Sovinar Bagdasaryan (1948)

Bagdasaryan Sovinar Minasovna (Ծովինար Բաղդասարյան) 1948 yil 8 martda Tog‘li Qorabog‘da tug‘ilgan. Armaniston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (2003). 1975 yilda Stepanakert tibbiyot bilim yurti, 1984 yilda esa Stepanakert pedagogika institutini tugallagan.
Armaniston, Rossiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Rus tilida “Kuz”, “Ona”, “Qalblarda qalb ohangi”, arman tilida “Ko‘ngil kuylari”, “Kaftdagi yurak”, “Quvonchdan tug‘ilgan dard” kitoblari nashr etilgan.

* * *

Ko‘ngil qo‘yib oy nuriga biz
Qarshiladik tonggi ziyoni.
Hali bilmay ishq ne, nedir his
Unutgandik butun dunyoni.

Ko‘kka boqib jimgina, uzoq
To‘lqinlanib, gohida tinib
Labimizga ko‘chardi titroq,
Pichirlardik: ‘‘Sevaman… yonib!…”

Oy nuriga tizilar satrim,
Uyg‘onaman tonglarda yolg‘iz.
Yulduz sanab, tugaydi sabrim –
Yonimda yo‘q ul yorqin yulduz!

Zuhra Asqarova tarjimasi

* * *

So‘qmoqlarga o‘t qo‘ymayman hech,
Sovurmayman izlarimni ham.
Qoldirajak so‘zim erta – kech
Yodlab suysin nabiram, bolam.

Ezguliklar, umid tug‘yoni
Yashar qalbga, shu aziz damga,
Qoldiraman izlarim meni
Ko‘rib ko‘zi kulgan odamga.

* * *

Ko‘ngil qo‘yib oy nuriga biz
Qarshiladik tonggi ziyoni.
Hali bilmay ishq ne, qanday his
Unutardik butun dunyoni.

Ko‘kka boqib jimgina, uzoq
To‘lqinlanib, gohida tinib.
Labimizga ko‘chardi titroq,
Pichirladik: Sevaman!.. – yonib.

Oy nuriga tizilar satrim,
Uyg‘onaman tonglarda yolg‘iz.
Yulduz sanab tugaydi sabrim –
Yonimda yo‘q ul yorqin yulduz!

* * *

Meni izlamangiz –
……………….tongni kutaman…
Izlamangiz –
…………….ufqni jim kuzataman…
Izlamang – yulduzlar
………………….ochganda chiroy
Nur bilan siylasa
……………….meni mayin oy…

* * *

Yurtim o‘xshamaydi hech kimnikiga –
Malohatli tog‘lar suluvi…
Yurtim o‘xshamaydi hech kimnikiga –
Salobatli, mag‘rur, g‘uluvli…

Yurtim o‘xshamaydi hech kimnikiga –
Quyoshi betakror, yulduzlar yorqin.
Yurtim o‘xshamaydi hech kimnikiga –
Havolari tiniq, shamoli erkin.

* * *

Yillar uchar…
Turnalar kabi…
Biroq g‘amga tortmas hech qachon –
Sezar qalbim, yillar bo‘ysunmas –
Yillar bo‘ysunmaydi – hukmron.

Sen ham yarim asrdan o‘tding,
Ortga nazar solasan bir qur…
Yo ikkinchi bahorni kutding,
Qayta boshdan yona boshlar nur.

Gurillasin, mayli, bu yo‘llar,
Qo‘shib borar yoshga yoshimiz.
Omon bo‘lsak donishmand yillar,
Asrlarni yashar boshimiz…

* * *

Mehringizdan quyosh tuting bir chimdim,
Onangizga otash tuting bir chimdim.
Seving uni – bugun, shunda, hayotda –
Ertaklardan chiqib kelgan farishta.

Seving uni – har kun, har bir lahzada,
Seving uni – umr otli lahjada.
Seving uni – darig‘ tutmang tun yo tong,
Mehrli so‘zingiz – qolmasin armon

* * *

Xira tortar kamalak rangi
Kirib kelsa kuzing beso‘roq.
Yuragingda ajib halovat,
Sokinlashib borasan, biroq.

Unutmaysan borar yo‘llarni
Yulduz tomon, bulutlar tomon.
Uyqu bermas senga oy nuri,
Uyg‘otadi ufqlar alvon.

* * *

Olovlanar kuz yaproqlari,
Uriladi shamol, urilar chaqmoq.
Olovlanar kuz yaproqlari,
Bu taqdirdan bo‘ladi qochmoq.

Yashash istar qishda, bahorda,
Yarqirab yoz faslida ko‘rkam.
Bedorlanib har bir nahorda
Yaratsam der betakror olam.

ShE’RLARIM

1

Hozir tilga kirar she’rlarim,
Ko‘zlarini ochadi tiniq.
Og‘riqlarim simirar jim-jim,
Har satrida qonlarim yoniq!

2

Kundalikka o‘xshar she’rlarim,
Kuzatib boradi har bir qadamim.
Har neki dardlarim bag‘riga bosgan
Sirli go‘shalarga bir-bir qadadim.

Yashiraman uni bolalarimdan,
Yaqinlarimdan ham – balanddir mehrim.
Hech kimni azobga qo‘ygisi kelmas
Hasratlarim ochib yuborgan she’rim.

3

She’rlarim ummonga o‘xshaydi,
Qirg‘og‘i ko‘rinmas, havosi namxush.
She’rlarim karvonga o‘xshaydi,
Ular hamon yo‘lda, xayoli sarxush.

Mingyilliklar uyqusin yorib,
Tog‘li vulqon kabi ochaverar ko‘z.
Bu yorug‘ olamda, cheksiz olamda
Ular qaynab chiqar – ta’rif yo‘q, yo‘q so‘z…

She’rlarim o‘xshaydi yulduzga,
Porlaydi, yondirar qalbni, gohida
Muzlatib yuborar… sig‘maydi so‘zga…

4

Qanday tug‘iladi aslida she’rlar,
Yonayotgan yurak yolqinlari to‘q.
Og‘riqlari, alam, hasratlarimda
Men tirikman, lekin yonimda u yo‘q…

Nimalarni tug‘diradi she’r?
Sharshara ovozi, barglar ohangi,
Yulduzli ko‘k, to‘lqinlar rangi?

Ehtimol, bu juda oddiy hol –
Ko‘ksimga sig‘maydi, sig‘maydi so‘zlar.
Ularni qulflab bo‘lmaydi, axir
Og‘ir, og‘ir tortib boradi hislar…

* * *

Bag‘ringga ol, dengiz,
Meni yor, chaqmoq!
Chiqib ketolmaydi
Qalbdan bu ishq, boq…

Bu yurak bekadar,
Yo‘q, hattoki oh.
To‘xtab qolishidan
Qo‘rqaman nogoh.

* * *

Tun… Sukunat…
Quyoshda tovlanmas shabnamlar.
Deraza ortida qop-qora zulmat,
Yulduzlar mudraydi ko‘kda bu damlar.

Tun ketadi, kirib keladi oq tong…
Yarqirab ketadi quyoshda shabnam.
Bu tun endi qaytib kelmas hech qachon!
She’rim yashab o‘tdi u bilan, bolam!

* * *

Sezaman, sezaman tog‘lar nafasin,
Ilg‘ayman ko‘z qirin qat’iy va vazmin.
Ular bezab turar keng olamimni,
Qaragim kelmaydi ortga, inchunun,

Shu tog‘lar singari mag‘rur, qaddi tik,
Ko‘chsa yuragimga nur malohati.
Kumush sochlaridan sochlarimga dur,
Ko‘ksimda tovlansa tog‘lar shuhrati.

Tog‘lar etagida mudragan o‘rmon
Bag‘riga yashirib qo‘ydim sog‘inchim…
Shu tog‘larga singib ketgunga qadar
His etgim keladi nafasini jim…

* * *

Tushlarimga kirdi nastarin,
Qo‘llarimga tutishdi gullar…
Men kun bo‘yi jilmayib, mamnun
Yurdim – qani, bu – bo‘lmasa tush,
Hidi uyni aylasa sarxush…
Yulduz in’om etganding menga,
Sehrlagan edi jilosi,
Izimdadir hamon soyasi.
Tuhfa ayla, gul tuhfa ayla,
Nastarinning oqidan sayla.
Oh, nastarin…
Soya singari
Kelmoqdasan ortdan izma-iz.
Tashqarida esa yana kuz…
Tushlarimga kirasan nechun?

* * *

Kuz… olib ket, o‘zing bilan ol,
Bargsiz qarag‘ayning qayg‘ularini.
Qishda kuylay olmaysan yal-yal
Yongan kuzning tuyg‘ularini…

Sening bilan ohangdoshman, bil,
Tilla kuzman – hech bilmas o‘lim.
Ko‘ylagimning qatiga yengil
G‘amlarimni yashiraman jim…

* * *

Kuzgi oqshom…
Yomg‘irdan so‘ng sukunat, orom.
Qotib qolgan daraxtlar uxlar,
Titramaydi shamolda barglar.
Olislarga ketdi quyosh yo
Uni shafaq berkitdi go‘yo..

* * *

Vaqt oqmoqda…
Ranglari ko‘charkan olamning
Yoningdan sizadi bildirmay.
Faqat
Ertaklarda to‘xtab qolar Vaqt…

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimaci