…Ular in qurayotgan o‘rgimchak kabidirlar.
Qur’on XXIX, 40
– Mana shu yerda mening ajdodlarim yashab o‘tganlar, -dedi Danreven va bulutlar qo‘ynidagi yulduzlarni ham zabtiga olgan ishora bilan kimsasiz tekislikni, dengiz va suvoqlari ko‘chgan ulug‘vor imoratni qo‘rg‘onlab chiqdi.
Do‘sti Anvin, mundshtukni qo‘lida o‘ynagancha, uning fikrini tasdiqlagan kabi ishora qildi. 1914 yil yoz oqshomlarining biri edi; osuda hayotdan bezigan bu ikki og‘ayni Kornuell atrofidagi mana shu joylar sukunatidan orom olishardi. Timqora soqolli Danreven uning zamondoshlari ko‘lamini aniqlashga ojizlik qilgan va hikoya qilib berish mushkul ulug‘vor asar muallifi sifatida shuhrat qozongan. Anvin esa Ferma o‘z vaqtida isbotlay olmagan Diofant teoremasini tadqiq etgandi. Har ikkisi ham navqiron, qiziqqon va jo‘shqin yoshda edilar.
– Nilotlar qabilasining sardori va yohud shohi Ibn Hoqon Al-Buxoriy, – dedi Danreven, -mana shu uyning asosiy bo‘lmasida o‘z jiyani Said tomonidan o‘ldirilganidan buyon qariyb chorak asr vaqt o‘tdi.
Kutilganidek, Anvin ushbu fojea sababini so‘radi.
– Buning sabablari bir qancha, – javob qildi Danreven.- Birinchidan, bu uy – labirint. Ikkinchidan, shohni sadoqatli qul va arslon qo‘riqlaguvchi edi. Uchinchidan, yashirib qo‘yilgan xazina o‘g‘irlab ketilgan. To‘rtinchidan, ayni qotillik sodir etilgan vaqtda qotilning o‘zi jonsiz edi. Beshinchidan…
– Jumboqlarni qalashtirish befoyda, – uning mulohazalarini bo‘ldi Anvin.- Ularning yechimi juda oddiy bo‘lishi mumkin. Edgar III ning o‘g‘irlangan maktub haqidagi hikoyasini, Zangvilning qulflangan xonasini esla.
– Jumboqlar yechimi juda murakkab bo‘lishi ham mumkin, – e’tiroz bildirdi Danreven.-Koinotni esla.
Qumtepaga ko‘tarilgach, ular labirint qarshisida paydo bo‘lishdi. Yaqindan kuzatilganda, labirint odam bo‘yidan balandroq qilib, oddiy g‘ishtlardan barpo qilingan to‘g‘ri va deyarli adoqsiz devor kabi tuyilardi. Uy aylana shaklida qurilgan, biroq uning sathi juda kengligi bois egriliklar sezilmaydi, dedi Danreven, Anvin esa har qanday to‘g‘ri chiziq adoqsiz ulkan aylana yoyidan iborat, deb e’lon qilgan Nikolay Kuzanskiyni esladi. Tun yarmida ular zim-ziyo va xavf-xatarga to‘la dahlizga olib kiruvchi, puturdan ketgan ko‘hna eshikni topishdi.
Danreven, garchi, ichkarida behisob chorrahalar bo‘lsa-da, muttasil so‘lga tomon yursalar, biror soatdan so‘ng uy markaziga yetib olishlarini aytdi. Ikkovlon ehtiyotkorlik bilan qadam qo‘yishardi, bir fursat o‘tib asosiy yo‘lak ikki tor yo‘laklarga ajraldi. Shift tobora pastlab borganidan uy ularni yutib yuborishga chog‘langanday tuyilardi. Ular oldinma-ketin borishar, Anvin muttasil devorni paypaslab yo‘l topardi. Zimiston ichra yurib borishar ekan, Danreven Ibn Hoqon o‘limi voqeasini so‘zlab berdi.
– Mening ilk xotiralarim, – deb hikoyasini boshladi Danreven, – Ibn Hoqonning Pentrit darvozalari qarshisida paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lsa ajabmas. U arslon yetaklagan odam hamrohligida tashrif buyurgan edi. Injildagi suratlarni hisobga olmaganda, bu men ko‘rgan dastlabki zanji va birinchi arslon edi. Garchi hali go‘dak bo‘lsam-da, olovrang tusli jonzot va tun kabi qora odam meni Ibn Hoqon qiyofasidan ko‘ra kamroq hayratga soldi. Ibn Hoqon menga daroz bo‘lib ko‘rindi; u och jigarrang tusli, qiyiq ko‘zlari tim qora, qirra burun, lablari qalin, soqollari za’faron va qadam olishlari ulug‘vor mahobatli bir odam edi. Men “Shahanshoh dengizlar osha suzib keldi” deb e’lon qildim. Keyinroq, binokorlar uyni tiklashga kirishgach, men bu unvonga qo‘shimcha qilib, uni Bobil Shohi deb atadim.
Musofirning Tentritda qo‘nim topmoqchi ekani haqidagi xabar iltifot bilan qarshi olindi, uyning ko‘lam va shakli esa sarosima va mojaroga sabab bo‘ldi. Uyning yakka-yolg‘iz bitta bo‘lma va bir necha chaqirim masofaga cho‘zilgan yo‘laklardan iborat bo‘lishi tasavvurga sig‘mas edi. Xalq orasida “Bunday go‘shalar nasroniylarga emas, balki Muhammad dinidagilarga xosdir” degan gap tarqaldi. Bizning rektor, har soha bilimdoni bo‘lgan Olbi janoblari, labirint barpo etganligi bois Tangri tomonidan jazoga mustahiq etilgan shoh haqidagi rivoyatni izlab topdi va buni minbar osha barchaga so‘zlab berdi. Dushanba kuni Ibn Hoqon rektor huzuriga tashrif buyurdi. Ushbu qisqa tashrif tafsilotlari o‘sha paytda oshkor etilmagan bo‘lsa-da, bundan buyon Ibn Hoqonning izzat-nafsiga teguvchi va’zlar qayta o‘qilmadi, binokorlar esa ishni davom ettirdilar. Oradan yillar o‘tib, Ibn Hoqon halok bo‘lgach, Olbi o‘sha suhbat mazmunini ma’murlarga oshkor qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ibn Hoqon unga taxminan shunday degan edi: “Men amalga oshirayotgan ishni qoralashga hech bir kimsa jur’at etolmaydi. Mening gunohlarim shu qadar ulug‘ki, Tangrining ulug‘ nomini asrlar davomida takrorlasam-da, uqubatlarimni yumshata olmaydi. Mening gunohlarim shu qadar ulug‘ki, o‘z qo‘llarim bilan o‘zimni bo‘g‘izlay olsam-da, bu – Adolat sohibi men uchun hozirlagan uqubatlarni bundan ortiq zo‘raytira olmaydi. Mening ismim barchaga ayon: men Ibn Hoqon Al-Buxoriyman, men sahroyi qabilalar ustidan hukmronlik qilgan Ibn Hoqon Al-Buxoriyman. Men ko‘p yillar davomida o‘z jiyanim Said ko‘magida ularga zulm qildim, oxir-oqibat Xudo ularning iltijolarini qabul qilib, isyon ko‘tarishlariga yo‘l qo‘ydi. Navkarlarim qilichdan o‘tkazildi, o‘zim esam yillar davomida to‘plangan xazina bilan qochishga muvaffaq bo‘ldim. Said meni qoya etagidagi avliyo sag‘anasiga olib bordi. Qulimga sahrodan ogoh bo‘lib turishni tayinladim; Said ikkimiz tinkamiz qurib, uyquga ketdik. Kechasi men ilonlar changalida bo‘g‘ilayotganimni tush ko‘rdim. Dahshat ichra uyg‘ongach ko‘rdimki, yonimda Said uxlab yotar, tong esa yorishib kelmoqda edi; men ko‘rgan dahshatli tushning boisi badanimga yopishgan o‘rgimchak tolasi edi. Xazina adoqsiz emas, Said esa o‘z ulushini talab qilishi mumkin, deb xayol qildim. Belbog‘imga kumush sopli xanjar qistirilgan edi – Saidning bo‘g‘ziga xanjar urdim. U jon talvasasida bir-ikki og‘iz so‘z aytdi, ammo men ularni anglay olmadim. Saidning yuzlariga tikildim: u jon taslim qilgan bo‘lsa-da, o‘rnidan turib kelishidan qo‘rqib, qulimga boshini tosh bilan majaqlashni buyurdim. Kimsasiz sahro qo‘ynida uzoq adashgach, nihoyat olisda dengizni ko‘rdim. Uning suvlarida ulkan kemalar suzib yurardi. Men o‘lik odam suvni kechib o‘ta olmaydi, deb xayol qildim va o‘zga yurtlarni izlab topishni ixtiyor etdim. Dengizdagi birinchi kechaning o‘zida Saidni o‘ldirayotganligimni tush ko‘rdim. U aytgan so‘nggi so‘zlarni ilg‘ab olgunimcha shu hol takrorlanaverdi. U o‘limi oldidan shunday degan edi: “Meni hozir qay tarzda o‘ldirayotgan bo‘lsang, men ham seni, qayerda bo‘lmagin, shu taqlid o‘ldiraman”. Saidning ushbu bashorati ro‘yobga chiqmasligi haqqi qasam ichdim; uning arvohi yo‘ldan adashmog‘i uchun labirint barpo etib, uning bag‘rida yashirinishga qaror qildim.
Ibn Hoqon Al-Buxoriy shu so‘zlarni aytib, iziga qaytdi. Olbi bu zanji esini yo‘qotib qo‘yibdi va barpo qilmoqchi bo‘lgan bema’ni labirint tentakligining timsoli va yaqqol isbotidir, deb o‘yladi. Keyin bunday deb o‘ylash g‘ayrioddiy imorat va g‘ayrioddiy hikoyaga muvofiqdir, ammo Ibn Hoqon vujudidan yog‘ilgan qudrat taassurotiga batamom zid, deb xayol qildi. Ehtimol, bu kabi voqealar Misr yerlariga xosdir. Ehtimol, bu kabi xulq-atvor (Pliniy ajdodlari kabi) alohida shaxslardan ko‘ra ko‘proq millat madaniyatiga xosdir… Olbi Londonda “Tayms” taxlamlarini ko‘zdan kechirib, qo‘zg‘olon haqidagi hikoyaning chinligiga hamda Al-Buxoriy va qo‘rqoqligi bilan nom chiqargan vazirning g‘oyib bo‘lganiga ishonch hosil qildi.
Binokorlar ishni tamom qilganlari hamon Ibn Hoqon labirint markaziga ko‘chib o‘tdi. Uni qishloqda boshqa ko‘rishmadi; Said Ibn Hoqonni izlab topib o‘ldirgan, degan fikr ba’zan Olbini tashvishga solardi. Shamol kechalari arslon na’rasini olib kelar, shunda qo‘radagi qo‘ylar ibtidoiy dahshatdan tosh qotar edilar.
Sharq mamlakatlaridan Kardiff yoki Bristolga yo‘l olgan kemalar gohi kichik ko‘rfazda langar tashlar, shunda Ibn Hoqonning sodiq quli labirintdan enib (u mahallar labirint qizg‘ish emas, balki olrang edi), dengizchilar bilan Afrika lahjasida suhbat qurar, u aftidan, tiriklar orasidan vazir arvohini izlar edi. Bu kemalar yashirincha spirtli ichimlik va fil suyaklari tashishlari haqida ovoza tarqalgan edi; demak, ular marhumlar arvohlarini ham tashishlari ehtimoldan holi emas edi.
Uy qurib bitkazilgandan so‘ng oradan uch yil o‘tgach, “Roza Sarona” langar tashladi. Bu kemani men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmagan bo‘lsam-da, uning qiyofasi Abukir va Trafalgar yonidagi muhorabalar tasvirlangan suratlardagiga o‘xshar va, menimcha, u kemasozdan ko‘ra mohir duradgor mehnati mahsuli bo‘lib tuyuluvchi kemalarning biri edi. Bu (loaqal mening tasavvurimda) sayqal berilgan va tezyurar go‘zal kema edi, dengizchilari esa arab va malayziyaliklardan iborat edi.
Kema kuz kunlarining birida, tong saharda langar tashladi. Ibn Hoqon Olbining uyiga bostirib kirgan mahal shom tusha boshlagan edi. U Said labirintga kirib olganligi hamda qul bilan arslon o‘ldirilganligi haqida dahshat ichra bazo‘r so‘zlab berdi. Ibn Hoqon ma’murlar uni muhofaza qila olish-olmasliklarini bilmoqchi bo‘ldi. Olbi javob qilib ulgurmasidan uni bu uyga ikkinchi va so‘nggi bor haydab kelgan o‘sha qo‘rquv iskanjasida darhol chiqib ketdi. Kutubxonada yolg‘iz qolgan Olbi qo‘rquv changalidagi mana shu odam bir vaqtlar Sudanda o‘z hukmi ostidagi qabilalarga cheksiz zulm o‘tkazganligi hamda muhoraba va odam o‘ldirish san’atidan voqif ekanligidan hayratda edi. Ertasiga kemalarning biri (keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Qizil dengizdagi Suakin tomon) jo‘nab ketganidan xabar topdi. U qulning o‘limiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lib labirintga yo‘l oldi. Olbi Buxoriyning uzuq-yuluq so‘zlariga ishonmagan edi, biroq yo‘lakning birinchi muyulishida o‘lik arslonga duch keldi, navbatdagi muyulishda qulning jasadini ko‘rdi, markaziy bo‘lmada esa boshi majaqlangan Buxoriyni uchratdi, oyoqlari ostida sadaf bilan naqshlangan sandiqcha yotar, ichidagi pullar esa g‘oyib bo‘lgan edi.
Hikoyadagi so‘nggi jumlalar dabdabasi Danreven o‘z hikoyasini shu kabi so‘zamollik bilan yakunlashga odatlanganidan yaqqol dalolat edi. Anvin hikoyaga qiziqib qolgan kabi:
– Arslon bilan qul qay tarzda o‘ldirilgan edi, – deb so‘radi. Danreven o‘sha alfozda, ovozida sezilib turgan qayg‘uli qoniqish bilan javob qildi:
– Ularning ham boshlari majaqlangan edi.
Qadam tovushlariga tashqarida yog‘ayotgan yomg‘ir shovqini qo‘shilib ketdi. Anvin mana shu labirintda, Danreven qissasining “markaziy bo‘lmasi”da tunab qolishlari mumkinligini o‘yladi, ammo bu uzoq noqulaylik xotiralarda sarguzashtga aylanadi. Danreven cho‘zilib ketgan sukutni buzib, xuddi qarzini qaytarishni talab qilayotgan kabi savol tashladi:
– Axir bu voqea sirli emasmi?
– Bu voqea sirlimi-yo‘qmi – menga qorong‘u, ammo g‘irt yolg‘on ekanligini aniq bilaman, -javob qildi Anvin. Danreven asabiylashib, rektorning to‘ng‘ich o‘g‘li (aftidan, Olbi bu vaqtda qazo qilgan edi) va butun Pentrit aholisi bu voqeaga guvoh ekanligini aytdi. Anvin uzr so‘radi. Qorong‘ulik qo‘ynida vaqt haddan ziyod sekin o‘tar, ikkovi ham yo‘ldan adashgan bo‘lishlaridan xavfsiray boshlashgan, yuqoridan tushayotgan zaif shu’la zinaning yuqori supalarini yorita boshlaganda esa ular butkul holdan toygan edilar. Ular yuqoriga ko‘tarilgach, dumaloq xaroba xonada paydo bo‘lishdi.
Baxtiqaro shohdan xotira bo‘lib, ikki narsa saqlanib qolgan edi: oynalaridan dengiz va atrofidagi yalanglik ko‘zga tashlanib turgan ko‘lamdor deraza hamda zinapoya qarshisidagi qopqon. Keng bo‘lsa-da ,bu xona zindonga o‘xshar edi.
Yomg‘ir tufayli emas, balki keyin xotirlab yurish uchun ikki do‘st bu tunni labirintda o‘tkazishdi. Riyoziyotchi xotirjam uxladi; shoirning bo‘lsa o‘ziga ham beo‘xshov tuyilgan misralar xayolidan ketmadi:
Qudratli arslon yotar boshi majaqlangan,
Boshi pachoqdir qul va shohning ham.
Anvin o‘zini Al-Buxoriy kechmishi bayoni zarracha qiziqtirgani yo‘q, deb hisoblar, ammo tong saharda jumboqning yechimini topganligiga ishonch bilan uyg‘ondi. U kun bo‘yi bir hodisani boshqa biri bilan har jihatdan qiyoslagan ko‘yi o‘ychan qiyofada yurdi, ikki kun o‘tgach, u Danreven bilan London qovoqxonalaridan birida uchrashishga kelishib oldi. Uchrashgach, unga taxminan quyidagilarni ma’lum qildi:
– Men Kornuollda sen so‘zlab bergan voqea qip-qizil yolg‘on, deb aytdim. Voqealar haqiqat edi yoki haqiqat bo‘lishi mumkin edi, biroq ular sening tilingda quruq safsataga aylangan edi. Eng asosiy yolg‘ondan, tasavvurga sig‘maydigan labirintdan boshlayman. Qochoq odam labirintda yashirinmaydi. Qochoq odam baland sohilda, ustiga ustak, olisdan dengizchilarga ko‘rinib turgan olrang labirint barpo qilmaydi. Uni barpo etishga hojat yo‘q, zotan Koinotning o‘zi tayyor labirintdir.
Chindan ham yashirinishni istagan odam uchun barcha yo‘laklari unga eltuvchi bu minoradan ko‘ra Londonning o‘zi ishonchliroq. Men senga bayon qilgan fikr avvalgi kuni, labirint tomiga kelib urilayotgan yomg‘ir tovushiga quloq tutgan ko‘yi uxlashga chog‘langanimiz mahalda xayolimga keldi; meni o‘z tashrifiga loyiq ko‘rgan bu fikrdan ilhomlanib, sening safsatangni unutish va boshqa biror ma’niliroq narsa haqida o‘ylashga qaror qildim.
– Masalan, ko‘pliklar nazariyasi yohud to‘rtinchi o‘lcham haqida.-deb qistirib qo‘ydi Danreven.
– Aslo, -jiddiy qiyofada javob qildi Anvin. – Men Krit labirinti haqida, ho‘kiz boshli odam markaziy nuqtasi bo‘lgan Krit labirinti haqida o‘yladim.
Detektiv asarlar bilimdoni bo‘lgan Danreven jumboq yechimi mana shu jumboqning o‘zidan hamisha bir pog‘ona pastda turadi, deb xayol qildi. Jumboq g‘ayritabiiy, hatto ilohiy tabiatga egadir, uning yechimi esa nayrangbozlikdan boshqa narsa emas. Xotimani kechiktirish ilinjida shunday dedi:
– Ho‘kiz boshli minotavrni haykal va taqinchoqlarda ko‘rish mumkin. Dante bo‘lsa uni tanasi ho‘kizniki, boshi esa odamniki bo‘lgan maxluq sifatida tasavvur qilgan.
– Bu talqinni ham qabul qilish mumkin, -qo‘shildi Anvin. -Bu yerda bahaybat uyning o‘z dahshatli sohibiga monand kelishi muhim. Labirint mavjud bo‘lishining bosh sababchisi minotavr edi. Tushda ko‘rilgan xatar to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Agar minotavrni xotirlasak (labirint ichida turgan odamning xayoliga keladigan muqarrar xotira), jumboq yechiladi-qo‘yadi. Biroq tan olaman, bu ko‘hna timsol menga jumboqning yechimiga olib boruvchi yo‘l bo‘lib tuyilmagan edi, shu boisdan sening hikoyangda bir qadar o‘rinli timsol – o‘rgimchak tolasi bo‘y ko‘rsatishi zarur edi.
– O‘rgimchak tolasi?-deb qayta so‘radi fikridan adashgan Danreven.
– Ha. Bu jinoyatni qotilning (qotil mavjud edi) ko‘ngliga solgan o‘rgimchak tolasi (mutlaq ma’nodagi tola, aytaylik, ko‘ngil tolasi) meni hayratga soldi. Esla: sag‘ana qarshisida yotgan Al-Buxoriy ilonlar to‘dasini tush ko‘radi, uyg‘ongach esa ayon bo‘ladiki, bu tushning boisi tanaga yopishgan o‘rgimchak tolasi edi. Al-Buxoriy ilonlarni tush ko‘rgan o‘sha tunga qaytamiz. Taxtdan qulatilgan shoh, vazir va qul o‘zlari bilan xazinani olib, sahroda jon saqlaydilar. Ular sag‘anada yashirinib yuradilar. Qo‘rqoq ekanligi bizga ma’lum bo‘lgan vazir uxlab yotibdi; biz dovyurakligini bilgan shoh esa uyg‘oq. Xazinani vazir bilan taqsim qilishni istamagan shoh uni bo‘g‘izlab tashlaydi; bir necha kechadan so‘ng tushida vazir uni baribir o‘ldirishidan ogoh qiladi. Bularning barchasiga ishonish qiyin; menimcha voqealar boshqacha tarzda sodir bo‘lgan. O‘sha tunda dovyurak shoh uxlab yotgan, qo‘rqoq Said esa sergak edi. Uxlamoq – yorug‘ olam bilan vidolashmoq demak, bunday vidolashuv esa o‘zini ta’qib etayotganlaridan xabardor odamga munosib emas. Hasadgo‘y Saidni shohning uyqusi vasvasaga soladi. U qotillik qilishni diliga tukkan va ehtimol, qo‘lidagi xanjar ham shay edi, ammo u o‘zida jur’at topa olmadi. U qulni ko‘makka chorlab, xazinaning bir qismini sag‘anaga yashirib qo‘ydilar, so‘ng esa Suakin va undan so‘ng Angliyaga qochib kelishdi. Al-Buxoriydan yashirinish uchun emas, balki uni tuzoqqa ilintirib, o‘ldirish maqsadida dengiz uzra alvon devorli ulkan labirint barpo qildi. Kemalar nubiyaliklarni olrang odam, qul va arslon haqida ogoh etishlarini va ertami-kech Al-Buxoriy uni mana shu labirintdan izlab topish uchun yetib kelishini u bilar edi. So‘nggi yo‘lakda Ibn Hoqon uchun qopqon hozirlagan edi. Al-Buxoriy Saiddan cheksiz nafratlanar, shu bois oddiy ehtiyot choralarini ko‘rishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Kutilgan kun yetib keldi; Ibn Hoqon Angliya sohiliga qadam qo‘ydi, labirint eshigiga yaqinlashdi, vazir, chamasi, pistirmadan uzilgan bitta o‘q bilan o‘ldirgan mahalda zinaning birinchi supasiga qadam qo‘yib ulgurgan edi. Arslonni qul o‘ldirgan, qulni ikkinchi o‘q yer tishlatdi. U shunday ish tutishga majbur edi, zotan boshi majaqlangan bir qo‘rqoq jasadi shubha uyg‘otishi mumkin edi; arslon, qul va shoh murdasi yaxlit tizimni tashkil etadi; ushbu tizimning bir bo‘lagiga ega bo‘lgan odam voqeaning asil mohiyatini anglay oladi. Olbi bilan suhbat chog‘ida Ibn Hoqonni (vazirni) qo‘rquv chulg‘ab olganligidan ajablanmasa ham bo‘ladi; u hozirgina dahshatli jinoyatni sodir etgan va xazinani qo‘lga kiritish uchun Angliyadan qochish niyatida edi.
Anvinning ushbu mulohazalaridan so‘ng oraga sukunat cho‘kdi. Danreven o‘z qarashlarini bayon qilishdan avval yana bir ko‘za pivo buyurdi.
– Fikringga qo‘shilaman, -dedi u.- Mening Ibn Hoqonim aslida Said edi. Bu kabi evrilishlar – janrning ko‘hna xususiyatlari va unga amal qilishni o‘quvchi talab qiladi. Biroq men xazinaning bir qismi Sudanda qoldirilgan, degan taxminni rad etaman. Esla, Said shoh va shoh dushmanlari ta’qibi ostida edi; u xazinaning bir qismini yashirish bilan ovora bo‘lganidan ko‘ra hammasini olib ketishini tasavvur etish osonroq. Ehtimol, butun mablag‘ sarf etib bo‘linganligi bois pullar topilmagan edi; Nibelunglar xazinasidan farqli o‘laroq, adoqsiz bo‘lmagan bu pullarni binokorlar hazm qilib yuborishgan edi. Bu holda Ibn Hoqon sovurib bo‘lingan xazinani qaytarib olish maqsadida dengizni suzib o‘tgan bo‘lib chiqadi.
– Sovurib bo‘lingan emas, – dedi Anvin, – balki uni tuzoqqa ilintirish va halok etish uchun g‘ishtdan tiklangan ulkan aylanasimon qopqon hozirlashga sarf etilgan xazina. Agar taxminim to‘g‘ri bo‘lsa, Saidni badnafslik emas, balki nafrat va qo‘rquv shunday yo‘l tutishga majbur qildi. U xazinani o‘g‘irladi, biroq keyin uning uchun xazina muhim emasligini tushinib yetdi. Muhimi Ibn Hoqonni halok etish edi. U o‘zini Ibn Hoqon qilib ko‘rsatdi, u Ibn Hoqonni o‘ldirdi va oxir-oqibatda uning o‘zi Ibn Hoqonga aylandi.
– Shunday, – qo‘shildi Danreven, – u daydiga aylandi, u qachondir qazosidan oldin, shoh bo‘lganligini yohud o‘zini shoh qilib ko‘rsatganligini xotirlashga mahkum bo‘lgan daydiga aylandi.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi