Arnold Sauven (Arnold Sauwen) — flamand shoiri. Niderland tilida ijod qilgan. Impressionizmning keyingi shoirlari qatorida bo‘lgan. Bu avlod shoirlari (Sauven, Langendonk, Karel van de Vusteyne) shahar shovqinidan uzoqda halovat va huzur topgan. Sauvenning eng yaxshi she’rlari Limburg viloyatining tabiatidan zavqlanib yozilgan.
TRAKTIR
Tub aholi singari necha yillardan buyon
Savdo yo‘llari aro o‘zing muqim turibsan.
Qancha-qancha odamni etgansan axir mehmon,
Boshpanayu yegulik, yana shisha beribsan.
Oqshom chog‘i majolsiz alahlaganda birov,
Har bitta tomirida sezganda cheksiz charchoq,
Derazangdan tushgan nur ko‘rinar misli olov,
Olisdagi do‘st kabi ochib turasan quchoq.
Yo‘lida o‘z istagu niyatlari uyiga
Kirgan qanchalar baxtli – qayg‘u kelmas o‘yiga,
O‘sha uyda eshitar muloyim so‘z, salomni,
Mehr kutadi uni, totar shirin taomni.
Kamindagi olov ham yonar quvonib yana,
Choyshab yangi yozilgan, bunda issiqdir xona.
OLISDA
Yana ko‘rayapman: baland imorat,
Yashil derazalar, burmali parda.
Ikkita arava turar hovlida,
Qizil sopol tomda bo‘yoq betoqat.
Vaqtning o‘ldirgani mendadir, mana,
Xuddi avvalgidek – panada zulmat,
Ombor tirgaklarda turar baquvvat,
Darvoza ustuni, qo‘ra, otxona.
Ko‘p avval yo‘qolgan hoy uy, hoy olam,
Men bilan yashaysan nima bo‘lsa ham,
Qalbdagi sog‘inchu mehrni yoyib,
Unutmam men o‘sha shirin xotirni:
Meni, u vaqtlar hali o‘smirni,
Sochi oq bir ayol chorlardi koyib.
Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi