Mongane Uolli Serote (Mongane Wally Serote) Yohannesburg biqinidagi Sofiyataun degan kichik shaharda tug‘ildi. Aleksandr, Lesoto va Soetoudagi ingliz maktablarida o‘qidi. Yuqori sinflarda qoralarning o‘z-o‘zini anglash harakatida qatnasha boshladi, Afrika Milliy Kongressiga kirdi. Zanjilarning she’riy yig‘inlariga bog‘landi. 1969 yilda bu harakati uchun qamoqqa olindi va to‘qqiz oy turmada yotdi. U yerdan chiqqach, maktabni tashlab, jurnalistlik bilan shug‘ullana boshladi. 1972 yilda “Qoramolning o‘kirishi” nomli birinchi she’r to‘plami nashr etildi va u 1973 yilda Ingdid Yonker mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1974 yilda Kolumbiya universitetiga kirib, 1979 yilda nafis san’atlar magistri darajasini qo‘lga kiritdi 1986 yildan Afrika Milliy Kongressining Londondagi san’at va madaniyat bo‘limida ishlay boshladi. 1990 yilda Janubiy Afrika Respublikasiga qaytib keldi. 1972-2004 yillar ichida to‘qqizta she’r to‘plami nashr etildi.
YOHANNESBURG ShAHRI
Shunday qilib, sizlarni qutlayman:
Qo‘lim ishga undaydi shimimning orqa cho‘ntagida
Yoki pidjagimning ich cho‘ntagida.
Hayotim Yo`burg shahrida o‘tadi.
Qo‘llarim och ilonday cho‘ntaklarimni shishirib turadi,
Kartmonim yupqa, oriq,
Qornim Yo`burg shahrida, do‘stona tabassum bilan
Ochlikdan ingraydi.
Qornim qozonlarni ham, hujjatlarni ham
Yamlamay yutadi, shuniyam bilmaysizmi?
Yo`burg shahri, e, men sizni qutlayman,
Hammasi tugadi, avtobuslar guvullashi tugadi,
Muhabbatim ham orqada qoldi,
Bundan bu yog‘i kulgili uylar, odamlar, changlar uyurmasi,
Qarabsizki, o‘limim ham yetib keladi,
Menga shunday deb ko‘z qisib qo‘ydi
Yo`burgning odamlari.
Men qoralar va oqlar orasiga boraman,
Ammo ko‘p yo‘llar bekitilgan
Sizning yo‘g‘on temir nafasingiz sharofati bilan.
Yo`burg shahrida, ertalab soat oltida nafas olsangiz, .
Kech soat beshda nafasingizni chiqarasiz.
Men shunday paytda keldim dargohingizga,
Kelganimda neon gullaringiz
Elektr shamollarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilardi
Qoloqlik zulmatini yashirib.
Sizning tsement daraxtlaringiz naqadar go‘zal.
Men kelganimda, mening muhabbatim,
Chang-to‘zlarim, mening xalqim, mening o‘limim,
Jism aro keskir olmosday zulmatda bekinib turgan
o‘limim,
Ildizlarimni his qilaman.
Kemam langarini bog‘ladim
Qudratim va zaifligim shunda
Jismimda, aqlimda, qonimda.
Hamma menga siz haqingizda so‘zlaydi, ya’ni
Yo`burg shahriga mendan nima talab
qilinishini so‘zlaydi…
Yohannesburg! Men sizga bir gap aytaman:
Xotinlar va erkaklar sizni dunyoga keltirishganda
Siz dunyoga kelganingizda
Aftingizda shunday sovuq ifodalar bilan,
Emirilgan tuproqdagi egatlar kabi
Ko‘zyoshlari ham bo‘lgan ifodalar bilan –
Bunda hech qanday huzur-halovat bo‘lmagan.
Yo`burg shahri – siz qoqsuyak o‘lim singarisiz
Yo`burg shahri, Yohannesburg, Yo`burg shahri…
JUDA MUHIM DIALOG
Qo‘rqmang, Baas.
Mening paydo bo‘lganim oddiy gap.
Mening yuzlarim kabi shu qora tunda
Yuzlarimiz uchrashdi.
Qo‘rqmang –
Siz meni kutmagan paytingizda
Har doim uchrashib turamiz.
Men, menday qora tunda,
Paydo bo‘laveraman.
Qo‘rqmang –
Mendan qo‘rqishingizda
Yuragingiz aybdor.
Sizdan qo‘rqishimda
Yuzim kabi qora tunda
Aqlim aybdor.
Qo‘rqmang, Baas,
Mening yuragim dengiz kabi keng,
Sizning aqlingiz tuproq kabi.
Bu hayajonli e’tirof, Baas,
Qo‘rqmang.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi