Ulug‘ yozuvchining hayrati
XX asr adabiyotini buyuk yozuvchilar asarlari bezab turibdi. Bu asrning ana shunday zabardast adiblaridan biri argentinalik Xulio Kortasar edi. U XX asr hikoyachiligini baland cho‘qqilarga ko‘targan mashhur yozuvchilar Xorxe Luis Borxes, Edgar Po, Orasio Kiroga an’analarini davom ettirgan holda, zamonaviy hikoya janrini boyitdi. Adibning “Iblis so‘lagi”,“Istilo qilingan uy”,“Boshqa bir osmon”, “Dahshatli tushlar” kabi hikoyalari allaqachon jahon hikoyachilik maktabining mumtoz namunalariga aylandi. Xulio Kortasar nasrning nafaqat hikoya janri, balki roman, qissa janrlarida ham mo‘l ijod qildi.
Vaholanki, gap XX asr adabiyoti haqida ketar ekan, biz beixtiyor u bilan uzviy aloqadorlikda rivojlangan san’atnang yana bir turi – teatr va kino san’ati haqida to‘xtalamiz.
Glenda Jekson o‘tgan asrda xuddi Xulio Kortasar teatr va kino san’ati olamida dovruq qozongan. Glenda Jekson kino va teatr sahnasida o‘ynagan rollari bilan san’atda yorqin iz qoldirdi. Angliyalik mashhur aktrisa va keyinchalik siyosatchi bo‘lgan Glenda Jekson o‘tgan asrning 60-80- yillar san’atida betakror rollari bilan ajoyib, mohir va buyuk aktrisa sifatida o‘z o‘rnini mustahkam egallaydi. Aktrisa teatr va kinoda jiddiy rollarni, jumladan, irodali, kuchli ayollar obrazlarini qiyomiga yetkazib o‘ynadi.Ijodkorning o‘ziga xos, ajoyib iste’dodi qator tanlovlarda g‘alaba qozonib, e’tirof etiladi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Glenda Jekson XX asrning betakror va yorqin san’at ustalaridan biri edi. 1969 yilda aktrisa kinorejissyor Ken Rasselning yozuvchi Devid Gerbert Lourensning “Sevilgan ayollar” romani asosida ishlagan filmida bosh rolni ijro etadi. Uning ijrosi Amerika kinoakademiyasining “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ladi. Oradan uch yil o‘tgach, Glenda Jekson yana “Mo‘tabar xonadonlardagi singari” filmida o‘ynagan roli uchun “Oskar” mukofotini oladi. Aktrisaning eng yorqin, san’at olamida katta dovruq solgan rollaridan biri –“Musiqiy oshiqlar” filmidagi kompozitor P.I.Chaykovskiyning telba xotini Antonina Milyukova obrazi edi. Albatta, katta ijodkor sifatida Xulio Kortasar Glenda Jekson ijodidan, uning ajoyib san’atidan bexabar emasdi. Yozuvchi katta iste’dod egasi bo‘lgan Glenda Jeksonning o‘z vaqtida ijodni tark eta olishday qat’iyatli qadamidan Xulio Kortasar qattiq hayajonga tushadi. Zamondoshlarining xotirlashlaricha, umri mobaynida uch marta uylangan, o‘z davrida doimo ayollarning e’tiborida bo‘lgan adib o‘z his-tuyg‘ularini hamisha ham izhor etavermagan. Adib Glenda Jekson san’ati, uning ijodni tark etish qadamidan mutaassir bo‘lib, u haqda “Biz Glendani naqadar yaxshi ko‘rar edik” nomli hikoya yozadi.
Biz quyida e’tiboringizga ushbu hikoya kiritilgan kitobga yozilgan so‘ngso‘z – Glenda Garsonga yo‘llangan maktubni havola etmoqdamiz. Bu maktub katta ijodkorning o‘zi kabi atoqli san’at ustasi, katta shaxsga bo‘lgan ehtiromi va hayratidan dalolat beradi.
Shishaga solingan maktub
Aziz Glenda, ushbu maktub odatiy yo‘sinda jo‘natilmayapti – negaki pochta va unga bog‘liq konvertu markalari kabi daxmazalari bizga to‘g‘ri kelmaydi. Yaxshisi shunday tasavvur qila qolaylik: men maktubni shishaga solaman-da, San-Frantsisko ko‘rfazi qirg‘oqlaridan uloqtiraman – o‘zim esa ana shu ko‘rfaz sohilida qo‘ngan uydan Sizga maktub bitdim; yoki bo‘lmasa derazam uzra yozuv mashinkamga bir lahza soya solgan, havoni xivchin bilan urib, kesib o‘tgani singari jadal uchgan chag‘alay bo‘yniga bu maktubni osib qo‘yaman. Nima bo‘lsa bo‘lsin, ushbu maktub, Siz – Glenda Jeksonga yo‘llanyapti,– qayerda bo‘lmang, ehtimol Siz hozir Londondadirsiz; axir ko‘p maktublaru ko‘pdan-ko‘p hikoyalar – dengizga otilgan shishalardagi nomalardir, yana ularning bari Shekspir “Dovul” asarida yozgan ohista va ajib sea-changes – dengiz to‘lqinlarining bir parchasiga aylanadi.
Fikrimcha, muhim nomalar shunday tarzda jo‘natilishi zarur – ohista chayqalmish dengiz to‘lqinlari uzra imillab suzib borayotgan lavang shishalar, ular ichiga solib qo‘yilgan maktublar nihoyat Glenda Garsonni emas, o‘zining haqiqiy egasi bo‘lmish Sizni izlab topadilar. Axir ushbu maktublar Sizga atalgan – xuddi o‘zingiz roldan rolga o‘zgarganingiz kabi Sizni hayo-iffat, muhabbat shunday o‘zgartirib yuborganki, ana shu poklik filmdan filmga o‘zgarmay aslo Sizni tark etmaydi. Men hozir behisob qiyofayu niqoblar ostida yashayotgan ayolga murojaat qilyapman. Yana aslo Sizni xafa qilishni istamagan holda aytishim mumkinki, Siz ham menga – ko‘pdan-ko‘p qiyofalaru niqoblarga yashirinmish yozuvchiga e’tiboringizni qaratishingizga umid qilib yozyapman; ana shu yozuvchilik tufayligina biz Siz bilan oshkora suhbatlashish huquqiga sazovor bo‘ldik; bugun bunday bo‘lishini xayolimga ham sig‘dirolmayotgan pallada Sizdan javob maktubini oldim – dengizga otgan shishangiz San-Frantsisko ko‘rfazi qoyalariga urilib sinib ketdi; ko‘ksim quvonchlarga to‘ldi; quvonchki, uning zamirida allaqanday qo‘rquvga o‘xshash tuyg‘u yashirin edi; – qo‘rquv quvonchni sindirolmaydi-yu, ammo kishida sarosima uyg‘otadi, aynan shunday bo‘lishini Siz bilan men o‘z qudratimizga yarasha istaganimiz kabi, uni jismi joni va vaqt chegaralaridan chiqarib yuboradi.
Sizga maktub yozish unchalik ham oson ish emas, negaki siz Glenda Garsonni bilmaysiz, yana shunisi qiziqki, men hozir kaltafahmlarcha Sizning javob yozish-yozmasligingiz sababini tushuntirishga urinyapman; bari voqealar turli mezonlar doirasida yuz beradi, ikkiga bo‘linadi va har qanday kishilar o‘rtasidagi oddiy munosabatlarni absurdga, bema’nilikka aylantirib yuboradi; yo esa biz o‘zimiz uchun emas, boshqalar uchun o‘ynaymiz, shu tufayli mening maktubim boshqalar o‘qiydigan matnga aylanadi va ehtimol Siz uni baribir qachonlardir, masalan, kelgusida o‘qiysiz; men atigi uch kun muqaddam Sizdan olgan javobimni tasodif qanotlarida keltirdi va bu hammaga ma’lumu mashhur bo‘ldi. Shunday bo‘ldiki, menimcha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishishning hojati yo‘q; yana yagona imkoniyat –Sizga aytish istagimdir, deb o‘ylayman,– bu yana bir karra maktubimni adabiy asar, hikoya sifatida o‘qiydigan kishilarga yordam so‘rab murojaat qilishimdir. Chunki boshqa birovga yozilgan maktub qo‘shimcha matn kasb etib, batamom mukammal qiyofaga ega bo‘ladi, – nashr etilgan hikoyalar ana shu tarzda dunyoga kelishi zarur, deb o‘ylayman. Yana men hozir ushbu qoidani buzib, bu nomani yozsam, balki Siz uni hech qachon o‘qimassiz, faqat o‘zingiz meni shunday qilishga majbur etasiz; Siz, nazarimda, hozir mendan maktub bitishimni iltimos qilyapsiz.
Endi men Sizga bilishingiz mumkin bo‘lmagan va ayni vaqtda bilgan narsangiz haqida yozyapman. Bundan ikki hafta ilgari mening Meksikadagi noshirim Vilgelm Shavelson so‘nggi yillarda yozgan, yaqinda chop etilgan kitobimning ilk nusxalarini keltirdi. Bu kitobga kirgan hikoyalar orasida bir novella “Biz Glendani naqadar yaxshi ko‘rar edik” deb nomlanadi. Hikoyalar, albatta, ispan tilida yozilgan; balki yaqin yillarda boshqa tillarga o‘girilsa ajab emas; shu hafta ichida bu kitob Mexiko kitob do‘konlarida paydo bo‘ldi, Siz, shubhasiz, ushbu kitobni Londonda o‘qiy olmaysiz, tabiiyki, u yerda mening asarlarimni ispan tilida o‘qiydigan odam kam topilsa kerak. Men ushbu kitobga kirgan novellalardan birini Sizga hikoya qilib berishimga to‘g‘ri keladi, lekin shunday bo‘lsa-da, ayni vaqtda kechgan voqealarni aytib berish andishasi meni cho‘chityapti – balki bunday hikoya qilishdan hech bir ma’ni chiqmas, chunki Siz shu tarzda faqat ana shu novella orqali hamma gapdan boxabar bo‘la olasiz – bu ravshan; sog‘lom fikrlab chiqarilgan xulosalarga, xolis va tiniq fikrlarga qaramasdan, hozirgina Sizdan olgan javobim meni shunday qilishga undayapti; men hozir ana shu absurd bilan yuzma-yuz turib hikoya qilmoqchiman; Glenda, agar bu chindan absurd bo‘lsa, o‘zim buni absurd deb o‘ylamayman, garchand na Siz, na men buning aslida qanday tuyg‘u ekanligini bila olmaymiz.
Balki Sizning yodingizdadir – nima deyapman, axir qanday qilib o‘qimagan narsangiz yodingizda bo‘lsin? Garchand buning sababi juda oddiy, chunki hali kitob sahifalaridan bosmaxona bo‘yog‘i qurib ulgurmadi, – ushbu hikoyada gap Sizga, novellada Glenda Garson deb nomlangan aktrisaga cheksiz mehr-muhabbat tuyg‘ulari birlashtirgan, Buenos-ayresdagi yakdil fikrdagi kishilarning sirli to‘garagi haqida boradi; lekin shunisi ham borki, uning kino va teatrda o‘ynagan rollari haqida yetarlicha aniq qilib tasvirlanadiki, buni o‘qigan Sizni, san’atingizni qadrlovchi istagan odam hikoyadan aynan Sizni tanib oladilar. Hikoya syujeti judayam oddiy: to‘garak a’zolari Glendani shu qadar yaxshi ko‘radilarki, ular bir narsa bilan – Sizning aktyorlik kamolotingiz ayni avj pardaga ko‘tarilgani, so‘ng xayrlashish chog‘lari yaqinlashishi bilan kelisholmaydilar; Sizdagi mukammallik esa asl tuyg‘uga, haqiqiy muhabbatga tashnadir va u chin muhabbatni talab etadi va shubhasiz, o‘zingiz suratga olish chog‘lari aynan shunga intilgansiz – lekin o‘rtada rejissyorlar bularning barini rasvo qildi. Bari ayblardan forig‘ etishga, qurbon qilishga daxldor katarsis, ya’ni ko‘tarilish, tozarish va kulminatsiyasi nazarda tutilgan har qanday asarda bo‘lgani singari ushbu hikoyada ham haqiqatga o‘xshash to‘qima o‘z o‘rnini ko‘ngil tubida saqlangan azaliy haqiqatni izlashga bo‘shatib beradi; shunday, ushbu to‘garak a’zolari nima qilib bo‘lsa ham filmlar nusxalarini qo‘lga kiritish uchun mumkinu imkonsiz bari ishlarni qiladilar, asliyatning kechirib bo‘lmas xatolarini tuzatganlari holda kinotasmalarning muvaffaqiyatsiz chiqqan epizodlarini qirqib tashlaydilar. Menimcha, Siz, xuddi ular singari bunday ishni amalga oshirishning mutlaqo ilojsizligi yuzasidan qayg‘urib o‘tirmaysiz, novellada ham bu hol ortiqcha tafsilotlarsiz tasvirlangan; guruh bu ishlarni o‘z maqsadlariga ishonchlari va qo‘llaridagi pullari tufayligina amalga oshiradilar; va nihoyat to‘garak a’zolari ishlarini poyoniga yetkazadilar, go‘yo yaratilmish yettinchi kun saodatini tuyadilar. Saodatki, aslida Siz teatr va kinoni butunlay tark etish haqidagi qaroringizni e’lon qilasiz, – o‘zingiz hali ushbu to‘garak ishini nihoyalaganingizni bilmay, shunday qilasiz; negaki zamon va yangi filmlarga nuqta qo‘yasiz, negaki, Siz ijodingiz avji mukammallik kasb etganini his etasiz…
O‘zingiz buni bilmay ham… Eh, Glenda, men – hikoya muallifiman; ammo o‘zim ushbu hikoyani yozgan paytlarimdagidek bunga unchalik ham ishonchim komil emas. Hozir, shu dam menga Sizning javobingiz keldi, maktubingizdan aql-idrok borasidagi vajlarga mutlaqo daxli bo‘lmagan fikr anglashiladi, Bu narsa meni bir narsani tan olishimga majbur etadi: negaki novellada Glenda Garsonning kinodan ketishi – isbotlab berilmagan, bu hol g‘ayritabiiydir, Sizga yot, Sizdan uzoq to‘garak faoliyati haqida bo‘rttirib hikoya qilingan. Garchand ushbu novella finali – yakuni menga qo‘rqinchli ko‘rinsa-da, uni qayta gapirib bermoqdaman. Chunki bunday qilmaslikning imkoni yo‘q, negaki Sizga novellani hikoya qilishim shart – negaki novellaning haqiqiy finali, asl yakuni shunday; mana, roppa-rosa o‘n kundan buyon buni Mexiko kitobxonlari bilib oldilar, muhimi shundaki, bundan Siz ham xabar topdingiz. Novellada voqealar juda oddiy kechadi: oradan bir yil o‘tib, Glenda Garson yana kinoga qaytishga qaror qiladi, to‘garak a’zolari gazetadan bu haqda o‘qib qoladilar va bu xabardan gangib qoladilar: yana shuni ham tan olishga majburlarki, ular endi o‘zlarining sevimli Glendalari ortiq ijodini davom ettirolmasligiga ishonadilar, negaki ijodkor ijodiga butunlay nuqta qo‘yilgan… Ular bu haqiqatga ishonib ulgurgan edilar. To‘garak a’zolari oldida Glenda Garsonning ijodiy kamolotiga putur yetkazmaslik uchun, aktrisa erishgan avvalgi g‘alabayu shuhratini himoya qilishlari uchun ularning oldida birgina yo‘l qolgan edi, xolos: Glenda Garson e’lon qilingan filmda o‘ynamaydi! To‘garak a’zolari bu ish hech qachon amalga oshmasligi uchun qo‘llaridan kelgan bari ishlarni qiladilar.
Ma’suma Ahmedova tarjimasi.