Chegara punktida motorlari ishlagan holda navbatini kutib turgan yengil mashinalar soni ko‘p emasdi. Rasmiyatchiliklar juda tez ado etilardi. Har bir qariya yoinki “belgilangan shaxs” uchun ming belgiya franki yoxud yetmish gulden olishar, so‘ng rasmiy ruxsatnoma berishardi.
Ulkan reklama lavhalarida “Benilyuksga xush kelibsiz!” yozuvi, uning quyirog‘ida shiorga o‘xshatib “Dunyodagi eng yaxshi xizmat!” deya qayd etib qo‘yilgan.
Qo‘lida buklangan ruxsatnomani tutgan Jeyms bojxonadan otilib chiqdi. U britaniya raqamiga ega italyancha mashinasining eshigini ochdi va haydovchi o‘rniga o‘tirdi. Jeyms orqaga, qurib-qaqshab, munkillab qolgan otasiga ko‘z qirini tashladi. Xastalikdan yuzi mum tusini olgan, yostiqlar bilan qurshalgan, oyoqlariga qalin jun ro‘mol o‘ralgan chol qimirlamay o‘tirardi. Yonida Elin.
– Bir soatdan keyin manzilda bo‘lamiz. Eshityapsanmi, ota? – dedi Jeyms tinchlantiruvchi ohangda.
Bunga javoban qariya yo‘talib qo‘ygach, boshini mashaqqat bilan chapga burdi va parishonxotirlik bilan oynaga tikilib qoldi.
Oq uyli alohida fermalar o‘rnini tezda marjon shodalariday tizilgan katta qishloqlar egalladi. Ularning ortidan darhol shahar ko‘rindi.
– Hammayoq velosipedu bolalar! – gap qistirdi Elin.
– Pansionatda xonalarni buyurtma qilganimizdan xursandman, – dedi Jeyms. Uning kimga murojaat qilayotgani tushunarsiz edi. – Endi bizda hammasi aniq, boshqa biror narsa izlashning, asabiylashishning hojati yo‘q.
Jeymsning xotini undan ancha yosh ko‘rinardi. Shahlo ko‘zli Elinning qoshlari ingichka, aslzodalarga xos, ammo og‘zi katta, lablari esa butkul xunuk. U sayyohlik qo‘llanmasini ochib, shahar tarhini diqqat bilan o‘rganmoqda edi.
– Anavi joyda, cherkov yonidan o‘ngga qayrilish kerak, – dedi u. – Keyin katta chorrahaga yetib, yana o‘ngga; keyin kanalga olib chiqadigan kichik ko‘chalar ichidan o‘zing topib ol. Mehmonxona qizil doiracha bilan belgilangan.
Elin tvin yubkasini tekisladi, kichik ipchani olib tashladi. So‘ng yonida o‘tirgan qariyaga qaradi. Cholning ko‘zlari yumuq edi. Ayol indamasdan yo‘lni kuzatishda davom etdi.
Ular cherkovga yetib kelishdi va o‘ng tarafdagi katta ko‘chaga qayrilishdi.
– Endi chorrahagacha, – deb qo‘ydi Elin.
– Topdim, – dedi uylardan birining peshtoqidagi oltinrang harflarda bitilgan “Gertsog gerbi” yozuvini diqqat bilan ko‘zdan kechirayotgan Jeyms.
U ellik yoshlardagi, u yoqdan-bu yoqqa borib kelgancha mashinalar to‘xtash joyiga qarab turgan erkakni ko‘rdi. Nazoratchi qo‘llarini silkitgancha Jeymsga mashinani bo‘sh joyga qo‘yishiga yordamlashgach, yaqin kelib, sinchkovlik bilan oynadan ichkariga qaradi va so‘radi:
– Olib o‘tsam bo‘ladimi, meneer.
– Ha, marhamat, – Jeyms bosh irg‘ab, orqa o‘rindiqqa qaradi va tashvishlanib, peshonasini tirishtirdi..
Ota ko‘zlarini ochdi.
– Yetib keldikmi? – so‘radi u arang shivirlab.
Er-xotin javob berishmadi. Ikkovlon shu tarafga zambil ko‘tarib kelayotgan sanitarlarga eshikni ochib turish uchun shoshib o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi, mashinadan tushishdi. Sanitarlar yaqin kelib, xushmuomalalik bilan salom berishdi, zambilni mashinaning yoniga qo‘yishdi. Ulardan biri egilib, mashinaga kirgandi, bosh kiyimi nimagadir ilinib, bo‘yniga qadar surilib qoldi. U bosh kiyimini to‘g‘rilab olgach, qariyaning qo‘ltig‘idan tutdi. Sanitar oyoqlariga yaxshiroq tayanmoqchi bo‘ldi, ammo bukchayib, omonat turganligi xalaqit berdi.
– Avval uning oyoqlaridan ushlab o‘zingga tort, – ko‘rsatma berdi u sherigiga.
Ular mashaqqat bilan bemorni qulayroq holatga ag‘darishdi. Hamon o‘rindiqlar orasida turgan sanitar: – Bo‘ladi! – dedi.
Ikkovlon cholni ko‘tarib, zambilga yotqizishdi, oyoqlariga jun ro‘molni tashlashdi va ko‘tarib ketishdi.
– Yur, – dedi Jeyms xotiniga. – Yuklarni keyin o‘zim obketaman.
U mashinani qulflab ham o‘tirmadi, nazoratchiga ishora qilib qo‘ydi. Oldinda oq xalatlilar bir maromda ketib borishardi, yonida esa xotini.
Mehmonxona kutish xonasida sanitarlar zambilni polga qo‘yishdi. Qariya bir joyi og‘riyotganday, boshini chayqardi. To‘q sariq libosdagi ma’muriyat xodimasi Jeymsni yod bo‘lib ketgan xizmat tabassumi bilan qarshi oldi. Jeyms ismini va band qilingan xonalar raqamlarini aytdi.
– O, albatta, – tasdiqladi xodima. – Mana, uchta xonaning kaliti. Yuvinish joyi xonalaringizning o‘rtasida. Meneerni, – u zambilga ishora qildi, – “A” xonasiga joylashtiramiz. Meneer restoranga tusha oladimi?
– Yo‘q, u og‘ir kasal, – javob berdi Jeyms.
– Sizlar faqat uch kun qolasizlarmi, balki, olti yoki to‘qqiz kunlik pansionatga joylashishni ma’qul ko‘rarsizlar? Gap shundaki, bu yerga kelganidan so‘ng ko‘plab mijozlarimiz o‘zlarining dastlabki buyurtmalarini o‘zgartiradilar.
Xodima kattagina qizg‘ish varaqni raqamlar bilan to‘ldirardi.
– Yo‘q, – javob berdi Elin, – biz, kelishganimizday, uch kun qolamiz. Shunday emasmi, Jeyms?
– Ha, men ham shunday deb o‘ylayman, – po‘ng‘illadi u.
Jeyms varaqning katakchalarini qandaydir belgilar va shartli raqamlar bilan to‘ldirayotgan, keyin ularning ismlarini yozgan xodimaning qo‘lini loqayd kuzatardi.
– Sizda rasmiy ruxsatnoma bormi?
– Ruxsatnoma? – parishon ahvolda dedi Jeyms.
– Siz uni chegarada olishingiz kerak edi.
– O, albatta!
Mehmonxona xodimasi Jeyms uzatgan qog‘ozga ko‘z tashladi va uni qizg‘ish varaqqa tikib qo‘ydi.
– Qo‘shaloq xonali yigirma yetti! – sayradi u qog‘ozlardan boshini ko‘tarmay.
Sanitarlar zambilni ko‘tarishdi, Jeyms bilan Elin ularning ortidan lift tomon yurishdi.
Lift birinchi qavatga tushdi, panjarali eshik ohista chiqillab ochildi va besh kishi qafasga singib ketishdi.
– Ikkalamiz boshqa mehmonxonadan joy olganimiz yaxshi emasmidi? – o‘z gumonini ming‘illab izhor qildi Elin.
– Ha, lekin bu bizga ikki barobar qimmatga tushardi, buning ustiga, unda biz umuman otam bilan ko‘risholmasdik yoki doim bu yerga qatnab turishimizga to‘g‘ri kelardi, – dedi jomadonini kavlayotgan Jeyms.
Eshikni taqillatishdi. Tuflisini yechayotgan Elin qaddini rostladi, yuziga tushgan soch tolalarini yig‘ishtirib oldi va eshikni ochdi. Uch erkak kirdi.
– Tibbiyot nazorati, – o‘zlarini tanishtirishdi ular. – Shifokoringizning xulosasini ko‘rsam bo‘ladimi? – so‘radi ularning kattasi.
– Smitson bergan qog‘oz, – eslatdi Elin eriga.
Jeyms jomadonidan yelim xaltachani olib uzatdi. Erkaklar xaltachadan matn yozilgan qog‘ozni olishdi va o‘qiy boshlashdi. Ulardan biri quyi labini tishlardi, qolgan ikkovi esa mum qo‘g‘irchoqqa o‘xshardi. Nihoyat o‘qishni tugatishgach, boshliq cho‘ntagidan sharikli ruchkasini chiqardi va matn tagiga bir necha satr yozib qo‘ydi. Shundan keyin uchalasi ham imzo qo‘ygach, navbat Jeymsga keldi.
– Imzo qo‘ying, – dedi boshliq, – xonim ham.
Ostende, Kale, Zeebryugge, Xuk-van-Xolland va Flissingenning avtomobil paromlari prichallarida hayot tobora qaynardi. Bahorda, ayniqsa, kuzda Benilyuksga eng ko‘p yo‘lovchilar tashrif buyurishardi. Chegara punktlarida yo‘l politsiyasi vertolyotlardan harakatni kuzatar, tirbandliklar to‘g‘risida ma’lumotlar berar va ularni bartaraf etish uchun shu zahoti mashinalarning bir qismini aylanma yo‘llarga yo‘llardi. Jeyms, Elin va xasta ota mavsum qizishi oldidan yetib kelishdi. Jeyms hammasini oldindan hisob-kitob qilib qo‘yganidan mamnun edi.
Er-xotin bar peshtaxtasi qarshisida o‘tirib, viski ichishar, ko‘ngil g‘ash edi.
– Ishqilib, hammasi joyida bo‘lsin, – dedi Elin.
U sigaretasini qisqa, asabiy tarzda tortdi, kulini qoqdi. Atrofga alangladi. Stollarda qariyalar o‘tirishardi. Ular notabiiy hayajonda va sho‘xchan valdirashardi. Jigarrang suyuqlikdan ko‘z uzmayotgan Jeyms stakanini aylantirardi.
– Men, yaxshisi, otamning oldiga boraman, – dedi u.
– Borib nima qilasan? – so‘radi Elin qat’iy, sal achchiqlangan ohangda. – Unga ukol qilishdi, hozir uxlayapti. Golland havosi unga foydali. Ertaga yana doktorlar kelishadi.
Ular jim qolishdi va o‘girilib, zal o‘rtasida yolg‘iz o‘zi raqs tushayotgan qariyani ko‘rishdi. Cholning ko‘zlari chaqnardi, u hech uyalmasdan navbatma-navbat goh Elinga, goh barmen ayolga tikilib-tikilib qarardi. Qariyaning oila a’zolari uni xijolat aralash mehr bilan kuzatib o‘tirishardi; kimdir yashirincha ko‘z yoshlarini artib, burun qoqib ham qo‘ydi. Nihoyat boshqa guruhdan kimdir barmen xotinni chaqirdi va u bilan bir necha og‘iz gaplashdi. Shundan so‘ng barmen xotin qariyaning yoniga bordi va uning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Chol bosh irg‘adi, charm o‘rindiqlarda o‘tirgan o‘zining xeshlariga ko‘z qisib qo‘ydi va barmen xonimning qo‘lidan tutib, eshik ortida g‘oyib bo‘ldi. Bir necha daqiqadan so‘ng barmen ayol qaytib keldi va yana o‘z ishiga kirishib ketdi. Bar yonidagi qariyalar o‘z ichimliklaridan ho‘plab ichishar va bo‘shab qolgan raqs maydoniga baqrayib qarashardi.
– Buni qara-ya, nimalarni eshityapman! – erkalanib otasiga xitob qildi tilini taqillatib, o‘pkalayotganday boshini chayqab qo‘ygan Jeyms. – Krevetkalar, krablar, ustritsalar va shampan – bu nima degan gap axir?!
– Lekin bu yerda men tanlashim mumkin, – ingradi kasal qariya. – Agar bu menga zarar bo‘lmasa… Ko‘pdan beri biron mazali narsa yesam derdim, bu yerda menga ruxsat berishdi.
Chol yana ko‘zlarini yumdi va o‘g‘il otaning yuzi qayg‘uli tus olganini, lablari titrab ketganini ko‘rdi.
– Avval shampandan bir ho‘plam ichib ol, ota, – dedi u dalda berib.
Qariya ko‘zlarini ochmasdan rozilik ma’nosida bosh irg‘adi.
Eshik tarafdan “ding-dong” ovozi eshitildi, faqat oradan bir muddat o‘tgandan so‘nggina ular qo‘ng‘iroq chalinganini anglashdi. Elin o‘rnidan sakrab turib, eshikni ochdi. Xizmatchi bola g‘ildirakli stolni sassiz surib kirdi. Stoldagi kumush idishlardan qisqichbaqalarning va baliqdan tayyorlangan boshqa taomlarning ishtahani qitiqlovchi hidi kelardi. Ota horg‘in ko‘zlarini ochdi va qunt bilan bezatilgan dasturxonga qaradi. Jeyms bilan Elin qariyaning boshi va yelkasiga bolishlar qo‘yib, qaddini rostlab o‘tirishiga yordam berishdi, uning qarshisiga patnisda bir necha taomdan qo‘yishdi. Chol ohista, shoshmasdan, chapillatib ovqat yeya boshladi. Qariya ularga qarar, bu nigohda ham minnatdorlik, ham chorasizlik va… yengil yozg‘irish bor edi.
Bu mahal pastda, katta ziyofatlar zalida o‘zini yaxshi his qilganlar uchun haqiqiy bazm uyushtirildi. Mijozlarga eng tansiq taomlar tortilgan edi.
Jeyms bilan Elin liftdan chiqib, yo‘lakdan o‘z xonalari tomon ketisharkan, yigirma uchinchi xonadan hayajonga tushgan bir kishining chopib chiqqanini ko‘rishdi, o‘layotgan odamning ojizona faryodini eshitishdi. Bu eshikka shifokor bilan hamshira shoshib kelishardi. Shifokor asabiy janobdan nimanidir so‘radi, so‘ng qoshlarini chimirgan ko‘yi norozi bo‘lib to‘ng‘illadi.
Elin ikkilanib turib qoldi:
– Yur, barga qaytamiz, yana ozginadan ichamiz.
Jeymsning tishlari g‘ichirlab ketdi.
– Hoziroq otamning oldiga kiramiz, – deb turib oldi u.
Er-xotin qariyani o‘z karavotida tinch, xotirjam uxlab yotgan holda ko‘rishdi. Taomlarni olib ketishgandi. Jeyms karavotga engashdi va nafasini ichiga yutib, otasining hali tirikligiga ishonch hosil qilmoqchiday uning ko‘kragi bir maromda, deyarli sezilmasdan ko‘tarilib-tushayotganini diqqat bilan kuzatdi. Eshik yonida turgan Elin sarosima ichida erini kuzatardi.
Ertasiga ertalab, soat o‘nda mehmonxona binosidan och kulrang yopiq avtomobil shu kecha o‘lganlarning mayitlarini olib ketdi.
– Inglizlar ham ketishyapti! – hayratlanib xitob qildi oynadan mashinalar to‘xtash joyini kuzatib turgan Elin…
* * *
Agrar davr intihosi tasodifan kon’yunktura yomonlashuvi ibtidosi bilan to‘g‘ri kelib qoldi. Iqtisodiyot fojiasi boshlandi, biroq u ancha avval, iqtisodiy kuchli davlatlar o‘zlarida yashin tezligida ishlab chiqarishning barcha sohalarini avtomatlashtirishga o‘tkazib olganida boshlangandi.
Kibernetika asosida sanoatni va boshqaruv tizimini qayta qurish uchun sarf bo‘ladigan ulkan xarajatlarni qisqa muddat ichida qoplab bo‘lmasdi. Bir necha yil ichida mamlakat ishlab chiqarish sur’ati bo‘yicha yirik sanoat davlatlaridan orqada qolib ketdi. Iqtisodning eski tizimi saqlanib qolgan sharoitda bundan keyingi raqobatning o‘zi ma’nosini yo‘qotardi. Bir talay hukumat inqirozlaridan so‘ng shiddatli tanazzul boshlandi. Bir necha oy ichida eksport hajmi nolga tenglashdi. Benilyuks sayyohlar uchun jannatga aylangan davrlar ham o‘tdi: kichkina mamlakatda sayyoh uzoq tomosha qiladigan narsaning o‘zi yo‘q edi. Iqtisodiy bo‘hron qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirardi va bor-yo‘g‘i ikki hafta davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng, katolik muxolifatning qarshiligiga qaramasdan, parlamentda chegarani kesib o‘tgan shaxslarning fuqaroligi va millatidan qat’i nazar evtanaziyaga huquqiy cheklashni bekor qiladigan qonun loyihasi ma’qullandi.
Yirik aviakompaniyalarning Sxipxol va Zaventemga uchadigan samolyotlari chiptalarining barchasi oldindan sotilib ketdi; bahor va kuzda ko‘plab qo‘shimcha reyslar kiritishga to‘g‘ri keldi. Yetmish guldenga istalgan chegara va bojxona maskanida og‘riqsiz o‘limga rasmiy ruxsat olish mumkin edi. Mehmonxona va otellar uchun misli ko‘rilmagan gullash davri keldi. Zudlikda tuzalmas xastalar va qariyalarni bartaraf etish bo‘yicha yangi xizmat turi tashkil etildi. Kimyogar-ofitsiantlar pazandalik mahoratlarini unutmaganlari holda, so‘nggi bayram taomlariga tsianli kaliy, pentotal, morfiy va boshqa og‘ularni qo‘shardilar. Kichik mehmonxonalarda uch, olti yoki to‘qqiz kunga xonalarni olish mumkin edi: shu kunlarning birida hamshira, shifokor yoki ofitsiant sizni bir umrlik og‘ir yukdan xalos etardi…
* * *
Jeyms xona eshigini yopdi. Elin oyna yonida turib, ko‘chani kuzatardi.
– Hamshira otamizning yoniga ketdi, – dedi u. – Yordam berish uchun. U yana uxlab qopti.
Jeyms xotinining yoniga keldi va ko‘chaga qarab, o‘g‘lining qo‘liga suyangan ko‘yi tonggi sayrga chiqqan kampirni ko‘rdi. Kampirga qadam tashlash benihoya azob edi, u o‘g‘liga hadiksirab, ammo mahkam yopishgan ko‘yi ketib borardi…
– Ular olti kundan buyon shu yerda ekan, – dedi Elin. – Ikkalasi.
Eshikni taqillatishdi, er-xotin o‘girilmasdan bir ovozda “Ha!” deb qichqirib yuborishdi. Xuddi shu payt xonaga hamshira kirdi.
– Hammasi ortda qoldi, – dedi u.
– G‘alati, – ming‘illadi Jeyms, – biz buni oldindan bilgandik, baribir yomon ta’sir qilarkan.
– U uxlab yotganida ukol qildim, – qo‘shimcha qildi nikel qutichasini yopayotgan hamshira.
– Vaqti-soatim yetganida men ham, ehtimol, shu yerda qazoyimni toparman, – dedi Jeyms. – Bu yerning xizmati ajoyib.
Pastda, ko‘chada boyagi kampir o‘g‘liga yopishgan ko‘yi sayrni tugatdi va yo‘lak zinalarini birma-bir bosib yuqoriga ko‘tarila boshladi. Boshini eggan yosh yigit o‘z o‘ylariga g‘arq bo‘lgan, ona esa ma’nosiz nigohini oldinga tikkancha borarkan, taskin bergandek hadeb o‘g‘lining qo‘lini silardi…
Rus tilidan Zulfiya Yo‘ldosheva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 1-son