Kunvar Bechayn 1942 yilda Uttar Pradesh shtatining Foziobod shahrida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Ayni paytda shu shahar universitetida professor bo‘lib ishlamoqda. Kunvar hindu mazhabiga mansub bo‘lsa-da, ijodiy va ilmiy faoliyatining katta qismini islom adabiyotini o‘rganishga va boyitishga bag‘ishladi.
Jumladan, u g‘azal janrida tinmay ijod qilmoqda. Shu paytgacha shoirning 10 ta g‘azallar to‘plami e’lon qilindi. Bundan tashqari, ikkita she’riy to‘plam, bir roman (“Markand oroli nilufari”), bir tanqidiy risola (“Fazal grammatikasi”) ham uning qalamiga mansub. Kunvar hind kinolariga qo‘shiq yozishda ham benazir. To‘rtta kasseta va besh qo‘shiqlar to‘plami hind qo‘shiq shinavandalarining doimiy hamrohi.
Kunvar Bechayn Hindiston hukumatining bir necha oliy mukofotiga sazovor bo‘lgan.
* * *
Agar men bo‘yin bo‘lsam, u arra misol erur,
Chok ko‘ksim aro dil ham jonimga zavol erur.
Bolalar hamyonining “jingir”in terib oldik,
Aybi yo‘q gadoylik-da, ne topsak halol erur.
Ertayu kech qornimiz maymun kabi o‘ynatur,
Rostin aytsam, maymun ham bizdan bemajol erur.
Har ne yuk bizni ko‘rib o‘zini ortmoq bo‘lar,
Go‘yoki biz eshakmiz, bizga bemalol erur.
Tun va kun otashkurak, qisib olgan jismimiz,
Dunyo lovillab yongan alangai ol erur.
* * *
Chehrai olingga soldi behisob gul shishadan,
Balki tirnab tashladi bir sof ko‘ngul shishadan.
Notavon dil maqsadi yodini but tutmoq edi,
Parchalarni butlagandek bir zamon shul shishadan.
Jizg‘in oftob tig‘ida xo‘p jizg‘inak bo‘lgan edik,
Soyabonimiz, yoronlar, endi butkul shishadan.
So‘zlabon guldan rivoyatlar ko‘ngil shod o‘lmadi,
Qoldik uxlab bir fasona ayta gul-gul shishadan.
Endi odamlar eshitmoq-chun o‘zining tovshini
Sindirar dilni, olib ibrat yana shul shishadan.
* * *
Sen ham sal o‘zgarib ko‘r, men ham o‘zgaray biroz,
Ne bo‘lsa bo‘ldi, dillar to‘yguncha so‘ylasin roz.
Bu oynalar fe’li shu, o‘zgarmagay hech qachon,
Kel, endi aftimizga beraylik o‘zga pardoz.
Shoyad ko‘z yoshlarimiz shabnamdek yuvgay yuzni,
Gullar zaxmiga endi malhamni qo‘yaylik soz.
Balki yangi choralar qo‘l kelib qolar bizga,
Boshqacha yayrab ko‘rdik, boshqacha g‘am cheksak boz.
Hijron oldidan, Kunvar, shundayin visol kelur,
Bir ish qilaylikki, to o‘zgarsin ushbu andoz.
* * *
Gulni xor qilmoqqa shaydir ba’zilar,
Dilni zor qilmoqqa shaydir ba’zilar.
Men birovning hovlisida xok-turob,
To devor qilmoqqa shaydir ba’zilar.
Sho‘x navolar tarqatardi temir sim,
Torni dor qilmoqqa shaydir ba’zilar.
Qiymalab ko‘nglimni ko‘ngli to‘lmayin
Endi yor qilmoqqa shaydir ba’zilar.
O‘sh go‘daklar jismini bismil etib
Iftixor qilmoqqa shaydir ba’zilar.
* * *
Bo‘lmasin har qancha mahkam, singusi zulm shamshiri,
Parchalangay bir kuni poyingda qullik zanjiri.
Avvalambor aytib erdim, shishaga solma diling,
Shisha birla bo‘lg‘usi chil-chil ko‘ngilning tasviri.
Unga xat yozmoqdan oldin menga ravshan erdikim,
Elga uchgay so‘zlarim yo‘lida, qolmasdan biri.
Daf’atan avzoiga tushgach ko‘zim, bildimki u
Beayov yiqqay dilim qasrini ayyor, kashmiri.
Manglayim terinda bo‘lsa had agar, bas, shunda ham
Bir yo‘li ishvangda hal bechora Kunvar taqdiri.
* * *
Quyosh chiqdi, ko‘rindi ko‘zga turluk rang-barang olam,
Yurak oppoq qog‘oz, to‘lmish o‘shal ranglar ila shul dam.
Oh-vohlar, ko‘z yoshi, faryodu nola, noz-firoq
Ishq daryosida qirg‘oqlar erurkim, baland, mahkam.
Ko‘p oqdim men bu daryoda, olishdim mavjlar birlan,
Vale bir cho‘p jonimni saqladi har gal, nechun bilmam.
Quyosh ham oy kulib, goho poyonsiz Kahkashon ko‘kda,
Imolar birla yo‘l boshlar edi menga bo‘lib hamdam.
Havo, suv, o‘tu osmon, yer shu beshta nom bilan seni
Bani odam qilib, Kunvar, elda noming muhtaram.
* * *
Rasvoyi olam erurmiz, rasvo olam na bilur,
Farq bo‘lgan holini daryoyi a’zam na bilur.
Ko‘nglimiz ichra chiroqlar tinmayin pir-pir qilur,
Parcha nurning qadrini dud bosgan ul sham na bilur.
Qaysi telba kuy tufayli telbarab qoldik bu kun,
Labdagi nay nolasining ma’nisin dam na bilur.
Qanchalik yolg‘iz erurman g‘uj shaharning qo‘ynida,
Fuj shahar tanholigi holimni, qaydam, na bilur.
Telba daryolar dili qayda, qachon chok bo‘lmish-a,
Qor va muz qo‘ynida yotgan toqqa ne g‘am, na bilur.
* * *
Fayrni oshno qilmoq adosi qolmadi endi,
Mahfili dilni bezatmoq havosi qolmadi endi.
Uyimga kelganidan beri bir qimmatbaho sholcha
Hadiksiz kirdi-chiqdilar safosi qolmadi endi.
Riyoli kulgilardan lablarim andoq azob chekmish,
Ki astoydil tabassumning ibosi qolmadi endi.
Meningdek bormu “vanna” ishqibozi g‘usl qilmoqqa,
Ne tong, yomg‘ir suyining mubtalosi qolmadi endi.
Vaqt berahmu beshafqat erur bizga mudom, Kunvar,
Na minnatning, na himmatning bahosi qolmadi endi.
* * *
Sirtidagi qorani pinhon tutar oina,
Aybimizni barchaga ayon tutar oina.
U bilar na iymonni, na dinni, na vijdonni,
Qo‘ldan-qo‘lga o‘zini chunon tutar oina.
Sal zarbadan bo‘linib, chil-chil bo‘lar zumdayoq,
Mengzab bizni ham o‘zga yakson tutar oina.
Sindik uning dastidan necha bor, churq etmadik,
Bir qulab, faryodi naq osmon tutar oina.
Pardoz chog‘i Kunvar ham darz tushirdi beboshvoq,
Bilmadim, endi yo qon, yo jon tutar oina.
* * *
Tomchi suv cho‘g‘ uzra qolgay tobakay,
Xorlik yoqadan olgay tobakay.
Bir kuni biz ham olurmiz so‘ng nafas,
Dam pufak ichinda qolgay tobakay.
Bir kuni isming yozib zar varaqda
Ham vido kuyini cholgay, tobakay.
On yetib, barcha bo‘lurmiz xok-turob,
Nur olov olamga solgay tobakay.
Ishq gulining g‘unchasi, Kunvar, nozik,
Sinmayin boshimda tolgay tobakay.
* * *
Bo‘lsa imkon ko‘nglim ichra yayragil, yor, bir nafas,
Shox bo‘lay, bulbul bo‘lib sen sayragil, yor, bir nafas.
Zimziyo tun bag‘riga olganda borliqni tugal,
Och yuzingni, tunni kunduz aylagil, yor, bir nafas.
Bunchalar nordonu achchiq bo‘lmasa jomi hayot,
Obi rahmatdan tatib “hay-hay”lagil, yor, bir nafas.
Dur bo‘lib bir dona, yetdim ko‘zlaringga, qorako‘z,
Kiprigim uchida yoshdek joylagil, yor, bir nafas.
Bir kelib ketgancha qaytib kelmaging dushvor erur.
Intizorlik bodasin to shaylagil, yor, bir nafas.
* * *
Yo‘q qo‘narga manzilim, to manzilim bo‘lsang-chi, yor,
Zor dilim qaydin topay, endi dilim bo‘lsang-chi, yor.
To‘rt tomon jimjitligu tanholigu vayronalik,
Dilda ham yo‘q bir sado, kel, mahfilim bo‘lsang-chi, yor.
Ishq o‘tida yonganimni so‘zlasam men qanchalik
Shunchalik oson tutarlar, mushkilim bo‘lsang-chi, yor.
Bor hayotim, bor g‘amim, otash nafas, qaynoq dilim
Barchasin olmoq bo‘libsan, qotilim bo‘lsang-chi, yor.
Tobakay sarson yurarsan, ayt, Kunvar, tobakay?
Misli daryo toshganimda sohilim bo‘lsang-chi, yor.
* * *
Zarba ustiga zarba berganga rahmat,
Ayni yurakka urgan merganga rahmat.
Uxlamagan edim men, ko‘p ishlar qildim,
Tunlar uxlamay yulduz terganga rahmat.
Eski yaralar bitar, yangilari ochildi,
Yaralarni bor bilgan, e sanga rahmat.
Bekorga zina qurmoq menga zarurmi,
Zap keldingiz, devorlar, kelganga rahmat.
Fam bor ekanki, shoir she’r yozib turgay,
Fam berib, xursand bo‘lgan erkangga rahmat.
Ko‘ngil-da, endi dunyo menga uy emish,
O‘t qo‘ysa unga har kim der “anga rahmat”.
Unutmoqlik bobida yagonadirman,
Kunvarni boplab, ko‘krak kerganga rahmat.
* * *
Boshdan-oyoq yonar shahar, bizlar esa jim, lolmiz,
Kuymoqdadir hujayralar, bizlar esa jim, lolmiz.
Bo‘g‘zimizga qadalgandir o‘tkir-o‘tkir pichoqlar,
Yutganimiz og‘u, zahar, bizlar esa jim, lolmiz.
Kecha bilan yo‘q bugunning zarra farqi, ko‘zlarim
Qon to‘kadir shomu sahar, bizlar esa jim, lolmiz.
Qo‘ldagi mavj uzra yuzgan kema ham yuz o‘girib
Ketmoqdadir bizdan badar, bizlar esa jim, lolmiz.
Firt yetimdek o‘z uyimga sig‘madim, Kunvar, netay,
Darbadarman, oh, darbadar, bizlar esa jim, lolmiz.
* * *
Barcha ishim zo‘r, ammo bir cheti chatoq hamdir,
Do‘st bilganim dushmandir, jonimga tuzoq hamdir.
Unga qanday nom berish endi bizga tan erur,
Hayot bu o‘rmon hamdir, hayot bu chiroq hamdir.
Xuddi qishloq uyiga o‘xshaydi, do‘stlar, odam,
Hovli, devor, kulba bas, bir ajib quroq hamdir.
Chuchuk-chuchuk so‘zlashib bolalar bilan bildim,
Chol bo‘lsam-da, bu ko‘ngil ma’sum, yosh va oq hamdir.
Qalbi nolonim bamisli mahbusa ayol qo‘li,
Tilla baldoq va kishandan, Kunvar, u qadoq hamdir.
* * *
Ko‘zlarimga to‘ldirib ishq obini g‘azal aytdim,
Yangidan olib eskining tobini g‘azal aytdim.
Kaftiga ne yozganin ko‘rdim, o‘zining ismi-kan,
Kaftimas, ko‘zga surib mehrobini g‘azal aytdim.
Qancha aytdim, har g‘azal fosh aylagay sirringni deb,
Koshki dil uqqay so‘zim bir bobini, g‘azal aytdim.
Lablarim kiymish yangi so‘zlar libosin, vo ajib,
Ko‘zlarimning achchiq-achchiq xobini g‘azal aytdim.
Ko‘kda oy o‘z-o‘zi birlan to g‘azalxonlik qilar,
Erda men ham ko‘z yoshim girdobini g‘azal aytdim.
So‘zlarimdan goho dud, goh o‘t chiqib, boz kuydirar,
Dermisan bir kun, diling zardobini g‘azal aytdim.
Inja barmoqlar qog‘oz uzra tizib so‘z durlarin,
Kunvar aytarkim, ko‘ngil ahbobini g‘azal aytdim.
Hind tilidan Amir Fayzulla tarjimasi.