Ahmad Ozodgoh (Jazoir)

ETAR ENDI!

Barmoqlar,
O‘qingiz
Gitara sasin.
Lablar,
Shivirlangiz:
Umid yashasin.

Etar endi tinglamoq
Osmon shikoyatini,
Etar endi yig‘lamoq
So‘ngan yulduzga,
Etar endi achinmoq
So‘xtasi sovuq
Qishni eslatuvchi
Aldoqchi kuzga.
Etar endi ko‘z tikmoq
Olisdagi sarobga.
Ishonmang xotirani
So‘ndiruvchi kitobga.
Kerakmas ertamizni
Qoralovchi soyalar,
O‘tmishning fikri bilan
Og‘ulovchi g‘oyalar.

Barmoqlar,
O‘qingiz
Gitara sasin.
Lablar, shivirlangiz:
Umid yashasin.

YuLDUZLI ChAShMA

Yo‘qsillarga bering —
mening nonimni!
She’rlarimni tarqating —
kichkintoylarga!
Mahkumlarga bering
ozodligimni!
Do‘stlarga ulashing —
umidlarimni!
Miltig‘imni bering —
huquqsizlarga,
Mayli, jallodlarga —
rahmdilligim!
Daydi orzularim —
qushlarga bo‘lsin,
Ko‘zimning yoshlari —
gullarga bo‘lsin…

Bering, beravering!
Beringlar nomimni ham,
Beringlar qonimni ham,
Kelajagimni hatto!

Menga qoldiring faqat
Yulduzli chashmadan suv!

HAR KIMNING O‘Z IShI BOR

Irmoqlardan yashnar maysazor,
Maysazordan unadi gullar.
Gullar bilan yaralar bahor,
Bahordan zavq olar bulbullar.
Bulbullardan tug‘ilar ilhom,
Ilhom qanot shoirlar uchun.
Shoirlardan tug‘ilar qo‘shiq
Qo‘shiqdadir go‘zallik kuchi.
Odamlar-chi,
banklar ochishar,
Tuzadilar firma, trestlar,
Qamoqxona, islovatxona.
So‘ngra urush tayyorlaydilar
O‘zlariga, bolalariga…

SUKUNAT

Sen yotibsan shundoq yonimda,
Bulutlardan uzmay ko‘zingni
Sen orzular og‘ushidasan,
Sukunatda ko‘rib o‘zingni.
Shu sukunat kirdi suqilib,
Oramizni oldi u beor
Chaqiriqsiz bir mehmon bo‘lib.
Eh, sukunat bo‘lar beqaror,
Birov bilan do‘st tutinadi,
Boshqasiga dushman ashaddiy.
Gap so‘raysan sen undan asta.
Vujudim muz qoplar bir pasda.
So‘z navbati menga kelgan on —
Sening chehrang, yuraging, o‘ying
G‘am-g‘ussaning tund va qop-qora
Chodrasiga burkanar, ishon!

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimalari.

HAR KIMNING O‘Z QILAR IShI BOR

Jilg‘a oqar,
Maysalar yashnar,
Maysa tug‘ar chechak-gullarni.
Gul bahorni chaqira boshlar,
Bahor chorlab kelar qushlarni.

Qushlar esa uyg‘otar ilhom,
Ilhom shoirlarni yayratar.
Shoir qo‘shiq yozadi mudom,
Qo‘shiq go‘zallikni yaratar.

Biz-chi,
Nelar yaratajakmiz –
Qarshi kelsa odamga odam?!
Urush, o‘lim, faryodlarga biz
Boshlaymizmi bolalarni ham?!

Muzaffar Ahmad tarjimasi