Mashhur yunon shoiri Mixalis Ganas (Μιχάλης Γκανάς) 1944 yili Yunonistonning tog‘li Fesprotiya o‘lkasida tug‘ilgan. O‘n sakkiz yoshidan Afinada yashaydi. Kitob savdosi bilan shug‘ullanadi. Televideniyeda muharrir vazifasida ishlaydi. Uning qisqa she’rlaridan iborat «Qora toshlar», «Shishali Yannina», «Ballada» nomli she’riy to‘plamlari va nasriy she’rlaridan iborat «Vatanim — o‘gay onam» kitobi nashr etilgan. Bu kitoblarning har biri besh-olti martadan qayta bosilgan. «Ballada» kitobi uchun she’riyat yo‘nalishidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
* * *
– Sen o‘lmaysan-a, onajon?!
– Fonusni o‘chirgin, bolajon.
– Onalar ham o‘ladimi, axir? Onalar o‘lmas hech ham.
– Yo‘q. Yo‘q. Olovdan ehtiyot bo‘l, bolam.
– Nikolisning onasi nega o‘ldi?
– Kasal edi sho‘rlik, og‘riq ado qildi.
– Tishing og‘rigandimi, jonim onam?
– Tish – boshqa gap. Tish og‘riganidan o‘lmas odam.
Bor, bolam, o‘yna.
– Istamayman. Istagim shu – ona, sen o‘lma.
– Valdirama, bolam. Tovani keltir.
– Momomiz o‘ladimi, u – qari kampir?
– Qo‘rqma, sen unda katta bo‘lasan, albatta.
– Qanchalik katta?
– Erkak bo‘lasan. Xotining bo‘ladi va bolang.
Ehtimol, yo nasib, bo‘lar nevarang.
– O‘shanda sen qanday bo‘lasan, onajon, axir?
– Xuddi momong kabi. Bir qari kampir.
– Momomday? Tishi yo‘q, ko‘zlari ko‘rmas…
Yo‘q, sen undoq bo‘lmaysan. Onalar o‘lmas.
O‘lmassan. O‘lmaysan-a, onajon?
– Yo‘q, o‘lmayman. Keltirgin qozon.
– Agar o‘lsang, men ham o‘laman shu on.
Ishon, onajon.
– Bunday dema, tilingga chiqsin-a chipqon.
– Sen o‘lsang, o‘lib qolaman aniq,
Bilib qo‘y, onajon!
– Eshityapsanmi, jim bo‘l, bunday dema, bolajon?!
Eshityapsanmi?
… Eshityapman. Yolg‘onchiman men. Buyuk yolg‘onchiman..
Sen va’dangda turmading-da, onam, o‘lmayman, deding-u, o‘lding.
Men sen o‘lsang, o‘lib qolaman, degandim.
Hali ham o‘lmadim. O‘lolmadim.
Eng mohir yolg‘onchiman men.
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimalari