Kato Javaxishvili (1979)

Kato Javaxishvili (კატო ჯავახიშვილი) — gruzin shoirasi.

O‘G‘LIM

Allanechuk holat. Umidsiz. Sevgi. Odat.
O‘zni yo‘qotdik. Qisqa kun. Ikkimiz. So‘zsiz.
Qish yechindi, latta-puttalarin oyoq ostiga tashlab.
Man qilingan javobu savollar. Ko‘z yoshlar – bor yo‘g‘i
Achchiq suyuqlik. Yurak yorilar necha bor, –
Shuncha soxtalik.
Gapiryapman. Ishonasanmi.
Ikki bora kechar ekvatorni soat millari, so‘ngra
Bizni otib yuborar vaqt ortiga. Yana ikki bor.

Men shunday yozaman. Sen yonimda. Sen menda. Mendan orqada.
Mening so‘zlarim aro. Mening so‘zlarimda. Garchi ko‘pi
Aytildi, shekilli. Bitta, shekilli. Hech narsa, shekilli.
O‘tiribmiz birga, uyda, o‘sha uzun ayvonda…
Soatingga qara. Necha bor yurak yorilar,
Shuncha ezgulik.
Gapiryapman. Ishonasanmi.
Ikki bora kechar ekvatorni soat millari, birdan,
Parchalanar kun oyoq ostida. Yana ikki bor.

Men shunday yozaman:
Sening xayollaringda. Sen uchun. Senda.
Man etilgan javoblaru savollar. Agar birdaniga
Kiyim yirtilsa. Axtarasan ortingdan qo‘llovchini.
Oldinda devor. Ketging keladi
Hali yana qaytishing kerak.
Sen mening so‘zlarimda orom ol, shunga qaramay,
Biroq hech qo‘llaring bilan qachon yuzingni yopma…
Gapiryapman.
Ishonasanmi.
Ikki bora kechar ekvatorni soat millari, so‘ng
Bizni uloqtirishar lahza ichidan. Yana ikki bor.

…Mening siyohlarim qog‘ozda, uni to‘kib yuborma faqat –
U rangsiz…

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi