1-tarjima
OYNADAGI OY
Bir kuni Kyokoning miyasiga ikkinchi qavatda to‘shakka mixlanib yotgan eriga qo‘loynada tomorqani ko‘rsatish fikri kelib qoldi. Shu bilan bemor hayoti o‘zgarib qoladiganday edi. Lekin o‘rtada boshqa gaplar bo‘lib ketdi.
Qanaqa oyna edi o‘zi u? Bu oyna Kyoko erining uyiga sep qilib olib kelgan pardoz stoli tortmasida turar edi. Pardoz stoli ham, qo‘loynaning gardishi ham tutdan yasalgan edi. U yangi kelin bo‘lib tushgan chog‘lar ba’zan oynani qo‘liga olib, orqa sochi qanday turmaklanganini ko‘rishlari, kimonosining yengi sirg‘alib, bilagi tirsagigacha ochilib qolganida uyatdan qizarib ketganlarini bot-bot eslar edi. Xuddi o‘sha qo‘loyna…
Kyoko cho‘milib chiqib, pardoz stoli yoniga o‘tirganida eri: “ O‘quving yo‘q ekan, kel, yaxshisi, o‘zim ushlab turaqolay”, deb kelinchakning qo‘lidan oynani olar va xotini pardoz stoli oynasida orqa sochini yaxshiroq ko‘rishi uchun qo‘loynani turli tomondan tutar va bundan o‘zi ham zavqlanar edi. Bechora kelinchak esa erining orqavarotdan tikilib turganidan batgar o‘ng‘aysizlanardi.
O‘sha gaplarga ko‘p bo‘lgani yo‘q, hatto tutli gardish xali tob yeb ulgurmadi, ammo bu o‘rtada urush boshlandi, odamlar boshqa joylarga ko‘chirildi; eri og‘ir dardga chalinib qoldi. Kyoko unga tomorqalarini ko‘rsatmoqchi bo‘lganida oyna allaqachoi xira tortgan, gardishini-ku aytmasa ham bo‘ladi changu yog‘upa singib, chirk bosib ketgan zdi. Lekin nima qipti? Tomorqa undan bip-binoyi ko‘rinyapti-ku! Shu-shu eri oynani qo‘lidan qo‘ymaydigan, bosh uchiga qo‘ynb yotadigan bo‘ldi. Bekorchilikdanmi yoki bemorlarga xos injiqlikdanmi, ishqilib, gardishning kirini tozalab, oynani yaraqlatib qo‘ydi. Keyinchalik eri uni kuh-kuhlab, xafsala bilan artayotganini ko‘rib, yog‘och gardishning mayda tirqishlarida sil tayoqchalari qolib ketishi mumkin-ku, degan shubha oralardi Kyokoning ko‘ngliga…
Kyoko har kuni erining sochiga kameliya moyini surtib tarar, u esa sochini kafti bilan silab-silab yana gardishni tozalashga urinar, eskirgan gardish ham loklanganday yaltillab ketar, pardoz stoli esa hamon xira tortib turar edi.
Kyoko boshqa turmush qilganida stolni o‘zi bilan sep qilib olib ketdi.
Biroq u qo‘loynasini erining jasadiga qo‘shib yoqib yubordi. Bu hakda keyingi eriga lom-mim demadi. Endi pardoz stolida gardishiga Kamakura o‘yma naqshi-yu lok bilan zeb berilgan yangi qo‘loyna turar edi.
Kyoko erining jasadi tobutga qo‘lbarmoqlari ko‘ksida bir-biriga chalishtirilib yotqizilgani uchun — taomilga ko‘ra shunday edi — mayitning qo‘liga oynani ushlatolmay ko‘ksiga qo‘yishga majbur bo‘ldi.
So‘ng oynani u yerdan olib qorniga qo‘yar ekan:
— Ko‘kragingiz tinmay og‘rigani og‘rigan edi, tag‘in shugina oynaning ham og‘irliga tushib yurmasin, — deb shivirladi.
Oyna er-xotinning bir biriga mehrini tovlangani uchun xam, raxmatlining yuragiga yaqnn bo‘lsin, deb ko‘ksiga qo‘ygan edi. Yana erimning qariidoshlari uni ko‘rib qolmasin, deb ustiga oppoq xrazentema tashlab qo‘ydi. Olov oynani eritnb yubordi. U egilib, qalin, qiyshiq quvurga mengzab qoldi, tutundan sarg‘ayib ketdi.
—Anavi nima, oynami? — dedi qarindoshlardan biri hayron bo‘lnb.
Kyoko pardoz g‘ilofidagi yana bir tandzaki (Tanidzaki — tanka(beshlik) janridagi she’r yozishga mo‘ljallangan cho‘zinchoq qog‘oz) shaklidaga jajji duro‘ya oynani xam qo‘shib, marhumning ko‘ksiga qo‘ygan edi. U bir paytlar bu oynakni to‘y sayoxatiga olib ketaman dsb ko‘ngliga tugib ko‘ygan, lekin urush orzularini chippakka chnqargan edi. Eri tirikligida o‘sha oynaning xech keraga bo‘lmadi.
Yangi eri uni sayoxatga olnb chiqdi. Pardoz g‘ilofi titig‘i chiqib, hatto mog‘orlab ketganidan Kyoko yangisini sotib oldi. Albatta, buiisining xam oynasi bor zdi.
Safariing birinchi kuni eri uni mahkam quchib, qulog‘nga:
— Xuddi qiz bolaga o‘xshaysan. Boyoqish! — deb shivirladi.
Uning gap ohangida istehzo emas, tuyqus bir kuvonch bor edi. Ehtimol, Kyokoniig oldin er ko‘rmagan qizdek iboli ekani uning ko‘nglini ko‘tarib yuborgandir. Lekin bu gap Kyokoga og‘ir botdi. U birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi-da, qunishib oldi. Eri o‘zicha buni iboga yo‘ydi.
Kyoko kimga rahmi kelib yig‘layotir — o‘zigami yoki oldingi erigami — o‘zi xam tushunmas edi. Go‘yo birini ikkinchisidai ajratib bo‘lmasdi. U birdan xozirgi erini ranjitib ko‘yganini, unga xushmuomala bo‘lishi kerakligini fahmlab, erkalanib so‘z qotdi:
— Rostdan-a? Hali shuni ham bilamai deng? — Lekin u nojo‘ya gap aytib ko‘yganini sezdi-da, sholg‘omday qizarib ketdi. Bundan erining battar zavqi keldi.
— Bola-chaqang yo‘q edi, shekilli, — dedi u va yana bilmasdan xotinining yarasiga tuz sepib qo‘ydi .
Kyoko oldingi erinikidan boshqacha erkak kuchiga ro‘para bo‘ldi-yu, ichini it tirnay boshladi: u bola ovunadigai qo‘g‘irchoqqa o‘xshab qolgan edi.
— O‘ziyam bolaga o‘xshagan bir nimam bor edi, — deya e’tiroz bildirdi Kyoko, keyin birdan jimib koldn.
U bedavo dardga chalingan oldingi erini o‘limidai so‘ng ham bola deb o‘ylar, go‘yo uni homiladek ichida katta qilayotgan edi.
“Nega erimning o‘lib qolishinn bilaturib xam sog‘lig‘ini o‘ylab, u bilan qovushishdan o‘zimni olib qochib yurdim?” degap xayol o‘tdi Kyokoning ko‘nglidan.
— Morini faqat poyezd oynasidan ko‘rganman, — dedi eri Kyokoni quchar ekan. — Sen tug‘ilib o‘sgan, atrofi chakalakzor shahar juda chiroyli bo‘lsa qerak-a? Bekorga Mori (Mori — chakalak degani) deb atalmagandir. U yerda necha yoshinggacha yashagansan?
— Kollejni tugatguncha. Harbiy majburiyatni Sandzyodagi xarbiy zavodda o‘tadim.
— Bundan chiqdi, Sandzyo yaqinida tug‘ilgan ekansan-da? O‘zim ham o‘yladim-a, Etigo viloyatilik shu qiz buncha suluv bo‘lmasa deb. “Saidzyolik parilar” deb bekorga aytilmas ekan-da?..
— Men chiroyli emasman, — dedi Kyoko qo‘lini ko‘ksiga bosib.
— Qo‘ling ham, oyog‘ing ham bejirim. Ofatijonsan-da…
— Unday demang! — Kyoko qo‘li xalaqit berayotganini sezib, ko‘ksidan oldi.
— Farzanding bo‘lganida ham senga uylanar edim, — shivirladi er ayolning qulog‘iga. — Uni o‘z bolamday yaxshi ko‘rardim. O‘sha bola kiz bo‘lganida qaniydi?
Kyoko, o‘g‘li borligi uchun shunaqa deyapti, yaxshi ko‘rishini bildirib qo‘ymoqchi-yu, lekin epini qilolmadi, deb o‘yladi, Eri Kyokoni o‘n kunlik to‘y sayohatiga olib chiqdi, maqsadi esa o‘g‘li bilan ko‘rishishini keyinroqqa surish edi.
Erining ajabtovurgina charm safar g‘ilofi bo‘lib, Kyokoniki uning oldida bir pulga arzimas edi. G‘ilof ohori to‘kilibroq qolganiga qaramay, katta, pishiqqina edi. Eri tez-tez safar qilib tursa-da, bee’tibor bo‘lmagani uchunmi, ishqilib, g‘ilof boshqa ko‘hna, ammo asl mollarday, jilvasini yo‘qotmagan edi. Kyokoning esiga biror marta ishlatilmagan bo‘lsa ham mog‘orlab ketgan oldingi pardoz g‘ilofi tushdi. O‘sha g‘ilofidagi eriga berib turgan jajji oynakni, o‘limidan so‘ng u bilai birga narigi dunyoga kuzatgan edi. Qo‘loynaning ustiga qo‘yib tobutga joylagan jajji oynagi… ular olovda erib, bir-biriga qo‘shilib ketdi; tobutga ikkita oyna qo‘yilganini, g‘alati xolda tosh qotib qolgan shisha bo‘lagi oldin oyna bo‘lganini hech kim fahmlagani ham yo‘q. Kyoko buni birovga aytmadi.
Nazarida, qo‘sh oynada aks etgan son ming dunyolar badnafs olovda yonib bitgan, 6u yo‘qotish bilan erining jasadi kuyib, bir hovuch kulga aylangani o‘rtasida hech qanday tafovut qolmagan edi. Kyoko tomorqani ko‘rsatish uchun qo‘loynasiii berdi-yu, eri esa shu-shu undan ajramaydigan bo‘ldi. Lekin ko‘p o‘tmay u oynani qo‘lida uzoq tutib tura olmaydigan bo‘lib koldi, bunday paytlarda Kyoko har safar uning qo‘llarini, yelkasini uqalar edi. Shunda u eriga yana bitta jajji, yengilgina oynanii berdi. Oynada odamlar ko‘chani kesib o‘tar, bolalar bog‘da o‘ynar edi.
Jimitdek oynada jamuljam bo‘lgai ulkan va rang-barang dunyoni ko‘rib, Kyokoning o‘zi ham hayroi qoldi. Oyna, bor-yo‘g‘i, pardoz-andoz anjomi, qo‘loyna esa boshqa oynada ensani ko‘rish uchungina kerak. Ammo bemor u bilan odamu olamni qaytadan kashf qildi. Kyoko ham erining bosh tomoniga o‘tirib olib, oynaga qarab-qarab qo‘yar, u bilan ko‘zgudagi narsalar haqida gaplashar edi. Hademay u ham oynada aks etgan dunyoni hakiqiy dunyodan farqlay olmay qoldi. Bular go‘yo bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki alohida dunyo edi, oynadan ko‘rinayotgan dunyo Kyokoga aslidan mukammalroq tuyula boshladi.
— Osmon oynada kumushday tovlanyapti, — deydi eri, keyin derazadan tashqariga qarab, — derazadan esa kulrang ko‘rinar ekan, — deb qo‘shib ko‘yadi.
Oynadagi osmon yurakni siqmas, rostakamiga tovlanar edi.
— Balki uni yaxshilab artganingiz uchun shunday tuyulayotgandir?.
Shunda eri derazadan osmonga qarash uchun boshini ozgina burdi.
— To‘g‘ri, endi u xira- kulrang. Odamning, it yoki chumchuqning ko‘zi ham osmonni bir xil ko‘rarmikan? Osmon rangi asli qanaqa ekan-a, kim ayta oladi?
— Osmonning oyna ko‘zi ko‘rayotgan rangi-chi? — Kyoko “Osmon oshiq-ma’shuqlarning ko‘ziga qanday ko‘riiayotgan ekan”, demoqchi edi. Daraxtlarning oynadagi aksi yashilroq, savsan esa aslidan ham oqroq ko‘rinar edi.
— Mana bu — o‘ng boshmaldog‘ing izi. — Eri oynaning chetini ko‘rsatdi. Negadir Kyokoning yuragi shuv etib ketdi. U shosha-pisha oynani kuh-kuhlab, arta boshladi.
— Qo‘yaver. Tomorqani birinchi marta ko‘rsatganingda ham oynada barmog‘ing izi qolgan edi.
— Payqamabman ham…
— Sen parvoyingga keltirganing ham yo‘q, lekin men boshmaldog‘ing bilan ko‘rsagkich barmog‘ing izini tanib qoldim.
Og‘ir xastalikka chalinib, to‘shakka mixlanib qolgan bemorgina xotinining barmoq izlarini eslab qolsa kerak.
Ular turmush qurgandan keyin eri sog‘ yurmadi hisob. Hatto urushga ham bormadi.
Uylariga o‘t ketgandai so‘ng Kyokoning tanishlarinikida bir xonani ijaraga olib turishdi. Eri u paytlarda ishga qatnab yurar edi. U Kyoko bilan turmush qurgach, o‘z uyida bir oycha, ijara uyda esa ikki oycha sog‘ yurdi, xolos.
Urush tugay deb qolganda uni ham armiyaga olishdi. Ikki-uch kun bir aerodromda yerkovlik qilib, yiqilib qolgach, uyga qaytarishdi. U kelgan kuni urush xam tugadi. Eri to‘shakdan tura olmay koldi, Kyoko uni ota-onasi ko‘chirilgan qishloqqa olib ketdi, chunki bor-budini erinikiga qo‘shib, avvaldan o‘sha yoqqa jo‘natib yuborgan edi.
Tog‘da chog‘roq bir uyni ijaraga olishib, eri shu yerda davolana boshladi. O‘sha uyda ular bilan birga yana bir ko‘chirilgan oila ham turar edi. Urush tugashi bilan bu oila Tokioga qaytdi. Kyokoga bog‘dan kichik tomorqa — uchga uch kenlik (bir ken 1,81 metrga teng) shudgorlangan yer meros qolgan edi.
Qishloqda sabzavotni dehqonlardan sotib olish xam mumkin edi, biroq meros qolgan tomorqani tashlab qo‘yish mavridi bo‘lmagani uchun Kyoko har kuni yer chopar, gurkirab o‘sayotgan ekindan ko‘zi quvnar edi. U erining karavoti yonida o‘tirishdan bezor bo‘lgani uchun emas, tikish bilan to‘qish yuragini siqib yuborgani uchun ham tomorqaga yopishib oldi. Bu erining erta bir kun tuzalib ketishiga umid uyg‘otar, azbaroyi yaxshi ko‘rgani uchun ancha-muncha vaqtini unga bag‘ishlar, kitoblar o‘qib berar edi. Bemorga qarab charchaganidanmi, birvarakayiga hamma narsasidan ayrilib qolayotganday bo‘lar, xayollarini chalg‘itmoqchi bo‘lib ishga zo‘r berar edi.
Sentyabrning o‘rtalarida toqqa ko‘chib kelishdi. Bu yerni yoz jaziramasidan jon saqlayotgan shaharliklar tark etgach, erta kuzning sovuq yomg‘irlari yog‘a boshladi. Ammo bir kun kun botay deganda qushlarning chug‘ur-chug‘uri atrofni tutdi-yu, birdan havo ochilib ketdi. Kyoko oftob nurlariga cho‘milayotgan tomorqasiga chiqib, yam-yashil ekinlariga tikildi. So‘ngra boshini adl ko‘tarib, olis tog‘ cho‘qqilari uzra suzib o‘tayotgan gulobiy bulutlarni ko‘rib zavqlandi, shunga andarmon bo‘lib, ikkinchi qavatda yotgan erining chaqirgani eshitmabdi. Bir payt qulog‘iga kirdi-yu, qo‘lining tuprog‘ini ham qoqmasdan tepaga qarab yugurdi.
— Tomoq yirtib baqirsam ham eshitmaysan-a?
— Kechirasiz, xayol bilan bo‘lib kolibman.
— Yig‘ishtir tomorqangni! Seni chaqiraman deb o‘lib qolishim ham hech gap emas. Go‘rga edi nima ishlar qilib yurganingni bilsam.
— Tomorqada edim. Chiqma desangiz, mayli, chiqmay qo‘ya qolaman.
Eri xotirjam gortdi.
— Chittak sayraganini eshitdingmi? — U Kyokoni shuni so‘rash uchun chaqirgan edi. Ularning suhbatiga chakalakdai kelayotgan sayroq xam qo‘shildi. Shom qorong‘isi chakalakni yana-da bahaybat ko‘rsatar edi. Shu-shu Kyoko chittak qanaqa sayrashini eslab qoldi.
— Qo‘ng‘iroqcha sotib olsak, nima deysiz? Jingirlasa bo‘ldi, chopib kelaveramai. Hozircha bosh uchingizga biror nima qo‘yib qo‘yaman, kerak bo‘lib qolsam, derazadan otarsiz.
— Nima, endi idish-tovoqni otaymi? Ol-a!
Eri, tomorqada ishlama, deb tixirlik qilmadi. Kyoko qo‘loynadan unga tomorqasini ko‘rsatishni o‘ylab topgunicha oradan achchiq ichakday cho‘zilib qaxraton qish o‘tib, ortidan ko‘klam keldi.
Oddiy bir oyna bemor erining ko‘ngliga bu dilbar va yam-yashil olam zavqini olib kirganida boyoqish ayolning qanchalar quvonganini bir ko‘rsangiz edi! U endi Kyoko ekin barglaridan zararkunanda hasharotlarni terib olib tashlayotganini ham ko‘rar, tabiiyki, qanaqa hasharot ekanini farqlay olmas, xotini esa ularni eriga ko‘rsatish uchun ikkinchi qavatga ko‘tarib chiqishdan charchamas edi. U Kyokoniig yer chopishini kuzatib yotadigan bo‘ldi…
— Oynadan chuvalchangni ko‘rdim, — dedi u bir kuni Kyokoga. Kechga yaqin oftob g‘arbga og‘ganda Kyoko ko‘ziga nur tushayotganinn sezib, boshini ko‘tarar va eri tepadan oynani o‘ziga to‘g‘rilayotganini ko‘rar edi.
Eri Kyokoga talabalik davridan qolgan arzongarov matodan o‘ziga shim tikib olishni buyurdi. U xotinining xol-xol gulli ko‘k shimda tomorqani chopiq kilayotganini ko‘rib, huzur qilar edi.
Kyoko eri oynadan qarab yotganinn bilar, lekin ish bilan ovora bo‘lib, bu esidan ko‘tarilar edi. U, shunchalik o‘zgaribman-a, endi kelin bo‘lib tushgan kezlarim bilagim ochilib qolsa ham uyalib ketar edim, deb esladi-yu, yuragida allaqanday iliqlik paydo bo‘ldi.
* * *
Kyoko Yaponiya urushda yutqazayotgan chog‘lar deyarli pardoz qilmay qo‘ydi. Keyinchalik kasal erini o‘ylab, na yuziga upa, na labiga bo‘yoq surtdi. Ikkinchi marta turmush qurgandan so‘nggina o‘ziga e’tibor berishga vaqtu hafsala topdi. U labbo‘yoq bilai upa yuzini o‘zgartirib yuborayotganini, bir zumda huriliqoga aylanib qolayotganini sezar, yangi erining ilk marta yolg‘iz qolishganida o‘ziga maftun bo‘lib, zavq-shavqqa to‘lib aytgan gaplariga chin dildan ishona boshlagan edi.
Endi Kyoko cho‘milib chiqqandan so‘ng o‘zini oynaga solishdan, go‘zalligidan uyalmaydigan bo‘ldi. Ammo rahmatli eri oynadagi go‘zallikni boshqacha ilg‘ashga o‘rgatgan edi uni va bu unga bir umrlik saboq bo‘lib qoldi. Endi u oyna butunlay boshqa olam ekaniga ishonardi.
Lekin u bir o‘ziga, bir aksiga qarab, kulrang osmon bilan oynada kumushday tovlangan osmon o‘rtasidagichalik farq yo‘qligini sezar edi. Ehtimol, bu hol o‘rtadagi masofaga emas, to‘shakka mixlannb qolganidan yuragi zada bo‘lib ketgan erining kayfiyatiga ham bog‘liq bo‘lgandir. Oynadan tomosha kilganida tomorqada yer chopayotgan xotini ko‘ziga qanchalar suluv ko‘ringan ekan?! Eri bu tuyg‘uni o‘zi bilan narigi dunyoga olib ketdi. Kyoko u tirik paytida bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekan.
O‘zining bemor eri oynadan ko‘rgan aksi, undan ko‘ringan quyonkaramning ko‘m-ko‘k guli, oppoq savsan, dala chetida o‘ynab yurgan bolakaylar, olis qorli tog‘lar ortidan chiqib kelayotgan quyosh… Kyoko bularning barini xotirasida tiklashdan ham ko‘ra bir zamonlar o‘zi bilam erigagina mansub bo‘lgan o‘zga dunyoni sog‘ingan edi. U hozirgi erini ayagani uchun ham jonu jahonini kuydirib tashqariga otilishi muqarrar bo‘lgan hissiyotga yo‘l bermaslik ilinjida oldingi erini bu hayotga daxli bo‘lmagan, mavhum bir narsaday eslashga tirishar edi.
Kyoko may tonglarining birida radiodan qushlar sayrog‘ini eshitib qoldi. Eshittirish eri qazo qilgan joyga yaqinroqdagi bir tog‘dan tayyorlangan ekan.
U erini ishga kuzatdi-da, pardoz stolidan qo‘loynani oldi va unda aks etgan ko‘m-ko‘k osmonni tomosha qila boshladi. Keyin o‘zining oynadan boqib turgan yuziga tikildi. Shunda xayoliga g‘alati bir fikr keldi: odam o‘z yuzini faqat oynadagina ko‘rishi mumkin. Shundan so‘ng u har kuni yuzini tomosha qiladigan, unga qo‘l tekkizib ko‘radigan, o‘sha aksni yuzim deb o‘ylaydigan bo‘ldi. Nega Tangri taolo odamni o‘z yuzini ko‘ra olmaydigan qilib yaratgan ekan-a?
“Balki odam yuzini ko‘ra olganda gangib, esi og‘ib qolarmidi?” deb so‘rardi u o‘zidan o‘zi.
Yo‘q, tabiat odamzodni azaldan yuzini ko‘ra olmaydigan qilib yaratgan. Ninachi bilan beshiktervatar ko‘rar ehtimol.
Yo yuz odamga boshqalar ko‘rishi uchun kerakmikan? Yaxshi ko‘rib qolish uchun bir bahona kabi…
U qo‘loynani chetga qo‘ydi-da, daf’atan tutdan yasalgan pardoz stolining bezagi qo‘loynasining Kamakura o‘yma naqshiga mos tushmasligini payqab qoldi. Oldingi qo‘loynasi erining jasadi bilan birga kuyib kulga aylangandan so‘ng pardoz stoli beva bo‘lib qolganday edi. Kyoko eriga qo‘loynasi bilai birga yana bitta jajji oynak bergani nafaqat xayrli kechdi, balki musibat ham keltirdi. Chunki eri har kuni ularda o‘z aksini ko‘rar, kasallik tobora zo‘rayib borayotganiyu yaqinlashib kelayotgan o‘lim sharpasini payqar edi. Mabodo oyna yordamida ruhiy qotillik sodir etish mumkin bo‘lsa, buni Kyoko kilmadimi? U oyna balo-qazoning uyasi ekanini ancha oldin sezgani uchun olib qo‘ymoqchi bo‘lganida eri ko‘nmagan edi.
— Endi ko‘rish quvonchini ham tortib olmoqchimisan mendan? — degan edi u o‘shanda. — Ko‘zim ochiqligida ko‘rganlarimdan huzur qilib yashamokchiman!
Eri oynadagi hayotni deb o‘zini qurbon qildi. U yomg‘irdan hosil bo‘lgan ko‘lmakdagi oyning oynaga tushgan aksiga qarab zavqlanar edi. Haliyam o‘sha oy aksi — faqat aksmikan? — uning xayolidan ketmaydi.
— Birovni yaxshi ko‘rish uchun ham odam sog‘lom bo‘lishi kerak, — deydi yangi eri. Garchi Kyoko xijolatomuz bosh irg‘asa-da, yuragining allaqayeridadir bu gapga qo‘shilgisi kelmaydi. Avvaliga u, nega kasal erim bilan birga yotishdan qochib yurdim, deb o‘zidai o‘pka-gina qildi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu xayollari kayg‘uli muxabbat haqidagi xotiraga aylandi, keyinroq esa shu xotira ham yuragini sog‘inch bilan limmo-lim to‘ldirib turganini anglagach, koyinmaydigan bo‘ldi.
Bu eri-chi? Ayol ko‘nglini juda jo‘n tushunmayaptimi?
— Nega shunday yaxshi odam bo‘laturib, xotiningiz bilan ajrashib ketgansiz? — deb so‘radi Kyoko bir kuni undan. U lom-mim demadi. Kyoko marhum erining ukasi holi joniga ko‘ymagach, bu odamga tegishga rozi bo‘lgan edi. Turmush qurishlaridan oldin to‘rt oycha uchrashib yurishdi. Yangi eri undan o‘n besh yosh katta edi.
Kyoko homilador ekanini sezib qolib, qo‘rqib ketdi. “Qo‘rqyapman, qo‘rqib ketyapman”, der edi u erining pinjiga tiqilib. Tinmay ko‘ngli ayniyverganidan esi og‘ib qolar darajaga yetdi. U hovliga yalangoyoq yugurib chiqib, qarag‘ay ignabargini chaynar, o‘gay o‘g‘lini maktabga jo‘natayotib, adashib uning sumkasiga ikkalasiga ham guruch solingan nonushta qutilarini tiqar, ba’zan pardoz stoli tortmasiga xuddi u shaffoflanib qolganday tikilar va go‘yo unda turgan o‘yma naqshli Kamakura qo‘loynasini ko‘rar edi. Kyoko kechalari uyg‘onib ketib, ko‘rpachaga o‘tirib olar, uxlab yotgan eridan ko‘z uzolmay uzoq tikilib o‘tiraverar edi. Inson umrining foniyligini o‘ylab vahimaga tushar, xuddi erini bo‘g‘ib o‘ldirmoqchiday, tungi kimonosi belbog‘ini yecha boshlar edi. Ayni yoz chillasi bo‘lgani uchun xavo kechalari ham issiq va dim bo‘lishiga qaramay, avzoi badanini varaja tutib, sovuq ter bosar edi.
— Kyoko, hademay ona bo‘lasan, — so‘z qotardi eri uni o‘ziga keltirish uchun yelkalaridan tutib silkitgancha.
Vrach uni kasalxonaga yotqizishni maslahat berdi. Kyoko yo‘q deb oyoq tirab turib olsa-da, pirovardida rozi bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmadi.
— Bo‘pti, kasalxonaga yotaman. Faqat bir-ikki kunga ota-onamning oldiga bornb kelishimga ruxsat bersangiz, — deb iltimos qildi u.
Eri uni ota-onasinikiga olib borib ko‘ydi.
Ertasi kuni u oldingi eri bilan yashagan tog‘dagi uyga borish uchun yo‘lga chiqdi. Sentyabrniig boshi edi — o‘shanda 6u yerga ular o‘n kuncha kech kelishgan edi. Poyezdda yana ko‘ngli aynib qusa boshladi, boshi aylandi. U manziliga yeta olmay qolishdan qo‘rqar edi. Yo‘q, amal-taqal qilib, manzilga yetib oldi, stantsiyada poyezddan tushib, toza havodan to‘yib nafas olgach, ancha yengil tortdi. Xuddi shayton vasvasasi ariganday o‘ziga keldi, to‘xtab, atrofdagi tog‘larga g‘alati razm soldi. Osmon bilan bo‘ylashib turgan ko‘m-ko‘k tog‘ tizmalari aniq-tiniq ko‘rinar edi. Atrofidagi hayot uni yana og‘ushiga ola boshladi. Ko‘zlaridan quyilayotgan qaynoq yoshni arta-arta oldingi uyi tomon yurdi. Xuddi o‘sha kezlardagiday shafaq oldida qorayib ko‘rinayotgan chakalakdan qushlar chug‘uri taralmoqda edi.
O‘sha uyda endi boshka birov yashar, ikkiichi qavatning derazasiga oq to‘rparda tutilgan edi. Kyoko uyning yaqiniga borishga yuragi betlamay, birpas jim tikilib turdi-da, qo‘kqisdan o‘zi ham hayratlangancha shivirladi:
— Bola sizga o‘xshab qolsa, nima qilamiz?
Ko‘ngli joyiga tushib, stantsiyaga qaytib ketdi.
Faxriyor tarjimasi
«Tafakkur» jurnali, 2010 yil, 1-son.
2-tarjima
KO‘ZGUDAGI OY AKSI
Kunlardan bir kun Kyokoning xayoliga kaftdekkina polizni ko‘zgu orqali kasalmand eriga ko‘rsatish fikri keldi. Eri anchadan buyon ikkinchi qavatdagi peshayvonda ko‘rpa-yostiq qilib yotar, aftidan, uning qalbida hayotga nisbatan yangi havas tuyg‘usini faqat shu mo‘jazgina ko‘zgu qaytadan uyg‘otishi mumkinday tuyular edi.
Darvoqe, Kyoko bu ko‘zguni tut yog‘ochidan yasalgan bejirimgina pardoz javoni bilan birga to‘ydan so‘ng erining xonadoniga olib kelgan. Uning dastasi ham, gardishi ham tut yog‘ochidan ishlangan. Kelinlik davrida oroyish bergani va ensasiga turmaklangan sochini kuzatish uchun ko‘zguni baland ko‘tarib qaragan chog‘lar kimonosining keng, hilpiragan yengi sirg‘alib, qo‘li tirsagiga qadar ochilib qolganida, xo‘p uyalganlari hamon yodida.
Ayniqsa, yuvinib chiqqach, eri: “O‘h, biram noshud ayolsanki, beraqol, men ushlab turaman”, deya qo‘yarda-qo‘ymay ko‘zguni qo‘liga olib, Kyokoning bo‘yin va ensasiga dam o‘ng, dam chap tomonidan to‘g‘rilab turardi. Ba’zan bu mashg‘ulot eriga huzur bag‘ishlayotgandek tuyulardi. Kim bilsin, balki har safar ko‘zguga qarab, u o‘zi uchun biron yangi narsa kashf qilar? Sirasini aytganda, Kyoko hecham noshud ayol emasdi, eri orqasidan razm solib turgan chog‘ida, nima qilarini bilmay, esankirab qolardi, xolos.
O‘shandan buyon ko‘p vaqt ham o‘tmadi. Chunki bu orada hatto javon tortmasida yotgan ko‘zgu dastasining rangi ham o‘zgarmagandi. Lekin bu orada talaygina voqelar yuz berdi: urush, safarbarlik, erining kasalga chalinishi… Eriga polizni ko‘rsatishga qaror qilgan kuni Kyoko qarasa, ko‘zgu ancha xira tortibdi, chang qoplagan tutqichi urinibdi. Biroq undan bemalol foydalanish mumkin edi, shuning uchun Kyoko bu mayda ikir-chikirlarga ahamiyat bermadi. Endi bemor ko‘zguni doimo bosh tomonida saqlardi, bekorchi hamda betob odamlarga xos sabotu bardoshning kuchliligi bois ko‘zguni tinimsiz artaverib, oqibat oynasini ham, gardishini ham yarqiratib qo‘ydi. Kyoko, ko‘pincha, zig‘ircha zaruratsiz erining top-toza ko‘zguni kuh-kuhlab damba-dam artayotganining guvohi bo‘lardi. Shundanmi, bir emas, bir necha marta gardishning ko‘z ilg‘amas, mitti yoriqlariga, ehtimol, sil inslari o‘rnashib qolayotgandir, degan xayolga borgan. Goho u bemor sochlariga kameliya gulining xushbo‘y moyidan ozgina surtib qo‘yar, so‘ng nozik barmoqlarida qolgan moy yuqini gardishga surtib ishqar edi. Shu tufayli, pardoz javoni anchayin xira tortib, isqirti chiqib ketgani holda, ko‘zgu gardishi hammavaqt jilo berilgandek yiltirar edi.
Eri shu yotgancha qaytib turmadi, qishga borib uzildi. Kyoko ikkinchi marta erga tegib, javonni o‘zi bilan birga olib ketdi. Tobutga qo‘yilgan ko‘zgu esa jasad bilan qo‘shilib yondi. U gardishi kamakura usulida o‘yib ishlangan yangi oyna sotib oldi. Keyingi eri bu hodisalar haqida hech nima bilmasdi.
Ko‘z ochib ko‘rgan eri qazo qilgach, darhol uning qo‘llarini chalishtirib tobutga yotqizganlarida, boyaqish Kyoko ko‘zguni qayerga qo‘yishini bilolmay garangsib qoldi. U ko‘zguni erining qo‘llariga tutqazib qo‘yish niyatida edi. Kyoko negadir bir oz kalovlandi, ko‘zguni erining yuragiga yaqinroq joylamoqchi bo‘ldi, ammo o‘sha zahoti bu g‘alati fikridan qaytdi va: “Sening xasta ko‘ksingga bu og‘irlik qiladi”, deya shivirladi-da, ko‘zguni mayitning qorni ustiga surib qo‘ydi. “Erim tirikligida shu ko‘zguni juda qadrlardik”, deb o‘ylagan Kyoko hozir, shuning uchun avval beixtiyor yuragiga yaqin yerga qo‘ygandirman, deya ko‘nglidan kechirdi. Kyoko erining qarindosh-urug‘lari tobutdagi ko‘zguni payqab qolishini sirayam istamasdi. Shuning uchunmi, uni oq xrizantemaning gulyaproqlariga ko‘mib yubordi. Jasadni yoqish marosimi tugagach, suyaklarni yig‘ishtirayotganlarida, kimdir kul orasida chambaragi erib, yuzini qora qurum bosgan qiyshiq ko‘zguni topib oldi-yu, hayajondan o‘zini bosolmay:
– Bu shisha qay go‘rdan kelib qopti?! – deya qichqirdi.
Zotan Kyoko tobutga bir emas, ikkita ko‘zgu solib qo‘ygandi. Ko‘zgularning ikkinchisini qimmatbaho safar andozlari dastasidan ajratib olgandi. Bu tuxumsimon shakldagi kaftdek ko‘zguga ikkala tomondan qarash mumkin edi. Darvoqe, agar urush xalal bermaganida, u anjomlarni o‘zi bilan birga to‘y safariga ola ketmoqni orzu qilgandi: baxtga qarshi uning orzusi armonga aylanib qoldi. Birinchi eri bilan kechirgan qisqa hayotida Kyoko, loaqal bir marotaba bo‘lsin, bulardan foydalanmabdi.
Keyingi eri bilan esa Kyoko nikoh safariga ham chiqdi. Qarasa, eski pardoz buyumlarining g‘ilofini mog‘or bosibdi, u hech ikkilanmay yangisini sotib oldi. Bularning orasida ko‘zgu ham bor edi.
Yo‘lga chiqishgach, birinchi kuniyoq eri Kyokoning bilagidan ushladi-da, ko‘zlariga tikilib turib:
– Jonginam, sen hali go‘dak ekansan-ku, – dedi.
Uning so‘zlari zamirida mazax yoki masxara emas, aksincha, kutilmagan, chuqur his qilingan sevinch ohanglari mavjud edi. Erga yosh qizaloqlardek ko‘rinish yaxshimi, yomonmi – Kyoko bilolmadi, biroq aytilgan shu ikki og‘iz so‘z ko‘ksiga nashtardek sanchildi. Uning ko‘zlaridan shashqator yosh oqdi va qattol bir hasratdan bag‘ri xun bo‘ldi. Balki, uning bu qilig‘ini eri ko‘rib, chindanam yosh bola ekan-ku, deya ko‘nglidan kechirgandir?!
Kyoko o‘z qadriga yig‘layaptimi yoki dunyodan bevaqt ko‘z yumgan eriga aza tutibmi – daf’atan anglayolmadi. Chunki, bu ayol o‘zini usiz hech tasavvur qilolmasdi. Biroq bu keyingi erining ko‘ngliga kelishi mumkinligini fahmlab, Kyoko biror jo‘yali javob qaytarishni lozim topdi.
– Nimalar deyapsiz o‘zi, axir qanday qilib yosh qizlarga o‘xshashim mumkin?
U shunday deyishga dedi-yu, o‘zining noshudligidan uyalib ketdi. Eri buni sezmadi, u ko‘rinishidan ancha mamnun edi.
– Ha-da, sen hali farzand ham ko‘rmagansan-ku?!
Uning o‘ylamay aytgan gaplari barobarida yana boyagi alam xanjari yuragiga sanchilib, Kyokoning ko‘ksida kuchli og‘riq turdi. Avvalgi eriga mutlaqo o‘xshamagan sog‘lom, baquvvat erkak yonida o‘zini ayni choqda juda-juda nochor, mute va hatto bir qadar xo‘rlangan his qildi. U daf’atan e’tiroz bildirmoqchi bo‘lib lab juftladi. Ammo og‘zidan butunlay boshqa, o‘zi kutmagan gap chiqdi:
– Shunday bo‘lsa ham, men baribir o‘zimni hamma vaqt bola boqqan ayoldek… his qilganman.
Uzoq vaqt ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan eri o‘limidan keyin Kyokoga boladek tuyulayotgan edi.
Biroq Kyoko bir narsaning tagiga yetolmasdi: o‘lim haq ekanini bila turib, o‘z hissiyotini kishanlayverishdan nima ma’no bor?
– Bilasanmi, men Marini faqat poyezdda ko‘rganman, xolos. Menimcha, juda go‘zal shaharcha bo‘lsa kerak, – deya eri Kyokoning ona shahri haqida gap boshlab qoldi va uni yana ohista quchoqladi. – Atrofi gir aylana o‘rmon ekan. Sen u yerda ko‘p yashabmiding?
– Maktabni tugatgunimcha yashaganman, keyin Sandzyodagi aslaha zavodiga ishga kirgandim.
– Sandzyo deysanmi? Bilaman, bir paytlar Sandzyo qizlari juda suluv bo‘ladi, deb aytishardi. Demak, Kyoko, bu gap senga ham taalluqli-da.
– Yo‘g‘-e, nimalar deyapsiz? – Kyoko beixtiyor yoqasini ushladi.
– Chiroyli qo‘llaring bilan kelishgan oyoqlaringga qarab, badaning ham go‘zal bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.
– Yo‘q, yo‘q, – Kyoko qizarindi, ko‘ylagi yoqasini tutamlab turgan qo‘llari o‘ziga xalaqit berayotgandek tuyuldi.
– Bilasanmi, agar avvalgi eringdan bolang bo‘lganida ham, baribir senga uylanardim. Bolangga otalik qilardim, uni o‘z zurriyotimdek ko‘rardim. Agar u qiz bo‘lsa, nur ustiga nur edi, – deya Kyokoning qulog‘iga shivirlar edi. Aftidan, u o‘zining o‘g‘li borligi uchun shunday deyayotganga o‘xshardi. Ammo o‘z tuyg‘ularini bu taxlit ifoda qilishi Kyokoni taajjublantirdi. Balkim yana o‘n kun davomida uyda yolg‘iz qoladigan o‘g‘li haqida qayg‘urayotgani uchun shunday deyayotgandir, yana kim bilsin?!
Erining safar anjomlari ajoyib, qimmatbaho teridan ishlangan g‘ilofda saqlanardi. Sayohatga ko‘p chiqqanidanmi yoki tez-tez tozalab-artilaverganidanmi, xullas, g‘ilof yaltirab ketgandi. Buni payqagan zahoti Kyokoning xayoliga o‘zlari biror marta foydalanmaganliklari tufayli mog‘or bosgan pardoz buyumlari keldi. Darvoqe, faqatgina ko‘zgu marhum eriga asqotuvdi, u o‘shaniyam narigi dunyoga o‘zi bilan birga olib ketdi. O‘sha olovda eriyozgan oyna parchalari bir juft ko‘zgu ekani Kyokodan boshqa hech kimsaning xayoliga kelmadi. Rost, Kyoko bu haqda churq etmadi va bu g‘alati kuyindi ko‘zgu ekanligini biror kimsa bilmadi, yopiqlik qozon yopiqligicha qolaverdi.
Kyokoning ko‘nglida esa go‘yo bu ko‘zgu bilan birga ularda aks etgan maftunkor hayot manzaralari – o‘zga bir olam ham izsiz yo‘qolib ketgandek g‘alati bir hissiyot uyg‘ondi. Buyumdan ayrilish uning uchun bevaqt vafot etgan eridan judo bo‘lish singari og‘ir edi. Eriga polizni ko‘rsatishga ahd qilgach, unga pardoz javonidagi ko‘zguni keltirib bergandi. Garchi u ko‘zguni ko‘pincha yonida saqlagan bo‘lsa-da, boshqa paytlari – Kyoko polizda ishlayotganda, uni ko‘zguda ko‘raman, deya ko‘taraverib qo‘li toliqib qolardi. Shuning uchun o‘qtin-o‘qtin uning yelkasi bilan qo‘lini uqalab qo‘yishga to‘g‘ri kelardi. Oxiri Kyoko eriga jajjigina, yengil bir ko‘zgu sotib oldi. Umrining so‘nggi damlariga qadar eri ko‘zguda nimaiki aks etsa, o‘sha bir parcha dunyoga bog‘lanib, qanoat qilib, o‘shandan bahramand bo‘ldi. Ko‘zgudagi bir parcha olam Kyokoning polizidangina iborat emasdi, unda osmon, qor, yomg‘ir, olisdagi tog‘lar, yaqinginadagi o‘rmon hamda oy, dalalarda qulf urib ochilgan gullar, ko‘kda qanot qoqqan qushlar ham bor edi. Ko‘zgudagi yo‘ldan odamlar qatnardi. Mo‘jazgina bog‘da esa bolalar o‘ynardi. Ba’zan Kyokoning o‘zi ham ko‘zguda aks etgan olamning bepoyonligi va behad go‘zalligiga qoyil qolardi. Holbuki, ko‘zgular judayam oddiy buyumlar edi: biri upa-elik surgandagina asqotadigan matoh, ikinchisi esa – faqat yuzi va sochlariga oroyish berish uchun yaraydigan narsa edi. Biroq, ajabo, ular bemorga navqiron olam, bekamu ko‘st hayot singari ta’sir etardi. Ko‘pincha Kyoko eri bilan birga ko‘zguda aks etgan dunyo haqida uzoq-uzoq suhbat qurib o‘tirardi. Bora-bora haqiqiy, o‘zi ko‘rib, his qilib yurgan hayot bilan ko‘zgudagi hayot orasidagi tafovutni ajratolmaydigan holatga tushdi. Endi uning uchun bir-biriga mutlaqo o‘xshamagan ikkita olam mavjud edi. Zotan u, ko‘zgudagi hayotni kashf etgach, ehtimol haqiqiy hayot shudir, degan to‘xtamga keldi.
– Qara, ko‘zguda osmon kumushdek jilolanayapti. Bu balkim, sen… ko‘zguni tozalab artganinggadir-a?
Bemor qanday yotgan bo‘lsa o‘shanday yotaverdi, qimir etmadi. Boshini xiyol burib, osmonning bir parchasini ko‘roldi, xolos.
– Bilasanmi, osmonning rangi odamning va aytaylik, kuchukning yoki chumchuqning ko‘ziga turlicha ko‘rinadi. Qiziq, uning haqiqiy rangini ko‘rish kimga nasib etarkan-a?
– Ko‘zguda esa… butunlay o‘zga… Bu… – Kyoko “muhabbatimiz kashf etayotgan osmon” demoqchi edi-yu, daf’atan aytolmadi. Ko‘zgudagi daraxt yaproqlari haqiqiysidan ko‘ra yashilroq, nilufarlarning rangi bog‘da ochilganlariga qaraganda yanayam pokizaroq va tiniqroq ko‘rinardi.
– Buni qara, Kyoko, barmog‘ingning izi tushib qolibdi, – eri unga ko‘zguning bir chetini ko‘rsatdi. Kyoko, voy, esizgina, deb ko‘zguni qo‘liga oldi-da, barmoq izlarini yaxshilab artdi.
– Qo‘yaver, kerakmas, esingdami, birinchi marta polizni ko‘rsatgan paytingda ham barmoqlaringning izi qoluvdi.
– Men bunga e’tibor qilmabman.
– Sen chindanam payqamovding, lekin bilasanmi, men mana shu oy tufayli sening barmoqlaringdagi har bir chiziqni eslab qolganman. Menimcha, bunday mashg‘ulot – ayolining barmoq izlarini sinchiklab o‘rganish bilan faqat uzoq vaqt ko‘rpa-yostiq qilib yotgan odamlargina shug‘ullansa kerak.
Darhaqiqat, ular turmush qurganlaridan beri eri yostiqdan bosh ko‘tarmagan edi. U frontga ham bormadi. Urush tamom bo‘lishiga ozgina qolganida uni ishchilar bataloniga olib ketishdi. O‘shanda u atigi bir necha muddat aerodromda xandaq qazib, kasali xuruj qilgach, uyga qaytib kelgandi.
Erining kasali zo‘rayib, o‘sha mahalda tog‘ yonbag‘ridagi qishloqqa ko‘chib borishdi. Ilgari bu yerda – ular ko‘chib kelgan uyda – evakuatsiya qilingan bir oila yashab, urush tugagach, Tokioga qaytib ketgan edi. Ulardan o‘t-o‘lan bosib yotgan qarovsiz bir parcha yer – mana shu poliz qolgandi, xolos.
Garchi bu qishloqda istagancha meva-cheva sotib olish mumkin bo‘lsa-da, Kyoko qarovsiz polizga ekin ekdi. Darvoqe, ekib tikishni, o‘z qo‘li bilan hosilni yig‘ib olishni Kyoko juda yaxshi ko‘rar, bir chekkasi polizda eriga ko‘z-quloq bo‘lib o‘z ishi bilan shug‘ullanaverishi mumkin edi, bular bir-biriga sira xalal yetkazmas, aksincha, u yolg‘iz qolgach birmuncha vaqt umidbaxsh va go‘zal orzularga berilib, erkin nafas olishi uchun imkoniyat tug‘ilar edi. Bir hisobda bog‘da ishlash jarayonidagina u eriga mehru muhabbati haqida uzoq xayol sura olar, binobarin uzzukun xasta er tashvishlaridan ortmagan Kyoko faqat mana shu bog‘da o‘zligiga qaytar: ilgarigi go‘zallik va hayotga tashna qalbini mana shu yerda topgandek tuyular hamda unutilayozgan tuyg‘ularini his qilish orqali jismu joni turmush tashvishlaridan forig‘ bo‘lib, orom olar edi.
Ular bu uychaga sunbulaning o‘rtalarida ko‘chib kirishdi. Ko‘p o‘tmay, shaharliklar o‘z uylariga qaytib ketishgach, dilgir, salqin va seryomg‘ir kuz kunlari boshlandi. Xuddi ana shunday bir ayyomda, oqshom chog‘ida jajjigina qushchaning tiniq ovozi yangradi, bulutlar tarqab, osmonning serjilva jamoli yuz ochdi, quyoshning porloq nurlari bog‘ni yoritdi, yam-yashil maysalar yal-yal yondi. Kyoko cho‘qqilarni qoplab yotgan ukpar qor uyumlaridan akslanib qaytayotgan mayin, pushtirang yog‘duga mahliyo turib qoldi. Shu choq tepadan erining dardchil ovozi keldi-yu, hovliqqanidan loy tekkan qo‘llarini ham yuvmay uning yoniga yugurdi. Bemor og‘ir-og‘ir nafas olardi.
– Chaqirganimni eshitmadingmi?
– Kechiring, eshitmay qolibman.
– Polizda shuncha ishlaganing yetar endi, qarab tur. Yana besh kun shunday baqirsam bormi, adoi tamom bo‘laman. Kyoko, shuyam ishmi, qayerdaligingniyam, nima qilayotganingniyam ko‘rolmayapman.
– Men hozir doim bog‘daman. Polizdagi ishlar tugab qolgan.
Erining ko‘ngli joyiga tushdi.
– Chittakning qanday sayraganini eshitdingmi? – deb so‘radi.
Aftidan eri Kyokoni shuni so‘rash uchungina chaqirgandi. U hali gapni tugatmayoq huv pastlikdan, qirmizi shafaq yallig‘ida qorayib borayotgan daraxtzor tomondan yana chittak ovozi keldi. Qushchaning kumush jarangidek sayrog‘i negadir Kyokoning xotiriga mixlanib qoldi.
– Keling, yaxshisi, birorta jiringlaydigan buyum sotib olamiz. Qo‘ng‘iroqchami yoki boshqa biror narsami… yaxshisi bosh tomoningizga biror narsa qo‘yib qo‘yay, kerak bo‘lib qolsam, shuni pastga tashlaysiz.
– Juda qiziq gaplarni gapirasan-da. Bo‘pti piyolani otaman…
Xullas, Kyoko polizda ishlayverdi. Polizni ko‘zgu orqali ko‘rsatish fikri uning xayoliga qahraton qish o‘tib, endi-endi bahoriy maysalar nish ura boshlagan choqda kelgan edi.
Tiniq, navqiron bargchalarning sekin-asta jonlanayotganini ko‘zguda ko‘rgan bemor yuragida hayotga nisbatan yangi shavq uyg‘onib borardi. Ba’zan Kyoko polizda yurib barglarga shiradek yopishgan hasharotlarni terib olar va mitti qurt-qumursqalar ko‘zguda ko‘rinmasa kerak, degan andishada ularni ushlab, erining oldiga olib chiqardi. Bir safar, u yer ag‘darayotgan paytda, eri: “Bilasanmi, yomg‘ir chuvalchanglari oynada ham ko‘rinarkan”, dedi.
Goho-goho shomga yaqin, polizda ishlab yurganida, tuyqusdan Kyokoning dili yorishib, ikkinchi qavatga tikilib qolar, eri esa uning mana shu holatini ko‘zguda ilib olib, oynaga tushirib, uzoq tomosha qilardi.
Kyoko eri uning har bitta harakatini kuzatayotganini bilar va bu haqda ba’zan o‘ylab, ba’zan o‘ylamay ishlayverardi. Kelinligining dastlabki kunlari o‘ziga oroyish beraman deb, qo‘li tirsagiga qadar ochilib ketib, uyalganidan so‘ng qancha suvlar oqib o‘tgani va bu orada juda ko‘p narsalar o‘zgarganligi haqida o‘ylashning o‘ziyoq Kyoko qalbiga bitmas-tuganmas shodlik baxsh etardi. Garchi Kyoko o‘zining yurish-turishiga e’tibor beruvchilar toifasidan bo‘lsa ham, urush yillari pardoz-andoz qilishga qo‘li tegmagandi. Urush tugadi hamki eri dardga chalinib qoldi, keyin esa motamsarolik… Faqat qayta turmushga chiqqandan so‘nggina u o‘ziga oro bera boshladi. Kyoko kelishgan, barno ayol ekanini yaxshi bilardi. Shuning uchunmi, nikoh kechasi ikkinchi eri: “Qomating go‘zal ekan”, deganida, u ich-ichidan mamnun bo‘lgan edi.
Endilikda Kyoko cho‘milib chiqqach, oynadagi yalang‘och badaniga qarashdan istihola qilmasdi. U chindanam go‘zal ayol edi. Xonadagi toshoynadan o‘ziga suluv ayol parishon nigoh tashlab turardi. Ustiga-ustak, birinchi eridan ko‘zgu tufayli go‘zallikka nisbatan alohida munosabatda bo‘lish odati yuqqan edi. Ammo uni o‘sha, ko‘zgudagi go‘zallikka ishonmaydi, deb bo‘lmasdi. Bil’aks, o‘z badani bilan ko‘zgudagi aksi orasida xira osmon bilan kumush osmon orasichalik chuqur tafovut borligi sezilmas edi. Kim bilsin, buning sababi oradagi masofaning farqiga bog‘liqdir?! Balki bemor erining hayajoni va sog‘inchi ko‘zguga muhrlanib qolgandir?! Vo ajabo: peshayvondan qarab yotganida, unga polizda ishlayotgan Kyoko qanchalar go‘zal ko‘ringanikin?! Kyoko bu xususda hozir ham, ilgari ham biron bir tasavvurga ega emasdi.
Eri to so‘nggi nafasigacha qo‘lidan qo‘ymagan ko‘zguda Kyokoning qiyofasi mangu akslanib qolgan edi. Unda xatarubus daraxtining moviy gullariyu oppoq nilufarlar jilvalanar, dalada qishloq bolalari quvnab o‘ynashar, asta ko‘tarilib kelayotgan quyoshning oltin nurlarida tog‘ cho‘qqilaridagi qorlar yarqirar, u mana shu olam – eri bilan o‘zi kashf qilgan ajoyib, go‘zal hayotni eslab xo‘rsinar, uni muttasil qo‘msar edi. Biroq o‘zining bu tuyg‘ularini oshkor etmas, yangi eridan pinhon tutar, nazarida ko‘zgudagi bu dunyo ilohiy bir xilqat singari daxlsiz hamda oddiy odamlardan yiroq bo‘lishi kerakdek tuyulardi.
Kunlarning birida subhidam chog‘i yovvoyi qushlarning tovushi eshitildi. May oyi edi. Radio orqali bir vaqtlar eri bilan yashagan vodiyni o‘rab turgan tog‘lar haqida hikoya qilinayotgandi. O‘sha kuni erini ishga kuzatgach, Kyoko ko‘zguni oldi-da, beg‘ubor, musaffo osmonning bir parchasini tomosha qildi. So‘ngra o‘zining ko‘zgudagi aksiga tikildi va birdan ajoyib kashfiyot qildi: uning haqiqiy chehrasini ko‘zgu orqaligina ko‘rish mumkin ekan. Kyoko, xudo nima maqsadda insonni o‘z chehrasini ko‘ra olmaydigan tarzda yaratgan ekan, deya uzoq o‘yga toldi: “Kim bilsin, bizlar o‘zimizni ko‘ra olganimizda aql zakovatimiz ham boshqacha bo‘larmidi?! Shunda bizlar ham hech narsani hal qilolmasdik. Ehtimol, odamlarning qiyofalari o‘zgaraverib-o‘zgaraverib, oxiri shunchalikka borib yetgandirki, ular o‘z aft-angorlarini oynada tanimay qolgandirlar. Qiziq, – deya o‘yladi Kyoko, – chigirtka yoki xonqizi o‘z qiyofasini ko‘ra olarmikin? Ehtimol har birimizning boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq o‘zimizga tegishli va mutlaqo o‘zimizga qarashli qiyofamiz faqat atrofimizdagi odamlarga o‘zimizni namoyish etish uchungina kerakdir?!”
Kyoko ko‘zguni pardoz javoniga qo‘ya turib, kamakura uslubidagi naqshning tut yog‘ochiga hecham yarashmasligini sezdi. Ilgarigi ko‘zgu ko‘z ochib ko‘rgan eri bilan narigi dunyoga ravona bo‘lgach, javon ham o‘zi singari yolg‘izlanib qolgandek tuyuldi.
Ming qilsin, baribir eriga ko‘zguni berib, Kyoko katta xatoga yo‘l qo‘ygandi. Boyaqish eri ahvoli kun sayin og‘irlashib borayotganini ko‘rib-bilib, titrab-qaqshar edi. Uning uchun bu hol o‘z joniga qasd qilish bilan barobar edi. Kyoko erining ruhiy qotiliga aylanib qolgandi. Bir kuni xuddi shu aybini tushunib qolgan Kyoko bemorning qo‘lidan oynani tortib olmoqchi ham bo‘lgan edi, eri bunga yo‘l qo‘ymadi.
– Sen axir meni nimadan judo qilayotganingni bilasanmi?! – deya e’tiroz bildirdi u. – Yo‘q, men toki tirik ekanman, nimaniki ko‘ra olsam, o‘shani sevib yashamoqni istayman. – U hatto ko‘zgudagi olamning saqlanib qolishi uchun o‘z hayotini qurbon etishga ham tayyor edi. Ba’zan ular, jala quyib o‘tgach, ko‘zgu orqali jimir-jimir ko‘lmak sathida qalqib turgan oy aksini birga tomosha qilishardi. Kyoko hozir ham o‘shanda o‘zlari “andaraks” deb nomlaganlari – kumushrang oyni aniq tasavvur etdi.
Kyoko keyingi eri, sog‘lom muhabbat faqat sog‘lom kishilarga xos, degan chog‘ida, uyalibgina bosh qimirlatib, go‘yo tasdiqlaganday bo‘ldi, ammo qalbining tub-tubida uning bu fikriga aslo qo‘shilmadi. Avvalgi eri vafot etgach, u negadir ikkovi ham bir-birlaridan o‘z tuyg‘ularini yashirganliklari haqida juda ko‘p o‘ylab ko‘rgandi, keyinchalik bu xayol muhabbat haqidagi achchiq xotiraga aylandi. Ammo shunda ham u afsus chekmas, balki bu muhabbat hamon o‘z yuragini to‘ldirib turganini his qilar edi. Biroq ikkinchi erini ham ayol kishining muhabbatiga befarq odam deb ayblab bo‘lmasdi. Bir kuni Kyoko undan: “Nega siz shunday mehribon, olijanob inson bo‘la turib o‘z xotiningizdan ajragansiz?”, deb so‘raganida, eri javob bermagandi. Kyoko qaynag‘asining talabiga binoan bu kishiga tekkan, ular to‘ygacha uch oy uchrashib turishgan, bu kishi undan o‘n besh yosh katta edi.
Kyoko homilador bo‘lib qolganini bilgach, birdan qo‘rqib ketdi. U erining pinjiga suqilib, nuqul: “Qo‘rqaman, qo‘rqaman”, derdi.
Shifokorlar uni kasalxonaga yotsin, deyishdi. Kyoko avvaliga sira ko‘nmadi. Biroq, boshqa iloji yo‘q ekanligini tushuntirishgach, ortiq qaysarlik qilmadi.
– Mayli, men roziman, – dedi u eriga, – ammo kasalxonaga yotishdan avval ota-onamning yonida bir-ikki kun bo‘lsam, devdim.
Eri uni ota-onasinikiga eltib qo‘ydi. Ertasigayoq Kyoko uylaridan beso‘roq qochib chiqib, qachonlardir avvalgi eri bilan birga yashagan makonga jo‘nadi. Sunbulaning boshlari edi. Huv o‘sha kuzda esa ular bugungidan o‘n kun kechikib kelishgandi. Poyezdda Kyokoning ko‘ngli aynidi. Boshi aylanib, kuchli hayajon bosib, o‘zini vagondan tashlab yuborishiga oz qoldi. Ammo o‘sha bekatga yetib kelgach, musaffo, qandaydir tanish, muzdek tog‘ havosi yuziga urildi-yu, yengil tortdi. Go‘yo vujudini band etayotgan yovuz ruhdan birdan xalos bo‘lgandek o‘ziga keldi. Kyoko to‘xtadi va vodiyni qurshab olgan tog‘larga tikildi. Yashil tog‘larning to‘q ko‘k aralash qirralari osmon bag‘rida yarqirar edi. Kyoko o‘z atrofida hayot chechaklari barq urib yotganini his qildi. U ohistagina ko‘z yoshlarini artib, qadrdon eski maktablari tomon yurdi. Mayin, pushtirang shafaq shu’lasida qorayib ko‘rinayotgan o‘rmon tomondan xuddi o‘sha choqlardagidek chittaklarning sayragani eshitildi.
Uyda odamlar yashayotgan ekan: ikkinchi qavatning derazasida oq to‘r pardalar ko‘zga tashlanardi. Kyoko juda yaqin bormay, xiyol naridan uyga qarab turarkan, nogoh o‘ziga-o‘zi gapirib yubordi:
– Bolam senga o‘xshasa-ya?!
U shunday dedi-yu, sekin ortiga o‘girilib, iziga qaytdi. Uning qalbi sokin va munavvar edi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son