Gerus Abdolmalikiyon (1980)

Gerus Abdolmalikiyon (گروس عبدالملکیان) 1980 yil 10-oktyabrda Tehron shahrida tug‘ilgan. Eronning mashhur shoiri Muhammad Rezo Abdolmalikiyonning o‘g‘li. U 11 yoshidan she’rlar mashq qila boshlagan. Ilk she’rlari «Kayhon» jurnalida chop etilgan. 2003 yili Tehron Ozod universitetining sanoat muhandisligi fakultetini bitirgan.
«Pinhon qush», «Dunyoning mahzun ranglari», «Zulmatda chiziqlar joylarini almashtiradi», «Tuynuklar» va «Rozilik» kabi to‘plamlar muallifi. Uning she’rlari va kitoblari bir necha milliy va xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan.

QOG‘OZ QAYIQ

Bir juft tufli,
bir necha juft binafsha va zarg‘aldoq rang paypoq,
bir juft moviy zirak,
bir juft…

Nuh kemasi —
sen yopgan jomadon.
So‘ng
eshik tovushi
ko‘ylagimdan o‘tdi,
ko‘ksimdan o‘tdi,
uyim devoridan o‘tdi,
eski mahallalardan o‘tdi…

Va bolamni g‘amgin qildi.
U o‘rnidan turdi-da,
qog‘oz qayig‘ini suv yuziga qo‘ydi.
U juftni tushunmaydi.
Yolg‘iz o‘tirdi.
Suvlar kelajakka oqdilar.

Shu joyda shoirligim yodimga tushdi va
zamonni
harir matodek silkidim.

Undan tasbeh donalari to‘kildi:
Men…
Sen…
Bola…
Qog‘oz qayiq…
Nuh…
Kelajak…

Seni bolam bilan
qog‘oz qayiqqa o‘tqazdim.
Va kelajakka yubordim.

Keyin Nuh bilan
To‘fonni kutib olishga qadam tashladik.

* * *

Yo‘qolib qolishdan qo‘rqamiz…
Ammo
o‘rmonda sen bilan yo‘qolib qolgan kunimiz
Umrimning eng go‘zal kunidir…

* * *

Seni sevaman, deding……
Men tashqariga shoshildim.
Chunki xonaning shifti
parvoz qilishim uchun torlik qilardi.

* * *

Bo‘ri Shangulni yedi,
Bo‘ri Mangul*ni pora-pora qildi.
O‘g‘lim, o‘rningdan tur,
bu uxlamaslik haqidagi ertak.

* Shangul va Mangul — ertak qahramonlari

* * *

Men qolishni istadim
Ketdim.
Men ketishni istadim
Qoldim.
Na ketish muhim edi,
Na qolish…
Men men emas edim.

* * *

Nima farqi bor:
Men senga oshiqmanmi,
Yo sen mening oshig‘im.
Nima farqi bor
Kamalak osmonning qaysi tarafidan boshlangani?

* * *

Ikki yilki bilyapman:
Bezovtalik nima,
Dard nima,
Mehribonlik ne?

Ikki yilki, bilayapman —
Qo‘shiq nima,
Sir nima?

Sening ko‘zlaring
tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni o‘zgartirdi.
Bugun ikki yoshdaman…

* * *

Sening ko‘ylaging
shamolda hilpiraydi.
Bu
men yoqtirgan yagona bayroqdir…

* * *

Sening ismingni men
qovus ichida yozaman —
Ularning ichida
bir umr qolib ketish uchun!

* * *

Yana uchish —
bu qushning istagi emas edi.
U o‘z patlarini
Boshqalar uxlab tush ko‘rishi uchun
bir-bir yuldi.

* * *

Qalbing ovozi emas,
Oyoqlaring tovushi
tunlari ko‘ksimda yugurayotgan.
Etar, biroz charcha,
Etar…

Forschadan Bashorat Otajonova tarjimalari