Ovanes Tumanyan (1869-1923)

Tumanyan Ovanes Tadevosovich [1869.7(19).2, — Armaniston hozirgi Tumanyan tumani Dseh qishlog‘i — 1923.23.3, Moskva] — arman yozuvchisi va jamoat arbobi.
Tbilisidagi arman diniy konsistoriyasida, so‘ng arman nashriyotlar jamiyati idorasida (1887—93), «Asker» bolalar jurnalida (1905) ishlagan. Arman yozuvchilarining Kavkaz jamiyati (1912— 21), Armanistonga yordam qo‘mitasi raisi (1921—22).
Tumanyan millatlararo qonli to‘qnashuvlarga (1905—07) qarshi chiqqan, 2 marta (1908, 1911) qamalgan. 1899 yilda Tumanyan rahbarligida Tbilisida «Vernatun» adabiy to‘garagi tashkil qilingan. «She’rlar» to‘plamlari (1—2-jildlar, 1890—92) nashr etilgan.
90-yillarda yaratgan qator she’r, doston va balladalarida ijtimoiy-psixologik konfliktlar, arman xalqi urf-odatlari folklor an’analarida aks ettirilgan. Dostonlari dehqonlar hayoti haqida («Maro», 1887; «Loretsi sako», 1889; «Anush», 1890 va b.).
«Sosunlik Dovud» dostoni (1902), «Oxtamar» (1892), «Parvona» (1903), «Asal tomchisi» (1909), «Shoh va xabarchi» (1917) balladalari arman va sharq afsonalari asosida yaratilgan. Bolalarga bag‘ishlab bir qancha asarlar yozgan («Mushuk va kuchuk», «Baxtsiz savdogar» va b.).
Ayrim asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan («Mening qo‘shig‘im», «She’rlar», «Poemalar», 1962, «Oxtamar», «Afsonalar», 1972 va b.).

QO‘ShChI QO‘ShIG‘I

Yur, omochim, yuravergin jim,
To kechgacha qilamiz shudgor.
Er katlamin ag‘dar betinim,
Xudo bo‘lsin panoh, madadkor.

Tortavergin, ho‘kizim, hormay,
Dadilroq yur, ishlaylik inoq.
Qamchiningni, o‘g‘lim, tushirmay—
Yur, qora kun daf bo‘lsin tezroq!

Qarz berganlar qistar qarzini,
Jazolamoq istar oqsoqol.
Pop ibodat qilib, arzini —
Aytdi, muddaosi: pul yo mol.

Gadoy keldi so‘rab sadaqa…
Hammasiga pul kerakdir, pul!
Ozgina yer, yo‘q sariq chaqa,
Gangitmoqda nochorlik nuqul.

Kundan-kunga ketmoqda mador,
Bolalar och, yo‘q gamxo‘r kishi.
Sog‘ bo‘lsang ham, bo‘lsang ham bemor,
Ho‘kiz kabi lozim ishlashing.

Yur, omochim, yuravergin jim,
Kechga qadar qilamiz shudgor.
Er qatlamin ag‘dar betinim,
Xudo bo‘lsin panoh, madadkor.
1887


ARMANNING QAYG‘USI

Armanning qayg‘usi tubsiz va cheksiz,
Xuddi dengiz kabi bepoyon.
Loyqa to‘lqinlanib turgan shu dengiz
Qahrida men hasratda hamon.

Alamzada bo‘lib ba’zida bu jon
Uzin urar sarob — qirg‘oqqa.
Ba’zan suv tubiga sho‘ng‘iydi nimjon,
Turolmasdan u tik oyoqqa.

Na u qirg‘oq topar, na dengiz tubin,
Uzidan ham hattoki bezor.
Armanga bu jahon tordir bus-butun,
Jon qiynalur nochor, beqaror.
1903

ONA YuRT G‘AMI

Ko‘rkam dalalaringning maftuniman azaldan,
Qalbimda zo‘r mehring bor chaqaloqlik mahaldan.
Ammo har gal tikilsam g‘amga to‘ladi yurak,
Jafokash aziz elim, xunob bo‘ladi yurak.
Quvg‘inga duchor bo‘lgan farzandlaring behisob,
Vayrona qishloqlaring, shaharlaring ham xarob:

O, afsus, o‘lkam,
Ko‘p ma’yus o‘lkam!

Ko‘rib turibman: dushman seni poymol etmoqda,
Gullar so‘lib, ko‘rkingga bir-^bir putur yetmoqda.
Qishlog‘u, shaharlarda yig‘i-sig‘i va nola,
Qo‘shig‘u kuylaring ham ma’yus, hasratga to‘la.
Zolimlarning do‘qidan kar ham bo‘lgudek quloq,
Zulm zanjiri tufayli yosh to‘la ko‘zlar buloq.

Bag‘ri qon o‘lkam,
Jonajon o‘lkam!

Jarohating ko‘p, biroq bardamsan, o‘lkam, hali,
Hali kuch bor taningda qaddingni rostlagali.
Uylaysanmi, yo‘ldasan, safardasan-u, faqat —
Yolg‘iz xudodangina kutib turibsan madad?
Biz esa farzandlaring, quloqni senga tutib,
Amringni kutayapmiz, turibmiz farmon kutib.

Uyg‘on, bas, o‘lkam,
Muqaddas o‘lkam!

Ishonchimiz komildir, payt kelib tong otadi,
Uyquda sog‘lom yurak qachongacha yotadi?
Ishoichimiz komildir, ko‘targanda bosh quyosh,
Keksa Araratdagi har bir giyoh, har bir tosh
Nurni xurram qarshilar hayotdan mamnun bo‘lib,
Shoiring yangi qo‘shiq yaratar zavqqa to‘lib.

Saqlama sukut,
Istiqbolli yurt!
1915


GRUZIYa ShOIRLARIGA

Ulug‘ Shota! She’rlaring
Haroratlidir hamon.
Hamon ular qalbga yaqin,
Ruh baxsh etar bir jahon.
Usha sozing qo‘lda bugun
Mag‘rurona yangraydi.
Jondosh, qondosh Gruziya
Bo‘ylab sho‘x jaranglaydi.
Shotalarni yetishtirgan
Ko‘rkam diyor, assalom!
Quchog‘ingga Araratdan —
Keldim, qalbda ehtirom.
Keling, do‘stlar, birgalashib
Bir kuylaylik-chi, qani.
Shonli o‘tmish va istiqbol
Quvontirsin hammani.
Shunday qo‘shiq kuylaylikki,
Bo‘lib momaqaldiroq,
Zolim kuchga dahshat bo‘lsin,
Bossin tanin qaltiroq.
Mayli, Kavkaz, farzandlaring
Shu qo‘shiqqa jo‘r bo‘lsin.
Inoq do‘stlik to‘yi bo‘lsin,
Tantanasi zo‘r bo‘lsin.
Aka-uka, opa-singil,
Do‘stlar, ota-onalar,
To‘planingiz katta-kichik,
Yigitlar, jononalar.
Yangi kunni qarshilaylik,
Qarshilaylik hamnafas.
Ko‘p yosh to‘kdik — bizga saboq,
Zulmga yo‘l yo‘q, endi bas
Ulug‘ Shota sozini biz
Chalayapmiz, bir qara,
Tushunarli hammaga ham,
Hammaga bu kuy yarar.
Xizmat qilar ulug‘ qo‘shiq
Ulug‘ maqsad yo‘lida.
Qalblar endi zavqqa to‘liq,
Soz — baxtlilar qo‘lida.
Yangi do‘stlar, salom sizga,
Ulganlarga sharaf-shon!
Araratdan olib keldim —
Salom, do‘stu qadrdon.
1919

Mamarasul Boboyev tarjimasi