Evtim Yevtimov (1933-2016)

Evtim Mixalushev Yevtimov (28 oktyabr 1933, Petrich, Bolgariya – 8 iyun 2016, Sofiya, Bolgariya) – bolgar shoiri.

QISMAT

Ikki irmoq — ikki yondosh haqiqat,
Ikki irmoq — qon-qarindosh haqiqat:
Ikkovi ham bitta tog‘da tug‘ilgan,
Ikkovi ham bir shafaqqa yo‘g‘rilgan.

O‘xshashlik ham, ajab, shuncha bo‘larmi?!
Egizak deb atash darkor ularni.
Oqar yeri — o‘rmoni ham yagona,
Vodarig‘ki, ular butkul begona.

Gunafshalar o‘sar birin bo‘yida,
Ikkinchisi changalzorlar qo‘ynida,
Hatto maysa ko‘rmay, bag‘ri tilinar,
Shunday yashar goho og‘a-inilar.

Yo‘llari esh bir quyoshga ularning,
Hayoti-chi, boshqa-boshqa ularning.

EGRI DARYo

Notanish, tosh ko‘ylakdan chiqib,
She’rimga ham tushar entikib
Katta, o‘jar daryoning yo‘li,
Yuksaklardan cho‘zilgan qo‘li.

Qorli cho‘qqi farzandi erur,
Oqishida o‘yin, shavq-surur.
Oshiqadi mavjli, nurafshon
Unga intiq manzillar tomon.

Hech kimsaga etmas itoat,
Erkin-erkin oqmog‘i — odat.
Uni kechib o‘tgani damlar
«Egri daryo» atar odamlar.

Menga qolsa bu qalbi zohir —
To‘g‘ri erur boshidan oxir.

QARShINGDA

Qarshingda odamlar behisob,
Olovlar karshingda shu’lador.
Cho‘qqiga yo‘l solgil sershitob.
Qo‘rqmagil. O‘zgalar izi bor.

Bexatar qarshingda yotgan yo‘l.
Olovlar karshingda shu’lador.
Qiyalik ko‘ksidan tushib kel.
Qo‘rqmagil. O‘zgalar izi bor.

Karshingda aks-sado — serquloch.
Olovlar karshingda jilvagar.
O‘rmonlar qo‘lidan to‘yib ich.
Qo‘rqmagil. Ichishgan o‘zgalar.

Sen uchun bezavol bu maskan.
Seni deb o‘zgalar sinashgan.

NOGAHON

Larzadan osmonning qaddi bukildi,
Poydor tog‘ cho‘qqisi duv-duv to‘kildi.
Toshlar metinligi gar edi ayon,
Qoya inkirozi bo‘ldi namoyon.

Oqshom qo‘ngan mahal ro‘y berdi ko‘chki,
Fursat edi rangpar, bemanzil, kechki.
Ajab, qoya, axir, mahkam turardi,
Bulut tegrasida suzib yurardi.

Jalalar hayratdan ochar og‘zini,
Ko‘rib yosh qoyaning inqirozini.
Raqib ham hayrondir, ko‘rgani mahal.
Bilganim men sizga aytaman dangal:

Qoyada ranj-ozor uya qurgandi,
Qoya jismin o‘sha to‘kib turgandi.

PIRYN

Piryn, tog‘im mening, yashagim kelar
Sen kabi zavq bilan, iqtidor bilan.
Nurlar jilolanar, shamollar yelar,
Yashillik lovullar, suv aytar o‘lan.

Shoxcha titrab ketar, orziqadi qush,
Kurtak yuz ochadi, shabnam yaltirar.
Yaproq shivirlaydi, qo‘shig‘i sarxush,
Uchib qolgan yulduz ko‘kda barq urar.

Ko‘lda nur o‘yini, quyoshda yog‘du,
Shafaq qizil aylar tog‘ning cho‘qqisin.
Ochilgan chechakning labida kulgu,
Maysalar mast etar butun yer yuzin.

Qor oppoq. Sukunat turadi pisib.
Bulutlar suzadi. Chirsillar olov.
Toshlar cho‘qqilardan tushar chopishib,
Jarlikni to‘ldirar aks-sado darrov.

Neki bor, ayni chog‘ bari tirilar.
Tongni ham kutmagay. Shitobi baland.
…Piryn, tog‘im mening, yashagim kelar
Sen kabi zavq bilan, iqtidor bilan.

ELAK TUTGAN AYoL

Qo‘lida oy gardishi, siyoh osmon tagida
Ayol turar seryumush.
Tepaliklar, dov-daraxt, dala boshoqlarida
U sepgan nurlar kumush.

Ayol ushlab turgani oy emas, yo‘q, u — elak,
Elaydi oltin g‘alla.
Donlarni somonlardan ajratay, deya halak,
Ishlaydi shavq-jadal-la.

Boqaman. Nazarimda kaftlab-kaftlab donlarni
U yerdan olayotir.
Nazarimda, ko‘z yetgan kengliklar, o‘rmonlarni
Don misol elayotir.

Yulduzlar saltanatin dahanaki jang kilib,
Bosarkan chaqmoq shamol,
Zulumotni somonday nurdan ajratmoq bo‘lib,
Bulut elaydi ayol.

Qoldi ko‘zim o‘ngida uning shunday surati:
Elagida osmon, yer.
Elab yorug‘ dunyoni, har o‘tguvchi fursati
Tinch, beg‘ubor bo‘lsin, der.

DOIRALAR

Uddaburroligi vaqtincha ulfat,
Senga tan berishlar, sen kutmay sira,
Aylanma, besamar sa’yi harakat… —
Mana men tushganim nafsiz doira.

Shu halqani yorib, kengliklar tomon,
Bag‘ri butlik tomon chopaman doim.
Ko‘rib turmog‘im shart egilgan osmon,
Erning gardishlari, kamalak yoyin.

Bolqon cho‘qqisidan qilib nazzora,
Yurak-yuragimdan his qilayin so‘ng:
Hayot pildiroqday aylanmas sira,
Aylanish yo‘llari yernikiday cho‘ng.

Erda yursam, deyman oddiy, bokira,
Oddiygina yashab, ishonsam dildan:
Meni mayda hislar chirmolmas sira,
Pildirab chopishlar urolmas yo‘ldan.

Cho‘qqida, qorlardan qamashib ko‘zim,
Qalbim yuksaklardan tinglar o‘gitlar:
Uchadi burgutlar doira chizib,
Menga yo‘l o‘rgatib, uchar burgutlar.

Gulchehra Nurullayeva tarjimalari.