Viktor Anatolevich Shnip (Vі́ktar Anatólevіch Shnіp; 26 mart 1960 yil) — belorus yozuvchisi, tarjimon. SSSR yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1984).
* * *
Qancha faryod chekmay, o‘zimdan qochib,
Bu ko‘chadan aslo ketolmagayman.
Kalit yo‘q, u dilga kirmoq-chun ochib,
Yaproqdek charx urib yetolmagayman.
Xuddi bo‘ron ichra adashgan ruhdek,
Gullash ne bilmagan butadek, xasta.
Qushchalarning g‘arib yolg‘izligidek
Za’faron yaproqlar dilga payvasta.
Hasratlarim uchar dildan shamoldek,
Qora bulutlarning bag‘rida nolon.
Go‘yo zulmat ichra yongan fonusdek
Umidsiz nur sochib aylagay fig‘on.
Qalb go‘yo kimsasiz Ibodatxona,
Armon unda bo‘zlab yotgan boladek.
Zulmat quchgan dunyo go‘yo dardxona,
Onamga yozmagan maktublarimdek…
* * *
Mening gul diyorim, oltin diyorim,
Sokin zamin uzra quyoshdek – onam.
Vido aytmam hargiz, unda oromim,
Qalbim halovati – ibodatxonam!
Boshim uzra nafas olayotgan osmon,
Meni kaftlarida tutgan zamin – sha’n.
Sening ko‘z yoshlaring bilan yig‘layman,
Sening qayg‘ung bilan tirikman Vatan!
Senga qaytolmagan jonlar haqqi-yu,
Senga yetganlar-chun to‘kaman ko‘z yosh.
Qancha qabrlarin bag‘ringga bosib,
Bo‘zlaysan, bag‘ringda botmaydi quyosh.
Axir, osmon xuddi boqiy olamdek,
Tuproq misli kuldek, titrar yurak, tan.
Mening nur diyorim, oltin diyorim,
Sening sevging bilan tirikman, Vatan!
Sen tomon shoshaman – ibodatxonam,
Sening azming ila niyatlar bajo.
Bilaman bu yerda otam va onam,
Basharga baxt so‘rab qilgan iltijo!
* * *
Men shu kunda qolmoq istayman,
Ikkimiz-chun so‘nggi kun, so‘rsang.
Biz birgamiz, qo‘rqma daryoda,
Malaklarning sharpasin ko‘rsang.
Men shu kunda qolmoq istayman,
Poyezddan kech qolgan yo‘lchidek.
Gulxan yoqib bo‘sang qo‘msayman,
Hasrat ichra qolgan o‘ychidek.
Birga bo‘lsak ayriliq yiroq,
Yashil o‘rmon chorlagay so‘rab.
Abadiyat ichra yurgandek,
Mangu qolsak bunda tentirab.
Suzib ketar vaqtlar va damlar,
Bari ketar fanolik sari.
Kemachasin suvga oqizgan,
Boladaymiz, o‘tkinchi bari.
Go‘yo daryo bo‘yida turib,
Murg‘ak dilday jilovlab naqdni.
Bir lahzaga to‘xtatolmadik,
Oqib borayotgan u vaqtni…
* * *
Oq qorlar, oqqushday ko‘k uzra yelar,
Bir damda yig‘lagim, yashagim kelar…
Uylaru devorlar qorlardan oppoq,
Yillaru kengliklar parlardan oppoq.
U yillarda bizlar ancha yosh edik,
Zaminning qo‘ynida ko‘p talosh edik,
Ertasi bo‘g‘otda tomchilab turgan,
Birda boru birda yo‘q bo‘ladigan,
Yana qachonlardir tug‘iladigan,
Tongdayin musaffo oppoq qor edik.
Oqlikka burkangan qishloqlar bo‘ylab,
Tun bo‘yi tinmagan tomchidek kuylab.
Qor hamon qushlarday qo‘msardi kamol,
Daraxtlar boshini silardi shamol.
Sen esa kezarding oppoq dunyoni,
Oppoq kenglik ichra bo‘lib matlabi,
Bulutdan zaminga intilgan qordek,
Yo‘llarin izlagan ma’budlar kabi…
Mana shu qor ko‘mgan kulba uylarda,
Go‘yo unutilgan olis yillarda.
Oppoq nigohlar-la ko‘kdan boqardik,
So‘ng bo‘g‘otdan tomchi bo‘lib oqardik.
Xudo ham unutib qo‘ygan zaminga,
Xuddi sening kabi sevgan zaminga,
Oppoq duolardek shoshaman hamon,
O‘tgan yillarimu lahzalar tomon.
Oq qorlar oqqushday ko‘k uzra yelar,
Bir damda yig‘lagim… yashagim kelar…
Rus tilidan Minhojiddin Mirzo tarjimasi