Pol Verlen (1844-1896)

Pol Mari Verlen (Paul Marie Verlaine, 30 mart 1844 — 8 yanvar 1896) — frantsuz shoiri, impressionizm va simvolizmning asoschilaridan biri.

AYoLGA SONETLAR

* * *

Noraso tushlar ichra azobdadir qalbim lol –
Butkul begona menga har qanday halovatgoh.
Meni sevgan, men ismin unutgan o‘sha ayol,
O‘zgaga evriladi, o‘ziga aylanar goh.

Yuragimning sirlarin o‘sha ayol bilardi,
O, meni u qanchalar anglay olardi teran,
Achchiq ko‘zyoshlar bilan eritardi har dardni,
Mening og‘ir holimga u yig‘lar edi faqat.

Telbami, devonami, oshiqmi? – ayon bilmam –
Noma’lumdir ismi ham. Qaydan bilay, shu safar
Hech esimga tushmaydi sochin silaganim ham.

Bilganim shudir yolg‘iz – nozik beli, dur labi,
Qarashi haykallarning qarashini eslatar,
Ovozi ham ko‘pdan jim qadimiy qo‘shiq kabi.

* * *

Yoshlikning ehtirosi, ey, suyukli ayollar –
Kokillari oltinrang, ko‘zlari moviy dengiz,
Gul kabi bo‘y taratgan tar va issiq badanlar,
Yurak hayajonining nozik titroqlari – siz.

Yo‘qolgan zulmat kunning mag‘rur va shan sasidan,
Ayting, pokiza ishqlar qaylardadir botdimi?
Yoki sog‘ chiqishmayin kuzakning nafasidan,
So‘ngra pushaymonlik va qishlarda sovqotdimi?

So‘nggi kunin ko‘zlagan yolg‘iz keksadek talosh,
Endi butun bo‘ldim men – g‘amgin hamda dilafzo –
Kimsasiz bir yetimdek qoldim ko‘zlarimda yosh.

Birovlarning ko‘ngliga sira solmading malol.
Go‘zal tabassum ila peshonangdan o‘pgan baxt –
Qalbi muhabbat to‘la, sen ey mehribon ayol!

* * *

To o‘lib ketgunimcha yoddan chiqmas u oqshom,
Xotirimdan o‘chmagay sokin yotganing faqat.
Har nening hechligini u sukutda sezganman,
Har taraf bo‘shlig‘ini sezgan edim o‘sha payt.

Sevgilim senga mengzar ilohiy mo‘jizaning
Ozod chechaklar kabi bir bahorlik umri bor.
Qora qo‘rquv, bo‘g‘ildim zulmatlaringda sening,
Sen uxla, men uyg‘oqman. Uxla jonim, baxtiyor!

Mening bezavol ishqim. Bu ne qashshoq havasdir,
Uyquchan ko‘zlaringdan o‘lim akslanar sening,
Nafasing ham go‘yoki olingan so‘ng nafasdir.

Ichingda eng serazob ho‘ngrashlaring yashirin.
Ey uyquchan tabassum. Yig‘ilaring tolgan payt,
Uyg‘on, javob ber menga: ruhlar o‘limsizmi, ayt?

* * *

Men yozgan bari she’rlar sizgadir, faqat sizga,
Ship-shirin xayollarning kulgusi ila nigun,
Moviy ko‘zyoshlar tomgan g‘amgin ko‘zlaringizga,
Sizga ko‘ngil berganman toza qalbingiz uchun.

Muhtasham ruhingizga yuz tutib yozayin man,
Yuragimni berayin tayyorman avval, qadim.
Biroq dardlarim – ulkan. Meni mudom izlagan,
Ajdarho kelbatidek ortar qo‘rquv, dahshatim.

Butun hayotim qonga bulg‘anadi, oh, axir,
Men chekkan bu dahshatli iztirobning yonida
Jannatdan quvulmoqning nolasi shan nag‘madir.

Va sizning azobingiz bu nolaning jonida,
Shomda bemanzil uchgan qaldirg‘ochlarga o‘xshar,
Ko‘k yuzida, ajib bir sentyabr kunida…

* * *

Ulkan-ulkan shiftlarning ulkan og‘irligidan,
To‘rt devor ham bukmishdir bunda go‘yoki qaddin.
Zulmat hamda dabdaba asir olinganidan
Bu xona asror to‘la yashirin chodir kabi.

Bu eskirgan mebellar Nuh zamonidan qolgan:
Rangi yitgan pardalar, ko‘zi singan deraza.
Iztirob har narsaga sirli bir soya solgan,
Yo‘q, bunda ko‘zni olar devordan o‘zga narsa.

Na haykal bor, na tablo, na kitob, piyanino,
Qorong‘u bir burchakda faqat qolgani o‘sha –
Oyoqdan to boshgacha oppoq ayol qomati.

Qatron hidli anbarning ta’siri ostidadir –
U esa anglashilmas qadim to‘y qo‘shig‘iga
G‘amgin tabassum bilan javob qaytargan ayol!

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi