Mahmud Darvish (1941-2008)

Mahmud Darvish (محمود درويش) (1941.13.3, Akka sh. yaqinidagi Barva qishlog‘i — 2008.15.8. AQSh. Ramallohda dafn etilgan.) — falastinlik arab shoiri, jamoat arbobi, jurnalist. Yoshligi Xayfada o‘tgan. Falastin xalqi ozodligi haqidagi she’rlari uchun isroillik tajovuzkorlar tomonidan bir necha bor qamalgan. 1971 y.da vatanidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Qohira, Bayrutda yashagan. Ijodi asosan vatan ozodligi uchun kurash mavzuida («Qanotsiz qushlar», «Zaytun barglari»,1961; «Falastinlik oshiq», 1966; «Tunning oxiri», 1969; «Odatdagi g‘amgin kunlar», 1973; «Ovoz», 1980 va b.). She’rlari o‘nlab xorijiy tillarga, jumladan, o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. D. «Nilufar» xalqaro adabiy mukofoti laureati (1969).
Mahmud Darvish arablarning yaqin tarixida eng nom qozongan va ta’sirga ega bo‘lgan ziyolilaridan sanalar edi. Mahmud Darvish falastinliklar o‘rtasidagi bo‘linishni ham qattiq tanqid ostiga olar edi Shoir 67 yoshida yuragi ustida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgan vaqtda olamdan ko‘z yumdi.
Falastin rahbarlari motam marosimida Mahmud Darvish falastinliklar bilan abadiy qolishi va u bu xalq birligining ramzi ekanini aytishdi. Mahmud Darvish o‘z hayoti davomida ham istilo ostida, ham muhojirlik hayotini tatib ko‘rdi. Falastin ozodligini kuylagan shoirning ko‘plab she’rlari kuyga solingan va milliy ashulalar qatoridan o‘rin olgan.

TURMADAN YoZILGAN XAT

Yulduzlar,
Oftob,
Oy —
Bari fazodan
Meni yo‘qlab keldi turmaga.

Dushmanlarim o‘qqa tutdi ularni.
Yomg‘irlar,
Daraxtlar,
Chechaklar —
bari
meni yo‘qlab keldi turmaga.

Dushmanlarim barin yo‘lini to‘snb,
Tikanli sim bilan bandu band etdi.
Shunda
ko‘shiklarim yo‘lga otlandi.
G‘anim tutolmadi
Qo‘shiqlarimni.

Ana shundan beri,
odamlar,
har kun
qo‘shiqlarim bilan uchrashasiz siz —
qo‘llar qo‘llar bilan ko‘rishgan kabi,
shamol olov bilan uchrashgan misol.

So‘zlarim hushyordir,
shu bois meni
jobir g‘animlarim jabrlar doim.
Qo‘shig‘im ozoddir,
mening nomimdan
dushmanim yuziga tupurar, yangrar.

Ey aziz insonlar,
so‘zim eshiting:
Bizlar,
ishqingizning asiri, bandi,
qabih jannatida
turmaxonaning
toptamadik
asl qiyofamizni.

Kunma-kun emas, yo‘q, soatma-soat
ulg‘ayyapman
kichik mamlakatimga
bo‘lgan
ulkan sevgim tarbiyasida.

Do‘stlar,
bag‘ringizga olingiz meni
bag‘riga olganday shamol gulxanni.

JAJJI VATANIM QO‘ShIQLARI

1

Zamin kamoqchilari,
Fursat kelar-da,
Bir kun
Kuppa-kunduz xurmoga
Osarsiz meni mahzun.

Ammo naki so‘z derman,
Na qilgayman ishora,
Yo‘q,
O‘lgayman
Xurmolar sirin etmay oshkora.

O, Vatanim!
Emassan sen tutqunlar ertagi,
Gul shu’lasihammas,
Yo — qasidalar ermagi.

Sen — shamolsan!
Nafasing
Xalqim dilga solguvsi,
So‘ng barcha qamoqlarni
Kunpayakun qilguvsi!

Adovatlar yo‘qolur,
Vahm qolmagay bir on!
Bir umrga kundalar
Bo‘lgay yer bilan yakson!
Bu zamin,
Bu mamlakat,—
Bor vujudim, tilagim.
Mozordagi jasadmas,
Urmoqdadir yuragim!

Na o‘q o‘tgay, na olov,
Tashna yorug‘ dunyoga,
Baquvvat xurmo bo‘lib
O‘rlagay u samoga!

2

Vatan!
Qo‘limda kishan
Ko‘p narsaga o‘rgatdi:
Kalxatning qora qahri,
Nekbinning yurak tafti,
Qorishib ketdi tamom.

Kelmovdi hech xayolga-ki,
Gupurgan qon qa’rida
Dovullar dolg‘a-dolg‘a,
Jilg‘alar jo‘shqin-jo‘shqin
Oqmog‘i mumkin axir!

Dunyo bilan o‘rtamda
Panjara tikdi taqdir…
Biroq qalbimda porlar
Mingta quyosh,
Mingta nur.
Ana, mahbuslik egnim
Zax devorda ko‘rinur.

Men libosmas, o‘rnida
Ko‘ryapman o‘tloqlarni,
Uvalarni,
Bog‘larni,
O‘ynab yurgan chog‘larni…

…Bo‘yashibdi devorga
Jallodning nusxasin ham,
Yovuzning chapiq rasmi
Ungib bormoqda kam-kam.
Men toshga sening noming
Tishlarim bilan o‘ydim,
Necha bor boqdim zor-zor,
Necha bor labim qo‘ydim!

So‘ng esa barmoqlarim
Taratib tunni, sochib,
Tutdilar yog‘du sochin,
Yog‘duning sariq sochin!

Qop-qora ko‘zlarimda
Jola yo‘q, iltijo yo‘q,
O‘t yonmoqda,
Nor yonar
Sachratibon haryon cho‘g‘!

Mag‘rur sevgim xochida
Meni yondirsalar gar,
«Inson» deya bong urgan,
Yo‘lin erk sari burgan,
Oq libosli jangchiga
Aylanurman muqarrar!

3

Yo‘q, tush emas, bor gap bu,
Bor hali shundoq bog‘lar:
Unda, oppoq balkonda
Oshiftahol dudog‘lar
Xonish aylar berilib
Kunday farishtalarga,
Berar qanot, bolupar,
Tunda farishtalarga.

Qushlar, qushlar —
Siz mening
Jon olar jallodlarim,
Qalbimni o‘ynatdingiz,
Titratib faryoddarim!

Sog‘indim seni!
Sog‘inch bo‘g‘zimga keldi, bilsang,
Koshki bir quloq solsang,
Xabar olsangu kelsang.
Sevgimiz —
Bu, chakkaga tiralgan to‘pponchadir,
Dardli qo‘shiqlarimiz
Bag‘ri qora qonchadir…
Chorlasang, nido sari
Otilib chiqqay yurak.
Chiqib,
Dard ummoniga
Botsa-yu, ketsa kerak…


TERGOV

Yozing ko‘zlarimga qarab:
Men arabman.
Daftar titkilamang takror-takror,
Ellik minginchiman,
Sakkiz bolam bor.
Yozda to‘qqizinchi qo‘shilar oilamizga.
Nima, yoqmadimi sizga?

Yozing ko‘zlarimga qarab:
Men arabman.
Hunarim toshtarosh.
Tosh yo‘naman, tosh.
Sakkiz bolam ochlikdan bo‘lmasin deb xarob,
Ishlab non topaman,
Olaman kitob.
Gadoylik qilmadim hech qachon.
Bir chora topaman ro‘zg‘orimizga
Nima, yoqmadimi sizga?

Yozing ko‘zlarimga qarab:
Men arabman.
Siz bilmaysiz mening nomerimni.
Sindirolmadingiz quturib meni.
Mening ildizlarim
Asrlar qa’riga tutashdir.

Men qo‘shchi o‘g‘liman.
Oshnaman
Yoshlikdan omoch bilan.
Shox-shabbadan qilingan kulbada yashayman…

Arabning saqichday qoradir oochlari,
Ko‘zlari qoradir azob singari,
Mening sochlarim hurpaygan, biroq,
Izmiga oololmas hech qanday taroq.

Qadim tariximdan kechmayman sira,
Sevganim zaytun yog‘, shuningdek zira.
Yozing, menga xosdir yana bir nuqson:
Oldindan, hech qachon
Bo‘lmagan hech kimga qalbda nafratim.
Hech kimni talamadim
Hatto och qolgan vaqtim.

Ammo zo‘rlik bilan tortib olsangiz
So‘nggi narsamni,—
Erkimni, huquqim va nomusimni.
Unda aytib qo‘yay yuzingizga tik:
Mening ochligimdan qo‘rqqulik,
Mening achchig‘imdan qo‘rqqulik!
Bas kelib bo‘lmaydi g‘azabimizga,
Nima, yoqmadimi sizga?!

ZABT ETILGAN ShAHAR

Qizaloqning onaginasi
yonib ketdi ko‘zi o‘ngida,
yonib ketdi xuddi shafaqdek.

Yupatishdi uni kattalar:
– Onang uchib ketdi osmonga,
Xafa bo‘lma, Jafokash degan
nom oladi endi u yoqda,
sen ham keyin borib ko‘rarsan
nur yog‘ilib turgan yuzini!

Qizaloqning onaginasi
yonib ketdi ko‘zi o‘ngida,
yonib ketdi kechki shafaqdek.

Oyni yomon ko‘rar
shu kundan,
yomon ko‘rar qo‘g‘irchoqlarin.
Shom qo‘nganda yerga har safar
va uyquga ketganda shahar
u turar-da,
qichqirar titrab:
– Men o‘ldirdim Oyni,
men undan
so‘ramagan bo‘lsam ham hech gap,
erga urdi oyijonimni:
“Oying po‘rtaholday
chiroyli emas,
oying zaytun kabi
kelishgan emas,
oying baland osmonda emas,
qop-qorong‘i mozorda yotar”.

Qizaloqning onaginasi
yonib ketdi ko‘zi o‘ngida,
yonib ketdi kechki shafaqdek.

Dastavval so‘zlarim tuproq edi,
men do‘stlashdim
boshoqlar bilan.

Nafrat bilan to‘lgach so‘zlarim,
men do‘stlashdim
kishanlar bilan.

Toshga aylanganda so‘zlarim
do‘st tutindim
oqimlar bilan.

So‘zlarimda qaynadi isyon –
va do‘stlashdim
vulqonlar bilan.

So‘zlarimda unganda yovshan,
men do‘stlashdim
nekbinlar bilan.

Asalga aylangach so‘zlarim,
og‘zimni taladi
pashshalar.

OVOZ

Bir minoram bo‘lsa, chaqmoqlarning
pichoqlarin yulib olardim,
o‘chirardim bulutlarning yong‘inlarini.

Bir yelkanim bo‘lsa, yog‘ingarchilikda
dengizga chiqardim va quyunlarning
sindirardim qanotlarini.

Bir narvonim bo‘lsa, quyoshga chiqib
yaxshilik nurlarin yog‘dirar edim –
zamin unutardi xarobalarni.

Bir jiyronim bo‘lsa, unga shart minib,
shamolni tutishga chog‘lardim,
shamollar otini uyimga bog‘lardim.

Agar yer bersangiz, omoch bersangiz,
tuproqqa ekardim
she’r hamda yurak.

Agar tor bersangiz, men sukunatni
rang-barang gullarday tabassumlarga,
do‘stlik sadosiga to‘latar edim…

Ammo nimadir bu? Xochmi bu, xochmi?
Kechirasiz, menga kerakmas bu xoch.
Qo‘lga olmaganman uni hech qachon…
Mixlar tutar uni, menda yo‘q iloj.

Nazokatli bir zot kuldi ustimdan:
“Mixlarda joningiz achishdimi, shoir?”

G‘azablanib kesatdi allaqaysisi:
“Ovozing zig‘iryog‘day jonga tegdi,
Mangulikni orzu qilyapsan, chog‘i?”

Ha, orzu qilyapman. Kekirtakdan yorib,
mening yuragimni teshishingiz mumkin.
Bulutlarni nayzalab, tuproqqa qorib,
Nilni ham Ifrotga qo‘shishingiz mumkin.

Sizning qurolingiz, amringiz bilan
qarg‘a qanoti ham oqarar oppoq,
ikkiga bo‘linib, ajrab ketar tog‘.

Lekin ovozimni, yangroq sasimni
qani, to‘ringizga solib ko‘ring-chi!

Ovozim – shu yerda. Hamda u yoqda.
Uni mixlab bo‘lmas, parchinlab bo‘lmas!
Ovozim ozoddir – u kurashmoqda!

Miraziz A’zam tarjimasi

* * *

Menga minora bering,
chaqmoqlarning
nishlarini olaman yulib
va bulutlar qatidagi
yong‘inni o‘chiraman.

Elkan beringiz menga,
havo qovoq uysa-da
men chiqaman dengizga
va sindirib tashlayman
to‘fon qanotlarini.

Narvon beringiz menga,
Quyoshga ko‘tarilib,
unga qo‘yaman qadab
urush nayzalari chilteshik qilgan
dardli zaminimiz yalovin.

Menga arg‘umoq bering,
tutib yellar cho‘ponin,
baland tog‘ cho‘qqisiga
zanjirband aylagayman.
Omoch bering,
er bering,
ekaman unga yurak hamda she’riyat urug‘larini.

Gitara bering menga,
sukunatni to‘ldiray
do‘stlarning tabassumi,
pok va yorqin gullarga.
Shunday deyman,
kaftimdagi qonim siqilib…

But, deysizmi?
Sig‘inmayman anchadan buyon,
lekin unga mixlanganman, qo‘yib yubormas.

Jentlmenlar kelar,
so‘rar ustimdan kulib:
«Qalay bo‘lar ekan,
shoir, mixlanib turmoq?»

Yana biri xirillar, g‘azabdan yorilguday:
«Jonga tegdi ovozing,
nedan umid qilyapsap?
Yo o‘ylarsan ehtimol hech o‘lmayman, deb?»

— Ha. O‘ylayman, Negaki,
sizlar faqat halqumimni kesmog‘ingiz mumkin,
yuragimni bolta urib ezmog‘ingiz mumkin.
Hatto qo‘lingizdan kelar
bulutlarni majburan yerga qo‘ndirmoq
yoki Nilni Frotga borib quydirmoq.
Qora qarg‘a oqarar, hatto qars yorilar tog‘
sizning amringiz ila.
Lekin mening ovozim…
Urinib ko‘ring, qani,
uni to‘rga solgani.
U — men bilan,
U — narida,
U — huv olislarda
sado beryapti,
eshityapsizmi?
Uni mixlab bo‘lmagay.
U erkin,
u orzu yo‘lida
kurashar tinmay.

Ikrom Otamurod tarjimasi

OShIQ-MA’ShUQLAR

Seviklim, qalbimda tirikdir ko‘zing,
Seni eslasam, bas, og‘riydi qalbim.
Ko‘zingda aks etar alam, g‘azabing,
Men bu og‘riqlarga o‘rganib qoldim.

Yulduzlarday bodroq ochgan qayg‘ular,
Qalbga musallasday malhamdir ular.

Bu og‘riq – muhabbatimning davomi,
Bugundan ertaga tashlangan ko‘prik.
Ko‘zlarni unutmoq menga ravomi?
Porlab turgan kunduz – bu ko‘zu kiprik.

Bolalik chog‘lardan o‘sganmiz birga,
Shu-shu, men sevganman butun umrga.

Qachon shoir bo‘lib qalam olganman, –
Shu ko‘zlarni kuylab o‘tda yonganman.
O‘sha ilk she’rlarni eslab hozir ham,
Istarman, ko‘zlaring takror kuylasam.

Hayhot, quvg‘inlikning yovuz shamoli,
She’rlarim uchirar quyun misoli.

Hatto yoshlikdagi o‘sha qushlarning,
Biri ham qolmadi boyaqishlarning.
Bari uchib ketdi uzoq-uzoqqa,
Em bo‘lmayin deya qirg‘in-tuzoqqa.

Kuylaganda erkning mag‘rur ohangin
O‘q teshdi rubobu naylar jismini.
Vatan, qadrlashni o‘rgandik seni,
O‘rgandik qalblarga yozib ismingni.

Sevgilim, sevgimiz tirikdir hamon,
Bo‘g‘iq bo‘lsa hamki ovozim, omon.

Sevgilim, men seni hamon ko‘raman
Vayronaga do‘ngan uylar oldida
Podani hoy-huylab, quvlab o‘tasan
O‘tasan kul bo‘lgan eshik yonidan.

Suvi qurib bitgan quduqda o‘ychan
Navbatda turganing ko‘raman ba’zan.

Chodirdagilarning g‘ijim choyshabi,
Oshxonaning yugurdaklari aro,
Gulxanda isingan bolalar kabi,
Yugurib yurganing ko‘raman goho.

Qayerda bo‘lsang ham omon bo‘l, mayli,
O‘tmish kunlar sira unutilmaydi.

Va o‘zligingdan sen voz kechma aslo,
Quvg‘unda yashasang, g‘amda yursang ham.
Bilginki, quyosh bu – quyosh doimo,
Dengiz – dengiz bo‘lib qoladi mudom.

Sen ham o‘zligingni hech ayri tutma,
Menga bergan so‘zlaringni unutma.

Men qasam ichaman, ona Falastin
Mangu qismat erur peshonamizda.
Osmon bo‘lsa hamki ming ostin-ustin,
Biz – farzandlar, unga ishonamiz-da.

Ishonaman, sen ham, ey guli g‘uncha,
Falastin qizisan o‘la-o‘lguncha!

Hali bu toshqotgan havoni kesib,
Ona tilda qo‘shiq-kuy yangratamiz.
Majruh dalalarning bag‘rini teshib,
Qon ila sug‘orib don yaratamiz.

Falastinning kuyuk dalalaridan
Hosillar yig‘amiz to‘p-to‘p, bo‘liq, sha’n…

Muzaffar Ahmad tarjimasi