Abu Abdurahmon Niliy

Abu Abdurahmon Muhammad ibn Abdulaziz Niliy – O‘rta osiyolik arabnavis shoir.

1

O‘q bo‘lib uchgach nigohi, yuz o‘girdim chet tomon,
Tandagi majruh bu jonim zora qolgay, deb, omon.

Ishq der: Undan qutulmoq mutlaqo mushkul erur,
Qaytarolmas o‘qni qalqon, bo‘lsa gar ko‘zlar kamon.

2

Yorimning nigohida parpirab o‘ynaydi nur:
O‘t — uning yanog‘ida, tafti bag‘rimda erur.
3

Baxil qursin, malomat qilma bekor,
Baxilning molidan bo‘lma umidvor.

Quvib mol ortidan, fazlin yo‘qotgan
Odamning ustidan kulmoqqa yo‘l bor.

Har baloyu har azobga menda bor bardosh-chidam,
Garchi toshday ezsa ham boshimni so‘ngsiz dardu g‘am.
Shon-sharaflar in qurar, albatta, kulfat ustiga,
O‘tda kuygandan keyin bo‘lgay musaffo tilla ham.

Husniddin Sharipov tarjimasi