Gennadiy Nikolayevich Aygi (Gennadiy Ayxi) 1934 yili Chuvashistonning Shaymurzino qishlog‘ida tavallud topgan. Aygi taxallusi chuvashcha “xayxi” so‘zidan olingan bo‘lib “ana u” degan ma’noni anglatadi.
Aygining dastlabki chuvash tilida yozgan she’rlari 1949 yildan boshlab e’lon qilina boshlaydi.
1953 yili A.M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga o‘qishga kiradi. 1958 yili uning chuvash tilida ilk kitobi chop etiladi va o‘sha yili “sotsialistik realizm metodi negiziga putur yetkazuvchi ijodi” tufayli institutdan haydaladi.
B.Pasternak bilan uchrashuv yosh shoir ijodida katta burilish yasaydi, u Aygiga rus tilida ijod qilishni maslahat beradi.
Aygining rus tilida bitgan she’rlari uzoq yillar davomida faqat chet ellarda e’lon qilinadi. Uning she’riy to‘plamlari nemis, chex, frantsuz, ingliz tillariga o‘girilib qator xorijiy mamlakatlarda chop etiladi.
Uning Rossiyada ilk kitobi 1991 yili e’lon qilingan.
Aygi she’rlaridagi mazmunni ilg‘ab olish daf’atan qiyin. Bu she’rlarga kalitni sokinlik bag‘ridan topishingiz mumkin. Zero, bu ajib poeziya qalbingizga sukunat fazolaridan bokiralik ingan damlarda musaffo xayollaringiz va nur yanglig‘ tuyg‘ularingiz jilvasini o‘zida mujassam qiladi.
Aygi o‘zining betakror she’riyati bilan ko‘plab mamlakatlarning nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Aygi ijodi bugungi kunda katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. 1997 yili Cheboksarida butun dunyo “aygichi”larining o‘ziga xos anjumani o‘tkazildi.
Shoir 2005 yili Moskvada vafot etdi va u o‘z tug‘ilgan qishlog‘i Shaymurzinoga dafn etilgan.
SEVGILIM QOShIDA
Bu nozik raftor og‘ushidagi
tushlarda neni unutibdi Tangri?
Ilk bor bunda hayratlandi U
va bu ma’vo shu bois shaffof.
To‘lqinlar ohista yeladi bunda,
bundadir eng olis qirg‘oqlar.
Men-chi, qayerdaman?
Ochilar kipriklar, axir, men tomon,
turibman ularning ro‘parasida –
men mavjudman mavjudsizlikda.
Saslardan cho‘chiyman,
nurdan cho‘chiyman
bu raftor haqqi,
biroq o‘tmoqdadir umr,
barchasiga toqat qilamiz tag‘in.
* * *
daryo – endi o‘zga – o‘rab olar
yo‘g‘iradi bizni ham
o‘zining yangi to‘lqinlariga
biram sovuq
tiniq va yaxlit
“biz u yerdamiz” demoqlikka kech
Yolg‘iz, yolg‘iz, yolg‘iz
Xoli – Soflikdan
BOG‘DAGI QOR
toza sodda
teran tig‘iz
ham sokin ham sassiz
oppoq adadsiz
uyqu bosar
u – yog‘adi
yaltirab nigohga ilashar
u yog‘ar
mohiyati shu
ERMAN MEHRI
dala: naq kasalxona!
go‘yo bir burchakda –
erman shoxchasi:
go‘yo qish kunida
barmoqlari
alohida –
unga botirilgan
TUN. MOSKVA TABORGA O‘XShAYDI
uxlarlar – xuddi taxtalar singari
chang bosgan, nuqrali, hashamdor
tashlab qo‘yilgan eshkaklar kabi
uxlarlar: bir-birlariga urilib
to‘kilib: uxlarlar
JUDOLIKLARDAN BIRINI XOTIRLASh
arg‘imchoqda o‘tiribsan, yuragingda
adoqsiz g‘ussa!
tebratasan o‘zingni o‘zing,
o‘zingga ona izlaysan o‘ylaringda… –
endi Koinot ona senga…
* * *
kim – munosib sukunat
haqida gapiradi – parvardigor
oldidagi – bu qizg‘ish
so‘nayotgan daqiqalar –
na’mataklarni ham o‘ylarga
moyil qilar: biz ham
yo‘g‘rilishimiz mumkin
sukunatga: lekin
bu sukunat o‘zgacha:
biz yo‘qlik chohiga cho‘kamiz:
fikrlar javob topolmaydigan
chohga
va yana qaytamiz
o‘z sukunatimizga
asl So‘zga qaytgan singari
ChOShGOH
Atirgullar
yallig‘lanar –
ko‘z yoshingni uzoq
artganing kabi.
BAHORDA – DALA
Mo‘jizalar ko‘mib tashlar unda aqlni
QIZIM BILAN SAYR: ShAHAR
sen-la kezsam – bamisoli to‘yib uxlayman!
yonimda
barglarni o‘ynaysan – oq nur taralar:
kim u – nima u? Qizil chetan
bamisoli qonim – sassiz: mehrga lim-lim:
tabiat biram munis –
koinot to‘la nur:
sayr davomida yashnagaysan sen!
men bu onlar bamisoli to‘yib uxlayman
shirin tushlar ko‘raman
eng bokira hislarga to‘laman:
baxtni his etaman
butun vujudim-la
GUL VA GO‘DAK
naq
go‘dakning o‘zi
(tashqarida – bog‘ eshik ortida
ko‘l epkinidan
tebranayotgan gul)
naq
g‘unchaning o‘zi
(qo‘shni xonada
endi atak-chechak
qilayotgan go‘dak)
ERMAK
Rangpar chehra –
sukunatning naqshin raftori!..
qaylardadir tushlar
qo‘zg‘alar,
engil qanot qoqar –
bu raftor botinida
xudo o‘z-o‘zi-la band
unda o‘zga
hech narsa yo‘q.
Inson ibtidosi qadar –
bu o‘yindan
menga sog‘inch tuyg‘usi
qoladi xolos.
SOKINLIK
oynavand ayvonlarga
qora qushlar yashiringan bu yerda
yulduzdek yaltiraydi qorning parchasi!
zulmatning tumshug‘idan
bu yerdagi jimjit hovliga
uylarning nurli soyalari tushar
shoxlarning bujurligi
yoqar daraxtlarga
shu’lalar yarashar tun libosiga
oynadan
bo‘g‘otdagi qor yog‘dusi tushib turgan
kitob sahifasiga
nurlar tori
yorqinroq tizilsami edi
QOR TUShGAN KUN
u yana
shu yerda
qaytdi shoxchalarning
ma’yus-mahzun
saslari qanotida
uzoq vaqtdan so‘ng
(kun kunga o‘xshamas
qishloqlar shaharlar
bir xil
sukunatda)
u yaqinlab kelar
(tobora)
ko‘rinar devorlarda qog‘ozlarda
pechning oqligida –
bamisoli bolalikda unutilgan
tortib olingan va
qorong‘i dalalar qo‘ynidan
qaytarib keltirilgan
turar oppoq hadikli chehrasi bilan
ShAHARDAGI ATIRGULLAR
o bu rang ularning dardi: biram shu’lalanar!
unda – ularning iztiroblari…
shaharda ham – dalalardagidek
emin-erkin
qalblari ochiq hammaga
ular ko‘zga tusharlar oson
iztirob – yuzda aks etganidek
nigohlar – go‘zallikka qadalganidek
shunda ikkita qalbda
dard uyg‘unlashar:
chinakam xayrixohlik bu… –
bizning dardimizdan tashqaridagi dard
namoyonimizdir bizning!..–
bamisoli qayg‘uli zamin tushidagi
qizg‘ish shafaqdek
(sharpalar serhadik!..
siz va biz haqimizda
so‘ylashar ular! –
o‘zimiz o‘zimiz bilan
so‘ylashsak bo‘lmasmidi)
O‘YINQAROQ LYuDA
O‘tloq.
(Esingizda tursin. Esingizda tursin.)
Qizcha-kapalak.
Ibodatxona.
Qizcha-kapalak.
O‘tloq.
YaRIM TUNDA UYG‘ONGANDA
idrokda – yorqinlik (bamisoli
tig‘ tig‘ga urilgandek
o‘rtadagi yaltillagan ko‘lmakdek):
har kim o‘z joyida! – yalanglikdagidek
qish chillasin kechasidagi
yolg‘izsan: aniq (eslab qoldim lavhani)
o‘z qabrimga kirar mahalim –
er ostiga ko‘nikdim –
shundoq qilib: tig‘dek yolg‘izman men
(go‘yo ikkitaki – alohida-alohida yerda).
tiriklar bilan birgaman! –
kechagi kun – meni ko‘mishgan
ATIRGUL – BOLAKAY
O‘g‘lim Alyoshaga
ko‘z oldimda – iztirob-la o‘ylayman – o‘ylarim so‘ngida ham
ko‘z oldimda –
yana iztirob-la o‘ylayman – va yana ko‘z oldimda…
iztirobli mehr –
butun umringga yetgaydir! –
bu – ko‘rganlaring va fikrlaganlaring doirasi… –
bu – iztirobdan yongan quyosh:
otash o‘rniga cheksiz-tuganmas
dard to‘lgaydir –
mening hayotimning mehvari ushbu:
sukunatda hammasi mavjud:
joy topilar Erkka ham, Zafarga ham;
Muhabbatga ham! –
sukunat va o‘g‘limning gulgun chehrasi… –
so‘nggi atirgul:
farzandim… –
(hammasi ko‘z oldimda: yurak qadar ma’sum tishchalari ham!.. –
ko‘zlarining yonishi – bamisoli qo‘shiq
bokira yuz uzra yashnagan cheksiz)
OZROQ
baxtdan – “Ozroq”
ezgulikdan – “Ozroq”:
shivirlash: quyoshdan esgan shabada:
rizqdan – ozroq… kunduz shu’lasidan ham… –
ozroq odamlar shovqinidan –
o‘limga shay odam taomi yanglig‘… –
toki biz uni osoyishta qarshilaylik
har qanday ostonada –
birodarona xayrixohlik ila… –
o bizning erkimiz! – qalbimiz shu’lasidir:
jo‘n, sodda:
“Ozroq”
ShAHAR TAShQARISIDAGI UY
O‘g‘lim Konstantinga
shabnamlar-la muhrlangan
Hayot atalmish
Vatandan –
oyna
chorqirrasi ichra
qalb nuqralanar:
sambit
gullamoqda
go‘dak
chuldirar!–
sirli muloqot (gul va ilk kalom)
dog‘ tushmagan – o‘sha Vatanda
BAYRAM TIMSOLI
K.S.Malevich tavalludining yuz yilligiga
olisda
oqlikni anglagan odam
oppoq qor ustida
borar
ko‘rinmas bayrog‘i bilan
* * *
Yoddan o‘char bahslar,
hijronlar, xatlar.
Biz ketamiz
qolar faqat sog‘inch –
odamlarning tushlari,
ovozlari,
charchog‘ining sassiz, mubham
to‘lqini izidan.
Qolar
qachonlardir biz deb atalganlarning
izidan sog‘inch.
Shundoq ekan,
nechun ranjimoq kerak
hayotdan, odamlardan, o‘zingdan, mendan…
Axir,
bir to‘lqin bo‘lib ketgaymiz-ku
bu izdihomdan;
axir,
qabrlarimiz aro cho‘kkan kenglikni
qorlar emas, temir izlar emas,
o‘lchar-ku musiqa.
Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari