Aminur Rahmon (1966)

Aminur Rahmon (Aminur Rahman) – zamonaviy bengal shoiri. Rabindranat Tagorning munosib vorisi. Aminur Rahmon badiiy tarjima va tanqid bilan ham shug‘ullanadi. She’rlari ingliz, arab, ispan, xitoy kabi duyoning o‘nlab tillariga tarjima qilingan.

SEN UChUN

Hech ne istaysanmi? Ko‘nglingda ne bor?
Men ne ham qilolgum sensiz, sevgingsiz…

Jon olayin, etay jon nisor
Yo‘llaringda kezay manzilsiz.

Hech ne istaysanmi? Ko‘nglingda ne bor?
Men ne ham qilolgum sensiz, sevgingsiz…

O‘t olsinmi bu soqolu soch,
Voz kechaymi ganjadan? Bildir!

Hech ne istaysanmi? Ko‘nglingda ne bor?
Men ne ham qilolgum sensiz, sevgingsiz…

O‘tiraymi, turay, ne qilmak darkor?
Ortingdan quvaymi, yetay ta’qibsiz?

Hech ne istaysanmi? Ko‘nglingda ne bor?
Men ne ham qilolgum sensiz, sevgingsiz…

TARTIBSIZLIK

Borliq nuramoqda, asta va asta –
G‘ishtu tosh, yuragim vidolar ayta.

Qizil, moviy, sariq, yashil ranglari
Qutida osilib turibdi bejon.
Qorib-qorishtirib arang ularni
Uyg‘otamiz, bergandek imkon.

Nafasni bir nafas tutmoq istayman
Daryolar bo‘yida uzala yotib.
Ko‘m-ko‘k osmonlarni quchib yashayman,
Yashamoq istayman gul bolin totib.

E voh, nechun endi barchasi barbod,
Nechun ayqash-uyqash dunyosi?
Ko‘chib tushadi bu ranglar misoli
G‘ishtlar, toshlar misli yurak riyosi.

Bu yo‘ldir, sayohat, suhbatu hayot,
Va goho hattoki ajal yo‘lidir.
Hech zog‘ voqif emas, shuldir sinoat,
Hech zot anglolmagan asror yo‘lidir.

Daryo tushungaymi va yoki samo?
Samo tushungaymi, gul, maysa, butoq?
Ular haqiqatni anglaydilarmi?
Yoxud yupanch izlab o‘tarlar xolos?

Hayot va mohiyat – uyg‘unlik qani?
Yashash va turg‘unlik – shumi mohiyat?
Odamzod va maymun – nimadir ma’ni?
Yoqtirmoq va sevmoq – qaysi haqiqat?

Borliq nuramoqda, asta va asta –
G‘ishtu tosh, yuragim vidolar ayta.

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi