Usmon Semben (Ousmane Sembène) – taniqli nosir, shoir va kinorejissyor. Farang tilida ijod qilgan. “Senegal o‘g‘li” va “Yangi sahifalar” (1964) hikoya va she’rlar kitobi, “Xarmattan” (1966) asarlari chop etilgan.
KAZAMANS
Kazamans – azim daryo,
senda zamon ruhi jo.
Men dunyoga kelmasdan
oldin bor eding hatto.
Ulug‘vor,
osmon bilan
o‘zingsan birga oqqan,
ajdodimdan ham keksa,
doim oldga intilgan…
Kazamans – sobit daryo!
Ko‘zgusan mudom oyga,
sen faqat samodan yosh,
keltirding yurtga foyda.
Ko‘rking zavq bermas kimga,
bilsang,
bolaligimda
bag‘ringdan baliq ovlab,
taskin topdim sevgimga.
Sen sergap o‘rtog‘imday
gapga tutarding atay.
Kamsuxan,
sodda bola –
men seni ne deb atay…
Daryo!
Oqizding zorim –
har ro‘zg‘orning g‘uborin.
Ibrat yuvosh tiynating,
betin chertding qalb torin.
Daryo,
sen – xalq,
sen – qudrat
ham muloyim hamsuhbat.
Sathingda maishatga
nokaslar topdi jur’at.
Senga nima bo‘ldi, ayt,
Kazamans,
oqding loqayd?
Temza,
Reyn,
Ron – timsohlar
o‘rnida kema bu payt…
U yerlarda boyligu
latofatingdan g‘ulu –
buncha suvni ko‘rmadim,
ichingdan chiqib, yohu!
Oqishing – elga nafas,
shashting kunu tun so‘nmas,
suvlaring – dalalarga
jonbaxsh sharbat erur, bas.
Sen yangi avlodlarni –
saf-saf tirik asarni
voyaga yetkazasan,
baxsh aylab xush nazarni.
Sen bizda,
sen biz bilan,
sha’ningni kuylab dildan
behad boylik tarzida
e’zozlar qadring bilgan.
Xalq – bu ulg‘ayuvchi kuch,
senga esh har bir hovuch.
Nomingni kuylar xushhol,
qay biriga kelsang duch.
To‘lqinlaring mavjlanib,
jo‘sh urar bizni tanib.
Bag‘ringda yashar ko‘p jon
ko‘p xatardan asranib.
Inja hissim aytsam gar,
to‘lg‘onasan beshbattar –
ular siru ovozing
ufq ahliga tarqatar.
Tamtam sasi taralgan
qay dam to‘lqinlaringdan?..
Bizni kechir,
Kazamans,
kuch-qudrating bizga tan!
MARSIYa
Diuana,
singlim-qondoshim,
bag‘rim,
Kazamans qirg‘og‘i – ko‘z ochgan yurting.
Ko‘ngilday keng oqim ufq tomon tag‘in
shoshilib oqardi,
baxtiyor erding.
Diuana,
singlim!
Bugun Afrika
ancha tinchib qolgan,
qamaldan xoli –
qulortar kemalar boqmas aftiga,
tindi ayriliq va dahshat shamoli.
Zanjirband akalar dodu faryodi
endi tebrantirmas o‘tli qirg‘oqni.
Xotirda bo‘zlashlar,
qiy-chuvlar yodi –
kim ham unutardi achchiq firoqni.
Diuana,
singlim!
Vaqt o‘tar suqli,
chil-chil uzildi-ya qullik zanjiri.
Qirchumoli ahli ko‘hna quduqni
kemirib – semirib o‘ldi oxiri.
Bizni ezar hanuz
nomus,
kuchsizlik,
hamon mavjud battol qamoqxonalar –
moziy qul ko‘rmagan ajdodimizdek,
esdan chiqmas aslo – toshbitik qadar.
Diuana,
singlim!
Subhidam quyosh
qabringga nur sochdi yorqin,
tillarang.
Jo‘xori va guruch boshog‘i sirdosh –
boshingda bosh egib,
o‘smoqda arang.
Diuana,
singlim!
Bizning dalada
muattar hidlari tungi farahning –
jon ter ila suvlab,
oniy pallada
yovg‘on ichgan qulga keladi rahming.
Ozodlik nasimi – vatan sog‘inchi.
Diuana,
hur Tong alomatisan.
G‘urbat yutdi seni – yo‘qoldi tinchim,
taqdiringda ne farq ajdodlarimdan?!
Seni aldadilar,
gulday qo‘lingni
suvtekinga sotib oldilar go‘yo.
Issiqsevar palma kabi fe’lingni
bepisand ko‘rdilar shimolga ravo.
Diuana,
kun kelar
va bu kun yaqin,
baralla aytamiz afrikaliklar:
“Bu o‘rmon, dalalar hamda bu zamin –
bizniki,
biz uchun qora mushaklar!”
Yuraklar bo‘zlaydi qabring boshida.
Singilcham,
tinch yot,
chekma hech faryod.
Bil, Hurriyat yo‘ldosh Tong quyoshiga!
Yaqinda Afrika bo‘lar hur-ozod!
Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi