To‘g‘risiyam, bunaqa betayin erkinlikning kimga keragi bor. Har gal darbon ayol Luisning qo‘liga maktub tutqazar ekan, o‘tmish hayoti esiga tushib, ko‘z oldiga kelishi uchun Xose de San-Martinning tanish surati aks etgan markali konvertga birrov qarashining o‘zi kifoya qilardi. San-Martin, Rivadavia – bular oddiygina joy nomlari emasdi: ular qadrdon ko‘chalar, mahalla-ko‘y, kindik qoni to‘kilgan go‘shalar haqidagi maxfiy tilsimlar edi go‘yo… Rivadavia–6500 – Flores mavzeidagi dang‘illama hovli-joy, onasi, yor-do‘stlari bilan tez-tez yig‘ilishib turadigan, qahvasidan bilinar-bilinmas kanakunjut moyining hidi keladigan San-Martin bilan Korriyentos ko‘chalari tutashgan yerdagi qahvaxona…
Luis “Mercibien, madame Durand!”* deya minnatdorchilik bildirgancha konvertni olib, tashqariga yurdi, uni shu topda qo‘shnilari ko‘rsa edi, kechagi tugul, avvalgi kunlardagi Luisga tamom o‘xshatolmas edilar. Onasining har bir maktubi (hatto yaqinda yuz bergan voqea, kurakda turmaydigan g‘alati xatoga qadar ham) bir maromda davom etib kelayotgan tinchgina hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborar, uni (xuddi devorga urilib, sapchib orqaga qaytgan koptokdek) o‘tgan kunlar qa’riga uloqtirar edi. Eng yomoni, maktublarni olib, hali ochishga ulgurmasidanoq ular (hozir ta’bi tirriq, shu bilan birga xayoli parishon Luis avtobusda ko‘zlariga ishongisi kelmay bugungi xatni qayta o‘qib o‘tirardi) vaqtning o‘tishiga ta’sir etar – go‘yo sokin oqayotgan kunlarni to‘xtatib qo‘yar va Laura bilan Parijga kelgan onlaridan e’tiboran hayotida paydo bo‘lgan va u ko‘nikib qolgan hamda ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrashga bor kuch-g‘ayratini sarflayotgan turmush tarzini buzib yuborardi. Onasi paydar-pay yuborayotgan har bitta yangi xat uning shuncha qiyinchilik va mashaqqatlar evaziga erishgan erki, boshqalar nazaridagi chigal ip o‘rami kabi chalkash yangi hayoti ayovsiz taqdir qaychisi bilan shartta kesib tashlangandek bir zumda (aynan bir zumda, chunki u beozorgina qilib javob xatini yozgan zahoti uni unutib yuborar edi) butun mazmuni va barqarorligini bamisli Rishele ko‘chasida ketayotgan avtobus g‘ildiraklari ostida qolayotgan asfalt yo‘l yanglig‘ yo‘qotib borayotganini eslatib qo‘yardi. Faqatgina erkinlikning zohiriy ko‘rinishi, bamisli doim asosiy iboraning tayanchi va unga izoh vazifasini bajaruvchi so‘zni ajratib qavsga olinganiga monand tasavvuridagi hayotidan va yana o‘sha zamono afsus-o‘kinch ila eshikni qars etkazib yopgan kabi aloqalarni butunlay uzish istagidan boshqa narsasi qolmagan edi…
Odatda onasi yuborgan xatlarni hamisha ertalab keltirib berishardi, bugun ham xuddi shunday tonglardan biri edi. Laura bilan u o‘tmish haqida kamdan-kam gaplashishar, Flores mavzeidagi ko‘shkni esa mutlaqo tilga olishmasdi. Bunga Buenos-Ayresni eslashni yoqtirmasligi sabab emasdi. U Laura bilan allaqachon qochib qutilgan xesh-aqrabolar tugul, hatto eslasang kasofati uradigan kishilarning ham ismlarini tilga olmaslikka harakat qilardi. Ittifoqo bir kuni Lauraga botinib shunday degandi: “O‘tmishni bir varaq qog‘oz yoki keraksiz qo‘lyozma kabi parcha-parcha qilib tashlab yuborish mumkin bo‘lganda edi… Aksincha, undan hech qachon qutulolmaysan, o‘tmish qaytadan yozilgan toza sahifalarni ham rasvoi jahon qiladi, menimcha, bizni mana shunday istiqbol kutayotgan bo‘lsa ajab emas”. Chindanam, qavmu qarindoshlari yashayotgan va yor-birodarlari vaqti-vaqti bilan tabriknomalar yuborib turadigan Buenos-Ayresni yodga olishsa biron yerlari kamayib qolarmidi? Bir paytlar lobar xonimlarning shov-shuviga sabab bo‘lgan sonetlarni e’lon qilgan ”La-Nason“ jaridasi-chi! Goh-goh siyosiy inqiroz, isyon ko‘targan polkovnik yoki tengi yo‘q boksyor haqida yuborilgan nomalar-chi?! Laura bilan shularni eslash bahonasida Buenos-Ayres haqida laqillab o‘tirishsa bo‘lmaymidi?! Biroq xotini ham o‘tmish kitobini varaqlamasdi, faqat tasodifan, onasidan maktub kelgan kunlari, o‘shanda ham bahonai sabab bilan biron voqeani eslab qolar, bitta-yarimtasining ismini tilga olar – ajabo, ana shunda o‘tmish xuddi yerga tushib jaranglamagan eski tanga yoki daryoning xilvat yoqasida uzoq payt yotib, allaqachonlar tarovatini yo‘qotgan eski buyum singari e’tiborni jalb qilmasdi.
– Eh, oui fait lourd!* – dedi avtobusda uning ro‘parasida o‘tirgan koranda. “Haqiqiy jazirama qanaqa bo‘lishini u qayoqdan ham bilardi, – deb o‘yladi Luis. – Fevralda Avenida-de-Moyo yoki Linening jin ko‘chalarida yurganida edi!”
U yanayam ishonch hosil qilish uchun konvertni qayta ochib, xatni oldi – to‘ppa-to‘g‘ri, yanglishmagan, mana o‘sha satr, dona-dona yozilgan. Tavba, qip-qizil bema’nilikdan boshqa narsa emas, birovga aytsang, ishonmaydi, lekin turibdi-yu, mana. Luis buni nima deyishga ham hayron bo‘lib boshi qotdi, o‘ziga kelgach esa tabiiyki, birinchi navbatda, bundan qanday qilib qutulish haqida o‘ylab qoldi. Nima bo‘lgan taqdirda ham oyisidan kelgan maktubni Lauraga ko‘rsatmaslik kerak. Mayli, ahmoqona xato yuz beribdi, oyisi yanglishib (Viko o‘rniga, Niko deb yozib yuborgan bo‘lsa kerak) shunday yozibdi, lekin Laurada nima ayb, sezib qolsa dili og‘riydi, shu kerakmi hozir. Sir emas, ba’zan yuborilgan xatlar egasiga yetib bormaydi: shu dardisar xat ham yetib kelmasa, suv-puvga tushib ketsa bo‘lmasmidi! Ishxonada biron axlat qutisiga tashlab yuborsa-chi? Lekin uch-to‘rt kundan keyin Laura: “Taajjub, onangdan xat kelmay qo‘ydi-ya”, – deb so‘rab qolsa nima deb javob berishni ham o‘ylab qo‘yishi shart. O‘zi onasiz o‘sgani uchunmi, “sening onang”, degan so‘zni hech qachon tilga olmagan Laura balki so‘rab o‘tirmas. Mabodo so‘rab qolsa: “Hayronman. Shu bugunoq ikki enlik xat yozib yuboray-chi, tinchlikmikin?” – deb qo‘ya qolardi. Xatida nega yozmay qo‘ydingiz, deya o‘pkayam qilib qo‘ygan bo‘lardi. Shunda hayot yana iziga tushib ketardi: ish, oqshomlari kinoga borishlar… Laura har doimgidek yuvoshgina, munis, uning ko‘ngliga qaragan…
Renn ko‘chasidagi bekatda Luis avtobusdan tushdi-yu, ilkis (bu aslida savol ham emasdi, ammo bundan ortiqroq nima deyish mumkin) o‘ziga-o‘zi, nima uchun, padariga la’nat, xatni Lauraga ko‘rsatmasligim kerak, deb savol berdi. To‘g‘risi, gap Laurada va hatto uning qanday qabul qilishida ham emas. Modomiki, ko‘nglidagini yashirar ekan, yanayam yaxshi, nima deb o‘ylashining sirayam qizig‘i yo‘q. Uning uchun muhimi, birinchidan (birinchisidan keyin, ikkinchisi ham bor) avvalo Lauraning o‘sha paytda avzoyida paydo bo‘ladigan ifoda. Laura maktubni o‘qiyotib, Niko degan ismga duch kelib qoladi va uning ishonchi komilki, dudoqlari ilkis titrab ketadi, bir zumdan keyin esa: “Hayronman, juda g‘alati… Onangga biron nima bo‘ldimi?” deydi. Shu lahzalarda u Lauraning baqirib yuborishdan o‘zini arang tiyib turganini, o‘pkasi to‘lib ketsa-da burishgan-tirishgan yuzini kaftlari bilan to‘sib olmayotganini, hamda xotinining tilidan chiqib ketishiga sal qolayotgan Niko degan ism ekanini his qilib o‘tirar edi.
