Andro Buachidze (1957)

Andro Buachidze — gruzin shoiri. «Saba» (2005) va «PEN-marafon» (2005) adabiy tanlovlari laureati.

* * *

Qara, hayot bu – rutubatli bir dahliz.
Faqat xira chiroq sal sirlar poygahni,
Eshik va deraza oy nuri-la yolg‘iz.
Qara, hayot bu – rutubatli bir dahliz.

Quvonch – lahza, biroq evriladi kulfatga.
Bilgil chunki, doimo zavqu alam – bir yurar.
Ha, neki bor – bu rutubatli bir dahliz.
Faqat yolg‘iz ayol, bir suhbat, bir o‘qdir
Yo‘l bir, boshqasi faqat shu bahs sharpasi,
Qara, hayot bu – rutubatli bir dahliz.
Eshik va deraza oy nuri-la yolg‘iz.

KAShTANZOR ORALAB

                         Gustav Mayrink kitobiga yozuv

Mash’um tunda eshitilar murda ovozi
Kashtanzor oralab, suv shovqini oralab.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi,
Bo‘shliqni shamolga to‘ldirib, nurga qoplab.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi
Tund chimzor, xiyobon xira shu’la juvonmarg.
Uning qo‘llari miltillab eltadi menga
Va varaja novdadan uzar quruqshoq barg.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi,
Istarali, qirtishlangan, xo‘b yasangan.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi,
Faqat nigohida alamlar sal akslangan.
Mtkvari xotirlar tinsiz har bir murdani,
Oqim-la tepaga qo‘zg‘alar og‘ir-lohas.
Chuchuk ko‘z yoshlari unga kerakmas sira –
O‘tganlar bayramin ko‘rishdir unga havas.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi,
Hasratda qiynalib, yoqimli iliqlik-la,
Va go‘yo ko‘zgudagi aksi singari
O‘zgaramiz bir chetdan, singib o‘sha rangga.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi,
Namli lablarimiz bilan gapiramiz biz.
Ko‘lning sathini mavjlatgan halqalar kabi
Og‘iz ichra so‘qir gunglikda guvillar so‘z.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi,
Bepoyonlik chayqalar tim qosh qorayganda.
Ko‘z quyqasida so‘nikkan qo‘rg‘oshin tusi,
Yaynaru so‘nar oqargan ko‘rfaz shu’lasi.
Mash’um tunda eshitilar murda ovozi –
Oy halqasin hayajonda shoxlar to‘zg‘itar,
Nurlari zulmatda miltillardi izlari–
Murdam mening, suhbatdosh – sodiq keksa do‘stim.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi