Xorxe Luis Borxes. So‘qmoqlar oralagan bog‘ (hikoya)

TARMOQLANGAN SO‘QMOQLAR BOG‘I

Liddel Gart yozgan “Jahon urushi tarixi” kitobining yigirma ikkinchi sahifasida shunday ma’lumot berilgan: Britaniyaning 13 ta diviziyasi bir ming to‘rt yuzta zambarak yordamida Sen-Montoban jabhasiga 1916 yil 24 iyulga qilinadigan hujumni yigirma to‘qqizinchi iyul ertalabiga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Kapitan Liddel Gartning fikricha, bunga kuchli yomg‘irlar sabab bo‘lib, o‘z holicha bu unchalik muhim ahamiyatga molik emasdi. Sindar shahridagi Oliy maktabning sobiq ingliz tili o‘qituvchisi doktor Yu.Sun tomonidan aytib turib yozdirilgan va o‘qib chiqib imzolagan quyidagi bayonnoma shu voqeaga birdaniga oydinlik kiritdi. Matn boshlanishida ikki sahifa yetishmasdi.
“…Telefon go‘shagidan olmoncha javob qaytargan ovoz egasini tanidimu go‘shakni qo‘ydim. Bu kapitan Richard Meddenning ovozi edi. Medden – Viktor Runebergning uyida! Demak, bizning barcha harakatlarimiz zoye ketdi, shu bilan birga – (garchi bu men uchun ikkinchi darajali bo‘lib ko‘rinsa ham) o‘zimiz ham tamom bo‘ldik, degani. Demak, Runeberg yo qamoqqa olingan yoki o‘ldirilgan. Quyosh botmasdanoq mening ham sho‘rlik boshimga ish tushadi. Medden ayab o‘tirmaydi. To‘g‘rirog‘i, u shunga majbur.
Derazadan, har doimgidek, tomlar va kechki botayotgan quyoshning xira nurlari ko‘rinib turardi. Biror voqea sodir bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydigan oddiygina begim kuni mening ajalim yetishiga sira ishongim kelmaydi. Men, otadan yetim qolgan, go‘zal va so‘lim Xayfin bog‘chasida o‘ynab yurgan bola edim. Nahotki, hammasi tamom bo‘lsa? Shu payt o‘ylab qoldim: dunyodagi barcha odamlarga hozir nimalardir bo‘layapti, aynan hozir. Asrlar ketidan asrlar o‘taveradi, voqealar sodir bo‘laveradi. Hozir ham qanchadan-qancha odamlar havoda, quruqlikda, dengizda, bir nimalar qilayapti, lekin u narsalarga mening aloqam yo‘q. Menda sodir bo‘layotgan narsa faqat mengagina taalluqli bo‘lgan narsadir. Meddenning cho‘ziq uzunchoq basharasini eslashim bilanoq barcha o‘y-fikrlarim chalkashib ketdi. Qo‘rquv aralash nafrat bilan (qo‘rqoqligimni tan oldim, endi esa Richard Meddenni boplab aldagach, tez orada meni qatl qilishlarini kutayapman) o‘yladim: bu qo‘pol, o‘ziga bino qo‘ygan, o‘zicha baxt nashidasini surayotgan galvars mening bu sirni bilishimni, ya’ni Britaniya artilleriyasining Angor vodiysidagi yangi joylashgan manzili nomini aniq bilishimni xayoliga ham keltirmaydi.
“Qochish kerak”, — dilimdagi tilimga chiqdi. Go‘yoki meni Medden ta’qib qilayotgandek, asta o‘rnimdan turib, sekingina yura boshladim. O‘zimning ayanchli ahvolimga yana bir bora iqror bo‘lish uchunmi, negadir cho‘ntaklarimda nimalar borligini ko‘rmoqchi bo‘ldim. Kutganimdek, cho‘ntaklarimdan amerika soati, nikellangan zanjirga osilgan kvadrat shakldagi tanga, meni fosh qilishi mumkin bo‘lgan, endi esa keraksiz bo‘lib qolgan Runeberg uyining kalitlari, yon daftarcha, xat (men uni yo‘qotmoqchi edim, lekin negadir qoldirdim), bir krona, ikki shilling va bir necha pens, qizil-ko‘k qalam, ro‘molcha, bir o‘qlangan to‘pponcha chiqdi. Nima uchundir, balki qat’iyatli bo‘lish istagidadir, uni mahkam qisdim, salmoqlab ko‘rdim. Miyamdan noaniq bir fikr o‘tdi: o‘q ovozi uzoqdan eshitiladi. O‘n daqiqadan so‘ng mening rejam tayyor bo‘ldi. Telefon daftarchasidan men beradigan xabarni yetkazishi mumkin bo‘lgan yagona odamni topdim. U temir yo‘ldan borilganda yarim soatli masofada — Fenton atrofida yashardi.
Unchalik dovyuraklardan emasman. Bunga hozir ham iqror bo‘lishim mumkin. Mo‘ljallangan narsamni oxiriga yetkazdim, ammo bu qanchalik dahshatli kechgani o‘zimgagina ayon. Bu ishni Germaniya uchun sodir etmadim, aslo. Mendan josus sifatida foydalangan, xo‘rlagan bunday vahshiy mamlakatni hecham qadrlamayman. Angliyada bir oddiygina odamni bilardim, u men uchun Gyotedan kam emasdi. U bilan bir soatcha gaplashdim va u Gyote bilan teng ekanligiga amin bo‘ldim…
Boshlig‘imiz men va menga o‘xshash toifadagi, tomirlarida behisob ajdodlari qoni oqib turgan odamlardan jirkanadi. Ohista kiyindim, vidolashgandek ko‘zguga qaradim-da, uydan chiqdim. Bekat unchalik uzoq emasdi, lekin men keb*dan foydalanish ma’qul deb o‘yladim. Shunday qilmasam, bu kimsasiz ko‘chada meni ko‘rib, tanib qolishlari mumkinligiga o‘zimni ishontirdim, qolaversa, mutlaq himoyasiz ham edim. Yodimda: kebni vokzalning katta darvozasiga yetmasdan to‘xtatishni buyurdim, ataylab shoshmasdan tushdim. Eshgrou nomli manzilgacha borishim lozim edi, lekin chiptani undan uzoqroq bo‘lgan bekatgacha oldim.
Poyezd sakkizu ellikda jo‘nashi kerak, bir necha daqiqa qolgandi. Men qadamimni tezlatdim, keyingi poyezd to‘qqiz yarimda jo‘naydi. Perron deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Vagonma-vagon o‘tib borar ekanman, bir necha fermerni, motam libosidagi ayolni, Tatsitning “Yilnomalar” kitobiga mukkasidan ketgan o‘smirni, doka o‘ralgan, ammo mamnun soldatni ko‘rganim esimda. Nihoyat, vagonlar qo‘zg‘aldi. Bir kishi perronning oxirigacha yurib keldi, lekin u kech qolgandi: uni tanimasligim mumkin emasdi — u kapitan Richard Medden edi. Tamom bo‘ldim: qaltirab, qo‘rqinchli oynadan uzoqroqqa, o‘rindiq chetiga g‘ujanak bo‘lib o‘tirib oldim. Ruhimdagi ojizlik va qo‘rquv tez orada qandaydir ich-ichimdan kelgan quvonchga aylandi. O‘z-o‘zimga dalda berdim: yakkama-yakka kurash boshlandi, birinchi olishuvda men g‘olib chiqdim, arzimas qirq daqiqa yutdim, menga tashlangan raqibimni, mayli, tasodif tufaylimi, dog‘da qoldirdim. Shu kichkinagina yutug‘im katta g‘alaba keltiradi, deb o‘zimga tasalli berdim.
Poyezdlar qatnovi jadvalidagi farq men uchun bebaho bo‘lgan vaqt-ni in’om qildi, aks holda allaqachon qamoqqa olingan yoki o‘ldirilgan bo‘lardim, demak, bu yutuqni arzimas narsa deb bo‘lmaydi. Shunga o‘xshash faylasufona fikrlarga berilib, o‘zimni-o‘zim ishontirdim: menga o‘xshash qo‘rqoqlarga ham omad kulib boqqanda har qanday ishni oxiriga yetkazish mumkin. Shu qilmishimdan o‘zimda kuch-quvvat topdim va u meni keyinchalik ham tark etmadi. Shunday zamon kelishini sezib turibman: kundan-kunga odamlarni bir-biridan dahshatliroq bo‘lgan ishlarni bajarishga majbur qiladilar; tez orada dunyoda faqat jangchilaru, kallakesarlar qoladi. Mening ularga maslahatim: eng dahshatli ishga qo‘l urmoqchi bo‘lgan odam shunday faraz qilsinki, go‘yo u o‘ylaganini amalga oshirdi, kelajagi esa o‘tmish bo‘lib qoldi, o‘tmishni esa qaytarib bo‘lmaydi. Mening ko‘zimda, xuddi o‘likning qoracho‘g‘idek, bo‘lib o‘tgan voqea va hodisalar muhrlanib qolgandek tuyulardi, balki bu hayotimning so‘nggi kunidir va u asta-sekin tun bilan almashayotgandir.
Poyezd daraxtzor oldidan yumshoqqina o‘tib, nazarimda dalaning qoq o‘rtasida to‘xtadi. Bekat nomini hech kim e’lon qilmadi. “Bu Eshgroumi?” — deb so‘radim perronda turgan bolalardan. “Eshgrou”, — deb javob berishdi ular. Poyezddan tushdim. Platformani fonus yoritar, lekin bolalarning ko‘zlarini qorong‘ulik to‘sib turardi. Bolalardan biri so‘radi: “Sizga doktor Stiven Alberning uyi kerakmi?” Javobimni kutmasdanoq, boshqasi tushuntira ketdi: “Uning uyigacha ancha bor, mana bu chap tomondagi yo‘ldan boraverasiz va har gal yo‘l ajaralganda chapga qayrilasiz, adashmaysiz.”
Bolalarga oxirgi tangamni berdim-da, tosh zinalardan pastga, kimsasiz yo‘lga chiqdim. Yo‘l pastga qarab ketardi. Yolg‘izoyoq tuproq yo‘l, tepamda quyuq daraxt shoxlari soyabon bo‘lib ketgan, to‘lin oy ufqdan ko‘tarilib go‘yo meni kuzatib borardi. Birdan yaraqlab miyamdan bir fikr o‘tdi — Richard Medden go‘yo qaltis rejamni bilib olgandek tuyuldi. Darhol o‘zimga tasalli berdim — bo‘lishi mumkin emas.
Har doim chapga burilasiz, deb menga berilgan ko‘rsatma ayrim labirintlardagi kabi markaziy maydonchani topishda umum qabul qilingan usulga o‘xshab tuyuldi. Labirintlar haqida ancha-muncha narsani bilaman: axir men Yunan hukmdori Syuy Penning chevarasi bo‘laman. U qatnashuvchilar soni jihatidan “Qizil qasrdagi tushlar” kitobidan ham o‘tadigan roman yozish va har qanday kimsa adashib qoladigan darajada murakkab labirint yaratish uchun o‘zining ikkinchi kasbidan voz kechgan. Bu ikki maqsadni amalga oshirish uchun o‘n uch yillik umrini sarf etgan va bir begona qo‘lida halok bo‘lgandi. Uning romani almoyi-aljoyi so‘zlardan iborat, ma’nosiz bir yozuv sifatida qolib ketgan. Labirintni esa topolmaganlar. Sersoya ingliz daraxtlari ostida o‘sha yo‘qolib ketgan labirint to‘g‘risida xayol sura boshladim: tasavvurimda u pokiza holda, odam oyog‘i yetmagan allaqanday sirli tog‘lar cho‘qqisida, bepoyon sholizorlar o‘rtasida yoki chuqur suvlar tubida, nafaqat o‘zining sakkiz qirrali qubbalari-yu, aylanma yo‘llarini, balki butun boshli daryolar, viloyatlar, mamlakatlarni o‘z ichiga olgandek edi. Labirintlarning labirinti haqida, bora-bora chigallashib, kengayib boruvchi — o‘tmishni ham, kelajakni ham qamrab olgan mo‘jizaviy tarzda, hatto Koinotni ham o‘z bag‘riga singdirgan cheksiz labirint haqida o‘yladim. Tasavvurimda paydo bo‘lgan bu shaffof ro‘yolar og‘ushida men o‘zimning achchiq qismatimni ham unutib, vaqt o‘lchovini ham yo‘qotib, go‘yoki butun olamning shuuri mening ongimda mujassam bo‘lgandek, o‘zimni olamning markazidek his qildim.
Shuurimga elas-elas ko‘rinayotgan yashnab yotgan dalalar, botayotgan quyoshning so‘nggi shu’lalari, tepalikdan yumshoqqina tushish charchog‘imni ham quvib yuborgandi. Tarovatli va intihosiz bir oqshom edi. Yo‘l esa tumanli o‘tloqlar uzra uzoq-uzoqlarga yoyilib, tarmoqlanib ketgan. Allaqayerdan taralayotgan kuyni shamol goh olqishlayotgandek yuqori pardalarga olib chiqar, goh nola qilib uzoqlashar va yo‘lga to‘shalgan barglarning shitirlashi jo‘r bo‘lib, masofa ham huzur bag‘ishlardi. Odamning dushmani faqat odamzodgina bo‘lishi mumkin, deb o‘yladim. U ular yashayotgan zamin dushman emas. Zamin o‘zining yaltiroq qo‘ng‘izchalariyu ularning tovushlari, bog‘-rog‘lariyu suvlari, shu’lalari bilan barchaga barobardir. Shu asnoda zang bosgan baland darvoza oldidan chiqib qoldim. To‘siq ortida xiyobon va ko‘shkka o‘xshash bino borligi sezilib turardi. Taralayotgan kuy shu yerdan kelayotganligini anglab yetdim: ajablanarlisi shundaki, bu xitoy musiqasi edi. Men kuyga berilib, boshqa narsalarni o‘ylab ham o‘tirmadim. Yodimda yo‘q, darvozada qo‘ng‘iroqcha bormidi yoki men qo‘ng‘iroq tugmasini bosdimmi yoki oddiygina qilib taqillatdimmi? Kuy esa uzluksiz davom etardi.
To‘siq ortida fonus shu’lasi ko‘rindi, uning yorug‘ida azim daraxtlar tanasi goh paydo bo‘lar, goh zimiston qa’riga singib ketardi. Oyga o‘xshash dumaloq fonus ko‘targan baland bo‘yli erkak kishi kelardi. Fonus nurlari ko‘zimga tushib turgani sababli uning yuzini ko‘ra olmadim. U darvozani qiya ochib, muloyimgina mening ona tilimda gap boshladi:
— Muhtaram Si Pen o‘zining bu tashrifi bilan yolg‘izlikda o‘tayotgan hayotimga biroz bo‘lsa-da, quvonch kiritishga qaror qilibdilar-da. Ehtimol, siz bog‘ni ko‘rmoqchi bo‘lgandirsiz?
U meni bir mahallar vakillarimizdan birining ismi bilan atadi. Biroz esankiragan holda uning so‘zini qaytardim:
— Bog‘, deysizmi?
— Ha-da, yoyilib ketgan so‘qmoqlar bog‘i.
Xotiramda nimadir to‘satdan qo‘zg‘aldi va men o‘zim ham tushuntirib bera olmaydigan darajadagi qat’iyat bilan aytdim:
— Bu mening bobokalonim Syuy Penning bog‘i.
— Sizning bobokaloningiz? Siz o‘sha mashhur insonning avlodimisiz? Marhamat qiling.
Xuddi bolaligimdagi kabi shudringli yo‘lka ilon izi bo‘lib cho‘zilib yotardi. Biz Sharq va Yevropa xalqlari tillaridagi kitoblar bilan to‘la kutubxonaga kirdik. Sariq shoyi bilan muqovalangan yo‘qolgan entsiklopediyaning bir necha nusxasini tanidim. Ushbu kitoblarning nashri bilan Munavvar Sulolaning Uchinchi imperatori shug‘ullangandi, lekin nashr qilinmasdan qolib ketgandi. Bronzadan ishlangan humo qushining yonidagi grammofonda plastinka aylanardi. Pushti rangli chinni guldon yodimda, undan-da, qadimiyroq moviy ranglisi ham bo‘lardi. Bizning ustalar Eron kulollaridan o‘rgangandilar…
Stiven Alber kulimsirab meni kuzatib turardi. Aytib o‘tganimdek, u novcha, ozg‘in, qo‘y ko‘zli, oppoq soqolli kishi edi. Qiyofasidagi ayrim jihatlar ruhoniyni, ayni paytda dengizchini ham eslatardi: keyinchalik u menga xitoyshunoslik bilan shug‘ullangunga qadar Ten-Chunda missioner bo‘lganligi haqida hikoya qilib bergandi.
O‘tirdik: men pastakkina uzun katga, u bo‘lsa deraza bilan yumaloq soat o‘rtasiga joylashdi. O‘zimcha hisoblab chiqdim: yaqin biror soat ichida meni ta’qib qilayotgan Richard Medden bu yerga yetib kelolmasa kerak. Qat’iy qarorimni biroz kechiktirsa ham bo‘ladi.
— Ha, Syuy Penning taqdiri juda ajoyib, — deb boshladi Stiven Alber, — o‘z yurtining hukmdori, astronomiya va astrologiya bilimdoni, qonunshunos olim, ajoyib shaxmat ustasi, mashhur shoir va xattot. U kitob va labirint yaratish uchun barcha narsalardan voz kechdi. Hukmdorlik, hukmronlik, hukmfarmolik lazzatlaridan, behisob go‘zal joriyalardan, bazmu jamshid, ayshu ishratlardan, hattoki, o‘zi egallagan barcha bilimlardan voz kechib, hayotining o‘n uch yilini yolg‘izlikda, Nurli Uzlat ayvonida o‘tkazdi. Uning o‘limidan so‘ng vorislari bir quchoq qo‘lyozmalardan bo‘lak biror narsa topa olmadilar. Sizga, albatta, ma’lum bo‘lsa kerak, oila a’zolari bu qog‘ozlarni yoqib yubormoqchi bo‘lganlar, lekin uning vasiyatlari ijrochisi bo‘lgan dao maslagidami yoki buddaviylardanmi bo‘lgan rohib bunga yo‘l qo‘ymagan, nashr qilamiz, deb turib olgan.
— Biz, Syuy Penning avlodlari, — deb gap qistirdim, — shu payt-gacha o‘sha ruhoniyni so‘kib kelamiz. U qandaydir almoyi-aljoyi so‘zlardan iborat, ma’nosiz bir narsani nashr qildirdi. Bu kitob bir-biriga qovushmaydigan so‘zlardan iborat. Men u kitobni bir marta varaqlab chiqqanman: uchinchi bobda qahramon o‘lgan, to‘rtinchisida esa u yana tirik. Syuy Penning boshqa bir maqsadi bo‘lgan labirintga kelsak…
— Labirint bu yerda, — dedi Alber baland, laklangan stolga ishora qilib.
— Fil suyagidan yasalgan o‘yinchoq, — deya xitob qildim. — Jajji labirintcha…
— Ramziy labirint, — dedi u gapimni to‘g‘rilab, — ko‘zga ko‘rinmas zamon labirinti. Men bir yovvoyi ingliz, o‘sha sodda jumboqning tagiga yetdim. Yuz yildan ortiq vaqt o‘tgach, tafsilotlarni qaytadan aniq tiklab bo‘lmaydi. Lekin nimalar sodir bo‘lganligini taxmin qilish mumkin. Menimcha, Syuy Pen bir paytda: “Men kitob yozish uchun ketaman”, degan bo‘lsa, boshqa bir paytda u: “Men labirint yaratish uchun ketaman”, degan. Bu yerda gap bir narsa to‘g‘risida ketayotganligi hech kimning xayoliga ham kelmaydi. — Kitob va labirint aynan bir narsaning o‘zi. Nurli Uzlat Ayvoni bog‘ning o‘rtasida va ancha qarovsiz holda edi, shu sababli ko‘pchilik labirintni moddiy narsa, deb o‘ylaganlar. Syuy Pen o‘lgach, u hukm surgan saltanatning biror joyida ham labirintni uchratganlari yo‘q. Romanning almoyi-aljoyi — tushunib bo‘lmas so‘zlardan iboratligi meni bir fikrga undadi: balki shuning o‘zi labirintdir. Bu muammoni hal etishda ikki muhim holat menga yordam berdi: birinchisi — bu Syuy Pen cheksiz-chegarasiz labirint qurmoqchi bo‘lganligi haqidagi rivoyat bo‘lsa, ikkinchisi — men topib olgan xatning bir bo‘lagi.
Alber o‘rnidan turib orqasiga bir lahza o‘girildi va zarhal hoshiyali laklangan qora stol tortmasidan bir narsa oldi. U menga o‘girilganda, qo‘lida bir varaq qog‘oz bor edi. Qog‘oz ancha uringan, vaqt o‘tishi bilan rangi ketib, yupqalashgan, buklangan joylari titilib ketgandi. Xattot sifatida qozongan shuhratga Syuy Pen haqiqatdan ham loyiq edi. Dovdiragan va qaltiroq bosgan holatda, qachonlardir menga qondosh bo‘lgan inson nozik mo‘yqalam bilan yozgan quyidagi so‘zlarni o‘qidim: Turli kelajak zamonlarga o‘zimning tarmoqlangan so‘qmoqlar bog‘imni qoldiraman (barcha zamonlarga emas). Jimgina o‘qidim. Alber davom etdi:
— Men bu xatni topmasimdan oldin o‘zimga-o‘zim savol berdim: qanday qilib kitob cheksiz bo‘lishi mumkin? Kitobdagi oxirgi sahifa birinchi sahifani qaytarib turuvchi, behisob tarzda takrorlanuvchi charxpalakdan boshqa biror arzigudek fikr miyamga kelmadi. “Ming bir kecha” ertaklarini esladim. Malika Shahrizoda keyingi hikoyasini boshlashdan oldin undan oldingisini qolgan joyidan qaytarib, keyingisini esa tamom bo‘lmasdan to‘xtatardi. Va ertak shu zaylda uzluksiz davom etaveradi.
Yana Aflotunning “G‘oyalar”i ruhida yozilgan asarlar haqida tasavvur qila boshladim. Undagi fikr avlodlardan-avlodlarga o‘taveradi, yangi avlod o‘zining oldingi ajdodi tomonidan yozilgan fikrga amal qilib, o‘zi ham keyingi avlodlariga o‘z fikrini qoldiraveradi, bu shu zayda uzluksiz davom etaveradi. O‘ylaganlarim biroz bo‘lsa-da, menga tasalli berdi, lekin baribir bulardan birortasi ham Syuy Penning kitobidagi bir-biriga zid boblarga yaqin ham kelmasdi. Bu muammoni qanday hal qilishni bilolmay yurgan kunlarimning birida men Oksforddan mana shu siz ko‘rgan xatni oldim. Tabiiyki, unda ifodalangan so‘zlar meni o‘ylatib qo‘ydi: “Turli kelajak zamonlarga o‘zimning tarmoqlanib ketgan so‘qmoqlar bog‘imni qoldiraman (barcha zamonlarga emas). Shu yerda tushunib yetdim — bir-biriga qovushmaydigan so‘zlardan iborat bo‘lgan shu romanning o‘zi “Tarmoqlangan so‘qmoqlar bog‘i” emasmikan: turli kelajak zamonlar (barcha zamonlarga emas) esa zamin so‘qmoqlarini emas, balki zamon so‘qmoqlarini bildiradi. Romanni yana bir karra o‘qib chiqib fikrim to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ldim. Har qanday roman qahramoni oldida bir necha yo‘llar paydo bo‘lsa, u albatta, bittasini tanlaydi, qolganlarini chetga surib qo‘yadi: Syuy Pen romanida esa qahramon barcha yo‘llardan o‘tadi va bu bilan u turli taqdirlarni, zamonlarni tasvirlaydi, o‘z navbatida ular ham yana turli zamonlarga tarqab ketadi. Romandagi qarama-qarshilik ham xuddi shu tufayli paydo bo‘lgan. Aytaylik, Fen bir sirdan xabardor, qandaydir begona kimsa unikiga keladi: Fen uni o‘ldirishga jazm qiladi. Yozuvchining oldida yana boshqa bir necha taqdir yo‘llari ham mavjud: Fen o‘sha chaqirilmagan mehmonni o‘ldirishi mumkin; mehmon ham Fenni o‘ldirishi mumkin; ikkalasi ham tirik qolishi mumkin; ikkalasi ham halok bo‘lishi mumkin va hokazo. Syuy Pen o‘zining kitobida o‘sha yuz berish ehtimoli bo‘lgan barcha oqibatlarni yoritib bergan, ularning har biri esa o‘z navbatida boshqa so‘qmoqlarga olib boravergan. Ayrim hollarda bu so‘qmoqlar bir-birini kesib o‘tishi ham mumkin: siz, ehtimol, mening oldimga keldingiz, lekin o‘tmishda bo‘lib o‘tgan zamonlarning birida siz mening dushmanim, boshqa birida esa do‘stim bo‘lgandirsiz. Agar siz mening xitoychaga o‘xshovsizroq talaffuzimga unchalik e’tibor bermasangiz, bir necha sahifani birga o‘qib chiqishimiz mumkin.
Chiroq yorug‘ida uning yuzi qarimsiq bo‘lib ko‘rinardi, lekin ayrim yuz ifodalarida boqiylik sezilib turar, hatto mangulik muhrlanib qolgandek edi. U menga bir uzun bobning ikki xilini sekin, tushunarli qilib o‘qib berdi. Birinchisida jangchilar tog‘ yon-bag‘ridagi cho‘ldan jangga ketib borardi. Qoyalar ko‘chib, bosib qolish xavfi ostida zimiston qa’riga kirib borishar, hayotlari qil ustida turganligini o‘ylamasdan osongina g‘alabani qo‘lga kiritadilar. Boshqasida esa yana o‘sha jangchilar saroydan aysh-ishrat eng avjiga chiqqan paytda ziyofatni jangning davomi deb yoki jang yolqinlarini ziyofatning davomi deb o‘ylab, yana g‘alabaga erishadilar.
Men bu qadimiy hikoyalarni chuqur hurmat va ehtirom bilan eshitdim, lekin ajablanarli joyi shundaki, bu roman allaqachon o‘tib ketgan buyuk ajdodim tomonidan yozilgandi va men o‘zimning qaltis ishimga qadam qo‘yish arafasida dunyoning uzoq boshqa bir tarafidagi orolda, olis bir imperiyaning kishisi men uchun romanni yana jonlantirgan edi. Har ikki matn yakunida huddi duoibaddek quyidagi so‘zlar xotiramda qolgan: “Qahramonlar qo‘llarida o‘tkir shamshirlar-u, beqiyos qalblarida osoyishtalik bilan, jasorat va mardlik ila dushmanni o‘ldirishga ham, o‘zlari o‘lishga ham tayyor holda jang qilardilar”.
Shu onda mening atrofim va ichki olamimda ko‘zga ko‘rinmas, allaqanday mavhum, jismsiz sharpalar yurganligini his etdim. Bu ro‘yo shaxdam qadamlar bilan goh ajralib, goh qo‘shilib, goh yonma-yon ketayotgan qo‘shinlarni elas-elas eslatsa-da, lekin ularning harakatlari sirli, tutqich bermas va mavhumroq edi. Stiven Alber davom etdi:
— Sizning mashhur ajdodingiz bekorchilikdan, shunchaki o‘zini ovutish uchun bu taxminlarni o‘ylab topgan deya olmayman. Hayotining o‘n uch yilini faqat so‘z o‘yinlariga sarflash haqiqatga unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Roman janri sizning mamlakatingizda unchalik yuqori darajada emas, ayniqsa, o‘sha davrlarda bu romanni yoqtirishmagan. Albatta, Syuy Pen ajoyib romannavis bo‘lgan, buning ustiga u adabiyotshunos ham edi. O‘zini oddiy bir romannavis deb hisoblagan bo‘lsa kerak. Syuy Penning g‘oyibona intilishlari metafizikaga, mistikaga qaratilganligi haqida uning zamondoshlari yozib ketgan, qolaversa, o‘zining shaxsiy hayoti ham buni tasdiqlaydi. Uning falsafasidagi qarama-qarshiliklar romanda katta o‘rinni egallaydi. Bitmas-tuganmas zamon muammosiga doir boshqa biror jumboq uni bunchalik qiynamagan va hayajonlantirmagan. Nima bo‘pti, dersiz? Shunisi hayron qolarliki, “Bog‘” kitobining biror sahifasida ham bu muammo haqida biror marta eslatilmagan. Hatto, “zamon” so‘zini biror marta bo‘lsa-da, ishlatmagan. Bu so‘z haqida shunchalik sukut saqlashni qanday tushunish mumkin?
Men bir necha farazlarni taklif qildim, lekin ularning birortasi ham ishonchli emasdi. Biz masalani muhokama qila boshladik. Oxiri Stiven Alber so‘radi:
— Topishmoqning kaliti “shaxmat” so‘zi bo‘lgan taqdirda, uni yechish uchun foydalanadigan so‘zlar ichida qaysi bir yagona so‘z uchramaydi?
Bir daqiqa o‘ylab turib javob berdim.
— “Shaxmat” so‘zi.
— Xuddi shunday, — Alber so‘zimni ilib ketdi. — “Tarmoqlangan so‘qmoqlar bog‘i” — ulkan topishmoqning o‘zi — “zamon” uning kaliti — asarda u sir tutilgan, eslatish ham taqiqlangan. Qandaydir bir so‘z atrofida so‘z o‘yini qilish, unga turli metaforalar orqali ishora qilish usuli, bu o‘sha so‘zga e’tiborni qaratish yo‘llaridan biri bo‘lishi, ehtimol. Syuy Pen o‘zining tuganmas romanidagi har bir burilishda shunga o‘xshagan aylanma yo‘llar qo‘llashni lozim ko‘rgan. Men bu asarning yuzlab qo‘lyozmalarini taqqoslab chiqdim, ko‘chirishda noshud kotiblarning e’tiborsizligi tufayli yo‘l qo‘yilgan xatolarni qo‘limdan kelgancha tuzatdim, tartibga keltirdim va umid qilamanki, o‘ylaganimdek, hozirgi ko‘rinishda muallif ko‘zlagan shaklga keldi. Kitobni to‘la tarjima qildim va amin bo‘ldimki, “zamon” so‘zi biror marta ham tilga olinmagan. Jumboqning yechimi tayyor: “Tarmoqlangan so‘qmoqlar bog‘i” — olamning o‘zgartirilmagan haqiqiy ko‘rinishidir. Syuy Pen olamni xuddi shu tarzda ko‘rgan, idrok qilgan. Bobokaloningiz bizning Nyuton va Shopengauerdan farqli o‘laroq vaqt yagona va mutlaq ekanligiga ishonmagan. Zamonni son-sanoqsiz tizimlardan iboratligi, uning o‘sishi, aql bovar qilmas darajada tarqaluvi, birlashuvi, yonma-yon mavjud bo‘lishiga ishongan. Zamonning bunday jilolanishi — uning birlashuvi, tarqaluvi, kesishuvi yoki asrlar davomida umuman kesishmasligi — aql-idrokimiz yetgan darajadagi ehtimolliklarni o‘z qamroviga oladi. Ko‘p zamonlarda biz siz bilan mavjud bo‘lmaganmiz, ayrimlarida siz bo‘lgansiz, men esa bo‘lmaganman, men bor, siz yo‘q, boshqasida har ikkimiz ham bo‘lganmiz. Zamonlarning birida, ya’ni baxtli tasodif menga kulib boqqanda, siz mening uyim-ga keldingiz, boshqasida bog‘dan o‘tayotib mening jasadimni topdingiz, uchinchi bir zamonda esa men sizga shu so‘zlarni aytib turibman-u, lekin o‘zim esa sarobman, sharpaman.
— Har qanday zamonda ham, — dedim, titrog‘imni bazo‘r yashirgan holda. — Syuy Penning bog‘ini qayta jonlantirganligingiz uchun minnatdorchiligimni izhor qilaman.
— Har qanday zamonda emas, — tabassum ila g‘uldiradi u. — Abadiy yoyila borib zamon bizni kelajakda son-sanoqsiz variantlarga yetaklaydi. Ularning birida men sizning dushmaningizga aylanganman.
Men yuqoridagi holatimga yana qaytib tushdim: uy atrofidagi rutubatli bog‘ son-sanoqsiz shaffof odamlarga to‘la tuyuldi. Bular Alber bilan men edim, faqat boshqa zamonlar o‘lchamlarida harakat qilayotgan o‘zgargan, tanib bo‘lmas holda edik. Bog‘ning sarg‘imtil-qorong‘i joyidan bir kishi kelayotganini ko‘rdim. U Richard Medden edi.
— Kelajak ostonasida turibmiz, — dedim uning gapini inkor qilib, — harqalay, men sizning do‘stingizman. O‘sha xatga yana bir bora ko‘z tashlashga ruxsat eting.
Alber o‘rnidan turib qora stol tortmasini surdi va bir lahza menga orqasini o‘girdi. To‘pponcham allaqachon tayyor holda edi. Mumkin qadar mo‘ljalni to‘g‘ri olib o‘q uzdim. Alber shu ondayoq unsiz yiqildi. Qasam ichamanki, xuddi chaqmoq urgandek, shu lahzadayoq jon berdi.
Qolgan narsalarning unchalik ahamiyati yo‘q. Bostirib kirgan Medden meni shu yerdayoq qamoqqa oldi. Meni osib o‘ldirishga hukm qilishdi. Voqea qanchalik dahshatli bo‘lmasin, men g‘alaba qozondim: hujum qilish kerak bo‘lgan joy nomini Berlinga xabar berishga ulgurdim. Kecha u joyni bombardimon qilishdi. Taniqli xitoyshunos olim Stiven Alberga nisbatan uyushtirilgan sirli qotillik haqida, uni allaqanday Yu Sun ismli kimsa sodir etganligi haqidagi xabar butun Angliya bo‘ylab gazetalarda tarqatilganligini bildim. Boshlig‘imiz bu jumboqni hal qildi. Men yechishim lozim bo‘lgan asosiy masala — Alber shaharchasi nomini unga yetkazish ekanligi endi unga ma’lum. Atrofda bo‘layotgan urushning dahshatli aks-sadolari ostida shunday ismli odamni o‘ldirishdan boshqa choram yo‘q edi. Faqat yengib bo‘lmas og‘riq va charchoq qanchalik meni qiynayotganligidan uning xabari yo‘q. Buni hech kim va hech qachon bila olmasa ham kerak…

Ruschadan Abdunabi Abduqodir tarjimasi
____________
* Keb – faytun.

*********************************************************

SO‘QMOQLAR ORALAGAN BOG‘

El jardín de senderos que se bifurcan

Liddel Hart qalamiga mansub “Jahon urushi tarixi”ning yigirma ikkinchi sahifasida o‘n uch Britan diviziyasining (bir ming to‘rt yuz to‘plar ko‘magidagi) Serre-Montauban jabhasida 1916 yil 24 iyuliga rejalangan hujumi yigirma to‘qqizinchi kun tongiga qadar kechiktirilgani ma’lum qilinadi. Muhtaram muallif fikricha, ushbu juz’iy hayallashga tasodifan boshlanib ketgan kuchli yog‘inlar sabab bo‘lgan edi. Ammo Tsingtao Hochschule (oliy maktabi) sobiq ingliz tili mudarrisi doktor Yu Tsun tilidan bitilgan, uning o‘zi o‘qib, imzo chekkan va quyida e’tiboringizga taqdim etilayotgan maktub voqeaga kutilmagan tarzda oydinlik kiritadi. Maktub avvalida ikki sahifa yetishmaydi.

“…yuragim hapriqqancha go‘shakni joyiga ildim. Simning narigi tarafidan menga olmoncha javob qilgan ovoz egasini shu zahoti tanidim. Bu kapitan Richard Madden edi. Bundan chiqdiki, Madden – Viktor Runeberg uyida. Demak, endi barcha zahmatlarimiz zoye ketdi, demak, endi bizning o‘zimiz ham (ammo ayni damda xususiy taqdirlarimiz men uchun ahamiyatsiz tuyilar yoki rejalangan niyat qarshisida shunday tuyilmog‘i kerak edi) muqarrar halok bo‘lamiz. Runeberg hibsga olingani va balki o‘ldirilganiga shubha yo‘q. Kun adog‘iga yetmasidan mening ham boshimga u boyaqishning qismati tushmog‘i tayin. Madden muruvvat neligini bilmaydi. Aniqrog‘i, u shunga majbur. Axir Angliya xizmatidagi irland, boz ustiga, yetarlicha g‘ayrat ko‘rsatmaslik va hatto xiyonatda ayblangan bu odam shunday imkonni boy berishi mumkinmi, axir? Axir Olmon imperiyasining ikki josusini fosh qilib, qo‘lga olish va ehtimolki, bartaraf etish kabi kutilmagan tuhfa uchun taqdirga shukrona aytmay bo‘larmi? Xayolimdan shu yanglig‘ mudhish o‘ylar kecharkan, yuqoridagi xonamga ko‘tarilib, parishon alfozda eshikni tambaladim va yotoqqa cho‘zildim. Oyna ortida esa imoratlarning doimiy manzarasi va zaif nur taratayotgan kechki quyosh. Boshqa barcha kunlar kabi odatiy va hech bir o‘zgarishdan darak bermas bu kun menga muqarrar zavol eltishiga ishonish qiyin edi. Valine’matidan bemavrid yetim qolgan va muvoziy Xay Feng bog‘chalarida topishmachoq o‘ynab, bolalik kunlarini shom qilgan men – hozir va hademay bu olamni tark etaman. Bunga chindan aql bovar qilmasdi. Shunda men bu quyosh ostidagi, bu olamdagi boriki barchasi hozir, ayni shu paytning o‘zida nimagadir olib keladi, muayyan bir hodisa va yo holatni paydo qiladi, deya xayol qildim. Asrlar ketidan asrlar kechsa-da, ammo aynan hozirning o‘zida sodir bo‘layotgan hodisa, ayni shu damning bag‘rida kechayotgan jarayon chindan voqe’dir. Yeru osmonda, bahru nahrda necha odamlar sarsondir, ammo tanho mening boshimdan kechayotgan bu kun voqealari yagona haqiqat. Daf’atan Maddenning beo‘xshov basharasi ko‘z oldimga kelib, donish xayollarim parokanda bo‘ldi. Shunda nafrat va qo‘rquv aralash (Richard Maddenni dog‘da qoldirib, tezroq sirtmoqqa tortishlarini kutar ekanman, qo‘rquvlarimga iqror bo‘lish endi menga og‘ir botmaydi) yana xayol qildim: omad kulib boqqanidan masrur to‘pori bu askar men Sinoatni shaksiz bilishimni, Britan to‘plarining yangi jamlog‘i o‘rnashgan Ankre vohasidagi joy nomini bilishimni xayoliga ham keltirmaydi. Shu dam noma’lum bir qush kulrang osmonni tilib o‘tdi va men Farang osmonini to‘ldirgan sanoqsiz uchoqlar galasi maxfiy jamloq kulini ko‘kka sovurayotganini tasavvur qildim. Jonimga mushtoq g‘anim o‘qi meni yer tishlatmasidan bu xabarni Olmoniya qadar yetkaza olsam edi! Ammo insonning o‘zidan-da ojiz uning ovozi bu qadar olis masofani kecha olmas. O‘zim qo‘lga kiritgan bebaho xabar boshliqning qulog‘iga yetib bormog‘i uchun, Runeberg ikkimiz Staffordshirda ekanimizdan bo‘lak hech vaqodan bexabar, Berlindagi fayzsiz xonasiga ko‘milib olgan ko‘yi bizdan biror darak izlab, uzzu kun ro‘znomalarni titish bilan ovora manfur bu kimsa qulog‘iga yetib bormog‘i uchun qay tadbir qo‘llamoq lozim, axir? Shunda darhol qochishga qaror qildim. Har daqiqa g‘animat edi va izimga tushgan Madden xuddi shu damning o‘zida meni nishonga olayotgan kabi ohista o‘rnimdan turdim. Negadir bisotimni bir qur sarhisob qilmoqchi bo‘lib, cho‘ntagimda borini stolga to‘kdim. Zahiralarim, o‘ylaganimdek, abgor edi –  amriqo rusumli soat, yaltiroq zanjirga ilingan to‘rt qirrali tanga, Runebergga tegishli, endi esa befoyda va dardisar kalitlar shodasi, yon daftar, shu zahoti bahridan o‘tishim lozim bo‘lgan, ammo faromushligim sabab saqlanib qolgan maktub, shved aqchasi, ikki shilling va bir necha pens, qizil-zangor qalam, dastro‘mol va sadog‘ida so‘nggi o‘q fursatini kutib yotgan to‘pponcha. O‘zimga qat’iyat va jur’at bag‘ishlamoq bo‘lib, to‘pponchani salmoqlab ko‘rdim va ko‘rinmas g‘anim tomon yo‘naltirdim. Shu dam o‘q ovozini olislarda ham eshitishlari mumkin, degan o‘y xayolimga keldi. Hayal o‘tmay esa keyingi qadamlarim xayolimda pishib yetildi. Xabarni Berlinga yetkazishi mumkin bo‘lgan birdan-bir odam ismini telefon kitobidan izlab topdim: u odam poyezdda yarim soatlik yo‘l naridagi Fenton atrofida yashardi.

Aslida, jasorat va dovyuraklik sifatlari menga birmuncha begona ekanini hozir – niyatimni adog‘iga yetkazgan ayni shu damda yashirib o‘tirmayman. Garchi niyatlarim ro‘yobidan faxr tuymasam-da, ammo bu naqadar mushkul kechgani yolg‘iz o‘zimga ayon. Bu ishni men Olmoniya sharafi haqqi qilmadim, mutlaqo. O‘zimni josus darajasi qadar tuban tushishga majbur etgan qattol bu yurtning menga zig‘ircha ahamiyati yo‘q. Qolaversa, Angliyada bir odamni bilardim, men uchun Gyote kabi qadrli oddiy bir odamni. Uzoq suhbat qura olmaganimga taassufdaman, ammo o‘sha qisqa damlarning o‘zida u mening nazarimda Gyote zakosi bilan barobar edi. Bir so‘z bilan aytganda, Berlinda o‘tirgan o‘sha boshliq men kabilar toifasini yomon ko‘rgani uchun ham, kechmish ajdodlarning adoqsiz silsilasi siyratida mujassam men kabilarni yomon ko‘rgani uchun ham niyatimni amalga oshirdim. Sariq yuz va qisiq ko‘z bir odam Olmon qo‘shinini halokatdan saqlab qolishga qodir ekanini unga isbotlamoqchi bo‘ldim. Ammo avvalo men kapitan dastiga chap berishim lozim edi, yana hayallasam kech bo‘lishi tayin. Ohista kiyinib, ko‘zgudagi aksim bilan so‘nggi bora xayrlashdim. Pastga tushib, ko‘chaga razm soldim va narida turgan foytunga ko‘zim tushdi. Bekat tomon foytun bilan borganim ma’qul, shunday qilsam kimsasiz ko‘chada ko‘zga tashlanmayman. O‘zi shundoq ham tuzoqqa ilingan va mutlaqo himoyasiz sezardim o‘zimni. Izvoshchiga bekatga yetmasdan to‘xtashini tayinlaganim esimda, tezroq chipta olib, vagonlardan birida ko‘zdan nari bo‘lishga oshiqqanimdan yuragim hapriqardi. Shunday bo‘lsa-da, ortiqcha e’tibor tortmaslik uchun foytundan atay shoshmasdan tushdim. Eshgrouv degan joyga borishim kerak edi, lekin chiptani undan nariroqqa oldim. Poyezd bir necha daqiqadan so‘ng, sakkizu ellikda jiladi, keyingisi esa to‘qqiz yarimda. Perronda hech kimsa yo‘q edi, yugurib poyezdga chiqdim, birma bir vagonlarni ko‘zdan kechirdim: ikki-uch chog‘li fermer, azador juvon, Tatsitning “Solnoma”si mutolaasiga berilgan o‘smir yigit va Ovro‘pa jabhalarida jarohatlangan bo‘lsa-da, ammo endi, xizmatdan bo‘shatilganidan chog‘i, mamnun bir askardan boshqa yo‘lovchi yo‘q edi. Poyezd nihoyat o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Shu dam perronda halloslab chopayotgan Maddenga ko‘zim tushdi. Xayriyatki, u poyezdga kech qoldi. Qo‘rquvdan titragancha xatarli oynadan uzoqroqqa biqinib oldim.  

Tez orada o‘zimni qo‘lga oldim. O‘yladimki, bellashuv boshlandi va mayli, tasodif tufayli loaqal qirq daqiqaga bo‘lsin, raqibim hamlasini qaytarib, dastlabki olishuvda g‘olib bo‘ldim. Ushbu kichik yutuq yakuniy zafarga debocha bo‘lgay, deya o‘zimga dalda berdim. Poyezdlar jadvali vaqtlar orasidagi bebaho tafovutni hadya qilmaganida men hozir panjara ortida bo‘lar va balki olishuv chog‘i betakalluf Madden o‘qiga duchor bo‘lardim. Shularni o‘ylar ekanman, hadiklarimni aritgan bu zafar qadri xayolimda yana ham yuksaldi. Yuraksizligimga hamroh shu kabi barorlar yig‘indisi rejalangan tadbirni poyoniga yetkazishimga ko‘mak beradi, deya o‘zimni shu tariqa ishontirgan edim va tabiatimga esh bu ojizlik menga oxiriga qadar bir quvvat in’om etdi. Aslida, men ko‘nglimga tukkan reja ne bo‘libdi, odamlar hali bundan ham mudhish burchlarini muttasil ado etishga mahkum zamonlar keladi, o‘shanda yer yuzida birgina jangari va kallakesarlar qoladi. Ularga o‘gitim budir: qo‘rqinchli reja ijrochisi baayni buni bajo keltirib bo‘ldim deya avvaldan xayol qilsin, kelgusi kunlarini baayni o‘tmish kunlari kabi muqarrar bilsin. Men shunday yo‘l tutdim, ko‘zlarimda esa (murdaning ko‘zlarida) chamasi hayotimning eng so‘nggi kuni va bu kunning oqshom tomon beomon og‘ishi akslanardi. Shumtollarni ortda qoldirgancha ohista borayotgan poyezd allaqayerda pishillab to‘xtadi. Bekat nomini e’lon qilishmadi. “Eshgrouv shu yer emasmi?” deb so‘radim perronda to‘dalashgan bolalardan. “Ha, shunday” – baravariga javob qilishdi. Poyezddan tushdim.

Bekat sahnini fonus yoritib tursa-da, bolalar yuzlarini ilg‘ash qiyin edi. “Doktor Stiven Albernikiga bormoqchimisiz?” dedi ulardan biri. Javobimni kutmasdan, boshqasi yo‘lni tushuntira ketdi: “Uning uyigacha ancha bor, lekin manavi yo‘ldan so‘lga yurib, chorraha yo‘lkalardan doim chapga qayrilib borsangiz, adashmay topib olasiz”. Ularga rahmat aytib, yonimdagi oxirgi tangani berdim. Tosh zinalardan tushib, kimsasiz yo‘lga chiqdim. Adog‘i tomon qiyalab borgan tuproq yo‘ldan ketarkanman, quyuq daraxt shoxlari ustimda soyabon bo‘lar, shundoqqina boshim uzra shu’la taratayotgan to‘lin oy esa xuddi menga hamroh edi.

Richard Madden rejalarimni tushunib yetgandek tuyildi. Ammo bu imkonsiz deya o‘zimga tasalli berdim. Hamisha so‘lga qayrilish haqidagi bolalarning ko‘rsatmasi ba’zi labirintlarda markaziy sahnni topib borish chorasi ekanini yodimga soldi. Labirintlar haqida ozmi-ko‘pmi bilimim bor. Axir men shavkatli Tsuy Pen nabirasiman, Yunnan hukmdori bo‘lgan, ammo zamoniki kelib, mahobatli bir asar bitish ilinjida, personajlari zichligi bobida “Alvon hujra oqshomlari”ni ham dog‘da qoldiruvchi roman yozish uchun o‘tkinchi qudratdan voz kechgan o‘sha benazir hukmdor zurriyodiman, axir. Uni uzlatga yetaklagan ikkinchi niyati – har kimsani yo‘ldan adashtirar bir labirint barpo qilish edi. Bir ajnabiy qo‘lida halok bo‘lgunicha bu ikki asar uchun o‘n uch yilini sarfladi, ammo roman tushunishga yaroqsizligicha qoldi, labirintni bo‘lsa hech kim topa olmadi. Daraxtlar soya solgan yolg‘izoyoq yo‘ldan borarkanman, yana xayollarga berildim. Boy berilgan mukammal va bokira bu labirint sholizorlar aro va yo dengiz tublarida adashgan sarbaland tog‘lar zirvasida yashirin alfozda tasavvurimda jonlandi. Labirint sarhadi yo‘q va adoqsiz edi, unda birgina sakkizyoqlama ko‘shklar va muttasil aylana shaklida yo‘nalgan yo‘llar emas va balki butun boshli bahru nahrlar, muzofot va saltanatlar muqarrar edi. Men mavjud barcha labirintlarning eng komili haqida, o‘tmish va kelajak zamonlarni zabtiga olib, fusunkor bir tarzda butun borliqni o‘zida jo qilgan hamda muttasil tarmoqlangan ko‘yi, tobora ravnaq topib borguvchi labirintlar labirinti haqida xayol qildim. Shu kabi mubham manzaralarga g‘arq bo‘lib, qochqinlik qismatim yodimdan ko‘tarildi, atrofda hamon sokin oqayotgan vaqt hissini unutib, shu dam o‘zimni mutlaq tafakkur sohibi his etdim. Botayotgan quyoshning so‘nggi nurlarida g‘ira-shira ko‘rinayotgan, o‘z holicha mavjud bu dalalar va tobora kuchga to‘lib, boshim uzra shu’la taratayotgan oyni butun boricha idrok qilardim. Qiyalab borayotgan yo‘l esa holdan toydirmas va dillarga orom beruvchi poyoni yo‘q oqshom cho‘kmoqda edi. Tuman qoplagan o‘tloqlar bag‘rini tilgan yo‘l tarmoqlanib borardi. Daraxtlarning quyuq yaproqlari va masofa tufayli kuchi qirqilayotgan shamol allaqayerdan goh baland, goh past pardali ohanglarni olib kelardi. Insonning g‘animi albatta (u yoki bu zaminda yashayotgan) odam bo‘ladi, deb o‘yladim, ammo behisob mavjudotlari, shivirlarining ohanglari, daraxtzor o‘rmonlari, dengiz va oqshomlari bilan ziynatlangan zaminning aslo o‘zi emas. Shu asnoda men baland ko‘hna darvoza qarshisida paydo bo‘ldim. Panjara ortida bog‘ va shiyponga o‘xshash bir imorat ko‘rinardi. Shunda mening yuksak xayollarimga hamohang bo‘lgan musiqa shu yerdan taralayotganini angladim, ammo bu mening qalbimga tutash Chin ohanglari ekani hayratli edi. Musiqani g‘ayrishuuriy tarzda tabiiy qabul qilganim boisi shunda edi. Darvozada qo‘ng‘iroq tugmasi bormidi – eslay olmayman, balki zulfinni qoqib, ovoz bergandirman. Ohanglar esa hamon atrofga taralmoqda edi.

Bir mahal ihota ortidagi uydan chiroq ko‘targan norg‘ul odam chiqib kela boshladi. Sutrang qog‘ozdan yasalgan fonus shu’lasida daraxtlar goh ko‘rinib, goh qorong‘ulikka chekinardi. Qarshimga yetib kelgan odam darvozani ochdi va mening lahjamda ohista so‘zladi:

– Muhtaram Hsi P’êng (Si Pen) afandi, aftidan, kaminani o‘z suhbatlariga noil qilishni lozim topgan ko‘rinadi. Dastavval bog‘ni bir qur ko‘rishni istarsiz?    

U meni xabarchilarimizdan biri bilan adashtirgan edi, bildirilgan taklifdan shoshib qoldim:

– Qanaqa bog‘ni aytyapsiz?

– So‘qmoqlar oralagan bog‘ni-da, taqsir.

Shu dam xotirimda nimadir bosh ko‘tardi va men qat’iy bir ishonch bilan unga yuzlandim:

– Bu bobokalonim Ts’ui Pên bog‘idir.

– Bobokaloningiz? Bundan chiqdiki, siz o‘sha shavkatli zotning zurriyodimisiz? Qani, marhamat qiling unda.  

Bolaligim bog‘laridagi kabi to‘lg‘ongan namchil yo‘lak bizni uy tomon yetakladi. Sharq va Ovro‘pa tillarida bitilgan kitoblarga to‘la kutubxonaga kirdik. Nurafshon Sulolaning Uchinchi Imperatori nashriga mas’ul bo‘lgan, ammo bosilmay qolib ketgan G‘oyib Qomusning sariq mato bilan muqovalangan bir necha qo‘lyozma jildlariga ko‘zim tushdi. Pushtirang chinni tuvak, bizning ustalar fors kulollaridan o‘zlashtirgan zangor tusli yana boshqa qadimiy idish ham borligi yodimda…

Stiven Alber nim tabassum bilan harakatlarimni kuzatib turardi. Aytganim kabi, novchadan kelgan cho‘zinchoq yuzli bu odamning  qo‘ng‘ir tusli ko‘zlari odamga sinchkov boqar, oppoq soqoli esa o‘ziga yarashib turardi. Ayni paytda uning qiyofasida rohib va keksa dengizchidan nimadir sezilib turar, “sinologiyaga mehri tushmaguncha” Tientsinda (Tyantszin, Tenchun) missionerlik qilganini o‘zi so‘zlab bergach, sezgilarim aldamaganini bildim.

Meni pastak o‘rindiqqa o‘tirishga taklif qildi, o‘zi deraza va jovonsoat orasidagi kursiga joylashdi. Ta’qibchim Richard Madden yaqin orada hozir bo‘lmasligini chamaladim. Shunday ekan, muqarrar qaror ijrosini bir oz ortga surish mumkin edi.

– Tsuy Pen hayoti chindan ham kishini hayratga soladi, – deya so‘z boshladi Stiven Alber. – O‘zi tavallud topgan muzofot voliysi, falakiyot bilimdoni va yetuk munajjim, mo‘tabar kitoblarning zakiy mufassiri va shatranj ishqibozi, dovruqli shoir va nafis hattot bo‘lmish bul zot birgina kitob va labirint barpo etmoq uchun bularning baridan voz kechdi. Mustabid hukmdor va adolatpesha voliy sevinchlarini, bazmi jamshid va joriyalar lazzatini va hatto yillar asnosida jamlagan o‘z zakovatini ham inkor etib, Musaffo Tanholik Hujrasiga o‘zini bandi etdi. O‘limidan so‘ng hobgohini taftish qilgan vorislari bir uyum qoralama sahifalardan bo‘lak hech vaqoni topa olishmadi. O‘zingizga yaxshi ma’lum bo‘lsa kerak, bu sahifalarni olovga yem qilmoqchi bo‘lganlarida daos va yo buddoviy rutbali vasiy qo‘lyozmani albatta nashr ettirish lozimligiga barchani ishontirdi.       

– Biz, Tsuy Pen zurriyodlari, – dedim men, – bu rohibni hamon la’natlaymiz. U nashr ettirgan bo‘lmag‘ur bu kitob har turli personajlar alahsirashlaridan yasalgan uydirma sahnalarning xom-xatala yig‘indisidan boshqa narsa emas. Masalan, kitobning uchinchi bobida jon taslim qilgan qaxramon, buni qarangki, keyingisida eson-omon hayot gashtini surib yuraveradi. Tsuy Penning ikkinchi niyati, labirint barpo etish harakatlariga kelsak…

– Bu labirint xuddi qarshingizda turibdi, – dedi Alber va yozuv stoliga ishora qildi.

– Dandon o‘yinchoq! – hayajonimni yashirolmay xitob qildim. – Mo‘jaz labirint…

– Timsollar labirinti, – fikrimni to‘g‘riladi u. – Zamonlarning yashirin labirinti. Johil bobolarining uquvsiz zurriyodi bo‘lgan kamina ushbu sodda jumboqni yecha oldim. Labirint insho etilganidan so‘ng kechgan qariyb bir asrlik vaqt voqea tafsilotlarini bartaraf qilib ulgurdi, ammo uning ayrim holatlarini faraz qilib ko‘rishimiz mumkin. Kunlarning birida Tsuy Pen yaqinlariga: “Risola boshlash fursati yetdi, shu bois sizlarni tark etaman” degandir, ehtimol. Boshqa safar esa balki, “Labirint barpo qilish uchun endi sizlarni tark etaman” deya ma’lum qilgandir. Uning niyatidan boxabar bo‘lganlarning hech biri kitob va labirint – aslida bir narsa ekanini o‘ylab ham ko‘rmadi. Musaffo Tanholik Hujrasi qarovsiz bog‘ markazida qo‘nim topgan, ehtimol shu manzara labirintni moddiy bir inshoot deb o‘ylashlariga bois bo‘lgandir. Tsuy Pen qazo qilgach, tasarrufida bo‘lgan bepoyon sarhadlarda hech kimsa labirintga, loaqal uning ishoralariga ham duch kelmadi. Boshi-keti yo‘q romanning chalkashligi izlanayotgan labirint shu kitobning aynan o‘zidir, degan fikr uyg‘otdi menda. Shaksiz to‘g‘ri qaror chiqarishimga esa mana bu ikki holat ko‘mak berdi: biri – Tsuy Pen go‘yo chindan ham poyoni yo‘q va adoqsiz labirint barpo etmoqchi bo‘lgani haqidagi bir rivoyat, ikkinchisi esa – o‘zim qo‘lga kiritgan maktubdan bir jumla.

Shularni aytib, Alber o‘rnidan turdi. Bir fursat menga orqa o‘girib, yozuv stoli tortmasidan nimadir oldi. Bir vaqtlar olrang bo‘lgan, endi esa vaqt ta’sirida xira tortib, yupqalashgan qog‘ozni qo‘limga tutqazdi. Tsuy Pen hattotlik mahorati chindan e’tirofga sazovor edi. O‘ta nafis mo‘yqalam bilan bir zamonlar mening qondoshim bitgan so‘zlarga hayrat va titroq bilan tikilardim: “Kelajakdagi turli (barchasi uchun emas) zamonlar uchun so‘qmoqlar oralagan bog‘imni meros qoldiraman”. Indamasdan qog‘ozni qaytarib berdim. Alber esa so‘zida davom qilardi:

– Bu maktubni izlab topmagunimcha, kitob ham adoqsiz bo‘lishi mumkinmi, deb o‘ylardim. Voqealari bir doira bo‘ylab muttasil takrorlanuvchi, so‘nggi sahifasida dastlabki sahifa hikoyalari takror bayon qilingan va shu bois ham istagancha davom etuvchi bir kitob timsoli xayolimdan ketmas edi. Diqqatsizlik tufayli kitobni ko‘chirish chog‘i hattot yo‘l qo‘ygan ajabtovur xato bois malika Shahrizoda “Ming bir kecha” ertaklarini muttasil takror so‘ylashga mahkum o‘sha kechani ham esladim. Men yana aflotuniy g‘oyalar ruhidagi, ro‘yobga chiqarib bo‘lmas fusunkor bir risolani xayol qildim – bir meros tarzida in’om etiluvchi ushbu risola g‘oyasi avloddan avlodga ko‘chib, muttasil takomillashib boradi, har bir avlod unga o‘z faslini yozib qoldiradi va yo o‘tmishdoshlar bitganlarini itoat va diqqat bilan tahrir etishda davom qiladi. Xayolda paydo bo‘lib, o‘shaning o‘zida ko‘milgan bu kabi ixtirolar ko‘nglimga tasalli berar, ammo Tsuy Pen qalamiga mansub poyma-poy risolaga birortasining daxli yo‘q edi. Shu kabi farazlardan boshim qotgan kunlarning birida Oksforddan siz tanishgan maktubni oldim. Tabiiyki, o‘sha jumla, “Kelajakdagi turli (barchasi uchun emas) zamonlar uchun so‘qmoqlar oralagan bog‘imni meros qoldiraman” degan jumla e’tiborimni tortdi. Shunda men ifodalari noravon, so‘zlangan voqealari esa chalkash bu romanning aynan o‘zi “so‘qmoqlar oralagan bog‘” ekanini angladim, “kelajakdagi turli (barchasi uchun emas) zamonlar uchun” degan so‘zlar esa makondagi emas, bil’aks zamondagi ayrilish nuqtalari haqida fikr uyg‘otdi menda. Romanga yana bir ko‘z yugurtirib chiqqach, bu fikrim yana mustahkamlandi. Istalgan roman qahramoni bir necha imkon qarshisida paydo bo‘lishi hamon bu imkonlarning faqat birini tanlaydi, qolganlarining esa bahridan kechadi. Tsuy Penning ta’biri mushkul asari qahramoni bo‘lsa, bularning barini bira to‘la tanlaydi va bu harakati bilan kelgusi zamonning turfa xil talqinlarini barpo qiladi, o‘z navbatida bu zamonlar ham urchib, muttasil tarmoqlanib boraveradi. Aynan shu bois ham roman tafovutlarga to‘la tushuniksiz bir asar kabi taassurot qoldiradi. Misol uchun, maxfiy sirdan boxabar va shu bois har dam tahlika ichra turmush kechirayotgan Fan ismli asar qahramoni uning uyiga tashrif buyurgan notanish kimsani o‘ldirishga qaror qiladi. Ayni qaror pishib yetilgan holatning bir necha farqli yakunlari bo‘lishi turgan gap, ya’ni Fan bemavrid kelgan mehmonni o‘ldirishi yoki aksincha – mehmon Fanning o‘zini dog‘da qoldirishi mumkin, boshqa holatlarda – ikkisi ham omon qolishi va yoki ularning har biri halok bo‘lishi mumkin va hokazo. Hayratlanarlisi shuki, Tsuy Pen asarida ushbu intiholarning barchasi tasarruf etiladi va ularning har biri tarmoqlangan vaqtning navbatdagi boshqa ayrilish nuqtalariga debocha bo‘ladi. Ushbu labirint so‘qmoqlarining gohi zamon o‘zaro tutashuv ehtimollari ham mavjud: uzoqqa bormaylik, mana siz, masalan, mening uyimga tashrif buyurdingiz, biroq o‘tmishning ehtimoliy talqinlaridan birida siz – mening ashaddiy raqibim edingiz, boshqa birida esa – jondan aziz do‘stim. Mening g‘aliz talaffuzim sizga malol kelmasa, asardan ayrim o‘rinlarni o‘qib bersam.

Xonani zabtiga olgan chiroq yorug‘ida yuzlari qarimsiq ko‘rinsa-da, ammo ayni paytda mangulikka daxldor, aritib bo‘lmas allanarsa Alberning qiyofasiga ulug‘vorlik baxsh etib turardi. Asardagi aynan bir faslning ikki xil talqinini ravon talaffuzda o‘qib berarkan, ko‘z o‘ngimda ko‘hna o‘tmish manzaralari jonlanardi. Talqinlarning birinchisida navkarlar yolg‘izoyoq tog‘ tizmalari bo‘ylab muhoraba maydoni tomon oshiqadi. Tun zimistoni aro tubsiz jarlikka qulab, halok bo‘lish qismati har dam ta’qib etsa-da, ular xatarlarga peshvoz chiqib, muqarrar zafar qozonadilar. Ikkinchisida aynan o‘sha navkarlar shohona ziyofat avjiga mingan saroy hobgohlari oralab ildamlaydi, avvalgi talqindagi muhoraba sadolari keyingi talqinda hozir bo‘lgan ushbu navkarlar nazarida shohona ziyofatning davomi bo‘lib tuyiladi, ular bu gal ham zafar quchadilar.

Qadim o‘tmish voqealarini tavoze bilan tinglar ekanman, xatarlar atrofimga tuzoqlar qo‘ygan va men endi so‘nggi choraga umid bog‘lagan shu damda dunyoning boshqa burchidagi olis va begona saltanat fuqarosi bir zamonlar mening bobokalonim bitgan bu hikoyalarga aynan o‘zim uchun qayta jon ato qilayotgani chindan hayratomuz edi. Sinoatli bitik kabi har ikki talqinda takrorlanuvchi so‘nggi so‘zlar hamon yodimda: “Alalxusus, dastlarida beomon shamshir, sokin qalblarida esa benazir matonat tutmish, g‘oziy va yo shahid bo‘lishga hozir bahodirlar muhoraba maydoni ichra sharaflarga noil bo‘lmishlar”.

Shu dam atrofimda va qa’rimning allaqaysi tublarida ilg‘ash mushkul bo‘lgan tushuniksiz sadolarni his etdim. Saflari har tomon ajralgani hamon bir-biriga baqamti va hamohang odim tashlayotgan, so‘ngra yana qayta birlashib, zafarlar tomon ilgarilayotgan qo‘shin sadolariga o‘xshamasdi bu sadolar, bil’aks, ehtimol, bobom tarannum etgan bu navkarlar shavkatidan quvvat olgan yashirin to‘lg‘amalarning mubham nishonalari kabi edi go‘yo. Bu orada esa Stiven Alber mulohazalarida davom etardi:

– Shavkatli ajdodingiz bo‘sh vaqtlarini shu kabi ehtimoliy talqinlarni ermak qilib o‘tkazganiga shubham bor. Umrning o‘n uch yilini bunday tuganmas, tumtaroq tajribalarga bag‘ishlashni aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Yurtingizda roman janri hech mahal ehtiromda bo‘lmagan, bobongiz yashab o‘tgan zamonlarda esa yengiltak mavzular bitilgani bois bu shakl yana ham ko‘proq nafratlarga duchor bo‘lganini aytmasa ham bo‘laveradi. Mohir romannavis bo‘lgan Tsuy Pen o‘rtamiyona adiblar safini aslo o‘ziga ravo ko‘rmagan. Zamondoshlarining shohidlik berishicha, u hamisha metafizik va fusunkor maqsadlar sari intilgan, uning butun hayoti ayni shohidlikni to‘la-to‘kis tasdiqlaydi. Falsafiy ixtiloflar biz so‘zlayotgan romanida ham salmoqli o‘rin egallaydi. Vaqt va zamon tushunchasiga doir tuganmas mulohazalar, yechimi noma’lum mangu masalalar muttasil xayolini o‘g‘irlab, behad azoblarga qo‘ygani menga yaxshi ma’lum. Ammo buni ko‘ringki, “Bog‘” sahifalarida buning biror ishorasini uchratmaysiz. Boz ustiga, “vaqt” yoki “zamon” so‘zlarini u biror marta ham ishlatmaydi. Marhamat qilib aytingchi, bu o‘jarlikni siz qanday izohlay olasiz?         

Javoban bir necha abgor farazni taklif qildim. Ularni bir fursat muhokama qilgach, Stiven Alber savol tashladi:

– Sizningcha, kalit so‘z “shatranj” hisoblangan jumboq o‘yinida qay bir so‘z mutlaqo istisno qilinadi?

“Shatranj” degan so‘zning o‘zi. – deya shu zahoti javob qildim.

– Kam bo‘lmang, – dedi Alber. – “So‘qmoqlar oralagan bog‘”ning aynan o‘zi men nazarda tutayotgan qamrovi cheksiz jumboq, muhtasham bir rivoyatdir va uning tilsimi faqat vaqt va zamonlar ko‘magida yechilar. Aynan shu yashirin sabab tufayli ham asarda bu so‘zlarni, loaqal bu so‘zlarga ishoralarni-da uchratmaymiz. Ibtido-yu intihosi noma’lum bo‘lgan butun boshli adoqsiz asar davomida birgina so‘zni istifoda etmaslik uchungina muttasil tarzda g‘aliz tashbeh va o‘rinsiz istioralarni bo‘lar-bo‘lmasga qo‘llayverish – nazarimda, bu holat istalmagan (aynan shu sabab ham mudom ko‘ngilda tutilgan) aynan birgina o‘sha so‘zni alohida ta’kidlashning eng samarali, eng ifodali vositasi edi. Chapdastlikda mohir Tsuy Pen o‘zining adoqsiz asari muyulishlarida xuddi shunday aylanma yo‘llarni afzal bildi. Men yuzlab qo‘lyozmalarni qiyoslab o‘rganib chiqdim, uquvsiz hattotlarning loqaydligi sabab matnga kiritilgan noo‘rin nuqsonlarni to‘g‘rilab, parokandalikni bartaraf etdim, oqibat asarning azaliy rejaga muvofiq ko‘rinishini tiklab, nihoyat uni to‘laligicha tarjima qildim (yoki o‘zim amal qilgan tildagi boshqa muqobilini yaratdim) – shu qadar mashaqqatlardan so‘ng amin bo‘lganim shuki, “vaqt” va yo “zamon” kalimasi asarda biror marta tilga olingan emasdir. Ishonchim bo‘yicha, jumboqning yechimi budir: “So‘qmoqlar oralagan bog‘” – Tsuy Pen tasavvuridagi ayricha olamning tugallanmagan, ammo ayni paytda buzilmagan manzarasidir. Nyuton va Shopengauerdan farqli o‘laroq, qondoshingiz yagona va mutlaq zamon g‘oyasiga inonmas edi. Bil’aks, tobora ravnaq topib borishga moyil vaqt silsilalarining adoqsiz birligi, har tomon tarmoqlanib, so‘ng yana qayta o‘zaro tutashgach, navbatdagi gal ayrilishga qadar ko‘rinmas o‘zanlar bag‘rida muvoziy baqamtilikda mavjlanajak zamonlarning aql bovar qilmas tizimi Tsuy Pen e’tiqodining markaz nuqtasi edi. Har gal o‘zaro tutashgach, yana qayta tarmoqlangan ko‘yi nechanchi bor o‘zaro kesishayotgan, va balki oradan asrlar kechsa-da, uchrashish mudom nasib etmagan, shular bois muttasil harakatlanishga mubtalo vaqt va zamonlarning ushbu muhtasham izdihomi tasavvur qilish mumkin bo‘lgan barcha ehtimoliy talqinlarni o‘ziga jo qilgandir. Bu zamonlarning aksarida siz bilan menga o‘rin yo‘q; ayrimlarida siz  bo‘lsangiz-da, ammo men yo‘qdirman; boshqalarida esa aksincha – men umrguzaronman, ammo siz bunda nazarda tutilgan emassiz. Ammo hafsalangiz pir bo‘lmasin, izdihomning sanoqli silsilasida ikkimizga ham joy hozirlangan va, mana, qur’a tashlanib, xosiyatli tasodiflarning baxtli hosilasi o‘laroq, siz mening uyimga tashrif buyurdingiz. Boshqa safar, ehtimol, bog‘ oralab o‘tayotib, mening jonsiz jasadimga duch kelarsiz; yana birida esa – siz bilan aynan shu kabi dildan suhbatlar qurarman, ammo men – vaqt so‘qmoqlarining allaqaysi biridan sizib chiqqan bir sarob, boshqa bir zamon o‘pqonida, ehtimolki, rosmana umr kechirayotgan kimdir birovning olis sharpasi ekanimni xayolingizga ham keltirmassiz.

– Zamonlarning qay birida bo‘lmayin, – dedim ichimdan kelayotgan titroqni bildirmaslikka tirishib, – Tsuy Pen bog‘iga qayta jon ato etganingiz uchun sizdan behad minnatdorman.

– Ma’zur tutasiz, – dedi nimtabassum bilan Alber, – ammo muttasil tarmoqlanib boruvchi vaqt kelajakning behisob ko‘rinishlarini keltirib chiqaradi. Shunday ekan, “zamonlarning qay birida bo‘lmayin” deyishingiz bir oz noo‘rin, illo, ularning birida men sizga ashaddiy g‘anim ekanim kunday ravshan.

Shu dam men avvalgi o‘sha sadolarni yana his qildim. Uyni o‘ragan namchil bog‘ning har burchida behisob sharpalar pusib yotgandek tuyildi menga. Qiyofalari Alber va mening o‘zimdan andoza olgan, bir-biriga notanish bu sharpalar miqdori lahza sayin yana ham ko‘payib, boshqa vaqt o‘lchamlari ta’sirida muttasil evrilishlarga yuz tutib borardi. Diqqatimni yig‘ib, razm solganim hamon qo‘rqinch bu manzara tarqalib bitdi, ammo bog‘ qorong‘uligida endi rosmana bir odamga ko‘zim tushdi. Yo‘lak bo‘ylab biz tomon shaxdam kelayotgan bu odam kapitan Richard Madden edi.

– Kelajak eshik qoqmoqda, – dedim men, – ammo har ne bo‘lsa-da, men hamisha sizga do‘st bo‘lib qolaman. Ijozatingiz bilan maktubga yana bir ko‘z tashlasam.

Alber o‘rnidan turib, menga orqa o‘girgancha yozuv stoliga yaqinlashdi. Qo‘limdagi to‘pponcha allaqachon shay edi – diqqat bilan tepkini bosdim: Alber biror ovoz chiqarmasdan shu zahoti quladi. Ont ichib aytamanki, u chaqin urgan kabi bir lahzada jon taslim qildi.

Bundan keyingi voqealarning ahamiyati yo‘q. Bilganim shuki, zum o‘tmay ichkariga bostirib kirgan Madden meni bandi etdi. Harbiy mahkama meni sirtmoqqa tortish haqida hukm chiqardi. Boshimdan kechirgan, ayni paytda kechayotgan va ko‘p o‘tmay sodir bo‘lajak tengsiz dahshat va tahlika qarshisida tanho niyatlarim ijobati menga adoqsiz tasalli bo‘lajak: barcha mashaqqatlarim oqibatida men bemisl zafar quchdim, zarba berilishi lozim bo‘lgan shahar nomini Berlinga qadar yetkaza oldim. Kechagi kun esa shaharning kuli ko‘kka sovurildi. Bu haqida taniqli xitoyshunos olim Stiven Alberning (Yu Tsun ismli bir odam tomonidan amalga oshirilgan) sirli o‘limidan butun Angliyani voqif etgan ro‘znomadagi boshqa xabardan o‘qib bildim. Berlindagi idorasida mog‘or bosib o‘tirgan boshlig‘im jumboqning yechimini topgan edi. Barchasi ortda qolar ekan (chindan ortda qolarmi?), Alber degan shahar nomini unga xabar qilish men uchun asosiy masala ekani va urushning suronli dolg‘alari ichra aynan shunday ism sohibini o‘ldirish – yagona chora bo‘lgani unga endi ma’lum. Ammo u bir narsani bilmaydi, boshqalar-da bundan hech zamon voqif bo‘lmas – qa’rimni azoblab qo‘ymayotgan bu iztirob naqadar adoqsiz, sillamni tamom quritgan bu behollik esa zamonlar poyoni qadar tuganmasdir. 

Sharifjon Ahmedov tarjimasi

________________________

Izohlar:

Viktoriya Okampo (1890-1979) – argentinalik adiba, tarjimon, Borxes ko‘p yillar hamkorlik qilgan “Janub” jurnali asoschisi. “Borxes bilan suhbatlar” (1969) kitobining muallifi.

Liddel Hart (1895-1970) – ingliz harbiy tarixchisi, XX asr harb ilmiga salmoqli hissa qo‘shgan nazariyotchi. Borxes uning zikr etilgan asaridagi ma’lumotlardan mazkur hikoyada erkin tarzda foydalanadi.

Yu Tsun – bu qahramon ismi aslida hikoyada keltirilgan xitoy romani personajlaridan biriga tegishli.

Madden – R. L. Stivensonning “Talonchi” (1892) romani personajlaridan biri, shuningdek, olmon rejissyori Shternbergning “Serjant Madden” filmi (1939) qahramoni.

Staffordshir – Angliyadagi shu nomdagi graflik markazi, Borxesning ota tomonidan momosi Frensis Xeyzlem Arnet (1842-1935) shu yerda tug‘ilgan.

“Nyuton va Shopengaerdan farqli o‘laroq…” – so‘ngroq yozilgan “Zamonning yangi raddiyasi” nomli badiasida Borxes ushbu fikr manbalarini ko‘rsatib o‘tadi: “Tabiiy falsafaning matematik asoslari”, Nyuton (III, 42 ) va “Olam – iroda va tasavvur sifatida”, Shopengauer (II, 4).