Irji Taufer (Jiří Taufer) XX asrning 20-yillarida adabiyotga kirib kelib, murakkab ijodiy yo‘lni bosib o‘tgan chex shoiridir. To umrining oxirigacha minbar shoiri, lirik shoir sifatida faol ijod qilgan. Badiiy tarjima sohasidagi faoliyati ham alohida e’tiborga sazovor, deyish mumkin. Bundan ilgari ham ayrim she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
TARJIMON SAN’ATI HAQIDA MUNOZARALI SONET
Yo‘q, tarjimonlik bu – shoirlikmas hech,
Nechun kerak taqqos? Qoshing chimirma.
Unga lug‘at – abjir xanjaru ochqich.
Ishi shu – boshqalar fikrin simirmak.
Yo‘q, otayotgan tong emas tarjima,
Bashorat ham bermas bo‘ronga doir.
O‘yida ne sirlar jo‘sh ursa nima,
Yo‘q, tarjimon – aslo emasdir shoir!
Mayli, yor bilmasang ilhomga bizni,
Yozg‘irma mehnatu zavq-shavqimizni!
Bizga tushsa qay kasb egasin ko‘zi –
Qutlar hurmatimiz joyiga qo‘yib,
“Tarjimon – bu bizning xodim emas”, – deb
Aytmas hech vaqt hatto Nezvalning o‘zi!
TARJIMON SAN’ATI HAQIDA KINOYaLI SONET
Yozasan-chizasan saralab, xillab,
Ishga ham o‘xshamas bir qaraganga.
Churq etmay qofiya izlaysan yillab,
She’rni deb, so‘z kirar ayovsiz jangga.
Xayolda otishma – yengmog‘ing darkor,
Zo‘r qal’aga hujum boshlar dam – bu dam,
Lekin jang, azobning ne keragi bor,
Balki sulh tuzarsan, yasharsan beg‘am.
Mayli, u deb, bu deb so‘ylasalar ham,
Bizni anoyi deb o‘ylasalar ham,
Olqishu gulchambar – shoirga, zero.
Tarjimon-chi? Ko‘pning biri, bor-yo‘qday.
U asta to‘ng‘illar – so‘zlari o‘qday:
“Zar uqam kiribdi joniga oro!”
TARJIMON SAN’ATI HAQIDA KO‘TARINKI RUHDAGI SONET
Joniga tegmas hech – men bilaman, rost,
Qay bir so‘z deb tunlar mijja qoqmas u.
Shu hunar, shu ishga qo‘ygandir ixlos,
Shu-chun erinmasu, shu-chun qushuyqu.
Reaktiv tanlagan kabi kimyogar,
Kerakli so‘z izlar ko‘ngli tubidan.
Mast zo‘r qofiyadan – dil mahbubidan,
Urar yotning orzu otiga egar.
Hechqisi yo‘q, orzu aldasa bot-bot,
Og‘ishmay ergashar to ekan hayot,
Ko‘zidan qochirmas uning qorasin.
Baayni jangdadir – bo‘lolmas beg‘am,
Hech kimga band bermas topishmoqning ham, –
Edip kabi – topmoq bo‘lar chorasin.
NELARGA QODIR SEVGI
Sevgi har ishga qodir. Xuh deb o‘t yoqar muzga,
U oq qor oydinida yonbag‘irga to‘shar joy,
Bir jon, bir tanga do‘nar o‘zin sezgan poyma-poy,
Do‘nar bu sevishganlar soyavoni yulduzga.
Ho‘l perronda, ko‘rsatar Somon yo‘lini yoyib,
Yomg‘irda, labdan o‘pib, jilmayar ma’sumona,
Avval yuz bor adashgan – adashar yana, yona,
Aytaversam hammasin, so‘zim ketar ko‘payib.
Bu ikkov nam yuqtirmay, daryodan uchib o‘tar,
Ummon-la chanqoq bosar, osmonga qo‘li yetar,
Kecha bir yilt etmagan qutbga eltar kunni.
Sevgi har ishga qodir: sukut saqlar, yozar she’r,
Zolushka tuflisi bor – gar: “Saroyda o‘ynay”, der,
Etigi bor – kezsa keng qadam otib ochunni.
IQRORDAY SODDA
Sezdingki, bor bir bad,
bong urgil, albat,
kes ildizlarini – top, top, top evin,
titratsa gar guldur momoqaldiroq,
Jon Ridday sevin,
Razolatga qarshi, qasdma-qasd har choq,
O‘lgudayin
Hayotni sevgin!
Umr – odamlarga quchoq ochmoqdir.
titrab-qaqshab,
qo‘lni ko‘tarish emas,
uq, uq: hayot, nurda azizlik va sir!
“Umr” so‘zi bilan (kim shunday demas?)
Qaynoq qon o‘zani –
“tomir” uyqashdir.
Qon tomirin kesmoq
arzir ish der kim?
Qon, yugur – yashnat jon,
ivima, shoshil!
Hayot san’atiga qilaman ta’zim,
aksilhayotni-chi,
rad etaman, bil.
Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimalari