Jiblajibon janoblarining o‘ng oyog‘ida bitta tirnoq yetishmas edi, shu boisdan ko‘rinishiga jiddiy tus berib g‘oz turmoqchi bo‘lgan chog‘larida bir oz noqulaylik his qilar edi. Ammo bugun o‘z inida ilk tuxumcha paydo bo‘lganini ko‘rib juda qattiq suyunib ketdi.
Uning xushbichim xotinchasi ham, garchi uyida bunday noyob narsani birinchi ko‘rishi bo‘lsa-da, shodligining chek-chegarasi yo‘q edi, bu xuddi tushga o‘xshaydi, deb qo‘ydi u, so‘ng ishonasanmi, ko‘zim bir necha daqiqa sal-pal ilingan edi, uyg‘onganimda mana shu sarg‘ish tusli g‘aroyibdan-g‘aroyib dumaloq narsaga ko‘zim tushdi, u inimizga to‘shalgan sershira mayin maysalar orasida bir bo‘lakcha bo‘lib tovlanardi, deya inontirdi. Er-xotinning qiladigan ishlari yo‘q bo‘lgani uchun, har kuni galma-galdan tuxum bosib vaqtlarini o‘tkazishardi.
Ustlarida qoraqayin butoqlari shovullar, qoyilmaqom yaproqlari shildirab turgan baquvvat daraxtlar orasida ularning tanlagan daraxti yakkayu yagona edi. Inlari unchalik katta bo‘lmasa ham, har qalay katta mahorat bilan to‘qilgan, qoraqayinning qir uchida edi. Pastdan qaragan odam ko‘rmas, yaproqlar to‘sib turardi. Yozlari tomosha qilib to‘yishmasdi.
Ular, albatta, boshqa, kattaroq inlarni ham ko‘rishgandi; masalan, qo‘shnilari qizilishton har gal ular bilan ko‘rishganda, “bizning inimiz boshqalarnikiga solishtirganda naq saroyning o‘zi!” deb maqtanardi.
Lekin bular o‘zlarining halol mehnat bilan qurgan shinam inchalarini yaxshi ko‘rishardi – qizilishton esa o‘zgalarning yotog‘ini egallagan, boyo‘g‘lining bu dunyoda yesir qolgan yolg‘iz qizi, yoshgina boyqush bechoraning iniga kirib olganini kim bilmaydi, deysiz. “Shafqatsiz va bezbet bo‘lganim uchun emas, boyqushning ola ko‘zlarini yomon ko‘rganim uchun shunday qildim,” – deb o‘zini oqlardi qizilishton.
Qolaversa, qushlarning hech biri uni qoralamasdi – hammalari ham bichimi xunuk yosh boyqushni xush ko‘rishmasdi, ustiga-ustak uning ota-onasi tuzoqqa ilingan edi…
Aytishlaricha, u kalamush ovlar ekan.
Boyqush bechora uy-joyi egallanganini payqab, yonidagi bir shoxga o‘tirib, patlarini hurpaytirdi, chovutlarini kerdi, keyin uyqusirab ko‘zlarini pirpiratdi. So‘ngra tong ota boshlagani sababli, alam og‘ushida uyquga ketdi; shunday hurpaygan ko‘yi kunni uxlab o‘tkazdi. Oqshom tushganda uning uyg‘onishini kutib yotgan qushlarning chinqiroq ovozlari ostida uchib ketdi.
Boyqush, boshqalar o‘zini ko‘rganda darg‘azab bo‘lishlaridan benihoya xafa bo‘lardi. Keyin butun o‘rmon bo‘ylab, boyqush bir kuni kechasi o‘rmonchining boloxonasiga uchib kirgan ekan, o‘rmonchi uni tutib olibdi, degan ovoza tarqaldi. Bu gapni eshitgan qizilishton, men ilgaritdan uning ko‘zlarini ko‘rsam jinim qo‘zirdi, deb hammayoqda maqtanib yurdi.
Umuman uning g‘alati tomonlari ko‘p edi – birda indamas, “ichimdagini top” bo‘lib qolar, birda hech gapdan hech gap yo‘q kulaverardi. Uni tentak deb hisoblashardi.
Uning yana bir yomon odati shu ediki, go‘yo haq gapni aytayotganday, aftiga jiddiy tus berib, boshqalarni g‘iybat qilardi.
Bir kuni jiblajibon uni eng yaqin qo‘shnim deb, xotini tuxum qo‘ygani, endi o‘zi ham tuxum bosayotgani haqida o‘rtoqlashib qoldi. Shunda qizilishton tuxumga nazar tashlab, jiblajibonni bir chekkaga chaqirdi.
– Azizim, – boshladi qizilishton, – ko‘zimga tuxuminglar juda katta ko‘ringanday bo‘ldi. Gumonlarim nimaga asoslanganini aytolmayman. Mayli, keyin ma’lum bo‘ladi. Agar o‘zingizda ham shubha uyg‘onsa, menga suyanavering, men hammasini oxirigacha bilib beraman. Boshingizni tik tuting, azizim, aytgan so‘zlarimni hozircha unuting, ehtimol o‘ylaganlarim xomxayoldir – yana bilmadim.
Ruhan tushkun bir ahvolda jiblajibon iniga qaytdi va boshi qotib tuxumga o‘tirdi. Kayfiyati shu qadar qattiq buzilgandiki, xotini o‘rnini olishga kelganida, o‘ta qo‘pollik bilan tarsilladi:
– Qayoqlarda izg‘ib yuribsan, meni vaqti oshib-toshib yotibdi deb o‘ylayapsanmi? Bugun ishim tiqilib yotibdi, daryoning naryog‘idagi bir emanni tozalash kerak, ichi to‘la buzoqboshi emish.
Bu dag‘allikdan xotini yig‘lab yubordi, u bo‘lsa jahl bilan tumshug‘ini bir takillatdi-da, uchib ketdi. Butun yo‘l bo‘yi nega tuxumimiz boshqa jiblajibonlarning odatiy tuxumidan katta, deya o‘ylab ketdi.
Yo‘lda u navqiron bir qayin yonida tutilib qoldi va qishloq bolalari tilgan yarasidan tizillab oqayotgan yangi suvidan to‘yguncha ichib, butunlay kayfi oshib qoldi va uyiga qing‘ir-qiyshiq uchib bordi, iniga kirishi bilan xotinini cho‘qiy boshladi va tuxumingni ham cho‘qib yorib tashlayman deya do‘q urdi.
– Qasam ich, – dedi kayfli ovozi titrab tantana bilan, – hech kim bilan donlashib yurmaganman, tuxum – o‘zimizniki, de! Umumiy yutug‘imiz, deb qasam ich, agar shunday deb ifodalash mumkin bo‘lsa!
Xotin ikkala qanoti bilan qasam ichdi, shundan keyin u tinchidi. Uyquga ketganda esa, tushida xotini qorayaloq bilan birga o‘rmon bo‘ylab uchib yurganmish.
Erta bilan uyg‘onganda u o‘z tushidan uyaldi, butun hafta davomida qo‘yday yuvosh bo‘lib yurdi, qizilishtonga esa:
– Ko‘ramiz, tuxumdan nima chiqarkin, – deb qo‘ydi.
Bir haftadan keyin jo‘ja tuxumni ochib chiqdi. Shunday bir chiroyli jishki, qurigan zahoti tumshug‘ini tinimsiz katta-katta ocha boshladi. Birinchi kun unchalik ko‘p yedi-ichdi, deb bo‘lmaydi-yu, ammo ikkinchi kun – ko‘proq, uchinchi kun juda ko‘p yeb-icha boshladi.
– Kiring, bolamizga bir qarang, kiring, marhamat, – deya taklif qildi hadiksirab qolgan jiblajibon qizilishtonni, – u shu qadar ko‘p yeb-ichadiki, uni boqishga kuchimiz yetmay qolyapti.
Kichkina mechkayni ko‘rgan qizilishton ma’nodor qilib boshini chayqab qo‘ydi.
– Bir hafta kutaylik-chi, – dedi u jiblajibonga,– o‘shanda men sizga bir narsa deyishim mumkin… hozircha bir narsani yodda tuting, ammo oldin hech qayoqqa ketmay o‘tiringlar, xudo ko‘rsatmasin, yiqilib tushsa… bola jiblajibonning ko‘rinishi bo‘lakcharoq.
O‘sha kuni xotini oilaning yangi a’zosi og‘zini kappa-kappa ochishlarini to‘xtatib tezroq uxlay qolsin, deya unga tinmay alla aytarkan, jiblajibon:
– O‘chir ovozingni, hayvon! – deya to‘ng‘illadi.
Oradan bir hafta o‘tgandan keyin aqldan ozayozgan jiblajibon qizilishtondan:
– Bu naynovga nima deysiz endi, – deya so‘radi, – bo‘yi mendan bir bosh o‘sib ketdi-ku!
– Janob qo‘shni, – deya jiddiy so‘z boshladi qizilishton, – bu jiblajibon emas, bu qandaydir boshqa narsa. Hm… sizning xotiningiz kim bilandir… Bu axir butunlay boshqa qush, sizga o‘xshamagan…
O‘sha kuni jiblajibon umuman uyiga kelmadi, ertasiga esa jo‘ja yanada kattalashganini ko‘rib bo‘lari bo‘ldi.
– Ablah, iflos, – xotiniga tashlandi u, – kim bilan don olishding, qanday aql bovar qilmaydigan badbashara bilan ilakishding? Men hammasini bilaman,– hamma erlar ishlatadigan hunarni ishga soldi.
Xotin hech nima bo‘lmagan, deb qasam ichdi. Er shunday quturib ketdiki, indan qulab tushdi va hech qachon qaytib kelmaslik uchun uchib ketdi.
Endi u bizning bog‘imizda o‘tiripti; qanchadan-qancha boshqa qushlar kelib bizning inimizga ham kakku tuxum tashlab ketgan, biz ham er-xotin galma-gal tuxum bosib, kakku bolasini ochganmiz, axir kakkular begona inlarga tuxum tashlab ketadi, – deya unga bor gaplarni aytishdi.
Bizning jiblajibonimiz esa, bular bari sizlar to‘qib chiqargan ahmoqona ertak, deydi va:
– Meni qarmoqqa ilintirolmaysiz. Kim biladi, xotinim kakkuning eri bilan don olishgandir! – deya xitob qiladi.
Ruschadan Miraziz A’zam tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son