Xorxe Luis Borxes. Murdalar mashvarati (hikoya)

Bu odam 1877 yil qish tonglaridan birida Janubiy Angliyadan tashrif buyurdi. Qizil yuzli, baquvvat gavdasi kelishgan bu odamni ko‘plar chindan ham Jon Bulning vatandoshi deb o‘yladi. Uning boshini baland toqli shlyapa bezagan, egniga esa g‘alati yopinchiq tashlangan edi. Uni bir to‘da erkak, ayol va yosh bolalar sabrsizlik bilan kutishayotgan, kutuvdagilar ba’zilarining bo‘ynida qontalash chandiq ko‘rinar, boshqa birlari esa boshsiz bo‘lib, ular chayqalgan ko‘yi ehtiyotkorlik bilan qadam tashlar edi.
To‘dadagilar begonani o‘rab olishdi, kimdir bo‘ralab so‘kdi, ammo qo‘rquv iskanjasidagi olomon bundan ortig‘iga jur’at qilmadi.
Shu dam yuzlari ko‘kimtir, ko‘zlari esa chanoqlar qa’rida bazo‘r yiltirayotgan bir odam harbiylarga xos qadam bilan oldinga chiqdi; paxmoq sochlari-yu anchadan buyon parvarish ko‘rmagan soqoli yuzlarini yeb bitirgandek edi. Sanoqsiz shamshir izlari dengizga quyilayotgan irmoqlar kabi vujudini shudgorlagan bu odam qarshisida begona kimsa bir muddat taraddudda qoldi, ammo bu holatini sezdirmaslik uchunmi, darhol qo‘l uzatdi.
— Xoinlar shamshiridan zavol topgan jasorat timsolini bu holda ko‘rish naqadar ayanchli! – dedi u. – Ammo qotillar sening buyrug‘ingga binoan ulushini olib, Muzaffariyat maydonida sirtmoqqa tortilganlarini eshitish esa ko‘ngilga orom baxsh etadi.
— Mabodo sen Santos Peres va aka-uka Reynaflar haqida gapirayotgan bo‘lsang, bilginki, shuncha yillar o‘tib, men endi ulardan minnatdor bo‘lyapman. – Shubhaga o‘rin qoldirmas salmoq bilan javob qildi yarador odam.
Suhbatdoshi uning so‘zlari chinligiga ishonqiramay qarab qo‘ydi. Kiroga so‘zlariga oydinlik kiritishni lozim topdi:
— Sen meni hech vaqt tushunmagansan, Rosas. Axir ikkimizning peshonamizga butunlay ters qismatlar bitilgan bo‘lsa, qaydan ham tushunarding. Ovro‘paga quchoq ochgan, endilikda jahondagi eng nomdor shaharga hukmronlik qilish sening chekingga tushgan, men esam Amerikaning bir tupkasida qashshoq gaucholar bilan birga ulardan-da qashshoq tuproq uchun jang qilib umrimni o‘tkazdim. Nayza va hayqiriqlar, sahro va chekka o‘lkalarda erishilgan qariyb unutilayozgan g‘alabalar – mening mulkim.
Barranko Yako deb atalgan holi joyda tish-tirnog‘igacha qurollangan odamlar tasodifan tashlanib, tanamni shamshirlariga yem qilganlari uchun ham men odamlar xotirasida hali uzoq yashayman. Bu g‘aroyib o‘lim uchun sendan minnatdorman. O‘shanda men lutfan taklif etgan bu tuhfangni qadriga yarasha baholay olmagandim, ammo avlodlar buni xotirlaridan faromush qilganlari yo‘q. Yoki sen o‘sha davr tarannum etilgan go‘zal suratlar va San-Xuandan chiqqan bir mashhur odam qalamiga mansub qiziqarli risoladan bexabarmisan?
O‘zini o‘nglab olgan Rosas suhbatdoshiga nafrat bilan tikildi.
— Xayolparast, – dedi u.- Avlodlar maqtovi aslida zamondoshlar olqishiga barobar. Keyingisining qadri bir tiyin, chunki bu olqishni pulga ham sotib olish mumkin.
— Ko‘nglingda nimalar borligini yaxshi bilaman, – e’tiroz bildirdi Kiroga. – 1852 yilda taqdir shafqat yuzasidan va yo seni oxiriga qadar sinovdan o‘tkazish uchunmi, erkak kishiga munosib ajalni yuborgan edi. Qismatingni tasdiqlash uchun sen jangda halok bo‘lishing lozim edi, ammo sen qo‘rqoqlik qilding va bu tuhfaga munosib emasligingni ko‘rsatding.
— Nimalar deyapsan? -Rosas bo‘sh kelishni istamasdi.- Janubda bir umr asov otlarni, so‘ng esa butun mamlakatni jilovlagan odamni qo‘rqoq, deyapsanmi?
Kiroga kulib yubordi.
— Ha-da, – dedi u, – ish boshqaruvchilaring bergan guvohliklariga ishonadigan bo‘lsak, sen chindan ham egarda mo‘jizalar yaratgansan, ammo u mahallar butun Amerika bo‘ylab – bunisi ham egarda – boshqa mo‘jizalar ham yaratilayotgan, ularning nomlari esa Chakabuko va Xunin, Palma Redonda va Kaseros edi.
Rosas oxirigacha tinglab bo‘lgach, javob qildi:
— Mening jasorat ko‘rsatishimga hojat yo‘q edi. Sen aytayotgan mo‘jizalar aslida muhoraba mahali mendan ham jasoratliroq jang qilgan va mening omonligim haqqi jon taslim qilgan odamlarim edi. Seni halok qilgan Santos Peres ham shularning biri. Jasorat – sabr va bardosh demak; kimdir uzoqroq bardosh beradi, boshqasi – kamroq, ammo ertami-kech har qanday odamning qudratiga putur yetadi.
– Bo‘lishi mumkin, -dedi Kiroga, – ammo men tegishli umrimni yashab, ajalimni hadiksiz qarshi oldim. Bugun ham meni butunlay yakson etib, qayta paydo qiluvchilar tomon peshvoz chiqarkanman, menga boshqa qiyofa va boshqa taqdir hozirlanganini bilaman, chunki zo‘ravonliklar tarix ba’diga urib bo‘lgan. Boshqa qiyofam kim bo‘lishi va mening o‘zim yana qanday evrilishlarga duchor bo‘lishim menga qorong‘u, ammo shu narsani aniq bilaman – mening vorisim ham xuddi o‘zim kabi jasurlik mayini sipqoradi.
– Men esam ortiqcha narsa talab qilmayman, – dedi Rosas, – o‘zligimcha qolish menga kifoya.
— Toshlar ham hamisha tosh bo‘lib qolishni istaydi, -dedi Kiroga, -emirilib ado bo‘lguniga qadar ular toshligicha qolishi muqarrar. Ajalga qadam qo‘yar ekanman, men ham sen kabi o‘ylardim, ammo bu yerda ko‘p narsaga o‘rganar ekansan. Yaxshilab e’tibor qil – ikkimiz ham endi boshqachamiz.
Ammo Rosas uni eshitmas, ovoz chiqarib o‘y surardi:
— Men murda bo‘lish uchun yaratilmagan bo‘lsam kerak, yo‘qsa mana bu joylar va bu suhbat nima uchun menga tush bo‘lib, men emas, balki boshqa – hali tug‘ilmagan boshqa odam ko‘rayotgan tush bo‘lib tuyilayotir?..
Ular boshqa bir og‘iz so‘z aytishmadi, illo bu mahal ularni Kimdir o‘ziga chorlayotgandi.

Sharifjon Ahmedov tarjimasi
________________________________
Kiroga – Xuan Fakundo Kiroga (1790–1835), argentinalik harbiy va siyosiy arbob, Xose Manuel de Rosas yollagan qotillar tomonidan o‘ldirilgan.
Rosas – Xose Manuel de Rosas (1793–1877), siyosiy arbob, sarkarda va Argentinani qattiqqo‘llik bilan boshqargan mustabid (1835–1852). Iqtidordan ag‘darilgach, mamlakatdan qochgan va Angliyada quvg‘inlikda qazo qilgan. Borxesning uzoq qarindoshi.