Reklama byurosida – Luis u yerda rassom bo‘lib ishlardi – shu paytgacha onasining avvalgi xatlaridan mohiyat-etibori bilan zarracha farq qilmaydigan ertalabki maktubini qaytadan o‘qib chiqdi, o‘sha ism adashtirib yuborilgan yerini aytmasa, bu xatlar ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshardi. U hatto o‘sha so‘zni o‘chirib Niko o‘rniga Viktor, deb yozib, shu bilan arzimagandek tuyulayotgan mash’um xatoni tuzatib, uyga borgandan keyin Lauraga ko‘rsatmoqchi ham bo‘ldi. Onasi hali Lauraga bir marta ham maktub yubormagan bo‘lishiga qaramay u bu xatlarni o‘qib chiqishga qiziqardi. Negaligini tushuntirib berish qiyin, biroq, onasi jo‘rttaga qilgandek, faqat Luisning nomiga yozar edi: oxirida, ba’zan o‘rtalarida Lauraga alangali salomlar yo‘llardi. Zotan, bu hech narsani anglatmasdi. Laura maktublarni berilib o‘qir, ba’zan ko‘zining xira ko‘rishi evaziga noaniq yozilgan bitta-yarimta so‘zlar uchrab qolsa, nima deb yozilganini aniqlash uchunmi, xatga uzoq tikilib qolardi. “Men doim saridon ichaman aslida, doktor esa salitsil kislotasi yozib berdi…”
Maktub yana ikki yoki uch kun mobaynida ishxonasida, stol tortmasida yotdi. O‘ziga qolsa, Luis ularni saqlab o‘tirmay tashlab yuborgan bo‘lardi. Biroq Laura ularni qayta-qayta o‘qirdi – kim bilsin, takror-takror o‘qib, har safar yangi ma’nolar axtarib topish ayollarga alohida huzur bag‘ishlasa kerak-da…
Onasining xatlari qisqagina: uydagi yangiliklar va ahyon-ahyon mamlakatda yuz bergan allaqanday bir voqea haqidagi xabardan iborat bo‘lardi. Bu ham “Mond” gazetasida allaqachon e’lon qilingani uchun hech bir qiziqish uyg‘otmas edi. Qisqasi, xatlar bir-biriga nihoyatda o‘xshar – oddiy, soddagina, asosan keraksiz narsalar haqida yozilgan bo‘lardi doim. Xudoga ming qatla shukur, onasi o‘zini yolg‘iz qoldirib, uy-joylarini tashlab chiqib ketgan o‘g‘li bilan kelinidan hech qachon yozg‘irmas, sizlarni sog‘indim, deb diydiyo qilmas, hatto Nikoning bevaqt o‘limini hadeganda eslab, o‘zi tugul bularning ham yuragini siqmas edi. Holbuki dastlabki paytlarda boshlariga tushgan bu musibat tufayli uning to‘kkan ko‘z yoshlari va ohu faryodiga odam bolasi chidayolmas edi. Parijga kelib yashayotganlariga ikki yil bo‘libdiki, onasi xatlarida biron marta ham Nikoning nomini tilga olmagan, Laura ham hech qachon u haqda gapirmasdi. Shu bois kutilmaganda xat miyonasida Niko ismining yodga olinayotgani qandaydir g‘ayritabiiy hol edi. Bunga aql bovar qilmasdi, bosma harfda yozilgan “N” bilan “O” harfining qing‘ir-qiyshiqligini aytmaysizmi; eng yomoni ism allaqanday tushunuksiz va palapartish jumlaning o‘rtasida kelar, e’tibor bergan odam maktubni qariligi tufayli xotirasi zaiflashgan kishi yozganini darrov payqab olardi. Onam, nogahon oradan shuncha vaqt va voqealar o‘tganligini unutib qo‘ygan-ov… O‘sha satr Lauradan xat oldim, degan jumladan keyin kelardi. Baqqol do‘konchasidan sotib olingan och ko‘k siyohda qo‘yilgan xira nuqtadan keyin tomdan tarasha tushgandek: ”Bugun ertalab Niko sizlarning ahvolingizni so‘radi”, – deb yozilgan edi. Qolgani yana juda oddiy tarzda davom etardi: soppa-sog‘ yurgan xolavachchang Matilda yiqilib, oyoq suyagi lat yebdi, hovlidagi kuchuklar yaxshi va hokazo gaplar… Lekin Niko ularning ahvolini so‘ragani… To‘g‘ri, Niko degan ismni Viktor, deb tuzatib qo‘yish juda oson. Laura ikkisiga doimo g‘amxo‘rlik qilib yuruvchi amakivachchasi Viktor, turgan gapki, ular haqida so‘ragan, onasining xayoliga shu o‘rnashib qolib, Viktor sizlarning ahvolingizni so‘radi, deyish o‘rniga Niko deb yozib yuborgan – tamom, vassalom; tanbeh tugul, ahamiyat berishga ham arzimaydi. Viktor degan ismda Nikoga nisbatan ikkita harf ortiq, lekin, o‘chirg‘ich bor, jinday qunt qilib tuzatib qo‘yish qiyinmidi shunchalik?! “Bugun ertalab Viktor sizlar haqingizda so‘radi”. Viktor oyimni ko‘rgani kirib, Parijga ko‘chib ketgan jigarlarining salomatligini so‘rashi turgan gap, buning hech bir ajablanadigan yeri yo‘q.
U ovqatlanish uchun uyiga kelganda onasining xati hamon cho‘ntagida edi. Buenos-Ayresdan jo‘nab ketishgach, xuddi Parijning rutubatli havosida olmadek so‘ligan va biroz ko‘pchib tarovatini yo‘qotgan yuzida nim tabassum bilan kutib olgan Laurani ko‘rib, xat xususida hech narsa gapirmaslikka qaror qildi. Nikoning vafotidan ikki oy o‘tgach, Buenos-Ayresni tashlab ketib, Parijda yashayotganlariga ikki yil bo‘ldi, lekin, ochig‘i, Luis Lauraga uylangan to‘y oqshomidayoq Argentinadan butunlay ko‘nglini uzgan edi. Bir kuni kechqurun anchadan buyon ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan Niko bilan oralarida bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng Luis Argentinani, dang‘illama hovli-joy, onasi, itlari, akasini tashlab ketish haqida ich-ichida qasam ichgandi. Holbuki, o‘sha kezlari atrofdagilarning bari: Niko ham, Laura ham, oyisi-yu, kuchuklari, bog‘lari ham uning qosh-qovog‘iga qarar yoki uning amriga muntazirdek edi. Ana shu sababli uning qasami hech narsadan hech narsa yo‘q raqs maydonida butilkani chil-chil sindirib, hamma yoqqa sochib tashlagan bebosh odamning sovuq qilig‘iga o‘xshab ketardi. O‘shanda hamma-hammasi: uning uylanishi, onasidan ruxsat so‘ramay-netmay, bemaslahat, urf-odatlar, azaliy axloqiy qoidalarga tupurgandek, yoru do‘stlarini lolu hayron qoldirib, qo‘qqisdan jo‘nab ketishlari aqlga sig‘maydigan ishlar edi. Hatto Lauraning o‘tinchlari ham uning ko‘nglini yumshatolmagan edi. Onasi hayhotdek hovlida, kuchuklar va dori-darmonlari-yu, Nikoning haliyam javonda osig‘liq turgan kiyim-kechagi bilan yakkayu yolg‘iz qolgandi. Qolsa qolaversin, boshqalar ham bilganini qilsin, menga nima! Nazarida onasi hamma gapni tushunib yetgan, u endi Nikoga aza tutib yig‘lab-siqtamas, paymonasi to‘lganini sezgan odamdek befarq, hech kimni xushlamay uyda u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Lekin Luis ketar kuni sodir bo‘lgan voqealarni eslagisi kelmasdi – to‘g‘risi, yomon ko‘rardi, jomadonlar, darvoza oldidagi taksi, bolaligi o‘tgan uy, Niko bilan urush-urush o‘ynaydigan bog‘, yana o‘sha ikkita yalqov hamda rasvo itlar!.. Hozir mana shularning bari-barini unutishga rozi edi. Ishxonasi – reklama byurosiga borar, plakatlar chizar, tushlik qilgani uyiga kelib-ketar, lablaridan beg‘ubor tabassum arimagan Laura damlab bergan qahvani rohatlanib ichardi. Er-xotin tez-tez kino ko‘rgani, o‘rmonda sayr qilgani borishar, shu tariqa Parijni yanayam yaxshiroq o‘rganishar edi. Ularning tolei kulgan edi: hayotlari tinch oqar daryodek bir maromda davom etar, topgan ishlari o‘zlariga manzur, yashayotgan uylari shinam, ozoda, ko‘rgan filmlari ham ma’noli va qiziqarli edi. Mana shunday huzurbaxsh kunlarda onasidan xatlar kela boshladi.
Luisga bu xatlar malol kelmasdi, aksincha, ular bo‘lmaganda balki u erkinlikning og‘ir toshini ko‘tarolmas ham edi. Maktublar bamisli onasi ularning gunohlaridan o‘tayotganligiga (lekin qaysi gunohlaridan?) bir ishoradek edi go‘yo; ular bir ko‘prik vazifasini bajarar, zotan, bu ko‘prik bir kun kelib ikki tarafni bir-biriga bog‘lashi muqarrar edi. Har bir maktub onasining salomatligidan ogoh etar, xonadon tashvishlarini eslatib, ko‘nglida g‘ashlik uyg‘otar, eng asosiysi, bolalikdan tanish zerikarli hayot davom etayotganini yodiga solardi! Biroq shu bilan birga, ana o‘sha ilgari qandoq bo‘lsa, bugun ham o‘sha tarzda davom etayotgan hayot tartibi uning qonini qaynatardi. Darhaqiqat, qoni qaynardi, Laurani deb qaynardi, chunki Laura u bilan birga Parijda tinchgina yashab yuribdi, onasidan xat kelsa, u o‘zgaradi, begonadek bo‘lib qoladi yoki bir paytlar kechasi, bog‘da, Nikoning bo‘g‘iq, odamni vahimaga soladigan yo‘talini eshitgan chog‘da uni o‘zi yuz o‘girgan hayot tarzining tarafdoriga aylantirib qo‘yadi. Yo‘q, xatni u o‘la qolsa Lauraga ko‘rsatmaydi. Ismni o‘zgartirib qo‘yish ham chiroyli ish emas. Lekin shu jumlani o‘qigan Lauraning ko‘ngliga kelmaydimi? Onasining kechirib bo‘lmas mana shu xatosi, ahmoqona tasodif – u keksalarga xos xiralashgan ko‘zlari bilan, buning ustiga eski peroda, yana silliq qog‘ozga yozishga qiynalayotgan qari onasini ko‘rgandek bo‘lardi – Lauraning turmushini zaharlashi mumkin-ku! Yaxshisi, xatni tashlab yuborish (u o‘sha kuniyoq tashlab yubordi) va kechki payt hech narsa bo‘lmagandek kinoga borish hamda Viktor ular haqida so‘raganini iloji boricha tezroq unutish kerak. Hatto amakivachchasi bo‘lsa ham. Viktor ularning hol-ahvolini so‘rasa so‘rabdi.
Makkor, ayyor va olifta Tom qachon Jerri qopqonga tusharkin, deb kutayapti. Jerri unga pand berib qochib qoldi-yu, Tomning boshiga ketma-ket balo-yu ofatlar yog‘ila ketdi. Tanaffus paytida ekrandagi anonslar o‘tib bo‘lguncha Luis keltirgan muzqaymoqni shoshmasdan yeb olishdi. Film boshlanganida Laura qo‘lini erining barmoqlaridan bo‘shatdi-da, oromkursiga yanayam qulayroq o‘rnashib oldi. Luis uning o‘zidan yana uzoqlashib, daxlsiz, o‘zidan boshqa hech kim kirolmaydigan dunyosiga kirib ketganini his qildi. Kim biladi, bu yog‘iga ular bitta filmni ko‘rishdimi, yo‘qmi, holbuki, keyinroq yo uyga qaytishlarida yoki yotar oldidan film xususida odatdagidek fikr almashib oladilar. U xayolan Niko bilan Laura ahd-paymon qilib yurishgan kezlari, birga kinoga borishganda ularning orasida ham shunaqa begonasirashlar yuz berganmi, yo‘qmi, deb o‘ziga o‘zi savol berdi (bu savol emasdi aslida, lekin nima desa to‘g‘riroq bo‘ladi?). Floresda ular bilmagan, kirmagan kinoteatr qolmagan bo‘lsa kerak; Lavale ko‘chasini egallagan befayz sohil, bahaybat arslon, zang chalayotgan pahlavon haykali, Karmen-de-Pinilosdagi ispan tilida yozilgan titr: bu film qahramonlari ham, voqealari singari soxta, sun’iy…
Xullas, Jerri Tomdan qochib qutuldi, navbat Barbara Stenuik yoki Tayron Pauerga keldi. Niko shu daqiqalarda Lauraning belidan ohistagina quchoqlagan (boyaqish Niko shunchalik uyatchan, shunchalar odobli ediki) va ikkovi xudo biladi, qaysidir gunohkorona qilmishlari uchun o‘zlarini gunohkor sezishgan bo‘lishardi. Luis ularning eng asosiy masalada aybdor emasligini yaxshi tushunardi. Holbuki, uning bunday xulosa chiqarishga dalil-asosi yo‘q edi, biroq Lauraning Nikoga nisbatan ko‘nglida mavj urgan tuyg‘ularining bunchalar tez so‘nishi o‘sha paytdagi unashib qo‘yishning bor-yo‘g‘i, shunchaki kishi ko‘ziga, qo‘ni-qo‘shnichilik, doim birga bo‘lishlar, yelkama-elka yashash, Flores mavzesi yoshlarining hoyu havaslari, odatlarining bir xilligi va yuzaga kelgan muhit bilan bog‘liqligidan dalolat berardi, xolos. Kunlarning birida Luis Niko tez-tez borib turadigan o‘sha raqs zaliga borib qoldi, akasi uni Laura bilan tanishtirib qo‘ydi. Ehtimol, ilk uchrashuvlari bunchalik oson, yengil boshlangani uchunmi, davomi shunchalar omonat, og‘ir va achchiq bo‘lgandir. Lekin bular haqida u eslashniyam istamasdi: bu o‘yin ko‘p o‘tmay Nikoning mag‘lubiyati bilan tugadi, kasali xuruj qilib Niko yotib qoldi va ajal sirtmog‘idan qutulolmay o‘lib ketdi. Ajablanarlisi shundaki, Laura hech qachon uning nomini tilga olmasdi; mana shuning uchun Luis ham u haqda sira gapirmasdi; qisqasi, Niko go‘yo ularga hech kim emas – na marhum, na o‘lib ketgan qaynog‘a, na ona qornidan talashib tushgan aka – hech kim.
Dastlab, onasining tana-dashnom, yozg‘iriqlari-yu o‘kirib yig‘lashlari, Emilio amakisi bilan amakivachchasi Viktorning (Viktor siz haqingizda qiziqib so‘radi bugun!) ahmoqona aralashuvidan keyin ortiqcha dahmazalar: marosim, tantanalarsiz – telefonda taksi chaqirib, shahar ma’muriyatiga borishgandi-da, uch daqiqa nari-berisida, pidjagining yelkasi shundoq qazg‘oq qoplagan ahvolda nikohdan o‘tishgan – bunaqa shoshilinch ravishda Lauraga uylanib olish unga ancha yengillik tug‘dirgandi. O‘shanda – onasi hamda g‘azabdan o‘zlarini qayerga qo‘yarini bilmayotgan jigarlaridan qochib Adrogedagi mehmonxonaga xufyona joylashib olishgach, qalliqdan kaynog‘aga aylanib qolgan Niko haqida bir og‘iz ham gapirmagani uchun Luis Lauradan behad minnatdor bo‘lgandi. Ammo hozir Nikoning o‘limidan ikki yil o‘tibdi hamki – bu ozmuncha muddat emas, boz ustiga ularni okean ajratib turibdi – Laura hamon uning nomini tilga olmas, Luis esa ich-ichida bu sukut saqlash o‘ziga haqoratdek ta’sir qilayotgani va uning zamirida ta’na, vijdon azoblari, xiyonatga monand allanima pinhon ekanini sezishiga qaramay, sababini dangal so‘rashga botinolmagani, bunga yuragi betlamagani bois beixtiyor uning sherigiga aylangan edi. O‘zaro suhbatlashib o‘tirgan chog‘larida u bir-ikki bor jo‘rttaga Nikoning nomini tilga oldi, lekin bu hech narsani o‘zgartirmasligini yaxshi tushundi, chunki nazarida nima bo‘lgan taqdirda ham Laura suhbatni bu haqda davom ettirmaslikni lozim topardi.
Nafsilambirini aytganda, o‘zaro munosabatlarida ularni kishi bilmas tarzda Nikodan uzoqlashtiradigan omonatgina ta’qiqlangan bir mavzu hosil bo‘lgan edi. Xuddi ular bilan til biriktirib olgandek onasi ham Niko haqida churq etmasdi. Har xatida itlarni tilga olar, Matilda, Viktor, salitsil kislotasi, nafaqa olayotgani haqida eslab o‘tardi. O‘limidan keyin bo‘lsa ham Nikoni tan olishga majbur etish uchun Lauraga qarshi birlashish zarurligi to‘g‘risida gapirish tugul, loaqal ishora qilib qolsa kerak, deb anchadan buyon ishonch bilan kutardi. Buning kimgadir zarur bo‘lib qolgani uchun emas: Nikoning o‘lik yoki tirigining kimga qizig‘i bor? Laura Nikoning ismini tilga olmas va har safar uning nomini bexos aytib yuborsa tabiiy ravishda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan vaziyatda ham birdan jim bo‘lib qolar, ana shunda Luis xuddi yana Floresdagi o‘sha bog‘da ko‘rayotgandek Niko ko‘z oldiga kelar, uning qisqa-qisqa yo‘talini eshitgandek bo‘lar va beixtiyor ularning – Laura bilan Luis ikkisining to‘yiga o‘zining jonsiz vujudini to‘yona qilganini ichki bir og‘riq bilan eslardi.
Darhaqiqat, taxmin qilganidek, bir hafta o‘tar-o‘tmas Laura onasidan xat kelmayotganligini eslab, ajablandi. U o‘zicha har xil sabablarni ro‘kach qildi va pirovard-oqibat erta-indin deb o‘tirmasdan, o‘sha kuniyoq onasiga xat yozib yubordi. Onasi javobnomani nima haqda yozsa-yozaversin, bu uni ortiqcha tashvishlantirmas, faqat va faqat maktub Lauraning qo‘liga kelib tegmasa bo‘ldi – u shuni istardi. Ikki haftalardan keyin darbon ayol unga admiral Braun portreti va Iguasu sharsharasi aks etgan bir juft markali tanish konvertni berdi. U maktubni qo‘yniga yashirib, ko‘chaga chiqqach, derazadan boshini chiqarib qaragan Lauraga qo‘l silkib, xayrlashgan bo‘ldi. Nazarida, xatni tez ochib o‘qish istagini hatto muyulishdan burilish zarurati ham rag‘batlantirgandek bo‘layotgani g‘alati tuyuldi unga. Onasi Bobi ko‘chaga qochib chiqib ketgani, qaysi bir qo‘tir kuchukdan yuqtirgan shekilli, bir hafta o‘tgach, hammayog‘i qichiy boshlagani haqida yozardi. Onasi uni Emilio amakining veterinar o‘rtog‘iga ko‘rsatgani olib boribdi, vaqtida davolatmasa, xudo asrasin-u, Negro vabosini orttirib yurmasin yana. Emilio amaki, ikkalasini akaroin dorisida cho‘miltirish kerak, deb maslahat beribdi, lekin bunga kuch-quvvat qayoqda, undan ko‘ra o‘sha veterinar hasharotga sepadigan poroshok yoki ovqatga qo‘shib beriladigan bironta dori tavsiya qilganida yaxshi bo‘lardi. Qo‘shni uyda yashaydigan bir senoraning qo‘tir mushugi bor ekan, kim bilsin, uylari simto‘r bilan ajratilganiga qaramay, balki o‘sha mushukdan yuqtirgandir. Ehtimol, kampirning aljirashlari ularni toliqtirib qo‘ygan bo‘lsa bordir, lekin Luis kuchuklarni shunday yaxshi ko‘rar ediki, bolaligida ulardan bittasi doim uning tizzasida uxlardi, Niko esa jonivorlarga bunaqa rahmdillik qilmasdi. O‘sha senora itlarga DDT degan doridan sepishni maslahat beribdi, sababi, hech qanaqa qo‘tir bo‘lmasa ham it zoti borki, ko‘cha-ko‘yda har xil najosat ichida yurishadi – boshqa bir baloni yuqtirishi mumkin emish; Bakakay maydoni biqiniga ko‘pincha noyob hayvonlarni o‘ynatadigan tsirk keladi, ehtimol, shular har xil mikroblar tarqatib ketgandir… Nima balo, onasi vahima bo‘lib qolganmi, dam Bobi haqida, dam qaynab turgan sutda qo‘lini kuydirib olgan tikuvchining o‘g‘li haqida yozardi.
So‘ng nimasi bilandir zangori yulduzchaga o‘xshash aji-buji dog‘ (onasi alam bilan to‘ng‘illay boshlaganmi, peroning uchi qog‘ozni tirnab yuborgandi), ketidan agar Niko Ovrupoga ketsa, o‘zining yolg‘iz qolishi (nazarida shunday bo‘lishi muqarrar) haqidagi mahzun mulohazalar boshlanardi. Ming afsus, keksalarning qismati shu taxlit ekan: bolalar ajoyib kunlarning birida uyalarini tashlab ketgan qaldirg‘ochlarga o‘xshaydi. Kuch-quvvating borida chidaysan – boshqa ilojing yo‘q. Qo‘shni uyda yashayotgan senora…
Kimdir turtgandek bo‘ldi-yu, bir zumda Luisga ko‘chada yurish qoidalarini eslatib qo‘yishdi – bunday dashnom berish odati g‘irt marselliklarga xos edi. U metroga o‘tib boradigan torgina yo‘lakda turib olib yo‘lovchilarning qatnoviga xalal berayotganini saldan keyin fahmladi. Kunning qolgan qismi ham shunday xayolot girdobida o‘tdi. U Lauraga qo‘ng‘iroq qilib uyda ovqatlanmasligini aytib qo‘ydi. Xiyobondagi skameykada ikki soatcha onasining xatini qayta-qayta o‘qib o‘tirdi, qisqasi, bu almoyi-aljoyi gaplarni nima deb izohlashni bilmay, boshi qotardi. Avval Laura bilan gaplashib olishi lozim. Rost-da, nega endi yuz bergan bu hodisalarni Lauradan yashirishi kerak? U endi bu xat ham yo‘qoldi, deb mug‘ombirlik qilolmas, shuningdek, onasi yanglishib, bexosdan Viktor o‘rniga Niko, deb yozib yuborganiga sira-sira ishonolmasdi. Hatto onasi o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, deb ham bo‘lmasdi. Hech shubhasiz, bu xatlarning sababi – Laura, Lauraning boshiga tushishi muqarrar voqealar edi. Hatto unaqa ham emas: bunga asosan o‘shanda, ularning to‘ylari kuniyoq yuz bergan hodisa, Adrogeda o‘tgan asal oyi va dunyodagi jamiki narsalar tugul, qavm-qarindoshlarini ham unutib, o‘zlarini Frantsiyaga olib ketayotgan kemada ishq lazzatiga berilishgan farog‘atli tunlar sabab edi. Shularning hammasiga balogardon Laura, bundan buyon aybni faqat Lauradan izlashadi, mana shu tushunchalarning asorati tufayli esi chalg‘igan onasining tasavvurida Nikoning Yevropaga borish harakatiga tushib qolganiga ham aybdor – Laura. Hech kutilmaganda sirdosh bo‘lib qolishgandi: onasi Lauraga Niko va uning Yevropaga bormoqchi ekani haqida yozardi, Nikoning faqat va faqat Frantsiyaga, shunda ham Parijga, bor-yo‘qligini mutlaqo unutib, o‘zlarini ovsarlikka solayotganlarning uyiga borishini Laura juda yaxshi tushunishini bilgani uchun ham u umumiy qilib, Yevropaga deb xabar bergandi.
Luis paysalga solmay Emilio amakisiga onamdan xavotirlanayapman, zudlik bilan uning holidan xabar olib, kerak bo‘lsa zarur choralarni ko‘ring hamda javobini yozib yuboring, degan ma’noda xat jo‘natdi. So‘ngra ketma-ket ikki qadah konyak ichdi-da, Lauraga bugun bo‘lmasa ertaga baribir hammasini aytib beradigan bo‘lgandan keyin shu bugunoq aytishga qaror qildi va yo‘lda nimalar deyish lozimligini o‘ylab olish uchun uylariga piyoda ketdi. U ko‘chalardan o‘tib, uyiga yaqinlashib borarkan, yarim soatdan keyin Laura bilan ro‘y berishi muqarrar suhbat va o‘zining noqulay ahvolga tushishi mumkinligi haqida xayol surardi. Ajabo, onasining maktubi Parijda kechgan ikki yillik hayoti davomida yuz bergan voqea va hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun unga yordam beradigandek tuyulardi.
“Ha, oyi, ha, sho‘rlik qo‘tir Bobi, boyaqish Bobi, bechora Luis, hammayoqni qo‘tirlar bosib ketgan! Floresdagi klubda, har kuni raqs oqshomi bo‘lib o‘tardi, oyi, bir kuni men ham o‘sha yerga bordim, chunki o‘g‘lingiz Niko qo‘ymadi. Menimcha qallig‘ini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanmoqchi bo‘lgan. Bechora Niko, o‘shanda ham rosa yo‘talardi, oyi, hayronman, hech kim bunga jiddiy ahamiyat bermasdi, egnida ikki yog‘i tugmachali kulrang kostyum, sochlariga breolin surtilgan, yap-yangi shoyi galstukda – qisqasi, biron yeriga gard yuqmagan, bashang. Bor-yo‘g‘i bir daqiqa gaplashdik, odam sezadi-ku suhbatdoshining o‘ziga nisbatan ko‘nglini… Ayting-chi, ana shundan keyin ham akamning qallig‘ini raqsga taklif qilmay bo‘ladimi?! O‘! Qalliq emish – oshirib yubording-ov, Luis! Menimcha, sizga shunday deb murojaat qilsam qarshi bo‘lmassiz?! Lekin, Niko haligacha sizni uyimizga taklif etmaganiga hayronman. Qo‘rqmang, oyimga albatta manzur bo‘lasiz, gapim noto‘g‘ri chiqsa otimni boshqa qo‘yaman. Niko judayam uyatchan-da! Hali otangiz bilan ham gaplashmagan bo‘lsa kerak! Tortinchoq, deysizmi? Ha, shunaqa! Menga o‘xshab… Nega kulasiz? Gapimga ishonmaysizmi? Ko‘rinishimga qarab to‘n bichmang, men butunlay boshqachaman… Judayam issiq ekan-a bu yer, to‘g‘rimi? Biznikiga, albatta, boring, meni aytdi dersiz, oyim xursand bo‘ladilar… Biz uch kishi turamiz, kuchuklarimiz bor. Menga qara, Niko, uyat emasmi, shuncha paytdan buyon yashirib keldingmi, yaramas! Ko‘rib turibsiz, biz shunaqamiz, Laura, haddimiz siqqanidan bir-birimizga bemalol qattiq-qurum gapiraveramiz. Ruxsat bersang, shu tangoga senorita bilan raqs tushsam…”
Hammasi juda oson, hatto aytish mumkin, maynavozchilikdek ro‘y berdi – Niko esa dazmollangan, o‘ziga oro bergan, yo‘l-yo‘l galstukda. Laura u bilan bekorga aloqasini uzdi – qattiq yanglishdi; quv, olg‘ir uka yulduzni benarvon urardi, har qanday ayolning boshini bir zumda aylantirishga qodir edi! “Niko tennis o‘ynamaydi! Qanaqa qilib o‘ynaydi, qachonki shaxmat yoki markadan ortmasa. Unga xalal bermasang bo‘ldi! Indamasligi mayli, qandaydir pismiq, bechora, qisqasi, uni tushunib bo‘lmaydi”.
Niko sekin-asta uzoqlashib ketdi bulardan, u doim yo‘tal dori yoki achimsiq mate ichish bahonasida nuqul o‘zini chetga olardi. Oxiri yotib qoldi. Vrachlar ko‘p yurmasin, yotsin, unga tinchlik nihoyatda zarur, deb uqtirishdi, bu ayni “Vilya-del-Parke”ning gimnastika hamda qilichbozlik zallarida raqs oqshomlari uyushtirish avjiga chiqqan paytga to‘g‘ri keldi. Shunday paytda bormay qachon borasan, qolaversa, Edgardo Donatoning qo‘shiqlarni o‘zi jonli ijro etsa nima kerak yana…
Uning Lauraga ko‘z-quloq bo‘lib yurganidan onasi juda xursand bo‘lardi: akasi ikkovi Laurani ilk bor uylariga olib kelishgan kuniyoq uni o‘z qizidek yaxshi ko‘rib qoldi. Esingizda bo‘lsin, oyi, to‘ng‘ichingizning holi yo‘q, bir ahvolda yotibdi, bu haqda bitta-yarimtaga ortiqcha gap qilib yurmang, eshitib qolsa yomon ta’sir qilishi mumkin, doktor aytdi, unga hayajonlanish mumkin emas, deb. Bunaqa kasalga yo‘liqqan odamning ko‘ngliga bo‘lmag‘ur gaplar kelishi mumkin. Ukam Lauraning ko‘nglini ovlab yuribdi, deb o‘ylamasin yana; bizning sport zaliga qatnashimizni bilmagani ma’qul.
Ammo men bu xususda og‘iz ochmadim, shu sababli Laura bilan u yerga borayotganimiz sirligicha qoldi, uydagilar ham bilmadi. Bu turgan gap, Niko boyaqish sog‘ayib, oyoqqa turgunga qadar davom etdi. Hammasi ana o‘shanda boshlandi: ziyofat ketidan ziyofat, Nikoning rentgen xulosasi, pakana Ramosning mashinasi, Bebinikida yig‘ilish, musallasning nim nordan ta’mi, mashinada sohilga borib, daryo uzra o‘tgan ko‘prikda sayr qilishlar, to‘lin oy yog‘dusi ostidagi muazzam damlar. Mehmonxonaning yuqori qavatidagi nurafshon derazaga o‘xshagan oy, mashinada qarshilik qilayotgan sarxush Laura… Epchil qo‘llar, bo‘salar, bo‘g‘iq ixrashlar, dag‘al jun ro‘mol, sukunat, aloha, kechirganlikni bildiruvchi tabassum.
Hozir ham eshikni ochgan Lauraning labida deyarli xuddi o‘shandagidek tabassum jilva qilardi. Kechki ovqatga bug‘lama go‘sht, salat hamda qaymoq tayyorlab qo‘ygan ekan. Soat o‘nda qo‘shnilari kanasta o‘ynagani chiqishdi. Allamahalda chiqib ketishdi. Yotar oldidan Luis xatni olib tungi stolchaga qo‘ydi.
– Ilgariroq aytmaganim sababi – bergim kelmagandi. Ko‘nglingga og‘ir olasan, deb o‘ylovdim. Nazarimda, oyim…
O‘rinda orqasini o‘girib olgancha yotar ekan, u indamay kutdi. Laura xatni o‘qib chiqqach, konvertga soldi-da, tunchiroqni o‘chirdi. Luis odatiga xilof ravishda nariroq surilib xotinining bir tekis nafas olishini jon quloq bo‘lib tinglagani bilan, baribir, aniq bir fikrga kelolmadi. Oxiri nima deb so‘rashini bilmay:
– Tushungandirsan? – dedi shiftdan ko‘zini uzmay.
– Ha, ismlarni adashtirib yuborgan shekilli?
Shunday bo‘lsa kerak. Piyoda to‘rt, qirol. Piyoda to‘rt, qirol. Qoyil!
– Viktor deb yozmoqchi bo‘lganlar, menimcha, – dedi Luis tirnoqlarini kaftiga qattiq botirib.
– Gaping to‘g‘ri. Menimcha ham shunday, – dedi Laura.
Asp, qirol uch, fil.
Ular anchagacha o‘zlarini uxlaganga solib yotishdi.
Laura ham uyda bo‘lib o‘tgan jamiki gaplarni bittagina kishi – Emilio amaki bilsa kerak, degan fikrda edi, kunlar o‘tdi, ammo ular bu gapni boshqa eslashmadi. Har kuni uyga kelganida Luis Lauraning og‘ziga qarar, biron yangilik aytarmikin, deb kutar, aloha, uning xotirjam qiyofasi-yu sukut saqlashini ko‘rib ich-ichidan zil ketardi. Ularning kundalik turmushi doimgidek davom etar, kinoga borishar, bir-birlarini yalab-yulqashardi. Luis Lauraning ko‘nglida ikki yil avval Parijdayoq orzu qilgan narsalaridan birontasi ro‘yobga chiqmaganligiga indamay ko‘nikib borayotganidan boshqa hech qanday armoni yo‘qligini sezardi. Endi uning nima demoqchiligi yoki unga nima bo‘lganini aft-angoriga qarab fahmlardi. Garchi hech narsa qilmay hayotini maqsadsiz o‘tkazish uchun mislsiz mustahkam irodasini ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham uning har jihatdan Nikoga va orqada qoladigan hamda bir maromda yashayotgan odamlarga o‘xshashligini u anglab yetgandi. Niko bilan Laura bir-birini yaxshi tushungan bo‘lishardi, Luis bilan Laura oila qurishgan kuni o‘tli harorat va ahillik, ishq-muhabbat tuyg‘ulari bilan limmo-lim asal oyidan keyin birga yashay boshlagan onlaridanoq shuni anglagan edilar.
Pirovardida Laura uyqusida bosinqiraydigan bo‘lib qoldi. Deyarli har kuni aloq-chaloq tushlar ko‘rar, lekin bosinqiraganlarini Luis darhol sezardi. U uxlab yotgan Lauraning qimirlab, bo‘g‘iq tovushda g‘o‘ldirashidan buni darrov payqardi. Bunday holatlar Parijga ketayotganlarida kemadayoq boshlangan edi, hali unda Niko haqida gaplasha olardilar, chunki uning o‘limidan uch-to‘rt kun o‘tgan, Yevropaga ketayotgan edilar. Ittifoqo Nikoni eslab, u haqda uzoq gaplashishgan kunlarning birida, yarim tunda Lauraning xirillab, ingrashidan, birdan oyoqlarining tomiri tortishib changak bo‘lib qolishi va xuddi o‘zini qo‘yib yubormayotgan allanimaning changalidan qutulmoqchidek yotgan joyida tipirchilab, chinqirgan ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi. Laura qo‘llari, butun a’zoyi badani va ovozini ishga solib, uni boshidan-oyoq chirmab olgan yopishqoq bir nimadan xalos bo‘lmoqchidek kuchanardi. Luis uni uyg‘otish va o‘ziga keltirish uchun yelkalaridan ushlab qattiq-qattiq silkitdi, so‘ng unga suv berdi, Laura eri tutgan suvni o‘sha bosinqirash izmu ixtiyoridan chiqmay turib yutoqqancha ichdi. Birozdan keyin o‘ziga kelgach, hech narsani eslolmay, nimaligini tushuntirish mumkin bo‘lmagan allaqanday qo‘rqinchli narsa haqida gapira turib oxiri uxlab qoldi va bir olam sir-sinoatni o‘zi bilan tush deb atalgan makonga olib ketdi, biroq Laura bilgan narsani Luis bilar, Laura tushida xudo biladi, qanaqa vahshiyona qiyofada kirgan sharpa bilan ko‘rishganini va bu ojiz ayol qo‘rquv zo‘ridanmi yoki ehtimol, behuda muhabbat umididami tiz cho‘kib o‘shaning oyoqlarini quchoqlab olmoqchi bo‘layotganini ham tusmollardi. Har safar mana shu tush bir xilda takrorlanardi: Luis unga suv tutar va ichib bo‘lib yostiqqa boshi tegar-tegmas uxlab qolishini jimgina kutar edi.
Ehtimol, bir kunmas bir kun qo‘rquv, ta’bir joiz bo‘lsa, oriyatdan ustunlik qilar. Balki ana o‘shanda u bilan kurashish imkoni tug‘ilar… Ehtimol, hali umid qilsa bo‘lar, hayotlari o‘zgarar, hozirgi soxta, sun’iy kulib boqishlar va frantsuz kinolaridan tashkil topgan umrguzaronlikka o‘xshamagan, butunlay o‘zgacha tarzda, bir vaqtlari orzu qilganlaridek xurram, osuda, eng asosiysi, mazmunli yashash nasib etar.
Ishxonasida yettiyot begonalar qurshovida Luis hayotda doim yaxshi ko‘rgan xushmuomalalik, osoyishtalik va tartib-intizomga amal qilish lozimligi haqida xayol surib o‘tirardi. Modomiki, Laura bu mavzuda churq etmasdan namoyishkorona tarzda Emilio amakilarining javobini kutar ekan, onasiga bor gapni aytib, bu anglashilmovchilikni u bilan ochiq gaplashib olishi kerak edi. Onasiga javob yozar ekan, u keyingi haftalarda ro‘y bergan yangiliklarni qisqacha bayon qilib o‘tgan bo‘ldi-da, maktubni o‘zining nazarida hammasini joy-joyiga qo‘yadigan jumlalar bilan tugatdi: “Xullas, Viktor Yevropaga boraman, deyaptimi? Juda soz. Hozir ko‘pchilikning orzusi dunyoni ko‘rish bo‘lib qoldi. Bu sayohatchilar byurosi faoliyatining samarasi bo‘lsa kerak. Unga ayting, bizga xat yozsin, barcha kerakli ma’lumotlarni so‘rab-surishtirib, xabar qilamiz. Tortinmay to‘g‘ri biznikiga kelaversin, eshigimiz unga doimo ochiq”.
Emilio amaki ortiqcha kuttirmadi, u jiyani yuborgan maktubni o‘qigan zahoti javob yozgan bo‘lsa kerak. Nikoning vafotidan keyin bularning nojo‘ya qilmishlaridan qattiq xafa bo‘lgani va o‘sha paytdagi gina-kuduratlar hamon dilidan arimaganligi xatdagi hissiz jumlalardan ro‘y-rost sezilib turardi. Nafsilambrini aytganda, Emilio amakisi o‘z noroziligini Luisga biron marta oshkor qilmagandi, lekin jiyaniga munosabatini o‘ziga xos tarzda bildirib qo‘ygandi. Masalan, u Luisni kuzatgani chiqmadi va ikki yil davomida begona yurtda, musofirchilikda yashab yurgan kezlari, bir marta ham xat orqali bo‘lsin, tug‘ilgan kuni bilan tabriklamadi. Mana hozir ham onasi haqida tashvish chekayotgan Luisning iltimosini faqat qarindosh bo‘lgani uchungina bajarib, istar-istamas onaning turish-turmushi haqida yozardi. Onasining ahvoli yaxshi ekan-u, lekin u bilan deyarli gaplashmabdi: keyingi yillarda boshiga nimalar tushganligini e’tiborga olsa, hammasi ayon va tushunarli. Uning yolg‘izlikdan juda ezilayotgani sezilarmish, ikkita o‘g‘il o‘stirib, ne-ne umidlar bilan katta qilsa-yu, qarigan chog‘ida xotiralarga yor bo‘lib hovlida boyqushday bir o‘zi qolsa. To‘g‘ri-da, tabiiyki, har qanday odam shu ko‘yga tushadi. Uni qiziqtirgan satr masalasiga kelganda, nozik ish bo‘lgani uchun, bu xususda Emilio amaki juda ehtiyotkorlik bilan gap ochgan, lekin afsus, aniq bir javob ololmagan, hattoki onasi uni ichkariga ham taklif qilmay, pirovardida ayvonchada gaplashib jo‘natib yuboribdi. Shu choqqacha qaynisini hech qachon bunaqa kutib olmagan ekan. Sog‘lig‘ingiz qanaqa degan savolga a’lo darajada deb javob qilibdi, to‘g‘ri, goh-goh bodi xuruj qilib bezovta qilayotganmish. Shu kunlarda esa ayniqsa erkaklarning ko‘ylaklarini dazmollash toliqtirib qo‘yayotgan emish, u kimlarning ko‘ylagi ekan deb so‘rasa, javob berish o‘rniga boshini chayqab qo‘yavergan.
Onasi Emilio amakisining xatini ham, uning o‘zini ko‘rgani kelib ketish tafsilotini ham uzoq muhokama qilishlariga yo‘l qo‘ymadi. Oradan to‘rt kun o‘tgach, volidasining buyurtma bo‘yicha yuborgan xati keldi, holbuki, u aviapochta orqali Parijga shoshilinch xat yuborishning sira hojati yo‘qligini juda yaxshi bilar edi. Laura Luisga qo‘ng‘iroq qilib, uyga iloji boricha ertaroq kelishini iltimos qildi.
Yarim soatdan so‘ng Luis uyga kelganda Laura stoldagi sarg‘ish gullardan ko‘z uzmay xayol surib o‘tirardi. Maktub stol chekkasida yotardi. Luis uni olib o‘qib chiqdi-da, yana joyiga qo‘ydi. Keyin xotinining yoniga o‘tirib, unga savolomuz qaradi. Laura yelkasini qisib qo‘ydi va “uf” tortdi.
– Onang esini yeb qo‘yibdi, – dedi.
Luis sigaret tutatdi. Ko‘zlariga tutun kirib achishtirdi. U o‘yin davom etayotgani va endi yurish navbati o‘ziga kelganini angladi. Biroq bu partiyani uch-to‘rt kishi o‘ynayotgan edi. Endi uning ishonchi komil: onasining ham bu o‘yinda ishtiroki bor, u qandaydir donalar terilgan shaxmat taxtasi yonida turgani aniq. Luis oromkursiga cho‘kibroq o‘tirdi-da, nima uchundir kaftlari bilan yuzini to‘sdi. Laura o‘kirib yig‘lashga tushdi. Pastda, hovlida darbon ayolning bolalari qiy-chuv ko‘tarib o‘ynashardi…
Ma’lumki, tun odamzodni ko‘p jumboqlardan xalos qiladi. Ular ikkovi ham ich-ichidan xohlab-xohlamay mayl-istaklarini qondirishga urinishgandan keyin uyquga ketdilar.
Ertalab, kechasi hech narsa bo‘lmagandek, ob-havodan, Sen-Ilidagi jinoyat, Jeyms Din haqida valaqlab o‘tirishdi – yana indamaslikka azmu qaror qilishgan yo o‘sha ichimdagini top o‘yini boshlangandi go‘yo. Maktub hamon o‘sha joyda yotar, nonushta qilib o‘tirishganda ko‘zlari tushmasligi mumkin emasdi. Ammo Luis ishdan kelganida xatni u yerdan topolmasligini sezardi, Laura nima qilib bo‘lmasin uning izini quritardi.
Bir kun o‘tdi, ikkinchi kun ham o‘tdi, indiniga qo‘shnilari aytib bergan latifalarni eslab Fernandekning ichakuzdi ko‘rsatuvini ko‘rib, rosa kulishdi. Ana shunda teatrga borish va haftaning oxirlarida Rontelbelda dam olishga qaror qilishdi.
O‘sha kunlari Luisning ish stoli har xil kerakli-keraksiz ma’lumotlar yozilgan qog‘ozlar bilan to‘lib ketdi, bular bari onasi xatida aytib o‘tgan tafsilotlar bilan mushtarak edi. Kema chindan ham 17-sana, juma kuni Gavrga, maxsus poyezd esa o‘n biru qirq beshda San-Lazer vokzaliga kirib kelardi. Payshanba kuni ular teatrga borib, oqshomni xushnud bir kayfiyatda o‘tkazishdi. Undan ikki kun avval Laura yana kechasi alahsirab chiqdi, lekin Luis suv keltirish tugul qimir ham etmadi, orqasini o‘girgancha yotaverdi. Oxiri Laura tinchib, uxlab qoldi. Ertasiga u kun bo‘yi yozgi ko‘ylagi bilan andarmon bo‘ldi, bichdi, tikdi, bir yerlarini o‘zgartirdi. Ular muzlatgichning qarzidan qutilishgach, elektr tikuv mashinasi olish zarurligi xususida gaplashishdi.
Luis stol tortmasidan onasining maktubini topib, ertasiga o‘zi bilan ishxonasiga ola ketdi. Onasining poyezd qachon kelishini aniqlashda yanglishmaganiga shubha qilmasa ham bandargohdagi idoraga sim qoqdi. U faqat shu narsaga ishonardi: qolgan tafsilotlarning birontasiga ishonish tugul ular haqda o‘ylab ko‘rishni ham istamasdi. Emilio amakining betayinligiga nima deysiz! Matildaga yozsa bo‘lmasmidi? Sirdosh yaqin do‘st bo‘lishmasa-da, Matilda, albatta, shu ishga bosh qo‘shishi zarur, u Luisning onasiga yordam ko‘rsatish shart ekanini so‘zsiz tushungan bo‘lardi. Biroq, to‘g‘risini aytganda, onasi yordamga muhtojmidi, aynan onasi-ya? Daf’atan u Matildani telefon orqali gaplashishga chaqirsammikin, deya o‘ylab qoldi. Aloha, xeres* bilan begli pechenelari esiga tushib yelkasini qisdi. Unga xat yozib yuborishga endi ulgurolmasdi, xat yozsa bo‘lardi. Lekin, ming qilsa ham baribir o‘n yettinchi sanani kutgani ma’qulroq, to…
Ichkilik unga unutishga, o‘ylamaslikka yoki jillaqursa, qo‘rqmay o‘ylashga yordam bermay qo‘ydi. U Buenos-Ayresda Nikoni ko‘mib kelishgandan keyin onasining avzoyini tobora aniqroq eslay boshladi. O‘sha kuni u g‘am-alam ifodasi deb o‘ylagan alomatlarni hozir uyasidan uzoqdagi allaqaysi go‘ristonga tashlab ketilayotgan yirtqich bir hayvonning vahshiyona irjayishidek qabul qilardi. Onasining asl qiyofasini mana endi anglayapti. O‘sha paytda barcha qarindosh-urug‘lari ta’ziya bildirib, ko‘ngil so‘ragani kelib, kechasi bilan uning yonidan jilmay o‘tirib chiqqanlarida onasining qiyofasi qanday bo‘lsa, hozir xuddi o‘shandayligicha tasavvurida jonlanmoqda edi. U ham Laura bilan birga o‘sha kunlari Adrogedan kelgandi. Lekin onasining yonida uzoq qololmasdi, sababi, birin-ketin Emilio amakisi, uning ketidan Viktor yoki Matilda kirib kelishar va xuddi hammalari kelishib olgandek ularga sovuq muomala qilishardi. Nikoning bu ahvolda dunyodan ko‘z yumib ketganini, bular esa Adrogedan o‘ynab-kulib kelganini sira-sira hazm qilisholmas, qo‘yib bersa… Luis butun qarindoshlarining shoshilinch ravishda, tanish-bilish qilib chipta olib berganlarining, sovg‘a-salomlar bilan kemaga kuzatib qo‘yganlarining sababini mana endi, hozir fahmlab turardi.
To‘g‘ri, paysalga solmay zudlik bilan Matildaga maktub yozishi lozim edi, buni farzandlik burchi taqozo etardi. To‘rtinchi qadahdan oldinroq bu haqda fikr yuritishga qodir edi. Beshinchi qadahdan keyin u hamma bo‘lib o‘tgan voqealar haqida bir-bir mulohaza yuritib chiqdi-da, qah-qah urib kulib yuborishiga oz qoldi, holbuki kulsa, o‘zining farzandlik burchi ustidan kulgan bo‘lardi; xuddi bolalarning burchi bordek, xuddi to‘rtinchi sinfda o‘qiyotgan bolaning manfur to‘rtinchi sinfning tabarruk muallimasi oldidagi burchidek.
Shak-shubhasiz, farzandlik burchiga ko‘ra, Matildaga xat yozishi shart. Lekin oyimning tobi yo‘q, aqldan ozgan deb o‘zini ovsarlikka solib nimaga erishadi? Bu qiynoqlardan qutulishning yagona yo‘li – hech nima qilmaslik. Hammasi qanday bo‘lsa, shunday davom etaversin, faqat juma kungacha…
Luis odatdagidek Laura bilan xayrlashib, ishim ko‘p, tushlikka kelmayman deganida, u nima bo‘lishini oldindan bilardi, u hatto: “istasang u yerga birga boramiz”, demoqchi ham bo‘ldi.
Luis vokzaldagi qahvaxonaga kirib o‘tirdi, niyati yashirinish emasdi, yo‘q, aksincha, uning niyati hammani ko‘rib o‘tirish-u, hech kim uni ko‘rmasin. 11 dan 35 daqiqa o‘tganda Lauraning qorasi ko‘rindi, Luis uni moviy yubkasidan tanidi. Qahvaxonadan chiqib, uning ortidan yurdi, Laura bir yerda to‘xtab poyezdlar qatnovi jadvaliga ko‘z yugurtirib chiqdi, vokzal xodimining oldiga borib nimalarnidir so‘radi, so‘ng chiptasini olib perronga o‘tdi – u yerda odamlar gavjum, hamma ko‘zi to‘rt bo‘lib poyezdni kutib turardi. U mevali yashiklar taxlangan chog‘roq vagon ortiga o‘tib, Laurani kuzatib bordi. Nazarida, Laura platformaga kiraverishda turgani ma’qulmi yo oldinroqqa o‘tib turishmi, deb ikkilanayotgandek edi.
Poyezd uzoq kuttirmadi, tezgina yetib keldi. Laura xuddi ichkarida havo yetishmay, bo‘g‘ilib qolayotgandek hovliqqancha boshini vagon oynaklaridan chiqarib olgan yo‘lovchilarni tanib-tanimay baqir-chaqir, shovqin-suron bilan eshelon tomon talpingan olomonga qo‘shilib ketdi. Luis vagonchani tez aylanib, yog‘ to‘kilgan yerlarni bosmasdan, ehtiyotkorlik bilan yurib perronga o‘tdi.
Albatta, u berkinib turgan yeridan qarab chiqib kelayotgan yo‘lovchilarni, ularning orasidagi Laurani, hatto uning chehrasida zuhr etgan yengillik ifodasini ham ko‘rib turardi. Chindanam Lauraning qiyofasidan yengil tortganligini his etmasmidi o‘sha onlarda? (Bu savol emasdi, lekin nima desa to‘g‘riroq bo‘ladi?) Ana undan keyin esa eng oxirgi yo‘lovchi bilan so‘nggi hammol ketgunicha, xohlasa perronda qolishi va oftob nuri to‘shalgan maydonga tushib, konyak ichish uchun qahvaxonaga borsa bo‘lardi. Shu bugunoq kechqurun u onasiga xat yozadi, bugun yuz bergan voqea haqida bir og‘iz eslatmaydi (nimasini eslatadi?), keyin Lauraga hammasini aytib berishga botinadi (biroq, turgan gapki u botinolmaydi ham, bu haqda gaplashmaydi ham). Yonib ketmaydimi hammasi! Bu baqir-chaqir qilayotgan, quvonch yoshlarini yashirmay bir-birini quchog‘idan qo‘yib yuborgisi kelmayotgan odamlarni tomosha qilib turishning o‘zi bo‘ladimi? Yo‘q, u jomadon va qop-qanorlar bilan to‘lib-toshgan perronda uymalashayotgan olomon orasidan nimasi bilandir Nikoga o‘xshash odamni uchratib qolish umidida ko‘zlari olma-kesak terardi, zotan, u mana shu tuturiqsizlikka ishonishni xohlardi. Oldidan o‘tib ketgan shuncha odam ichidan nari borsa ikkitasi argentinalik edi, sochlarining taralishi, egnilaridagi kamzullari, Parijda ekanliklaridan hayajonlanayotganlarini yashirish maqsadida viqor bilan qadam tashlashlaridan shunday xulosa chiqarsa bo‘lardi. Ulardan bittasining allaqayeri chindanam Nikoga o‘xshardi. Faqat o‘sha o‘xshashlikni izlab topish kerak edi. Ikkinchisi Nikodan keskin farq qilar, ochig‘i, birinchisi haqida ham bemalol shunday desa bo‘lardi. Birgina bo‘ynini oling, Nikonikidan ancha yo‘g‘on, beliyam shunaqa. Chap qo‘lida jomadon ko‘tarib ko‘cha tomonga yo‘l olgan ikkinchisidan ham Nikoga o‘xshash jihatlarini topsa bo‘lardi. U ham Niko singari chapaqay, unga o‘xshab egilibroq yurar, soxt-sumbati-chi, suyakdor yelkasi-chi… Nafsilambrini aytganda, Laura ham shunday deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, sababi, u Lauradan ko‘z uzmay ortidan borar va uning yuz-ko‘zida anavinda alahsirab uyg‘onib ketib, karavoti chekkasida bo‘shliqqa tikilib garangsirab o‘tirgan chog‘larda nigohida zuhr etgan o‘sha tanish ifoda qotib qolganday edi.
Biroq ming qilganda ham, ya’ni ikkovi undan o‘xshashlik izlaganlari bilan bu kimsa ularga begona edi: u chiptasini topish uchun cho‘ntagini kavlagani to‘xtagan mahal tikilib yuz-ko‘ziga qarashdi.
Laura birinchi bo‘lib vokzalni tark etdi, uni Luis qidirib o‘tirmadi, biladiki, u avtobus bekatiga boradi. O‘zi esa vokzal qarshisidagi xushmanzara oromgoh biqinida joylashgan qahvaxonaga kirib, stullardan biriga o‘tirdi. Nega bu yerga kirdi, ofitsiant qizlardan so‘radimi, yo‘qmi, keyin eslolmadi, lekin arzongina konyakning o‘tkir ta’mi og‘zidan anchagacha ketmadi.
Tushlikdan keyin muk tushib yangi afisha loyihasini chizib o‘tirdi. Gohida to‘xtab onasiga xat yozish haqida o‘ylab qolar, biror qarorga kelolmay yana ishga berilar edi, aloha ish vaqti tugagunga qadar baribir aniq bir qarorga kelolmadi.
Uyiga piyoda ketdi. Uylarining hovlisida darbon ayolni uchratib, u bilan biroz gaplashib turdi, shu tobda duch kelgan tanish qo‘shnilari bilan uzoq suhbatlashgan bo‘lardi, lekin hammasi uyiga oshiqar: kechki ovqat mahali yaqinlashgan edi.
Doimiy odatiga binoan zinalarni bir-bir bosib shoshilmay yuqoriga ko‘tarildi, uchinchi qavatda, eshiklari qarshisida to‘xtab nafasini rostladi, hatto xuddi ichkarida nima bo‘layotgani bilan qiziqqan kabi eshikka suyandi. So‘ngra odatdagidek qo‘ng‘iroq tugmasini ketma-ket ikki marta bosdi.
– Keldingmi, kechikkaningga hayron bo‘lib o‘tirgandim, – dedi Laura muzdek yuzini tutib. – Ishing ko‘payib ketgandir-a?.. Kiraqol tezroq, qozondagi go‘sht kuyib ham ketgandir.
Yo‘q, go‘sht qovurilib ham, kuyib ham ketmagan, lekin o‘ta bemaza va qattiq edi. Fursatdan foydalanib, Lauradan vokzalga nega bording deb so‘rasa bormi, ichayotgan qahvasi yoki chekayotgan sigarasi balki yoqimliroq ta’sir qilgan bo‘larmidi. Lekin Laura kun bo‘yi uyda o‘tiribdi; xuddi birov uni yolg‘on gapirishga majbur qilayotgandek yoki onasining ko‘ngilsiz vasvasalari xususida askiya qilishini kutayotgandek…
Qahvasini bolqoshiq bilan aralashtirib o‘tirganida u yana qulay fursatni qo‘ldan boy berdi. Lauraning to‘qigan yolg‘on javobi hech narsani o‘zgartirmasdi. Ikkovining xayolida Nikodan boshqasi bo‘lmagandan keyin nima farqi bor? Stolga uchinchi odam uchun mo‘ljallab idish-tovoq qo‘ysa bo‘lmasmidi? (Bu savol emas, lekin boshqa nima ham deyish mumkin?) Jahldan jazavaga tushib, sigaret tutuni ichra qiyshayib va tobora onasiga tortib borayotgan so‘lg‘in va gezargan yuziga musht tushirsa bo‘lmaydimi? Xuddi Niko narigi xonada o‘tirgandek yoki bir zamonlar o‘zi singari zinada eshikka suyanib gap poylab turgandek, yo bo‘lmasa aka bo‘lib u egallagan, har doim unga tegishli oppoq choyshabda yonboshlab olgancha yotgandek. Ana o‘sha (Niko) Lauraning tushlarida bu yerga so‘roqsiz kirib kelgan. Ehtimol, hozir ham og‘zida sigaret, sal-pal yo‘talgancha o‘sha yerda chalqancha yotgandir, ishshayib: tomirlarida bir tomchi ham hayotbaxsh, sog‘lom qon qolmagan – oxirgi kunlari uning aft-angori shunday tus olardi.
Luis boshqa xonaga kirib, stulga o‘tirdi-da, tunchiroqni yoqdi. Onasiga jo‘yali gaplarni yozishi uchun uning xatini qayta o‘qib chiqishning hojati yo‘q edi.
U xatni “qadrli onajon”, deya boshlamoqchi bo‘ldi. Lekin “Qadrli onajon”, deb yozdi-yu, qog‘ozni g‘ijimlab tashladi. So‘ng “Ona” deb yozib ko‘rdi. Xonada havo yetishmayotgandek, to‘rt tarafidan devorlar siqib kelayotgandek yuragi siqildi. Go‘yo hamma narsa bo‘g‘ardi uni. Uy ikki kishi uchun mo‘ljallab qurilgan edi, u shunday deb o‘yladi. Ha, aniq ikki kishiga mo‘ljallangan. U “Ona” deb yozgach, boshini ko‘targanda, Laura ostonada unga tikilib turardi. Luis ruchkani qog‘oz ustiga qo‘ydi.
– U judayam ozib ketgandek tuyulmadimi senga? – dedi Luis.
Laura tushunarsiz bir harakat qildi. Uning yonoqlaridan ikki qator injudek ko‘z yoshlari oqardi.
– Sal-pal, – dedi u. – Odam bir xil turmaydi-da doim…
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 7-son
_____________________
*Mercibien, madame Durand! – Rahmat sizga, madam Dyuran! (fr.)
*Eh, oui fait lourd! – Voy, biram yondirdi-ey! (fr.)
*Mate – Braziliya, Argentina va Paragvayda keng tarqalgan ichimlik.
*Kanasta – qarta o‘yinining bir turi.
*Xeres – vino turi.