Asen Ivanov Bosev (22 noyabr 1913, Ruska-Bela qishlog‘i, Bolgariya — 24 aprel 1997, Sofiya) — bolgar shoiri, nosir, jurnalist, tarjimon. Bolalar va o‘smirlar uchun bir qancha kitoblar muallifi. Bolgariyada xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi (1965), Dimitrov mukofoti laureati (1950).
AQLLI O‘G‘IL
Bir cholning uch nafar o‘g‘li bor edi,
Uchovi yetilgan jussador edi.
Bir kuni chol dedi o‘g‘illariga:
– Ertaga bir bayram qilamiz birga.
Go‘shtli non bezaydi sufra ustini,
Kim birinchi bo‘lib ushatar uni?
– Men, – dedi to‘ng‘ichi chaqqonlik bilan, –
Chunki men bu yerda katta o‘g‘ilman.
– Yaxshi. Nonni yeymiz. Oldinma-ketin
Sufraga qo‘yaman pishgan qo‘y etin.
Kim birinchi olar qo‘yning etidan?
– Men! – der to‘ng‘ich o‘g‘il bu gap ketidan.
– Undan so‘ng bo‘ladi qovurilgan g‘oz.
– Uni ham men o‘zim qotiraman boz.
– Ertaga ertalab men bilan birga
Polizda ishlashga kim borar qirga? –
To‘ng‘ich o‘g‘il olg‘a tashladi odim:
– Nega ukalarim turishibdi jim?
Ulardan ham sal-pal sado chiqsin bir,
“Men”, “men” deyaversam bo‘lmaydi axir!
SOVG‘A
Bir qishloqda bir duradgor bor edi,
O‘g‘ilchasi doimo bekor edi.
Bir kun chorlab unga qildi bir imo:
– Senga sovg‘a bergum, – dedi, – bebaho!
Qishin-yozin – butun umr – hamma vaqt,
Senga, hatto o‘g‘lingga ham berar baxt.
Va lekin bu sovg‘ani olmoq uchun, –
Dedi ota, – menga ko‘rsatgin kuching:
Taxta qirqish, silliqlashda yordam ber,
Devor qilib yonlamasi qator ter.
Ota-o‘g‘il ishladilar yonma-yon
Bir-birini yolg‘iz qo‘ymay hech qachon.
Bolta, arra, randalarni ishlatish
O‘g‘il uchun bo‘lib qoldi oddiy ish.
– O‘tib ketdi, ota, yoshlik yillarim.
Qani sovga? Qani va’daga vafo?
– Egallading duradgorlik hunarin –
Senga bergan sovg‘am shudir bebaho.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi
SANKO
Sankoga ketmas hazil,
U do‘stlar bilan ahil.
Der:
–Do‘st har vaqt qo‘llaydi,
To‘g‘ri yo‘lga yo‘llaydi!
Doskaga chiqsa har dam,
Do‘stlardan kutar yordam!
Shipitishsa: –To‘g‘ri, – deb,
U takrorlar: – O‘g‘ri, –deb.
Kimdir aytar: – Bostirma!
Sanko deydi: – Pistirma!
Ortidan der: – Bulbulcha! –
– Angladim, – der: – Duldulcha!
Bolalar deydi: – Tenglik!
Sanko der darhol: – Kenglik!
Do‘st aytar: – Piramida!
So‘z qaytar: –Atlantida!
Do‘st: – Maritsa daryosi!
U: – Bolalar dunyosi!
Yondan shipshir: – Olmaxon!
U g‘udurlar: – Olma xom!
Desalar agar: – Bolqon!
Unga tuyular «Vulqon».
Vaqtida dars qilmaca,
Dangasaga gap bekor.
O‘quvchilar xo‘p kuldi.
Yorilay dedi devor!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi