Konstan Byurno (Constant Burniaux) – belgiyalik shoir, yozuvchi, tanqidchi. “Tentaklik”, “Akvarium”, “Notinch damlar”, “Kalloo – tasavvurdagi qishloq” romanlari, “Hajviya va muhabbat haqida”, “Katerina” kabi ko‘plab novellalar muallifi. Frantsuz tilida ijod qilgan.
BU HAQDA O‘YLAB KO‘RING
Bu telbalik haqda o‘ylab ko‘ring,
yolg‘izlikda
she’r yozib o‘tirgan insonning
o‘ta muqarrar,
o‘ta beozor
telbaligi haqida o‘ylang.
O‘ylangiz, u o‘zin qay holga soldi!
U bu onda qarta o‘ynab turishi,
yoki bo‘kib ichishi,
yo raqs tushishi
yoxud kinoga jo‘nashi mumkin edi… Ammo u
qandaydir tirishqoqlik bilan
o‘zini unutib she’r qoralamoqda.
Bechoraning uzluksiz
sabri haqida o‘ylang, u
iste’dodini zamondoshlari qachon,
qanchalar erta-kech tan olishlarini ham
bilmaydi, ammo,
shunga qaramasdan,
she’r yozmoqda.
Zamondoshlari tugul, hatto
xotini ham tushunmaydigan,
xotini nogoh tushunib qolsa,
quvonchdan o‘takasi yoriladigan odamning
o‘ta oshkora,
juda beozor
ulug‘lik vasvasasi,
kibri haqida o‘ylang.
Bunaqa she’r yozadigan,
she’riyatga ishonadigan,
so‘zlar bilan do‘st tutingan
savdoyi odamning, ehtimol,
ishxonasida kutib turgan
tinkaquritar mash-mashalar,
noqulayliklar haqda ham o‘ylang.
O‘ylanglar bu azobga botgan,
azoblari o‘ziga yoqadigan,
azoblarga qaramasdan
(yana bizning shu zamonda-ya!)
she’r yozayotgan odam haqida.
Karim Bahriyev tarjimasi