Ol Mahmud (1936)

Mir Abdushshukur Ol Mahmud (আল মাহমুদ) – mashhur bengal shoirlaridan biri. U ijodini jurnalist sifatida boshlab, 1950 yillarda adabiyot olamida ko‘rina boshlaydi. 1963 yilda chop etilgan she’riy to‘plamidan so‘ng shoir sifatida tan olinadi. U roman, hikoya va esselari bilan ham el og‘ziga tushgan. 1971 yilgi Bangladesh ozodligi uchun bo‘lgan urushdan so‘ng “Ganakanta” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida ishlaydi.

XOTIRA TUYNUKLARI

Nega unutmaysan, unutolmaysan?
Hilol yo‘ldosh bo‘lgan sayrlarni unut.
O‘tloqdagi maysalar, shabnamni unut.
Cho‘ntagimga solib muzdek qo‘llaring
“Yordam berolmayman, kechirgin” derding.
Bakul* butog‘ining yoriqlaridan
Bulbul qahqahasin sadosi keldi.
Nega o‘chirmaysan, o‘chirolmaysan?
Devordagi ko‘mir izlarin o‘chir.
Yuzim qizartirgan nozlaring o‘chir.
Xavotirlar olib yashrin g‘azabdan,
Titrab ketardi-ku marjon shodasi
Nozik bo‘yningdagi, aytgin, yurakdan,
To‘xtatib bo‘larmi visol bodasin?
Toming tepasida turibdi hilol,
Etsa jasorating, nurin berkitvol.
Qara, daryo suvin toshirar o‘rdak
O‘zining ming turli qilig‘i bilan!
Unda gunoh bo‘lsa, bo‘lsa agarda,
Qurit daryolarni ildizi bilan.
Muhabbat, muhabbat, topta, qil yakson
Ziyo va soyaning xunrez tuzog‘in.
Nega toptamaysan, qilmaysan vayron?
Axir, bor edi-ku iloj-imkoning.

MAFTUNINGMAN

Zaminni, dunyoni kezib, tentirab,
Men yana eshiging qoqib turibman.
Sen uchun yo‘qsillik qilichin tirab,
Sen uchun o‘zimdan mag‘lub turibman.

Men sening maftuning, borgum qay sari,
Istasang, o‘limning zulmatin yorgum.
Oshkor o‘pichlar-u guldirak bilan
Quchib olgum seni, … va ojiz qolgum.

Yam-yashil daraxtning bo‘yi bo‘lsaydim,
Zim-ziyo zulmatda yaraqlagan uy.
Qora baliq bo‘lib senga yetsaydim
Elkaga tilla tosh ortmoqlagan ko‘y.

Akvariumga o‘xshar boshpanam,
Shinam, toza, oydayin yorug‘.
Moviy dengiz bir parchasidan
Makon topgil, hoy, tilla baliq.

Kaftimda suvpari aylaydi xirom,
Qara, tillolarin har yona sochib.
Kirib oladimi ichingga shamol
O‘zidan-u mendan, dunyodan qochib?

Men yana eshiging qoqib turibman…

__________
Baxul – daraxtning bir turi. El orasida “Qushlar daraxti” deya nom olgan.

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi