO‘Y-BAST

Endi-endi bo‘y cho‘zarkansan
Belingdan shart kesib tashlashar
Bo‘ying ancha cho‘kib qolsa gar
Oyog‘ing o‘rniga o‘rnatilgaydir
Yasama oyoq
Tinmay chiranishar bo‘y-basting
Bir xil saqlanmoqligi uchun.

MUNOSABATLAR

Ayrim munosabatlar
Haqiqiyga do‘nishdan avval
Qovjirab ketadi
Issiq qum ustida

Ba’zilari esa
Bir umr
Yonib yotar
Xuddi cho‘g‘ misol

Ayrimlari birga-birga yuradi
Boshqalari to‘xtar o‘rtada.

Qani, ayting, qaerda unda
Bunday ajib aloqalarning

Safar so‘ngigacha qoladigani?

SO‘NGGI DUO

So‘zlar lablarimda tentiragan on
Xayollar zerikib o‘ladi
Endi duolar ham bo‘lmaydi ortiq
shikoyatlar hech

Nechun shu bugungi duolarimni
So‘nggi lahza uchun qo‘ymayman saqlab?

RANGLAR DUNYoSIDA

Almisoqdan burun
Kamalak tug‘ilmasdan ilgari
Ranglar dunyosida
Bittagina rang mavjud edi
Na ko‘k va na sariq
Na qizil, qo‘ng‘ir
Faqat bitta rang
O‘limdan kuchli
Jimjitlikday chuqur
U yoqdan bu yoqqa cho‘zilgan
Olov makoni
Tussiz rang

Urug‘ tiriklikka aylandi
Bolalarni tug‘di bu hayot
Ranglar sudralishib kirdi zaminga
Qoyalarni yerga do‘ndirdi
Ayrimlarin chiqib qanoti
Samoga soyabon bo‘libon uchdi
Asosiy tirgakka kuch bo‘ldi ranglar
Barglar qanot yozdi umurtqalarda
Soyalar tin oldi ranglar tufayli
Uyqusirayotgan daraxt ostida

Chak-chak tomdi nur tomchilari
Qiyg‘os-qiyg‘os ochildi gullar
Yaltiray boshladi ranglarning yuzi
Rangli tus olib

Ranglar bilan o‘ynab-quvnagan
Qad rostladi ranglar o‘lkasi
Unutib
Sudraluvchi tuslar safarin

Do‘stlarim! Shu ranglar vasfida
Haqiqiy deb ko‘rilmish ranglar
Bunda mavjudmas.

SEVGILIMGA MAKTUBLAR

Sevgilimga yozaman xatlar
oqizaman Udaypur-ko‘lga
raqsga tushib u baliq misol
tutib olishini ko‘raman
Maktublarim – mitti fonuslar
kabi tunda oqib boradi
ko‘cha raqqoslarin kaftida

Xatlarimni
qora qog‘ozga
qora siyoh bilan bitaman
O‘qiy olarmikin sevgilim
Ol rangda, deb xavotirdaman

Ishq tilida bari yozganim
bilganim bir sanskrit tilidir
ammo qaydam, o‘qiy bilarmi
xatlarimni u ishq tilida?

Men unga ishqiboz
u menga ma’shuqmas
u meni sevadi
sevmaydi meni u
oh ishqimning gullari unga
sevgim haqqoniyligin ayting!

Ey, qadrdon ko‘lim
qaydasan?
Udaypurim, meni qutqargil!

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjima qildi