XX asr jahon adabiyotida o‘ziga xos, takrorlanmas iz qoldirgan atoqli frantsuz shoiri, yozuvchi va dramaturgi, kinostsenarist va adabiy tadqiqotchisi Raymon Keno (Raymond Queneau) 1903 yilda Frantsiyaning Sena daryosi etagidagi port-shahar Gavrda tug‘ilgan. “To‘sqinlik”, “Odila”, “Qahraton qish”, “Zazi metroda” kabi romanlar, “Agar, agar shunday o‘ylasang”, “Mandolina chalayotgan it”, “Shahardagi sayrlar”, “Qishloqdagi sayrlar”, “To‘lqinlar bo‘ylab”, “Yuz ming milliard she’r” kabi nazm kitoblari, “Stilistik mashqlar”, “Kichkina portativ kosmogoniya” singari ilmiy-tadqiqiy asarlar muallifidir.
Gonkur Akademiyasining a’zosi, syurrealizm harakatining faol qatnashchilaridan bo‘lgan Raymon Keno frantsuzlarning eng sevimli shoirlaridan biridir. Uning juda ko‘p she’rlari qo‘shiq qilib aytiladi.
HECh QO‘RQMAYMAN MANGU TUNDAN
Bo‘g‘imlarim o‘lsa agar, qulog‘im, burnim
Ular bilan birga o‘lsa, qo‘rqmasman mano.
Nega qo‘rqay, bir dunyoda bor gap-ku o‘lim,
Pashshaday bir zaif jonman, men Raymon Keno.
Sohildagi do‘konlarda chang bosgan, noyob
Kitoblarga tushsa ko‘zim, qo‘rqmasman uncha.
Yillar bo‘yi she’r yozib, goh o‘limni yodlab
Valdiragan bo‘lsam o‘zim, qo‘rqmasman uncha.
Bir-biriga tutash qoboq – sohillar aro
Oqayotir yumshoq kecha, uncha qo‘rqmayman.
Qora qizning kulgisiday mayin – bu asno,
Ikki qutb asaliday qorga yuqlangan.
Hech qo‘rqmayman mangu tundan, mangu uyqudan.
Qo‘rg‘oshinday og‘irdir u, og‘ir, ehtimol.
Qo‘rqinchroqdir qulayotgan qop-qora uydan,
Qo‘shni ko‘prikdagi gadoy kabi gungu lol.
Men qo‘rqaman boshqa narsa – azob, qayg‘udan,
Hayot oqimiga ziyon burguvchi g‘amdan.
Xastaliklar, xira tortgan aql, og‘riq tan
Qorishganda qulaydigan jardan qo‘rqaman.
Ammo meni ilintirmoq uchun qarmoqqa
Izg‘ib kelgan esi pastdan qo‘rqmayman uncha.
Loyqalanmas ko‘zim uch-to‘rt ahmoq so‘roqdan,
Jasoratim osonlikcha sinmas buguncha.
Men kuylayman qahramonlar – Uliss, Axillni,
Don Kixotni yo Sanchoni yo boshqasini,
Baxtlilarni, yuragimga yaqin faslni,
O‘rmon, daryo, ma’sum qizning bir jilvasini.
Bugun esa soatimning ikkita mili
Yutib horgan chog‘i sizga arzim bor ichkin:
Kechiringlar meni, hayot mangumasligi
Borasida shikoyat-la kuyladim g‘amgin.
KIYINIShGA TO‘LA HAQQING BOR…
Cherikka bosh bo‘lsang jangga kirishda
Janda kiyib yursang bo‘ladi;
Va yutqazgan bo‘lsang urushda
Janda kiyib yursang bo‘ladi.
Qip-qizarib ketganda samo
Kamzul kiyib yursang bo‘ladi;
Agarda yo‘l bersa ob-havo
Kamzul kiyib yursang bo‘ladi.
Chuvalchanglar qilganda bayram
Kalish kiyib yursang bo‘ladi;
Bog‘da agar havo bo‘lsa nam
Kalish kiyib yursang bo‘ladi.
Suv parisin yoqtirib qolsang
Skafandr kiysang bo‘ladi;
Qalbing unga bermoqchi bo‘lsang
Skafandr kiysang bo‘ladi.
Agar o‘zni his qilsang yomon
Qurol taqib yursang bo‘ladi,
Qo‘rquv senga bermasa omon
Qurol taqib yursang bo‘ladi.
Gumburlasa Yerning holi tang
Kafan kiyib yotsang bo‘ladi;
U dunyoni ko‘rmoqchi bo‘lsang
Kafan kiyib yotsang bo‘ladi.
QO‘ZIChOQ BILAN BO‘RI
Changalzorda yashardi bo‘ri,
Bo‘rilarning eng asl, zo‘ri.
Sof jilg‘adan ichar edi suv –
Tiniq suvni sevar edi u.
Ko‘rib qoldi uni qo‘zichoq –
Aslzoda qo‘zi uzunchoq.
“Kim bu yerda suvni loyqatdi?” –
Deb olamni rosa titratdi.
Bo‘ri qochdi o‘rmonga pusib,
Qo‘rqqanidan dumini qisib.
Qo‘zi qoldi shoxini qayrab,
Muzday jilg‘a bo‘yida yayrab.
Ha, bo‘rini boplab qochirdi,
Sakrab, bahri-dili ochildi.
So‘ngra boqmay o‘ngga yo so‘lga
Siydi o‘zi H2O ga.
ShE’R SAN’ATI
Asos qilib so‘zni olasiz,
Gurillagan o‘tga solasiz,
So‘ngra olib bir chimdim aql
Katta soddalikka qorasiz.
Besh-o‘n yulduz, jinday qalampir,
Titrab turgan yurakni dir-dir
Ustalarday qumg‘onda asta
Qaynatasiz besh-olti marta.
Endi yozavering! Unutmang ammo:
Shoir bo‘p tug‘iling avvalo.
ShE’R SAN’ATI HIMOYaSIGA
So‘zlarning joylari turli-tuman yer,
Aniq-aniq tanlang, joyini bilib,
Bir-biriga ulang – tug‘iladi she’r.
Faqat seving so‘zni o‘lib-tirilib.
Ba’zida o‘sha she’r tug‘ilgan asno
Odamga bilinmas undagi ma’no;
Keyincha biron nom topmoqlik uchun
Izlab topmoq kerak bu she’rdan mazmun.
Ba’zan shunday bo‘lar omad kelganda:
She’rni-ku yozasiz kulib va yig‘lab,
Ammo chiqar undan quvonch va dahshat
Kimlarningdir yuragin tig‘lab.
O‘YLAYoTGAN DARAXT
Oyoqlarin panjaraga boplab yashirib
o‘ylayotir zarang daraxti,
ammo nima haqda o‘ylar, aytinglar,
nima haqda o‘ylar zarang daraxti?
Serjun qo‘llarini sal ko‘targancha
o‘ylayotir ko‘ppak,
ammo nimani o‘ylayotir, aytinglar,
nimani o‘ylayotir ko‘ppak?
Bosila-bosila, tepila-tepila
jilolangan toshyo‘l o‘ylayotir,
ammo nima haqda o‘ylar, aytinglar,
nima haqda o‘ylaydi toshyo‘l?
Hey osmon, hey bulut, hey qator tomlar,
menga qaranglar!
Er uzra ketyapman
va o‘ylayapman,
ko‘ppagu toshyo‘lu daraxt haqida
tinimsiz o‘ylayapman,
o‘ylayapman men ham…
har qalay ne haqda o‘ylashar ular,
aytinglar,
nimalarni o‘ylashar ular?
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimalari.