Hasan Zuko Kamberi (XVIII-XIX asr)

Hasan Zuko Kamberi (Hasan Zyko Kamberi) 1740 yilda Albaniya janubidagi Starya qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi turk armiyasida xizmat qiluvchi mayda sipohlardan edi. Usmonli turk imperiyasi tanazzulga yuz tutgach, uning xizmatchilari ham qashshoqlashib qoldi. Shoir ham ko‘p umrini sargardonlikda o‘tkazdi. Qariganida darvesh bo‘lib, safarlarda yurdi. Shoirning o‘z qo‘li bilan tuzgan devoni bizgacha yetib kelmagan. Hasan Kamberining faqat sakkizta dostoni meros bo‘lib qolgan. “Bevalar”, “Nikoh oqshomi”, “Pul”, “Obiyovg‘on” asarlari alban she’riyatining durdonalari sifatida qadrlanadi.

PUL

Bu dunyoda, hatto, pulning
Asl bahosini bilgil.
Bek, mulla yo some qulning
Asl bahosini bilgil.

Bilganim shu, boyu kibor,
Zarga yordir, chaqaga zor.
Qoida-yu qonun bekor,
Asl bahosini bilgil.

Ermi, ayol; bevami, tul,
Manfaatu shahvatga qul.
Maishatlar bari bir pul,
Asl bahosini bilgil.

Har kas, pul! deb olar nafas,
Chorlayverar oltin qafas.
Orzu, armon, hoyu havas…
Asl bahosini bilgil.

Yomg‘iru do‘l, tog‘u cho‘lda,
Shayton qolib ketgay yo‘lda,
Pul o‘ynasa ,agar, qo‘lda,
Asl bahosini bilgil.

Na avliyo, na bir olim,
Bayon eta olar holim.
Sal haddidan oshsa zolim,
Asl bahosini bilgil.

Kambag‘allik or bo‘lsa-da,
Diyonati yor bo‘lsa-da,
Nochor odam xor bo‘lsa-da,
Asl bahosini bilgil.

Otang bozor, onang bozor,
Pulsiz odam topar ozor.
Halol molga bo‘l xaridor,
Asl bahosini bilgil.

Puldorlarning orasida
O‘qilsa-da bul qasida,
Xoh o‘smir, xoh norasida,
Asl bahosini bilgil.

Ko‘pdir, kamdir, uchma uchdir,
Pul qudratli, sirli kuchdir.
Bilgil, balki, bari puchdir,
Asl bahosini bilgil.

Banda bejiz boy, faqirmas,
Besabab bir tikan kirmas.
Pul o‘ldirar, tiriltirmas,
Asl bahosini bilgil.

Goh tamkin, goh g‘amgin etar,
Pul qo‘l kiri; kelar, ketar.
Qadriga kim uning yetar,
Asl bahosini bilgil.

Ezguliksiz kechsa asr,
Badavlatdin badbin kasr.
Namozlaring, garchi, qasr,
Asl bahosini bilgil.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi