Kozimxon Shaydo (1727-1778)

Kozimxon Shaydo 1727 yilda Xattaklar nabilasi yashaydigan Saroy tumanidagi Afzalobod degan joyda tug‘ildi. Uning otasi Afzalxon Xattak, mashhur tarixchi bo‘lib (“Tarix-e murasso” asarining muallifi), Xushholxon Xattakning nabirasi edi. Kozimxon Shaydoning otasi vafot etgandan keyin, xattaklar xonligi akasi Asadullaxon qo‘liga o‘tadi. Akasining chattiq qo‘lligidan norozi bo‘lgan Kozimxon o‘z ona yurtini tashlab, Kashmirga boradi. U yerda o‘z zamonasi ilmlarini o‘rganadi. So‘ng, Hindistonning ko‘pgina yerlarini aylanib chiqib, umrining qolgan qismini Rompurdagi afg‘onlar orasida o‘tkazadi va 1778 yilda shu yerda vafot etadi.
Kozimxon Shaydoning devoni 1952 yilda Abdurauf Benavo tomonidan Kobulda nashr ettiriladi. Devonga shoirning o‘z qo‘li bilan yozgan muqaddimasidan so‘ng, g‘azallari, qasidalari, muxammaslari, ruboiylari, qit’alari, musaddaslari kiritilgan. Shundan ma’lumki, Kozimxon Shaydo XVIII asrda afg‘onlarda keng tarqalgan fors-tojpk klassik adabiyoti ta’sirida aruz qoidalarnga rioya qilib ijod etgan. Shuningdek, Kozimxon Shaydo afg‘on poeziyasiga hind uslubini kiritgan shoirlardan biri hamdir.

G‘AZAL

Ishq ummonida buncha zahr ekan komim mening,
Xuddi ko‘piklar misoli singusi jomim mening.

Oftobim ushbu holimdan xabarsizdir, netay,
Hasratingda bunchalar yo‘q bo‘lmasa nomim mening.

Shiddati ishq shu’lasidan jismi zorim o‘rtanur,
Boshga solmas zarra soya manzili bomim mening.

Bu siyohro‘zlik bilan o‘tmoqda kunduz ham tunim,
Chunki farq qilmay qolibdir subh ila shomim mening.

Beqaror bo‘ldim simobdek, chora topmasman sira,
Bu jafolar dastidan yo‘q bo‘ldi oromim mening.

Shunchalar pinhon bo‘libdir dilda ishqing otashi,
Etmasa naylay senga bir lafzi ilhomim mening.

Gulshan ichra subh nuri bo‘lg‘usi paydo yana,
Bezanib chiqqanda, Shaydo, nozli gulfomim mening.

Jumaniyoz Jabborov tarjimasi

RUBOIYLAR

Do‘sting qayg‘usiga sherik bo‘l, oh tort,
Ozgina g‘amin ham o‘z yelkangga ort.
Agarda subutsiz, vafosiz bo‘lsa,
Bunday do‘st uyidan oyog‘ingni tort.

* * *

Bo‘lsang ahllig-u hamda barkamol,
G‘aflat ichra qolma, gapga quloq sol:
Kallasi puch darozdan qoch, shu’la ham
Boshin baland tutsa, so‘ndirar shamol.

* * *

O‘rtandim deb qilasan da’vo,
Kun tig‘idan qochasan ammo.
Yongan odam shundoq bo‘larmi?—
Panalarni qilasan ma’vo.

Yusuf Shomansur tarjimalari