Yuri Yudi (1948-1995)

Yuxan Viyding Tallinda, atoqli shoir va adib Paul Viyding oilasida tavallud topgan. Yuri Yudi (Jüri Üdi) – uning taxallusi. 1972 yil Tallin Davlat konservatoriyasining teatr san’ati va dramaturgiya fakultetini tamomlagan. Uning ko‘plab she’riy to‘plamlari, dramalari chop etilgan, shu bilan birga u aktyor sifatida ham shuhrat qozonib kelayotgan edi. 1995 yil fojiali halok bo‘lgan.

***

Kuydiradi, bevosh, bezori,
Yuragimga botar ozori.

Kecha uyga kelib bemahal,
O‘zin soldi ko‘zguga avval.

Almashtirib egni-boshini,
Yana takror ko‘zguga boqib,
Kiyib ko‘rdi boshqa tusini.

So‘ng yana bir qarab ko‘zguga,
Qiyofasin ayladi taftish.

Ketdi.

Men esa – otaman, uning otasi
Uyda qoldim yolg‘iz,
Uni sog‘inib.

***

Bu shoir.
Nimalar haqda yozar u?

Hayot haqida.
She’rlarida yo‘qdir hech narsa
Hayotdan boshqa.

Bir o‘zi
Hammaning diqqatin jalb etib,
Neni o‘rgatadi hammaga ?

Uxlab qolmaslikni
O‘zni unutib.
Bu esa juda muhim.

Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi