Amerikalik shoir, tarixchi, adib, ikki marta Pulitser mukofoti sohibi Karl Sendberg (Carl Sandburg) shved muhojiri oilasida tug‘ilgan. Uning she’riyati Uolt Uitmen, Verxarn va frantsuz simvilistlari ta’sirida shakllangan.
Uning “Chikago” (1916), “Makkajo‘xori yig‘uvchilar” (1918), “Tutun va po‘lat” (1920), “G‘arb quyoshi kuydirgan xarsanglar” (1922), “Assalom, Amerika” (1928) va boshqa she’riy kitoblari jahon she’riyati xazinasidan minosib joy olgan.
Shuningdek, u 6 jildlik Linkoln biografiyasining muallifi hamdir.
QO‘ShIQ
Zangor yulduz border, Janetta,
Agar uchsak nur tezligida
O‘n besh yillik yo‘ldir ungacha.
Oq yulduz ham border, Janetta,
Qirq yil uchmoq kerak ungacha
Agar uchsak nur tezligida.
Ayt, Janetta, qaysi yulduzga
Biz sen bilan avval uchamiz –
Zangorgami yo oq yulduzga?
AYRILIQ
Nega erkak: Men sensiz
Yasholmayman! – deb aytdi.
Nega ayol: Men sensiz
Yasholmayman! – deb aytdi –
Erkak ketdi g‘arb tomon,
Sharq tomon ketdi ayol.
Ikkovi yashar hamon…
G‘IShT TERUVChI MUHABBATI
O‘lgim kelar,chunki men
oddiy g‘isht teruvchiman,
sen bo‘lsang sevasan aptekachini,
Ishimdan ko‘nglim qoldi, oldingiday zavqim yo‘q,
tushlik chog‘ida esa qo‘shiq ayta boshlasam
qo‘shiqlarim kundan-kun g‘amginroq,hasratliroq.
Ko‘zimni quyosh nuri qamashtirgan chog‘lari
oyog‘imning ostida silkinarkan havoza,
sen haqda o‘ylayman,yor…
Xurshid Davron tarjimasi